Illyustratsiya: Eldos Fozilbekov
Reklamali tanaffus
Toshkent tashqi reklama bosqiniga qarshi qanday kurashmoqchi?
Raqamli rivojlanish departamenti Toshkentdagi tashqi reklamani nazoratga olmoqchi. Minglab reklama konstruksiyalarining egalari to'lov qilmayapti. Muammo nimada, reklama dizayn-kodi qanday bo'lishi va Toshkentni qay tariqa ko'zni quvontiruvchi shaharga aylantirish mumkin — "Gazeta.uz" shu savollarga javob izladi.
Raqamli rivojlanish departamenti Toshkentdagi tashqi reklamani nazoratga olmoqchi. Minglab reklama konstruksiyalarining egalari to'lov qilmayapti. Muammo nimada, reklama dizayn-kodi qanday bo'lishi va Toshkentni qay tariqa ko'zni quvontiruvchi shaharga aylantirish mumkin — "Gazeta.uz" shu savollarga javob izladi.
Toshkent vizual chiqindiga to'lib ketgan: chorrahalardagi LED-ekranlar haydovchilarning ko'zini oladi, avtobus bekatlari televizorga o'xshaydi, ko'p qavatli uylar devorlari yuzasi bilbord matosi bilan qoplangan, mozaikalar ustiga peshlavhalar ilib tashlangan, brendlar tom va fasadlar, trotuar va yo'l chetlaridan turib o'zlari haqida jar solmoqda. Shahar "Xususiy sektor" e'lonlar gazetasiga o'xshab qolgan.
Bunga bir qator tizimli muammolar sabab bo'lib, Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Raqamli rivojlanish departamenti oldida aynan shu muammolarni hal etish vazifasi turibdi. Departament direktori Aleksey Xen, "Tashqi reklama" loyiha ofisining rahbari Alixon Ahmadjonov va uning o'rinbosari Lazizbek Toshqulov "Gazeta.uz" bilan suhbatda Toshkentni shaharliklar ko'zini quvontiruvchi makonga aylantirish rejalari haqida so'zlab berdi.
Tashqi reklamaning haddan tashqari ko'pligi (salkam bosqinchi darajasidagi zo'ravonligi) nima uchun yomon?
Aleksey Xen: Tashqi reklama — shahar rivojlanganligining ko'rsatkichi. Shaharda ishlab chiqarish va xizmat ko'rsatish qanchalik ko'p bo'lsa, shunchalik ko'p korxona o'zi haqidagi ma'lumotlarni joylashtirishni istaydi. Toshkentda tashqi reklamaning ko'pligi, bir tomondan, poytaxt faol rivojlanayotganidan dalolat. Boshqa tomondan, bu shahar qiyofasiga putur yetkazadi va ko'p hollarda aholiga xalal beradi. Bundan tashqari, tashqi reklamaning samaradorligi pasayadi, chunki uning miqdori hech qanaqasiga cheklanmas ekan, kishi ma'lumotni qabul qilishni to'xtatadi.
Tashqi reklama rivojlanishining eng quyi bosqichi — bu odamlarning simyog'ochlar, daraxtlar, to'siqlar va ko'p qavatli uylar kirish joylaridagi xususiy e'lonlari. Bugungi kunda Toshkentda [tashqi reklamalarning] eng yuqori darajadagisi — LED-ekranlar va mediafasadlardir. Endilikda barcha yangi qurilgan yirik binolar mediafasadlar bilan bezatilmoqda. Darvoqe, ular shaharning tungi yoritilishining bir qismi hisoblanadi. Ammo bozor tartibga solinishi zarur.

Biz boshqa mamlakatlarda soha qanday tartibga solinishini o'rganib chiqdik — amaldagi vaziyatdan tortib, qonunchilik bazasigacha. Olmaota, Moskva, Novosibirsk, Qozon, Sankt-Peterburg, Parij tajribasini o'rgandik. Eng ajoyib tajriba — Qozonda. Ular tashqi reklama[ni tartibga solish]ga 2006-yilda kirishgan. O'sha paytda tashqi reklamalar sababli binolarning fasadi ham, osmon ham ko'rinmay ketgan edi.
Qozon rasmiylari shahar qiyofasini saqlab qolishga ustuvor ahamiyat berdi. U yerda reklama bilan shug'ullanuvchi bo'lim tashkil etilgan, me'yoriy-huquqiy baza ishlab chiqilgan va lotlar auksionga qo'yilgan. 2006-yildan beri bilbordlar soni uch baravardan ko'proq qisqartirilgan.
Bugungi kunda Qozonda reklamalar deyarli yo'q, shunga qaramay, undan kelib tushadigan budjet daromadlari o'sib bormoqda. Moskvada bizga shunday tushuntirishdiki, agar 500 mingta konstruksiyaga talab bo'lib, shahar bor-yo'g'i 10 mingta joy taklif qilsa, bozor hajmi o'zgarmaydi va barcha joylar sotilib ketadi. Shahar 100 ta joy taklif qilgan taqdirda ham talab baribir o'zgarmaydi. Shunchaki joy narxi qimmatlashadi.
Taniqli rossiyalik bloger Aleksandr Shumskiy 2000-yillarning o'rtalaridagi Moskvani misol keltirgani holda, [o'sha paytda] bunday vizual chiqindilar, mashinalarning tartibsiz to'xtash joylari, tor trotuarlar hamma uchun odatiy hol bo'lganini eslatadi. Ammo xuddi shu joylarning 2005 va 2023-yillardagi fototaqqosini ko'rgan moskvaliklar endi dahshatga tushyapti.
Moskva markazidagi Najotkor Masih cherkovi fonida noqonuniy ravishda o'rnatilgan "Mersedes" belgisi. 2000-yillar.
Foto: "Moskovskiy komsomolets"
Toshkentda reklama bozorini nazorat ostiga olishga urinishlar avval ham bo'lgan. 2020-yilda butun mamlakat bo'ylab shaharlarni reklamalardan tozalashga harakat qilib ko'rildi. Keng ko'lamli buzilishlar bo'ldi. Biroq izchillik bo'lmadi. Har qanday tadbirni oxirigacha yetkazish uchun jarayonlarni tartibga soluvchi me'yoriy hujjat zarur.
Nahotki shunday hujjat mavjud bo'lmasa?
Aleksey Xen: O'sha paytda eski tahrirdagi "Reklama to'g'risida"gi qonun va boshqa bir nechta qonunosti hujjatlari bo'lgan. Biroq eski tizimda bir qator kamchiliklar mavjud edi.

2018-yilda tashqi reklamalarni joylashtirish sohasidagi faoliyatni takomillashtirish to'g'risida hukumat qarori e'lon qilindi. Unga muvofiq, ikki oy muddatda tashqi reklama konstruksiyalarini joylashtirish tartibi, texnik reglamentini ishlab chiqish nazarda tutilgan edi. Biroq jarayon juda uzoqqa cho'zildi. 2020-yilga kelibgina Vazirlar Mahkamasining tashqi reklama bozorini tartibga solish to'g'risidagi navbatdagi qarori qabul qilindi, unda ko'plab me'yorlar belgilandi: konstruksiyalar formati, ularning o'lchamlari, ular orasidagi masofa va boshqalar.
Har ikkala hujjatda tadbirkorlar o'z [reklama] konstruksiyalari uchun pasportlarni Davlat xizmatlari markazlari orqali shaxsan yoki onlayn tarzda olishlari lozimligi nazarda tutilgan. Biroq ushbu xizmatni ko'rsatishning ma'muriy reglamenti ishlab chiqilmagan. Bu tashqi reklama bozori "yovvoyilashib" ketganining sabablaridan biri. Tadbirkorlar Toshkentda o'zlarining tashqi reklama konstruksiyalari uchun pasportni qanday qilib olgani noma'lum. Kimdir olgan, kimdir yo'q, kimdir vaqtinchalik pasport olgan. Soha o'zini tartibga solishga harakat qildi, biroq "qoidalar bo'yicha o'ynash" imkoni bo'lmadi.
2018-yilgacha, ushbu qarorlar bilan belgilangan qoidalar mavjud bo'lmagan vaqtda, tashqi reklamani tartibga soluvchi "Toshkent reklama servis" (TRS) davlat korxonasi berilgan pasportlar va reklama konstruksiyalarining reyestrini yuritib kelgan. Kompaniya ushbu hujjat aylanmasini 1994-yildan beri amalga oshirgan. Shartnomalarni imzolaydigan, to'lovni nazorat qiladigan jamoa bo'lgan, ularning nazoratchilari konstruksiyalarning texnik holatini tekshirib turgan.
2018-yil dekabrida, garchi uning davrida shaharda hisobga olinmagan birorta ham konstruksiya mavjud bo'lmagan bo'lsa-da, TRS yopildi. Regulyatorning vakolatlari Toshkent shahar Bosh qurilish boshqarmasi huzuridagi Arxitektura-rejalashtirish byurosiga (BARB) o'tkazildi — TRS davrida yuritib kelingan hujjat aylanmasi tizimi ishdan chiqdi. Ayrim xodimlar va reklama beruvchilarga nisbatan jinoiy ish ochildi.

2020-yilda tashqi reklama bozorini tartibga solish bo'yicha hukumat qarori qabul qilinganida regulyatorning vakolatlari BARB va tumanlar hokimliklari o'rtasida taqsimlandi, biroq pasport berish baribir tartibga solinmay qoldi.
реклама
реклама
Lazizbek Toshqulov: Bozor butunlay "yovvoyilashib ketgani" uchun 2020-yil oxiri — 2021-yil boshida shahar hokimining axborot texnologiyalari bo'yicha o'rinbosari zimmasiga bozorni tartibga solish, samarali hujjatlar ishlab chiqish va boshqa vazifalar yuklatildi. Bu qisman amalga oshirildi, biroq keyinchalik nazorat bo'lmaganligi sabab hamma narsa asl holatiga qaytdi.

Aleksey Xen: 2022-yilning bahorida men hokimning axborot texnologiyalarini joriy etish bo'yicha o'rinbosari etib tayinlandim. Shahar hokimi qarori bilan Raqamli rivojlanish departamenti tashqi reklama obyektlarini inventarizatsiyadan o'tkazishi, pasport va to'lovlarni tekshirishi lozim edi. Biz ishlay boshladik.

Sentabr oyida esa Toshkent shahri va viloyatlar hokimliklari, yangi tahrirdagi "Reklama to'g'risida"gi qonunga muvofiq, bozorni tartibga soluvchi yagona organga aylandi. Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Raqamli rivojlanish departamenti — bu sohani raqamlashtirish, to'lov, buxgalteriya hisobi va boshqa barcha ishlarni tartibga soladigan bo'g'indir.
Inventarizatsiya natijalari haqida gapirib bersangiz.
Aleksey Xen: Dastavval, barcha ochiq manbalardagi ma'lumotlarni oldik: TRS, BARB ma'lumot bazalari, tuman hokimliklari, reklama agentliklarining veb-saytlari. Har bir obyektning joylashuvi elektron xaritada aks ettirildi.
BARB ma'lumotlariga ko'ra shahardagi reklama konstruksiyalari soni
Tashkilotlarning ma'lumotlari bir-biriga mos kelmadi, biz hali ham nomuvofiqliklarni topyapmiz. Ma'lum bo'lishicha, bu birlamchi ma'lumotlar real voqelikni 40 foizga aks ettiradi, xolos. Biroq ular bizga reklama konstruksiyalari qaysi ko'chalarda joylashtirilayotgani haqida tasavvurga ega bo'lish imkonini berdi. Kamera o'rnatilgan mashina bu ko'chalarning barchasida yurib, haqiqiy vaziyatni tasvirga oldi, biz uni xaritaga joyladik.
Vaziyat achinarli. 2022-yil avgust holatiga ko'ra, shaharda 11 mingdan ortiq reklama konstruksiyalari mavjud edi. Ulardan atigi 5 mingtasi tegishli hujjatga ega.

Lazizbek Toshqulov: 11 mingta reklama konstruksiyasi 150 dan ortiq kompaniya tomonidan joylashtirilgan. Boshqa mamlakatlar tajribasidan kelib chiqib aytganda — bu juda ko'p. Masalan, Moskvada atigi 8 ta, Novosibirskda 3 ta va Parijda 2 ta o'yinchi davlat yerlarida reklama joylashtiradi. Xususiy binolarga boshqa o'yinchilar, jumladan, bino egalari ham reklama joylashtirishlari mumkin, biroq bu yerda ham uni joylashtirish qoidalari dizayn-kod vositasida tartibga solinadi, aks holda, nazorat mavjud bo'lmasa, Qozon 2006-yilda qarshi kurash boshlagan vaziyatga tushib qolinadi.

Aleksey Xen: O'yinchilar sonining cheklanganligini reklama beruvchilarga qamrov kerakligi bilan izohlash mumkin. Agar barcha tashqi reklama konstruksiyalari 10 ta kompaniya o'rtasida taqsimlangan bo'lsa, u holda har bir o'yinchi juda ko'p konstruksiyaga ega bo'ladi. Bordiyu bozorda 150 ta korxona mavjud bo'lsa, reklama beruvchilar shaharni iloji boricha kengroq qamrab olish uchun juda ko'p o'yinchilar bilan bog'lanishlariga to'g'ri keladi. Bu shunchaki noqulay.
2023-yil holatiga ma'lumotlar
Laziz Toshqulov: Reklama konstruksiyalariga ega bo'lgan 150 ta korxonaning barchasi ushbu 11 ming obyektni joylashtirish huquqi uchun budjetga belgilangan miqdorda to'lov to'lashi zarur. Biroq 2023-yilda hech kim bu to'lovni amalga oshirmadi, chunki bugungi kunda birorta ham reklama konstruksiyalari egasi hokimlik bilan shartnomaga ega emas. Bunga hujjatlarni rasmiylashtirish sxemasi va reglamenti mavjud emasligi, tashqi reklama obyektlari reyestrining hali to'liq ishlab chiqilmaganligi sabab bo'lmoqda. Bundan tashqari, tashqi reklama obyekti joylashtiriladigan joyga egalik qilishning qonuniyligini belgilaydigan talablar mavjud emas.
Nega faqat qonuniy konstruksiyalar egalari bilan shartnoma tuzib qo'ya qolinmaydi?
Lazizbek Toshqulov: Buning uchun hamma konstruksiyalar ham qonun talablariga javob bermasligini isbotlash kerak. Bu ishning bir qismiga ham yillab vaqt ketishi mumkin, chunki muayyan ma'muriy tartib-qoidalarga rioya qilish zarur.

Eng avvalo, biz tadbirkorni uning konstruksiyasi qonunga muvofiq emasligi haqida ogohlantirishimiz kerak bo'ladi. Agar pasport bir korxona uchun rasmiylashtirilgan, lekin boshqasi tomonidan [reklama] joylashtirilgan bo'lsa, biz ushbu konstruksiyaga ma'lumot joylashtirgan reklama beruvchidan kim orqali reklama joylashtirganini so'raymiz, odamgarchilik nuqtai nazaridan uning aloqa ma'lumotlarini bizga berishini iltimos qilamiz. Qidiruvga kamida bir hafta ketadi (shuning uchun cheklangan miqdordagi o'yinchilar regulyator uchun ham qulay).

Tadbirkor bizning ogohlantirishimizni bir hafta ichida ko'rib chiqadi. Keyin biz Monopoliyaga qarshi kurashish qo'mitasiga (MQKQ) ariza yuboramiz. Ularning o'z reglamenti bor. MQKQda butun boshli Toshkent uchun tashqi reklama bilan shug'ullanuvchi faqat bitta shtat birligi mavjud.
Aleksey Xen: "Reklama to'g'risida"gi yangi qonun bo'yicha allaqachon bitta qonuniy demontaj holati kuzatildi. Konstruksiya xavfsizlik orolchasida joylashgan edi. Biz egasiga xabar berdik, biroq u konstruksiyani olib tashlamadi. Demontajni qonunan rasmiylashtirish uchun hujjatlarni tayyorlashga ikki oydan ko'proq vaqtimiz ketdi. Besh kun davomida konstruksiyani o'zimiz ehtiyotkorlik bilan demontaj qilib, tadbirkorga berdik, biroq bir hafta o'tgach, u qayta o'rnatdi, biz yana olib tashladik.

Umuman olganda, bozor ishtirokchilari qandaydir o'zgarishlar, o'yinning aniq qoidalarini kutishmoqda, chunki hamma tartibsizlikdan charchagan. Ular qandaydir tarzda faoliyat olib borishga harakat qilishdi, biroq ular o'rtasida o'zaro kelishmovchiliklar ham mavjud. Shu bois Raqobat va iste'molchilar huquqlarini himoya qilish qo'mitasi, Bosh prokuratura va Reklama sanoati milliy assotsiatsiyasi bilan birgalikda barcha huquqiy bo'shliqlarni to'ldiradigan Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasini tayyorladik.

Xavfsizlik orolchasidagi monitorni demontaj qilish
Masalan, yangi tahrirdagi "Reklama to'g'risida"gi qonunga muvofiq tashqi reklama obyektlarini joylashtirish sxemasi tushunchasi tasdiqlandi. Sodda tilda aytganda, sxema — bu reklama konstruksiyalarini o'rnatish mumkin bo'lgan joylarni ko'rsatadigan va bu joylarga joylashtirilishi mumkin bo'lgan obyektlarning turlari sanab o'tilgan xarita.

Sxema loyihasi shaharda tashqi reklama uchun mas'ul tashkilot tomonidan tayyorlanishi zarur. Toshkent shahrida bu Raqamli rivojlanish departamenti. Qonun amal qilgan butun boshli davr ichida Toshkentda hech qanday sxema mavjud bo'lmagan. Biz uni ishlab chiqyapmiz. Sxema — tashqi reklama bozorini tartibga solish uchun qilinishi zarur bo'lgan ishlarning eng asosiysi.

Bularning barchasini tartibga solish maqsadida biz "Tashqi reklama" dasturiy ta'minotini ishlab chiqmoqdamiz. Unda sxema, barcha turdagi konstruksiyalar, barcha qoidalar hisobga olingan bo'ladi. U orqali elektron shaklda shartnomalar tuziladi, pasportlar YAIDXP orqali elektron shaklda beriladi — integratsiya yo'lga qo'yilgan, barchasi elektron hukumat billing xizmati orqali to'lanadi.
Ushbu qaror qabul qilinib, sxema tasdiqlangach, noqonuniy konstruksiyalarni qanday demontaj qilasiz?
Laziz Toshqulov: Bu baribir uzoq vaqt oladi. May oyidan beri biz MQKQga hujjatsiz konstruksiyalar to'g'risidagi bildirishnomalarning bir nechta partiyasini yubordik. Bugungi kunga qadar ularga LED-monitorlar bo'yicha 125 ta ishni ko'rib chiqish iltimosi bilan murojaat qildik — bu faqat boshlanishi. O'tgan hafta shulardan 9 tasini demontaj qilish bo'yicha qaror qabul qilishdi.

Aslida hozir bunday demontaj qilishning tartibi mavjud emas, biroq u "Reklama to'g'risida"gi qonun, Vazirlar Mahkamasining bir nechta qarorlari va boshqa hujjatlarga soslangan holda amalga oshirilmoqda. Muddat va tartib MQKQ komissiyasi a'zolarining qaroriga ko'ra belgilanadi.

Qaror bo'yicha loyihamizda shunday tartib mavjud. Ishchi guruh tomonidan noqonuniy tashqi reklama obyektlarini demontaj qilish tartibi to'g'risida to'liq nizom ishlab chiqildi. Unda obyektlar qanday mezonlarga ko'ra demontaj qilinishi, obyekt egasi tayinlangan yoki tayinlanmagan holatlar, demontaj qilish muddatlari, uning tartibi va konstruksiyalarni saqlash joylari ko'rsatilgan.
реклама
реклама
Egasi topilmagan taqdirda, avvalo hokimlik saytida konstruksiya egasini qidirayotganimiz to'g'risida e'lon joylashtirishimiz kerak bo'ladi. Umuman olganda, barcha ma'muriy tartib-qoidalar, eng qulay shart-sharoitlarda, uch oydan ko'p bo'lmagan vaqt oladi.
Tashqi reklama arzon bo'lsa, ko'p bo'ladi, deyishadi. Hozirda reklama agentliklari uchun qanday tariflar belgilangan?
Aleksey Xen: Birinchidan, auksionda lotning narxi mavjud. Uning boshlang'ich bahosi ushbu hudud uchun yer solig'ining 10 barobarini tashkil etadi. Kim ko'proq bersa, o'sha g'alaba qozonadi.

Qolaversa, agentliklar reklama joylashtirganlik uchun shahar kengashi tomonidan tasdiqlangan tariflar bo'yicha to'lov to'lashlari lozim. Tarifning miqdori ko'plab parametrlarga bog'liq — konstruksiyaning maydoni, uning turi, u o'rnatiladigan maydon: yer, bino, ko'cha mebellari va boshqalar. Bundan tashqari, kamayib boruvchi va ortib boruvchi koeffitsiyentlar mavjud.
Maydoni 18 kvadrat metr bo'lgan bitta LED-monitor uchun o'rtacha oylik to'lov taxminan 1 million so'mni tashkil qiladi. Ayni paytda, tadbirkorning marjasi oyiga 50 million so'mni tashkil etishiga qaramay, reklama beruvchilar stavka juda past — bu juda arzon, deyishadi.
Tadbirkorlar, yuqorida ta'kidlaganimizdek, olish imkonsiz bo'lgan pasportni olish uchun ham yig'im to'laydi.
Ushbu stavkalarni oshirishni rejalashtiryapsizmi?
Aleksey Xen: Yo'q, biz [to'lovlar] mantig'ini o'zgartiramiz va uch karra to'lov o'rniga bitta to'lov belgilaymiz — oylik to'lovning narxi auksionlarda o'ynaladi.

Boshlang'ich narx uchun biz kvadrat metriga bazaviy hisoblash miqdori (BHM)ning muayyan bir foizi (Toshkent uchun BHMning kamida 7 foizi) bilan kamayuvchi va ortib boruvchi koeffitsiyentlarni olamiz. Koeffitsiyentlar ham, BHMning foizi ham shahar kengashi tomonidan belgilanadi. Koeffitsiyent iqtisodiy zona, konstruksiya texnologiyasi (bu bilbord yoki LED-monitor yoki mediafasad bo'lishi mumkin), uning turi va boshqalarga bog'liq bo'lishi mumkin. Kengash qarori bilan koeffitsiyent qo'llanilmasligi ham mumkin.
Shunday qilib, koeffitsiyentlarni hisobga olgan holda BHM foizi konstruksiyaning maydoniga ko'paytiriladi. Mana shu auksiondagi lotning boshlang'ich narxi. Tadbirkor 10 yil davomida har oy to'lashga tayyor bo'lgan miqdorni taklif qiladi. Kim ko'proq bersa, joyni o'sha oladi. obyektning pasporti konstruksiyani joylashtirish huquqi bilan birga beriladi.
Sxema haqida ko'proq ma'lumot bersangiz. Nima uchun u bozorni tartibga solishning asosiy vositasi hisoblanadi?
Aleksey Xen: Chunki bu shaharda qancha reklama bo'lishi mumkinligini aniqlaydi. Piyodalarga ustuvorlik berilgan ko'chalarda qanday konstruksiyalar joylashtirilishi mumkin? Qaysi ko'chalar piyodalar uchun? Piyodalarga manzarani to'sib qo'yadigan ulkan bilbordlar kerak emas. Batartib shahar formatlari bo'lsa kifoya. Avtomobillarga ustuvorlik berilgan ko'chalarda shahar formatlarini joylashtirishda mantiq yo'q.

Bundan tashqari, reklamadan holi hududlar ham mavjud. Bular — madaniy meros obyektlari, diniy maqsadlar uchun mo'ljallangan binolar, Prezident administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi binolari va boshqalar. Shuningdek, ushbu obyektlardan 50 metrgacha bo'lgan radiusda reklamalar bo'lishi ham mumkin emas. Biroq, hozir mazkur "bufer zonasi" qoidasiga rioya qilinmayapti. Shu bilan birgalikda, konstruksiyalarni qatnov qismining ajratuvchi chizig'i, xavfsizlik orolchalariga o'rnatish ham mumkin emas.
Osiyo va Chingiz Aytmatov ko'chalari chorrahasida joylashgan ko'p qavatli uy devori yuzasidagi mozaika atrofiga joylashtirilgan tashqi reklamalar
Noqonuniy konstruksiyalar sonini kamaytirish va sxemani tasdiqlash hisobiga shahardagi konstruksiyalar soni qisqaradi.
Qiziq, Toshkentning qaysi ko'chalarida piyodalarga ustuvorlik berilgan?
Laziz Toshqulov: Biz aholi eng zich joylashgan joylarni ko'rsatuvchi "qaynoq xarita"ni tuzdik. Bu ko'p qavatli uylar, savdo markazlari, do'konlar joylashgan ko'chalar. Ushbu hududlarda yirik konstruksiyalar joylashtirish istagida emasmiz.
Toshkentning piyodalar eng ko'p to'planadigan joylar aks ettirilgan "qaynoq xaritasi"
Shaharda bunday joylar ko'p emas — bu shahar harakatlanish uchun mo'ljallangan, piyoda sayr qilish uchun emas. Shunga qaramay, biz bu ko'chalarda katta bo'lmagan formatlarni talab qilamiz. Odatda, piyodalarga ustuvorlik berilgan ko'chalarda bo'sh joy uchun raqobat yuqoriroq, chunki odamlar yuradigan joyda ko'chmas mulk, yer va reklama uchun joy hamisha qimmatroq turadi.
Ayrim fuqarolar LED-monitorlarning, jumladan, avtobus bekatlaridagi reklamalarning yorug'ligidan norozi. Bu masala yuzasidan biror narsa qilishni rejalashtiryapsizmi?
Aleksey Xen: Yorqinlik bilan bog'liq muammolar yagona regulyator mavjud emasligi bilan izohlanadi. Raqamli rivojlanish departamenti yagona regulyator bo'lganligi sababli, yorqinlik masalasi bilan ham shug'ullanamiz.
Alixon Ahmadjonov: Bizga doimiy ravishda fuqarolardan ekranlar yorqinligi yuzasidan shikoyatlar kelib tushmoqda. Bunday hollarda biz o'sha joyga boramiz, o'rganamiz va agar ekran haqiqatan ham juda yorqin bo'lsa, [reklama] egalaridan [yorqinlik darajasini] pasaytirishni so'raymiz. Ular to'g'ri tushunadi, hozircha qarshiliklar bo'lmadi. Hech bo'lmaganda tungi vaqtlarda yorqinlikni pasaytirishadi. Biroq bugungi kunda yorqinlik darajasini vizual ravishda aniqlaymiz, vaholanki tizimli yondashuv kerak.
Lazizbek Toshqulov: Amaldagi Shaharsozlik normalari va qoidalari (SHNQ)da ruxsat etilgan yorqinlik ko'rsatkichlari chegarasi belgilab qo'yilgan. Ular konstruksiyalar maydoni va ko'chalar toifasiga bog'liq, biroq ruxsat etilgan diapazon shunchalik kattaki, amalda qoidalarga barcha rioya qiladi va uni yanada yorqinroq qilishlari ham mumkin.
Biz tashqi reklama uchun dizayn-kodni ishlab chiqdik, unda butun shahar bo'yicha tashqi reklama obyektlarining yorqinlik chegarasi uchun yagona talablar o'rnatiladi. Taqqoslash uchun, bizda bu ko'rsatkich masofasiga 100 kandel / kv.m dan ortiq emas.

Ushbu talablarga muvofiqlikni tekshirish uchun masofadan ishlaydigan yorqinlik o'lchagichlarini sotib olamiz. Bu qimmat uskuna. Hozirda yorqinlik o'lchagich faqat bitta davlat tashkilotida mavjud. Biroq uning yordamida yorqinlikni o'lchash uchun qurilmani ekranga mustahkamlash kerak va u yorqinlikni aynan shu joyda o'lchaydi. Ammo tasvirdagi yorug'lik bir xil darajada bo'lmaydi. Shuning uchun biz masofadan ishlaydigan yorqinlik o'lchagich sotib olamiz.
Dizayn-kod haqida ko'proq ma'lumot bersangiz. U 2018-yilda Toshkent uchun "Strelka" konstruktorlik byurosi tomonidan tayyorlangan dizayn-koddan nimasi bilan farq qiladi?
Alixon Ahmadjonov: "Strelka"ning dizayn-kodi tashqi reklama obyektlarini ham, peshlavhalarni ham va ko'cha mebellarini ham o'z ichiga olgan edi. Bunday hujjatni amalga tadbiq etish juda qiyin, chunki amalga oshirish ishlari har doim pulga borib taqaladi. Ushbu dizayn-kodni bosqichma-bosqich amalga oshirish mexanizmi o'ylab chiqilmagan edi.
"Strelka" konstruktorlik byurosi tomonidan ishlab chiqilgan Toshkent dizayn-kodi
Lazizbek Toshqulov: Dizayn-kod bo'yicha bizning loyihamiz — tashqi reklama obyektlari to'plamidan iborat bo'lib, unda Toshkent shahrida joylashtirishga ruxsat etilgan 14 turdagi konstruksiyalar, ularning texnik tavsiflari, ishlab chiqarish materiallari, ranglari, ko'rinishlari, qo'llanilgan texnologiyalari va boshqalar tavsiflangan.
Olti oydan so'ng ushbu to'plamga peshlavhalarga taalluqli bo'lgan ikkinchi bobni qo'shishni rejalashtirmoqdamiz. Ushbu bob allaqachon ishlab chiqilmoqda. Shundan keyin statsionar bo'lmagan savdo obyektlari va ko'cha mebellariga o'tish mumkin bo'ladi. Va ana shunda amalga oshirish uchun kuch ham, resurslar ham yetarli bo'ladi va odamlar "shokka" tushishmaydi.

Alixon Ahmadjonov: Har qanday o'zgarishlar amalda ish berishi uchun nazorat kerak, aks holda tashqi reklama sohasida bo'lgani kabi tartibsizlik boshlanadi.
Nazorat qilish uchun odamlar kerak. Bu bilan kim shug'ullanadi?
Aleksey Xen: Biz shug'ullanamiz. Odamlarni yollaymiz. Ushbu dizayn-kod hozirda Reklama sanoati milliy assotsiatsiyasi tomonidan muvofiqlashtirilmoqda. Shundan so'ng hokim va xalq deputatlari kengashi qarori bilan tasdiqdan o'tkazamiz. Bunday tartib hozirda hukumat ko'rib chiqayotgan Vazirlar Mahkamasi qarorida nazarda tutiladi.

Joylashtirish tartibi, konstruksiyalar soni, joylashtirish chastotasi, bir ko'chada joylashtirilishi mumkin bo'lgan [konstruksiyalar] turlari — bularning barchasi sxema bilan tartibga solinadi. 14 ta tur ham dizayn-kod bilan tasdiqlangan ekan, ularning barchasi bitta ko'chada yoki bitta chorrahada uchraydi, degani emas. Dizayn-kod tamoyillarida har xil turdagi va formatdagi konstruksiyalar bitta ko'chada joylashtirilmasligi kerakligi ko'rsatib o'tilgan. Hammasi bir xil uslubda bo'lishi lozim.
Siz dizayn-kodning ikkinchi bobi peshlavhalarga taalluqli ekanligini aytdingiz. Ular tashqi reklamadan qanday farq qiladi?
Aleksey Xen: Ular orasida nozik farq bor. "Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish to'g'risida"gi qonunning 5-moddasiga muvofiq, barcha savdo obyektlari o'z nomi, joylashgan joyi va ish vaqtini ko'rsatishi shart. Tadbirkorning aniq mahsulotlar, narxlar, chegirmalar, aksiyalar va mahsulot yoki xizmatni sotib olish uchun chaqiriqlari ko'rsatilgan taqdirda, bu endi reklama hisoblanadi.

Peshlavhalar ham alohida og'riqli mavzu. 2020-yilda shaharlar tashqi reklamalardan salgina tozalanganda, ular kamaydi, biroq endi peshlavhalar ko'paydi — har xil, yorqin, standartlashtirilmagan. Har bir tadbirkor boshqalardan ajralib turishni, o'z peshlavhasini kattaroq qilishni istaydi va natijada hammasi yamoq yopinchiqqa o'xshab ko'rinadi, peshlavhalarning o'zi esa asta-sekin reklamaga aylanib, axborot shovqinini keltirib chiqaradi va shahar qiyofasini buzadi.
Alixon Ahmadjonov: Reklama bozorini tartibga solish bo'yicha 2020-yilgi qarorda peshlavhalarga qo'yiladigan talablar ham belgilangan. Biroq biz gigantizmdan aziyat chekmoqdamiz. Hamma imkon qadar katta peshlavha xohlaydi. Vaholanki, peshlavha muayyan bir o'lchamdan ortib ketgan taqdirda tashqi reklamaga aylanib qoladi.

Faoliyatning ayrim turlari uchun peshlavha 2 kvadrat metr bo'lishi mumkin, boshqalari uchun — 1. Biroq, umuman olganda, qarorga muvofiq, 5,5 kvadrat metrgacha bo'lgan hamma narsa — garchi bu juda katta o'lcham bo'lsa ham — peshlavha hisoblanadi.

Lazizbek Toshqulov: Reklama bozorini tartibga solish to'g'risidagi xuddi shu qarorda peshlavhalar maydoni 2 kvadrat metrdan oshmasligi kerakligi aytilgan. Bunda, aslini olganda, hammasi juda chalkash. Hammasini aniqlashtirish va soddalashtirish uchun ham biz dizayn-kodni yaratyapmiz.
Dizayn-kod avtobus bekatlaridagi, shu jumladan, LED-monitorlar bilan jihozlangan bekatlardagi reklamalarni ham qamrab oladimi?
Lazizbek Toshqulov: Hozirgi kunda — yo'q, biroq bu rejada bor. Avtobus bekatlari aslida tashqi reklama obyektlari hisoblanmaydi, ular shahar mebellari. Shuning uchun, avtobus bekatlari bilan bog'liq talablarni dizayn-kodning tegishli — ko'cha mebellariga taalluqli bobiga kiritamiz. Ushbu bob hozirda ishlab chiqish jarayonida.

Biroq tashqi reklama uchun dizayn-kodda nazarda tutilgan LED-monitorlarning yorqinligiga qo'yiladigan talablar avtobus bekatlariga nisbatan ham qo'llaniladi. Chunki dizayn-kod kengash tomonidan imzolangan tashqi reklama obyektlarini o'rnatish tartibi to'g'risidagi hujjatga ilova hisoblanadi. Ushbu hujjatda ham peshlavhalar, ham statsionar bo'lmagan savdo obyektlariga qo'yiladigan talablar mavjud.
Qaror qachon imzolanadi va, kutilmalaringizga ko'ra, Toshkent qachon fuqarolar ko'zini quvontiradigan shaharga aylanadi?
Aleksey Xen: Yaqinda qaror loyihasi bosh vazir huzurida himoya qilindi (ushbu intervyu dastlab 2023-yil avgust oyida rus tilida e'lon qilingan — tahr.). Umuman olganda, hujjatning asosiy qismi qo'llab-quvvatlandi va ma'qullandi, deb ayta olaman. Bosh vazir me'yoriy-huquqiy bazani mustahkamlashni taklif qildi. Uning takliflari allaqachon loyiha matniga kiritilgan. Hujjat yaqin orada imzolanishi kutilmoqda.

Ushbu loyihaning ulkan g'oyasini amalga oshirish uchun ketma-ket ikki yil kerak bo'ladi, deb o'ylayman. Chunki bir yil ichida biz hamma narsani tartibga solishimiz lozim: sxemani tayyorlash, pasportlarni tekshirish, reyestrni ishlab chiqish ishlarini yakunlash, barcha talablarni ishlab chiqish, shartnomalar tuzish. Keyin esa yangi qoidalarga mos kelmaydiganlarini muvofiqlashtirish ishlari boshlanadi.

Reklama agentliklari bizni tushunadi, norozilar ham bo'ladi, albatta. Eng asosiysi, hamma aniq qoidalar mavjud bo'lishi tarafdori, shuning uchun biz hamma narsani imkon qadar shaffof qilamiz. Qanday va nima qilish kerakligini ko'rsatamiz, hammasini tushuntiramiz, o'rgatamiz, chunki tartibsizlikdan hech kim — na fuqaro, na biznes, na hokimiyat manfaatdor.
Matnni Sabina Bakayeva tayyorladi.
Suratlar muallifi: Yevgeniy Sorochin / "Gazeta.uz".
Illyustratsiya: Eldos Fozilbekov / "Gazeta.uz"
"Gazeta.uz" internet-nashri saytiga joylashtirilgan materiallardan foydalanish shartlari bilan bu sahifada tanishish mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O'z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting