Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani Oqoltin MFYda fuqarolar, ichki ishlar xodimlari va mahalliy fermer o‘rtasida ziddiyatli vaziyat yuz bergani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi.

Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi bu bo‘yicha 3 aprel kuni rasmiy munosabat bildirib, bu voqea 31 mart kuni «Shomurod ota» fermer xo‘jaligida sodir bo‘lganini ma’lum qildi. Ta’kidlanishicha, «fermer xo‘jaligi rahbari A.D. o‘ziga tegishli bo‘lgan 20 gektar yer maydonini shudgor qilmoqchi bo‘lganida, bir nechta fuqarolar tomonidan qarshilik ko‘rsatilgan». Natijada fermer ichki ishlar organlariga holat bo‘yicha xabar bergan va «xodimlar voqea joyiga yetib kelib, jamoat tartibini saqlab, ko‘ngilsiz holatlarning oldini olgan».

«Holat yuzasidan qarshilik ko‘rsatgan fuqarolarga qonunda belgilangan tartibda chora ko‘rish uchun Chiroqchi tumani IIB tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda», — deyiladi Ichki ishlar boshqarmasi xabarida.

Oqoltin MFY aholisining ushbu vaziyatga izohi kecha ijtimoiy tarmoqda paydo bo‘ldi.

«Bu Boybuvaning (fermer — tahr.) Mamadali (boshqa bir fermer) bilan 20 gektar yerning ustida o‘zlarining shaxsiy ziddiyati bor. O‘zlarining ziddiyati bo‘lsa, o‘rtalarida hal qilishlari kerak. Boybuva bularga: „Chiqinglar, yerni sizlarga bo‘lib beraman“, — deb xabar bergan. Bular shuning uchun „haydatmaymiz“, deb kelgan», — dedi oqsoqollardan biri.

«Biz janjal qilamiz, deb borganimiz yo‘q. Faqat yer olamiz, yer ishlatamiz, deb borgandik. Palak ekamiz, dehqonchilik qilamiz…» — dedi mojaro ishtirokchilaridan biri bo‘lgan ayol.

«Bu xotin-qizlarning, qishloq aholisining dardi — 50 sotixmi, bir gektardanmi bo‘lib bersa-da, bular ham dehqonchilik qilsa, — dedi yana bir oqsoqol.

Aholining tushuntirishicha, fuqarolar fermer bilan yuzaga kelgan ziddiyatli vaziyatni video tasvirga olishni boshlagan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video vaziyat so‘nggiga yaqin olingan. Ungacha 3−4 ta odamni ichki ishlar bo‘limi xodimlari olib ketib bo‘lgan.

«Ichki ishlar bo‘limi xodimlari telefonimni hali qaytarib berishmadi», — deydi jarayonni tasvirga olgan yigit. Ular «bermaymiz. Sud bo‘ladi, suddan keyin olasan. U sud kachon bo‘ladi, bilmaymiz», — deyishgan unga ichki ishlar xodimlari.

Aholining ta’kidlashicha, ular ham ishlashni xohlaydi. Bundan tashqari, hudud yoshlari shu yerda va Rossiyada ishsiz yuribdi.

«Yerni aholiga bo‘lib berishini xohlaymiz. Bizlar ham tut ekamiz, pilla yetishtiramiz», — deydi ayollardan biri.

Yana biri esa «bizlarning niyatimiz bir-bir gektardan yoshlarga yer bersin, o‘g‘illarimizni ishli qilsin», — deydi. «Rossiyada yuribdi hammasi — ishsiz», — deya qo‘shimcha qiladi yana boshqa ayol.

Ma’lumot uchun, prezidentning «Meva-sabzavotchilik va uzumchilikda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishida dehqon ho‘jaliklarining ulushini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan fermerlar va klasterlarning past hosilli paxta va g‘alladan qisqartirilgan 200 ming gektar ekin maydoni 2022−2025 yillarda zaxiraga qaytariladi.

Zaxiraga qaytarilgan yerlar sabzavotchilik, poliz, dukkakli, moyli ekinlar, kartoshka uchun fuqarolarga 0,10 gektardan 1 gektargacha elektron tanlov orqali ijaraga berilishi nazarda tutilgan.

Shuningdek, ijaraga berishda dehqonchilikda yaxshi natijalarga erishgan, mutaxassislikka ega, «daftar"larga kiritilgan ehtiyojmand oilalarga ustunlik berilishi belgilab qo‘yilgan.