Ukrainada salkam 18 oydan beri davom etayotgan urush oqibatida halok bo‘lgan hamda yaralangan Rossiya va Ukraina harbiy xizmatchilarining umumiy soni 500 ming kishiga yaqinlashdi, deya yozmoqda The New York Times nashri AQSh rasmiylariga tayanib.

Qayd etilishicha, Rossiya urushda 300 mingga yaqin askar yo‘qotgan, jumladan, ulardan 120 ming nafari halok bo‘lgan va 180 ming nafari yaralangan. Ukraina armiyasida esa halok bo‘lganlar 70 ming kishini, yaradorlar 120 ming harbiyni tashkil etgani aytilmoqda.

Shuningdek, ayni paytda Ukraina armiyasida 500 mingga yaqin, Rossiyanikida esa 1 mln 330 ming askar mavjud, deya ta’kidlaydi gazeta.

Nashr manbalarining ogohlantirishicha, haqiqiy raqamlarni aytish mushkul, chunki “Moskva o‘lganlar va yaradorlar sonini muntazam ravishda kam baholaydi, Kiyev esa rasmiy raqamlarni oshkor qilmaydi”.

AQSh prezidenti ma’muriyati Ukrainadagi urush qurbonlari haqidagi hisob-kitoblarni oxirgi marta 2022-yilning noyabrida e’lon qilgandi. O‘shanda Shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi rahbari Mark Milli ikkala tomondan 100 mingdan ortiq harbiy halok bo‘lgani va yaralanganini aytgan.

NYT manbalarining aytishicha, jang maydonida qurbonlar soni Baxmut uchun og‘ir janglardan so‘ng keskin oshgan va 3 oy oldin Ukrainaning qarshi hujumi boshlanganidan beri har ikki tomon ham “katta yo‘qotishlarga” uchragan.

O‘lganlar va yaradorlar sonining ko‘pligi har ikki tomon sarflagan o‘q-dorilar miqdorini aks ettiradi, shuningdek, frontda tez tibbiy yordam ko‘rsatilmaganidan dalolat beradi, deb yozadi gazeta. Ta’kidlanishicha, shiddatli o‘qqa tutish tufayli yarador askarlarning evakuatsiya qilinishi qiyin kechmoqda, shifoxonalar va tez tibbiy yordam punktlari ko‘p hollarda gavjum bo‘ladi.

AQSh hisob-kitoblari sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlar, suhbatlarni tinglash, ijtimoiy tarmoqlar va OAV xabarlari hamda ikkala hukumatning rasmiy ma’lumotlariga asoslanadi. Biroq ma’lumotlar hatto mamlakat hukumati ichida ham farq qiladi, deya ta’kidlaydi NYT.

Shu yilning bahorida Pentagonning tarmoqlarga sizdirilgan hujjatlariga ko‘ra, Rossiyaning urushdagi yo‘qotishlari 189,5 mingdan 223 ming nafargacha, jumladan, 43 mingga yaqin halok bo‘lgan harbiyni o‘z ichiga oladi. Ukrainaning yo‘qotishlari esa fevralda 124,5 mingdan 131 minggacha, jumladan 17,5 ming nafar vafot etgan harbiyni tashkil qiladi.