Yangi Toshkent shahrini barpo etish maqsadida Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq va O‘rta Chirchiq tumanlaridan jami 19 ming 729,4 gektar yer maydoni ajratilayotgani xabar qilingandi. Prezident qarori bilan bu yerlarning 12 ming 878,59 gektari Yuqori Chirchiq tumanining O‘zbekiston, Do‘stlik, Surankent, Turkiston, Guliston, Iyk ota, (Qibray) Nurmuhammedov hamda O‘rta Chirchiq tumanidan Do‘stlik, Oxunbobev, Kim Pen Xva mavzelari va Sholichilik instituti hududidagi qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan yerlar hisobidan ajratilishi belgilandi.

foster and partners, meinhardt, oma, янги тошкент, qishloq xo‘jaligi yerlari

Qishloq xo‘jaligi yerlari hisobidan ajratilayotgan yerlarning 11 ming 478,4 gektari sug‘oriladigan hisoblanadi. Qolgan yerlar esa ko‘p yillik daraxtzorlar (1 ming 169,1 gektar) va yaylov yerlari (231,2 gektar) ekani qayd etilgan.

Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarning ushbu qarorga muvofiq toifasi o‘zgartirilgani uchun qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklari o‘rnini qoplash bo‘yicha kompensatsiya to‘lovlari undirilmaydi.

Qarorga ko‘ra, dastlab 2 ming 420 gektar maydonda qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Yangi Toshkent shahrining bosh rejasi loyihasini ishlab chiqish uchun Britaniyaning Foster and Partners, Niderlandiyaning OMA va Singapurning Meinhardt Pte. Ltd kompaniyalari jalb qilingan.

Shuningdek, shaharni barpo etish uchun Vazirlar Mahkamasi huzurida “Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi” davlat muassasasi tuziladi.

Direksiya hududni rivojlantirish rejalarini (master reja), tarmoq rejalarini va manzilli dasturlarini ishlab chiqadi hamda tasdiqlaydi. Yangi Toshkent shahri hududida loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha investorlar bilan muzokaralar olib boradi, salohiyatli investorlarni tanlaydi ular bilan investitsiya va ijtimoiy majburiyatlarni belgilagan holda bitimlar tuzish va ularning ijrosini nazorat qiladi.

Prezident qarorida, shuningdek, Yangi Toshkent shahrini barpo etish ishlarini muvofiqlashtiruvchi kengash tuzish nazarda tutilgan. Muvofiqlashtiruvchi kengash Direksiya tomonidan kiritilgan investorlarning loyiha takliflarini ko‘rib chiqadi. Shaharning bosh rejasini tasdiqlaydi va unga tegishli o‘zgartirishlar kiritib boradi, shuningdek, yer uchastkalarini bosqichma-bosqich o‘zlashtirish masalasini ko‘rib chiqadi va tegishli qarorlar qabul qiladi.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi markaziy apparati tuzilmasida vazir o‘rinbosari — “Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi” direktori lavozimi joriy etilmoqda. Lavozim vazir o‘rinbosari lavozimini qisqartirish hisobiga kiritilayotgani qayd etilgan.

Direksiya direktori prezident tomonidan lavozimga tayinlanadi va undan ozod etiladi. Direksiya direktorining o‘rinbosarlarini esa direktorning o‘zi bosh vazir bilan kelishgan holda lavozimga tayinlaydi va undan ozod etadi.

Direksiyaga o‘z vazifalarini bajarish uchun shaxsiy g‘azna hisobvarag‘ini ochishga ruxsat berilmoqda.

2027-yil 1-yanvariga qadar direksiya, investorlar, bosh loyiha va bosh pudrat tashkilotlari O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan, belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha chetdan olib kelinadigan qurilish texnikasi, asbob-uskuna, butlovchi buyumlar, ehtiyot qismlar uchun bojxona boji to‘lashdan ozod etiladi.

Eslatib o‘tamiz, 2021-yil 31-avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyati hududida, Chirchiq va Qorasuv daryolari oralig‘ida Yangi Toshkent barpo etilishi, poytaxt esa “yashil hudud” ga aylantirilishi haqida ma’lum qilgan edi.

2023-yil mart oyida esa poytaxtdagi davlat idoralari Yangi Toshkentga ko‘chirilishi, shuningdek, loyiha doirasida qo‘shimcha 20 ming gektarda 1 mln aholi yashashi uchun qulay sharoit yaratilishi bildirildi. Xususan, birinchi bosqichda 60 ming aholiga mo‘ljallangan ko‘p qavatli uylar, 30 ta maktab, 20 ta bolalar bog‘chasi, ko‘p tarmoqli shifoxona va 5 ta oilaviy poliklinika barpo etiladi.

May oyida Yangi Toshkentga Toshkent viloyatidan 19,7 ming gektardan ziyod yer maydoni o‘tayotgani ma’lum qilingandi.