O‘zbekiston prezidentining 25 martdagi farmoyishi bilan Allayev Abdullo Sadulloyevich sudyalik vakolati muddati davrining besh yil muddatiga Buxoro viloyat sudi raisining o‘rinbosari — jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi lavozimiga tayinlandi, deya xabar qildi Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmati.

Mazkur farmoyish bilan yozma arizasiga binoan hamda odil sudlovni amalga oshirish chog‘ida qonuniylikni buzgani uchun Ro‘ziyev Suxandiyor Gadoyevich Buxoro viloyat sudi raisining o‘rinbosari — jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi lavozimidan ozod etilib, sudyalik vakolatlari muddatidan ilgari tugatildi.

Abdullo Allayev tayinlovga qadar O‘zbekiston Oliy sudining sudyasi lavozimida ishlagan.

Shuningdek, Sudyalar oliy kengashi qarori bilan «yozma arizasiga binoan hamda sudyalik sha’ni va qadr-qimmatiga dog‘ tushiradigan, shuningdek, sudning obro‘siga putur yetkazadigan nojo‘ya xatti-harakat sodir etgani uchun» Zavkiddin Muzafarov Buxoro viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro shahar sudining sudyasi lavozimdan ozod qilindi.

Bundan tashqari, yozma arizasiga binoan Ilxomjon Rajabov Toshkent shahar Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining sudyasi lavozimidan ozod etilib, vakolati muddatidan ilgari tugatildi.

Eslatib o‘tamiz, fevral oyida Buxoro viloyati sudining sudyasi Sh. Ne’matov sudyalik qasamyodini buzgani uchun lavozimidan ozod etildi. Xorazm va Navoiy viloyatidagi sud raislari esa intizomiy javobgarlikka tortilgandi.