Isroillik-amerikalik psixolog va iqtisodchi, iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori, xulq-atvor iqtisodiyoti asoschilaridan biri Daniel Kaneman vafot etdi. Bu haqda The Washington Post xabar berdi.

Daniel Kaneman 90 yoshda edi. O‘limiga qadar olim AQShdagi Prinston universitetida faoliyat yuritdi. Uning o‘limi haqida jurnalistlarga asrab olingan qizi Debora Treysman xabar qilgan.

Kaneman ijtimoiy, kognitiv va emotsional omillar odamlarning muayyan iqtisodiy qarorlarni qabul qilishiga qanday ta’sir qilishini o‘rganadigan fan yo‘nalishi — xulq-atvor iqtisodiyotining asoschilaridan biri hisoblanadi.

Daniel Kaneman 2002-yilda “psixologik usullarni iqtisodiyot fanida qo‘llagani uchun, xususan, noaniqlik sharoitida hukm chiqarish va qaror qabul qilishni o‘rganishga qo‘shgan hissasi uchun” iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori bo‘lgan.

Olim, shuningdek, The New York Times versiyasi bo‘yicha bestseller deb e’tirof etilgan “Fikrlash, tez va sekin” (Thinking, Fast and Slow) asari muallifi sanaladi.