10-oktyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi. O‘zA xabariga ko‘ra, muloqot Qozog‘iston tomonining tashabbusi bilan o‘tkazildi.

Davlat rahbarlari yaqinda oliy darajada o‘tgan uchrashuvlar chog‘ida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishning dolzarb masalalari yuzasidan erishilgan kelishuvlar ijrosining borishini muhokama etdilar.

Tomonlar O‘zbekiston va Qozog‘iston delegatsiyalari turli darajadagi amaliy tashriflarining yakunlariga, ustuvor yo‘nalishlarda muhim tijorat shartnomalari tuzilganiga yuqori baho berdilar.

Shavkat Mirziyoyev va Nursulton Nazarboyev qator mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.

O‘zbekiston va Qozog‘iston rahbarlari o‘zaro manfaatli barcha sohalarda ikki tomonlama aloqalarni faollashtirish, do‘stlik va yaqin qo‘shnichilik munosabatlarini yanada mustahkamlash to‘g‘risida kelishib oldilar.