Toshkentdagi Amir Temur xiyoboni atrofidagi ajratuvchi orolchalarga, ushbu holat qonunchilikka zid bo‘lishiga qaramay, tashqi reklama konstruksiyalari o‘rnatilmoqda.

“Gazeta.uz” muxbirlari bu yerdagi tayyorgarlik ishlarini fevral o‘rtalaridayoq payqagan edi. Uchburchak shakldagi ikkita orolchada dastlab 2 metrdan baland bo‘lgan oq to‘siqlar paydo bo‘ldi. Bu to‘siqlar haydovchilarning ko‘rish kengligini to‘sib qo‘ygan va xavfli vaziyatlarning kelib chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin edi.

tashqi reklama, toshkent

Aylana shakldagi bitta reklama obyektining qolipi xiyobonning Mustaqillik shoh ko‘chasiga tutash qismida (“O‘zbekiston” mehmonxonasi va “O‘zsanoatqurilishbank"ning tarixiy binosi orasida)gi orolchaga o‘rnatib bo‘lingan. Kurant oldidagi ikkinchi konstruksiya o‘rni esa hozircha faqat oq to‘siq bilan o‘rab qo‘yilgan.

Shunga o‘xshash aylanasimon, lekin bundan kattaroq o‘lchamdagi tashqi reklama qurilmasi bir necha yil avval Grand Mir (sobiq “Rossiya”) mehmonxonasi oldidagi transport aylanasiga ham o‘rnatilgan edi.

Ushbu yangi reklama konstruksiyalarini o‘rnatish O‘zbekistonning reklama sohasidagi qonunchiligiga zid. Tashqi reklama bozorini tartibga solish to‘g‘risida hukumat qaroriga muvofiq, tashqi reklama obyektlarini reklamadan xoli bo‘lishi belgilangan hududlar chegarasidan 50 metr masofada o‘rnatish taqiqlanadi.

Prezident administratsiyasi, Oliy Majlis palatalari, Oliy sud, Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari binolari, madaniy meros obyektlari va boshqalar reklamadan xoli bo‘lishi belgilangan hududlar hisoblanadi.

Bankning tarixiy binosi taraf.Bankning tarixiy binosi taraf.

Amir Temur xiyobonida yettita madaniy meros obyekti bor. Bular — Amir Temur haykali, Temuriylar tarixi muzeyi, Toshkent davlat yuridik universitetining har ikkala binosi, Fotosuratlar uyi, Toshkent kurantlari, shuningdek, “O‘zsanoatqurilishbank” binosi va sobiq Yozuvchilar uyushmasi binosi.

“O‘zbekiston” mehmonxonasi taraf.“O‘zbekiston” mehmonxonasi taraf.

Ishchilar dastlab birinchi orolchadagi maysazorga beton quydi. Oradan ma’lum vaqt o‘tib, poydevor yo‘qoldi. Mart oyi boshida orolchada yana oq to‘siq paydo bo‘ldi, keyinroq esa qayta quyilgan poydevorga aylanasimon qurilma o‘rnatildi.

Kurant oldidagi bo‘lajak reklama obyekti o‘rni.Kurant oldidagi bo‘lajak reklama obyekti o‘rni.

O‘rnatib bo‘lingan birinchi obyekt ham, o‘rnatilajak ikkinchi obyekt ham 7MediaGroup kompaniyasiga tegishli. Buni kompaniya sotuv bo‘limi “Gazeta.uz"ga tasdiqladi.

Kompaniya saytida keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, u poytaxtda 50 ta LED-monitorga, xususan, “prezident trassasi"dagi konstruksiyalarga ham egalik qiladi. Ular orasida Oqqo‘rg‘on ko‘chasining Mustaqillik shoh ko‘chasi bilan kesishmasidagi, Mirzo Ulug‘bek va Buyuk Ipak yo‘li, Nukus va Istiqbol ko‘chalari kesishgan chorrahalardagi ulkan monitorlar ham bor.

Panellarni o‘rnatish jarayoni, 18-mart oqshomi.Panellarni o‘rnatish jarayoni, 18-mart oqshomi.

“Gazeta.uz"ning aniqlashicha, kompaniyaga tegishli aksariyat monitorlarning o‘lchamlari Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Raqamli rivojlanish departamenti ishlab chiqqan dizayn-kodda belgilangan hajmdan katta. Ushbu dizayn-kod xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi tomonidan tasdiqlangan. Shahar hokimi tomonidan ushbu qoidalarning kuchga kiritish to‘g‘risidagi qaror imzolanishi kutilmoqda.

tashqi reklama, toshkent

Toshkentda tashqi reklama bozorini tartibga solish bilan Raqamli rivojlanish departamentining “Tashqi reklama” loyiha ofisi shug‘ullanmoqda. Loyiha ofisi mutaxassislari avvalroq “Gazeta.uz"ga bergan intervyusida shaharni vizual chiqindidan tozalash rejalari va bu maqsadni ro‘yobga chiqarishga xalal berayotgan muammolar haqida so‘zlab bergandi.

tashqi reklama, toshkent

Amir Temur xiyoboniga tutash Sayilgoh (Brodvey) ko‘chasining TDYUUning ikki binosi orasidagi qismida Pepsi kompaniyasining arka ko‘rinishidagi tashqi reklamasi o‘rnatilgan. Yuqorida qayd etilganidek, universitet binolari ham madaniy meros obyektlari hisoblanadi.

tashqi reklama, toshkent

“Gazeta.uz"da mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi vaqtda reklama konsturksiyalarini qonuniy yo‘l bilan demontaj qilishga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha ma’muriy jarayonlar olib borilmoqda.