Rossiya Ukrainaning bosib olingan hududlaridagi tiklash ishlari uchun qo‘shni davlatlarning minglab mehnat migrantlarini ishga yollamoqda, ammo ular buning o‘rniga ba’zi holatlarda xandaq qazish va frontda jang qilishga majbur bo‘lmoqda, deb yozadi Bloomberg.

Agentlikning qayd etishicha, migrantlar qurilish ishlari bo‘yicha ish haqi bozordagi o‘rtacha narxdan sezilarli darajada baland bo‘lgan e’lonlar orqali jalb qilinmoqda. Masalan, sharqiy Donbassdagi qurilishga turar joy, transport va tibbiy sug‘urta bilan oyiga 350 ming rublgacha (deyarli 4000 dollar) maosh va’da qilinmoqda.

Tong Jahoni inson huquqlarini himoya qilish tashkiloti huquqshunosi va direktori Valentina Chupikning Bloomberg`ga ma’lum qilishicha, u o‘z amaliyotida 50 ga yaqin migrant o‘z ixtiyori bilan Ukrainaga borgani guvohi bo‘lgan, biroq “ularga va’da qilingan maosh to‘lanmagan va Rossiyaga qaytishga ruxsat berilmagan”.

Chupikning aytishicha, unga O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari aldab arzimagan chaqa uchun ishlatilgani, so‘ng urush zonalarida xandaq qazishga majburlangani kabi ko‘plab holatlar ma’lum.

Tojikistonlik mehnat muhojiri Solex agentlikka qanday qilib uni urushda qatnashishga jalb qilmoqchi bo‘lishgani haqida gapirib bergan. “Noyabr oyida deportatsiya markazida o‘tirganimda, ular meni jalb qilish uchun faol ravishda harakat qilishdi. Agar shartnoma tuzsam, menga fuqarolik berishlarini aytishdi”, — deya ta’riflaydi erkak. Uning so‘zlariga ko‘ra, unga “ko‘p pul” va’da qilingan bo‘lsa-da, uyga qaytishga qaror qilgan.

“Ular hamma joyda yollash ishlarini olib bormoqda. Do‘stim yashash uchun ruxsatnoma olish maqsadida migratsiya markaziga borganida uni shartnoma imzolashga majburlashgan. Donetsk va Luganskdagi qurilishlarga borganlarni u yerda jang qilishga ko‘ndirishadi”, — deya qo‘shimcha qilgan Solex.

Bloomberg`ning qayd etishicha, avvalroq, Rossiya rasmiylari bosib olingan Ukraina hududlarida minglab turar-joy binolari, yuzlab maktablar, muzeylar, kasalxonalar va kutubxonalar qayta tiklangani yoki qurilganini haqida ma’lumot bergan. Rossiyaning Bicotender ma’lumotlar bazasidagi ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yilning o‘zida Rossiya hukumati Mariupoldagi loyihalar, asosan turar-joy va ma’muriy binolar qurilishi, shuningdek, infratuzilma ishlari bo‘yicha qiymati 2 mlrd rubldan ortiq bo‘lgan 47 ta tender o‘tkazgan.

Sobiq mudofaa pudratchisi, hozir Rossiyadan tashqarida yashovchi Sergey Xrabrixning aytishicha, qurilish loyihalarida ishtirok etayotgan ko‘plab kompaniyalar Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnomalarga ega. Shuning uchun yollanma ishchilar ushbu kompaniyalarga e’tiroz bildira olmaydi.

Xrabrixning Bloomberg`ga ma’lum qilishicha, 2000 mingga yaqin migrant ish haqidagi aldovlar sabab Ukrainaning bosib olingan hududlariga borib qolgan.

Agentlikning qayd etishicha, Rossiya barcha sohalarda, jumladan, harbiy sohada ham muhojirlarga tobora ko‘proq tayanmoqda. Yil boshida Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainadagi urush davrida Rossiya Qurolli kuchlarida xizmat qilish uchun shartnoma imzolagan xorijliklarga Rossiya fuqaroligini soddalashtirilgan tartibda olish imkonini beruvchi farmonni imzolagandi.

Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnomalarda ishtirok etadigan kompaniyalarga tegishli barcha ma’lumotlar maxfiy hisoblanadi. Bosib olingan hududlarda ishlayotgan yoki jang qilayotgan xorijlik fuqarolarning umumiy soni oshkor etilmaydi, deya ta’kidlagan Bloomberg.

2023-yil noyabrida Ukraina Milliy qarshilik markazi o‘z hisob-kitoblariga tayanib, bu hududlarda Markaziy Osiyodan bo‘lgan 100 mingdan ortiq migrant borligini qayd etgan.

Ukraina nafaqat harbiy harakatlarda, balki bosib olingan hududlardagi har qanday faoliyatda ishtirok etishni jinoyat deb hisoblaydi, deb yozgan Bloomberg. Urushda qatnashganlar o‘z vatanida ham qamalishi mumkin. O‘tgan yil davomida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Belarusda bir necha kishi yollanganlik uchun ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolangan.

O‘zbekiston fuqarolari migratsiyasi masalalari bo‘yicha Moskvada ishlovchi shaxsning Bloomberg`ga anonim ravishda aytishicha, Rossiyaga ish izlab kelganlar odatda qonunlarni bilmaydi, rus tilida yaxshi muloqot qila olmaydi va nimaga imzo qo‘yayotganini tushunmaydi.