Negativ lazzati
Plyonkali fotografiya ixlosmandlari qanday va nima yordamida suratga oladi?
Mobil telefonlar yuqori sifatda surat olish imkonini beradigan hozirgi zamonda, naqadar g'alati ko'rinmasin, plyonkali fotografiya muxlislari soni ham ko'payyapti. "Gazeta.uz" fotograflar Viktor An, Yuriy Vedenin va Erik Muzipov bilan qanday qilib va nima uchun plyonkaga suratga olishlari haqida suhbatlashdi.
Mobil telefonlar yuqori sifatda surat olish imkonini beradigan hozirgi zamonda, naqadar g'alati ko'rinmasin, plyonkali fotografiya muxlislari soni ham ko'payyapti. "Gazeta.uz" fotograflar Viktor An, Yuriy Vedenin va Erik Muzipov bilan qanday qilib va nima uchun plyonkaga suratga olishlari haqida suhbatlashdi.
XXI asr — har bir kishi, fotograf bo'la olmagan taqdirda ham, o'zini fotograf deb atashi mumkin bo'lgan bir davr. Mobil telefonlar birgina tugmani bosish orqali yuqori sifatda suratga olish imkonini beradi. Biroq plyonkaga qaytayotgan professional va havaskor fotograflar soni borgan sari oshib bormoqda. Ularning qiziqishiga plyonka bilan ishlashning qiyinchiliklari — kamerani qo'lda sozlash zarurati, kadrlangan cheklangan soni (atigi 36 dona), suratni ishlash jarayoni va oldindan taxmin qilib bo'lmaydigan natija ham to'g'anoq bo'la olmayapti.

Analog fotografiyaning ommalashuvi — bu xalqaro trend, ammo bu borada Toshkent ham mustasno emas. "Gazeta.uz" plyonkaga ishtiyoq nimadan boshlanishi, bu mashg'ulot qanchaga tushishi va o'zi shunga arziydimi kabi savollar bilan fotograflar Viktor An, Yuriy Vedenin (Toshkent) va Erik Muzipovga (Moskva) yuzlandi.
Viktor An
Fotopublitsist, fotografiya sohasida 45 yillik tajribaga ega
Mening fotografiya sohasidagi yo'lim 1978-yili, bir do'stim koreys tilida chop etiladigan "Lenin Kichi" (keyinchalik "Koryo Ilbo" — tahr.) gazetasida fotomuxbir sifatida faoliyat yuritishni taklif qilganida boshlangan. Ungacha piyoz yetishtirganman, haydovchilik qilganman, elektrik va kinomexanik bo'lib ishlaganman, shuning uchun fotografiyani ish jarayonining o'zida o'rganishimga to'g'ri keldi. Andijonda bo'lgan ilk s'yomkamni plyonkaga to'g'ri ishlov bera olmaganim sabab barbod qildim — hammasi qoraygan holda chiqdi. Shundan so'ng kioskdan barcha mahalliy va rus gazetalarini sotib oldim va bir hafta davomida ularni o'rganib chiqdim, chunki maxsus adabiyotlar bo'lmagan.
реклама
реклама
U paytlar "raqamli" degan tushuncha bo'lmagan. Barcha fotosuratlar faqat plyonkada olinardi. Deyarli har bir uyda "Smena", "Zorkiy", "Kiyev", "Zenit", "FED" modellaridagi analog kameralar bo'lardi. Odamlar s'yomkaga ijodiyroq yondashgan, chunki sizni atigi 36 ta kadr bilan cheklab qo'yishganida, har bir suratni yetti o'ylab, bir olasiz.

Fotosuratlarni ko'pchilik, jumladan men ham, uyda chiqargan. Fotografiya uyi yaqinida bir xonali kvartiram bo'lardi, uni laboratoriyaga aylantirgandim va u yerda har oqshom suratlar chiqarardim. Jarayon uzoq davom etgani va nisbatan murakkab bo'lgani uchun bunda kadrning qiymati ham ancha yuqori bo'ladi.
Ilk kadrlarimni uzoq masofadan suratga tushiruvchi "FED" kamerasida olganman. obyektiv bor-yo'g'i 50 millimetr edi va obyektni yaqinlashtirish uchun unga o'zingiz yaqinlashishingizga to'g'ri kelardi. Bu nihoyatda noqulay edi.

Birinchi reportajim uchun meni Namanganda bo'ladigan ko'pkariga yuborishgani yodimda. Kamera tribunadan turib ot ustidagi chavandozlarni "ko'rolmadi", shu bois bir-ikki davra shunchaki o'tirib, o'yinni kuzatdim. Keyin o'rnimdan sakrab turdim-da, otlar oldiga yugurdim. Kimdir yoqamdan tortib olgunicha bor-yo'g'i ikkita kadr olishga ulgurdim. Shulardan biri gazeta muqovasidan joy oldi.
Gazetadagi faoliyatim turli voqea-hodisalarga boy bo'lgan. Tahririyat 300 metrlik plyonkadan iborat bittagina o'ram berardi. Bu yetarli emasdi va men, o'z ijodim uchun ham, yana qo'shimcha sotib olardim. Yiliga 500 metrcha plyonka ishlatardim. Hozir o'sha vaqtda ko'proq pul sarflab, ko'proq suratga olmaganimdan afsuslanaman, chunki eski fotosuratlar qadrli, har bir kadr o'sha davr tarixidan hikoya qiladi.

Plyonkali fotoapparat bilan o'z fotosuratlaringni yaratishda ko'proq ishtirok etasan. Tugmani bosishdan oldin obyektgacha bo'lgan masofani aniqlash va yorug'lik darajasini baholash, kerakli rejim va ekspozitsiyani qo'lda sozlash kerak. Faoliyatim davomida o'sha davrdagi deyarli barcha fotoapparatlar yordamida suratga tushirganman va ma'lum darajada ularga bog'lanib qolganman. Har bir kameraning o'ziga xos xususiyatlari va farqlari bo'lardi. Fotograf texnik kamchiliklarni afzalliklarga aylantirishni o'rganishi kerak edi.
2002-yilda ilk raqamli fotoapparatlar paydo bo'ldi. Analog kamera — o'sha paytda men "Zenit" ishlatardim — texnik parametrlar bo'yicha raqamli raqobatchilardan sezilarli darajada orqada qolayotganini payqadim. Asta-sekin qulayligi va amaliy jihatdan samaradorligi bilan ajralib turuvchi "raqamli" kameralarga o'ta boshladim. 2005-yilga kelib yangi kameralar faoliyatimdan analogni siqib chiqardi. Men laboratoriyamni demontaj qildim, plyonkalarni tashlab yubordim va butunlay zamonaviy kameralarga o'tdim. Biroq, vaqt o'tishi bilan, raqamli fotoapparat menga analog fotografiya orqali olganim lazzatni bera olmasligini anglab yetdim.
Raqamli kamera lahzani xotiraga muhrlaydi, plyonka esa — uning nafasini.
Raqamli fotosuratlarga qarar ekanman, hamma narsa haddan tashqari mukammal ko'rinadi. Plyonkaga olingan surat esa jonliroq va unda hajm mavjud. Modellar shunchaki qotib turmaydi, balki nafas olayotgandek va qog'ozda mavjuddek ko'rinadi. Plyonka ranglar va ular orasidagi o'tishlarni muloyimroq va silliqroq uzatadi — uning dinamik diapazoni kengroq. Soya joylarda ko'proq detallar ko'zga tashlanadi, yoritilgan joylarda esa tabiiy kontrast chiziladi. Bu suratda ko'proq mavjudlik effektini, "hayotiylik"ni yaratadi.

Yana bir o'ziga xos xususiyat — bu kadr aniqligining chuqurligi. Detallar va sozlamalardagi kichik o'zgarishlar ham tasvirni idrok etishga sezilarli ta'sir ko'rsatishi mumkin. Kichik o'lchamlarda detallar ko'zga tashlanmasligi mumkin — bu narsa faqat katta formatlarda yaqqolroq ko'rinadi. "Raqamli"da esa tasvir masshtabini kattalashtirganingizda, piksellar paydo bo'ladi. Analog fotosuratlarda esa donadorlik tasvirga putur yetkazmaydi, aksincha, ba'zan unga badiiy qiyofa ham bag'ishlaydi.

Raqamli fotografiyada kamera matritsasi tasvirni muhrlash vositasi hisoblanadi. O'z navbatida, plyonkada suratni tarkibida kumush saqlovchi foto-emulsiya kristallari aralashmasi "eslab qoladi". Kumush nodir metall hisoblanadi, shuning uchun har bir kadr o'ziga xos chiqadi.
Oradan besh yil o'tibgina men yana plyonkaga qaytdim. O'sha vaqtga kelib menda zarur jihozlarga ega laboratoriya bo'lmagani sabab, hammasini qaytadan yig'ishga to'g'ri keldi. Ilgari suratga olishda eng zamonaviy va eng yaxshi texnikalardan foydalangan bo'lsam, bu safar buning aksini qilishga qaror qildim — eng yomon kameralarni olib, ular yordamida professional suratlar olishga urindim.

Yangiobod [bozori]dagi yoymadan maktab o'quvchilari uchun mo'ljallangan "Smena" nomli fotoapparatni arzimas pulga sotib oldim va o'zim ta'mirladim. Uydagi kolleksiyamdagi boshqa kameralarni ham o'zim sozlab, ishlatganman. Shunday holatlar ham bo'lganki, texnikalarimni bojxona o'tkazmagan va joyida bor materiallardan qo'lbola kamera yig'ganman, obyektiv o'rniga ko'zoynak monoklidan foydalanganman. Buning oqibatida fotosuratlar sifati yomonlashgan, biroq nafas va hajm baribir sezilib turgan.
XXI asrda bittalab suratga olish davri tugadi. Endi har beshinchi odam qo'l telefoni yordamida bundan yarim asr avval durdona sanalishi mumkin bo'lgan suratni tushirishi mumkin. Shu bois zamonaviy san'atda g'oya tushunchasi ijroning o'zidan-da muhimroq bo'lib qoldi. 2015-yili portretlar olishni boshlaganimda, bu yo'nalishda hech qanday yangilik qilmayotganimni bilardim. Bu janr mendan avval ham bo'lgan va bundan keyin ham fotograflar orasida ommalashaveradi. Men bu portretlarni birlashtirib, bitta konsepsiyani yaratish g'oyasida to'xtaldim, natijada, oradan to'rt yil o'tib, "Biometrik pasport" nomli turkum paydo bo'ldi.
Studiyaga aylantirilgan kvartiramga do'stlarim va tanishlarimni taklif qila boshladim. Zarur darajadagi yorug'likka erishish uchun 23 chiroq (golovka)li monoblok-yoritkich qurdim. Barcha suratlarni XIX asrdan qolgan eski yog'och kamera yordamida olganman.

Qahramonlarim ko'rgazmada o'z suratlarini ko'rganda noxush hayratda qoldi. Mukammal, silliq chehralar o'rniga ularni ajin va yoshga xos dog'lar qarshi olgandi. Hatto qahramonlarimdan biri men uni yechintirib, ruhini tashqariga chiqarib olganimni aytdi. Men uchun bu detallar inson umrining sahifalari vazifasini bajaradi. Rassom portretni matoga ko'chirganidek, fotograf ham bu tarixni plyonkaga ko'chira bilishi lozim.
Butun ijodiy yo'lim davomida janrli fotografiya menga yaqinroq ekanini tushunib yetdim. Asarlarimda bir lahzani muhrlashgagina emas, balki unga muayyan bir xabar yuklashga, rassomlar tasviriy san'atda qilgani kabi butun boshli hikoyani bir-ikki kadrga jamlashga intilaman. Ilgari meni fotopublitsist sifatida qiziqarli kompozitsiyani izlash ko'proq band qilgan bo'lsa, endi suratlarning mazmuni haqida ko'proq o'ylaydigan bo'ldim. Shu nuqtai nazardan o'tgan yil dekabrida bo'lgan "Zamonlar aloqasi" nomli ko'rgazmamda hayotning o'tkinchi ekani va vaqt qadri mavzusi ham ko'tarilgan.
Bu dunyoda yagona istagim — fotosuratlarda o'z hayotim tarixini yo'qotib qo'ymaslik va vatanim tarixini saqlab qolish.
Yuriy Vedenin
Fotograf, fotografiya sohasida 19 yillik tajribaga ega
Badiiy san'at sohasida ma'lumotga egaman — Respublika tasviriy va amaliy san'at litseyi (RTASL)da rassomchilik va haykaltaroshlik bo'yicha tahsil olganman. Qalam bilan o'tkazilgan dars soatlari menga chiziq va shaklni, rassomchilik va bo'yoqlar esa yorug'lik va rangni, haykaltaroshlik darslari bo'lsa faktura va hajmni his qilishni o'rgatdi. Bu fanlarning barchasi kompozitsiya asoslarini o'rgatadi.
Fotografiyada 2004-yildan o'zimni sinab ko'ra boshladim. O'sha paytda hali ham tasviriy san'atga ishtiyoqmand edim va fotosuratlar yordamida o'z kartinalarim uchun material yig'ardim. Axir har doim ham ko'chada turib eskiz chizib bo'lmaydi — bu vaqt talab etadi va ba'zan shunchaki noqulay, kimgadir halal berishingiz mavjud. Kamera tezda suratga olish imkonini berar va uyda, qulay sharoitda bu fotomaterialdan ishim uchun foydalanishim mumkin edim.

Ilk apparatim otamning "KIEV-4" kamerasi bo'lgandi — uni uyimizdagi servantdan topib olgandim. Undan foydalanilmay qo'yganiga ko'p bo'lgandi, shu bois dadamni fotografiyada o'zimni sinab ko'rishim uchun kamerani menga berishiga ko'ndirish qiyin kechmagan. Bu kamera o'tgan asrning 30-yillarida yaratilgan afsonaviy nemis Contax kamerasining sovetcha nusxasi edi.
реклама
реклама
Plyonkaga suratga olish — qiziqarli jarayon. Natijaga ta'sir ko'rsatuvchi ko'plab omillar bor. Masalan, turli markadagi plyonkalar turli xil rang soyalarini berardi, obyektivning ochilish tezligi va diafragma suratning aniqligi va kontrastiga ta'sir qilardi, turli obyektivlar burchak va tasvirni o'zgartirardi, tugmani uzoqroq bosib turish kechasi kunduzgi rejimda suratga olish imkonini berardi. Bularning barchasi qiziqligi bo'yicha tasviriy san'atdan kam bo'lmagan va men uchun yanada jozibaliroq dunyo bo'lib chiqdi. Shu tariqa fotografiyaga ko'proq vaqt ajrata boshladim.
Bu vaqtga kelib raqamli kameralar analoglilar o'rnini egallay boshlagan va ularning imkoniyatlari ham ko'proqdek ko'rinardi. U suratlarni ishlash va chop etish uchun laboratoriyaga borishdan ko'ra, olingan suratni darhol ko'rish imkonini berardi. 2009-yilda o'zimga "raqamli" kamera sotib oldim. Avvaliga krop (krop-kameralar — bu "kesik", ya'ni kesilgan, kichraytirilgan matritsali kameralar — tahr.), bir yildan so'ng to'liq kadrli kamera oldim. Men to'ylarni va ba'zan o'zim uchun nimalarnidir suratga olardim, biroq oldingi sayr-sayohatlarimni va plyonkali kameradagi tajribalarimni juda sog'indim.
Zamonaviy raqamli kameralar estetik jihatdan plyonkali kameralardan ancha orqada. Xususan, raqamli kamerada jarayon o'ziga xos jozibasi va afzalliklariga ega bo'lgan juda ko'p nyuanslardan mahrum. Eng avvalo, plyonka yoki qog'oz — o'zining jismoniy xususiyatlariga ega bo'lgan jismoniy material. Ularga teginish mumkin, ularning tuzilishi, xarakteri bor. Bu plyonkali fotografiyani grafika yoki tasviriy san'at, haykaltaroshlikka yaqinlashtiradi. Plyonkali fotosuratlardagi "don" (fotografik qatlamni ishlashdagi kumush parchasi — tahr.) qalamda chizilgan shtrixlarni esga soladi.

Shuning uchun, professional to'liq kadrli raqamli kamera yordamida suratga olib yurib, asta-sekin plyonkaga qaytdim. Faqat bu safar oq-qora rangli fotomateriallarga.
Plyonkani Toshkentga yaqin-yaqindan boshlab olib kelishyapti. Bungacha Rossiya yoki Amerikadagi do'stlar va tanishlar orqali buyurtma berishga to'g'ri kelardi. Bu jarayon sabr-toqat va hisob-kitob talab qiladi, chunki har bir kadr va kimyoviy moddalarning har bir grammini hisobga olish kerak. Olti oy yoki bir yil davomida — 15 ta plyonka o'rami yig'ilmagunicha suratga tushirasiz, shundan keyin — qimmatbaho kimyoviy moddalarni birgina plyonkaga sarflab yubormaslik uchun — suratlarga ishlov bera boshlaysiz. Men odatda yiliga bir marta surat chiqaraman.

Men turli format va materiallar bilan ishlaydigan har xil eski kameralar yordamida suratga olaman. Masalan, suratga tushirish va chop etish jarayonini birlashtirgan holda, birdan qog'ozga olaman. Qog'oz — ajoyib material. Uni maydalash, yirtish mumkin, bu ham tasvirlar bilan tajriba o'tkazish uchun yangi imkoniyatlar taqdim etadi.
Plyonkali fotografiya xuddi mumtoz musiqadek. Uni qadrlovchilar juda-juda oz bo'lsa-da, u hech qachon yo'qolmaydi.
Hozirda ushbu sevimli mashg'ulotim hayot tarzimga aylanib qolgan. Bir necha yillardan buyon mashaqqat bilan to'plab kelayotganim bir nechta turkumlar ustida ishlayapman. Men uchun fotografiya voqelikni anglash, shuningdek, sodir bo'layotgan hodisalarni tadqiq qilish va qayta ko'rib chiqish vositasidir.
Erik Muzipov
FilmLab laboratoriyasi asoschisi, fotografiya sohasida 20 yillik tajribaga ega
Otam birinchi marta qizil chiroq yorug'ida surat chiqarishni ko'rsatganida men to'rt yoshda edim. Otam uchun bu juda jo'n ish edi — o'sha vaqtlarda surat chiqarishning bundan-da oddiyroq yo'li bo'lmagan, mening xotiramda esa ushbu sehr butun umrga saqlanib qoldi.

Mening birinchi kameram "Zenit-Ye" bo'lgan. Har kim va har narsani: oilam, do'stlarim, sayohatlar, landshaftlar, shaharni ketma-ket suratga olaverardim. Hozir o'sha kadrlarga qarasam, o'shanda olingan va hozir kimgadir ko'rsatishdan uyalmaydigan suratlarim barmoq bilan sanarli ekanligi ayon bo'ladi, biroq bu normal holat. Hammamiz ham o'rganamiz va o'rganishning eng yaxshi usuli — qayta-qayta urinib ko'rishdir.
Ilk muvaffaqiyatli suratlarni talabalik yillarim olishni boshlaganman. U vaqtlar plyonka hozirgidek qimmat emasdi, lekin baribir sezilarli xarajat edi. O'zi har doim shunday bo'ladi: talabasiz, bo'sh vaqt ko'p, lekin pul yo'q; ishga kirgach pul bo'ladi, lekin bor vaqtingiz o'qish va ishlashga ketadi. Biroq men deyarli har yili kattalashtiruvchi qurilmamni olib, olgan suratlarimni chiqarardim. Bu nihoyatda qiziqarli va tinchlantiruvchi ish edi. Bunda diqqatimni faqat jarayonga qaratib, boshqa hamma narsani butkul unutish mumkin.
Men analog fotografiyani uning nomukammalligi va tabiiyligi uchun yoqtiraman. Suratga olish va uni ishlash jarayoni, ranglarning silliq ko'chishi, rasmlardagi "qushdek yengillik va donadorlik" effekti menga yoqadi.
Plyonkaning "raqamli"da olib bo'lmaydigan o'ziga xos jozibasi bor.
Albatta, raqamli fotografiya ko'p jihatdan analog fotografiyadan oldinda, biroq hech qachon uni mag'lub eta olmaydi. Bu xuddi marafonda yugurishdek. Hozir uni tezroq bosib o'tishning ko'plab usullari mavjud, masalan, transport vositasida, biroq o'z oyoqlaringiz yordamida yugurish orqaligina siz marafon nima ekanligini chinakamiga anglaysiz.
реклама
реклама
Oq-qora fotografiya — bu muhabbat. Bu vaqt chegaralaridan xoli dunyoning grafik idroki bo'lib kelgan va shunday bo'lib qoladi. Hech narsa tomoshabinni chalg'itmaydi, diqqat kontrastga, yorug'lik va soyalarga, "don"ga, hajmga qaratiladi. Men oq-qora foto-materiallarni qadrlayman va hurmat qilaman. Ishonchim komilki, agar dunyoni hamma shunday ko'rganida edi, u biroz bo'lsa-da yaxshiroq bo'lardi.

Rangli plyonka, o'z navbatida, bizni maysalar yashilroq bo'lgan, fotosuratning pastki o'ng burchagida to'q sariq rangda sana bosilgan o'sha sokin davrlarga qaytaradi. Zamonaviy plyonkalar dunyoni yetkazib berish nuqtai nazaridan o'zgarmagan. Ular, shuningdek, tasvirning o'zinigina emas, balki his-tuyg'ular, tabiiylik va xotirjamlikni yetkazib berish imkonini beradi. Men rangni tabiiyligi va biroz noaniqligi uchun ham yoqtiraman. Ehtimol, raqamli rassomlar plyonkali sozlamalar va filtrlar dunyosida topishga urinayotgan narsa aynan mana shudir.
Vaqt o'tishi bilan sevimli mashg'ulotimni rivojlantirish istagida ekanligimni anglab yetdim. Yangi texnikalar oldim, laboratoriya jihozlarini deyarli qo'lda yig'dim va o'zimni turli janr hamda formatlarda ko'proq sinab ko'ra boshladim. Turmush o'rtog'im Olga bilan Moskvada yashagan paytimiz hamisha uy studiyasini tashkil qilishni istaganmiz, biroq bu 2022-yili Toshkentga ko'chib kelgunimizcha orzuligicha qolayotgandi.

Toshkentga o'rnashib bo'lgach, plyonkalar va o'rta formatli kamerani olib, arxitektura, ko'cha manzaralari va odamlar hayotidan lavhalarni suratga tushira boshladim. Bir necha o'ram plyonkani kadr bilan to'ldirgach, ularni chiqarish yoki hech bo'lmaganda ishlash uchun zarur kimyoviy moddalar sotib olish uchun biror joy yo'qligini bildim. Sharoit bizni o'z san'at makonimizni yaratishga undadi.
FilmLab laboratoriyasini 2023-yil yanvar oyida ishga tushirdik. Chexiyaning foto-materiallar ishlab chiqaruvchi Foma firmasi bilan hamkorlik shartnomasi tuzdik, u bozorda 100 yildan ortiq vaqtdan beri mavjud bo'lib, sovet davridan beri plyonkada suratga olib kelgan barchaga yaxshi tanish. Jihozlarning katta qismini Rossiyadagi uyimizdan olib keldik, qolganini chet eldan buyurtma qildik. Studiyani dastlab o'zimiz uchun qurdik, biroq vaqt o'tishi bilan boshqa plyonka ixlosmandlari ham studiyamizga kela boshladi.

Plyonka san'atini ommabop qilish maqsadida barcha zarur foto-materiallarni sotamiz: har xil turdagi plyonka va qog'ozlardan tortib, ishlash va bosib chiqarish uchun kimyoviy moddalargacha. Oq-qora va rangli plyonkani chiqarish va uni skanerlash xizmatlarini taqdim etamiz. Turli formatdagi analog kameralar va ular uchun obyektivlarni ijaraga beramiz. Bizda darkrum (qorong'ilashtirilgan xona)lardan mustaqil foydalanish va guruh yoki individual mahorat darslari vositasida plyonka san'atini o'rganish imkoniyati mavjud.
Laboratoriyada qadimiy ambrotayp va tintayp jarayonlarini — shaffof shisha va metall plitalarda kumush yordamida ishlanadigan fotografiyani qayta yaratdik. Bu noyob san'at va yagona namunadagi ish. Kumush kristallarining shisha ustida noyob qo'llanilishi va formatli kameralar tomonidan yetkazilgan hajm bizni 150 yil oldin, ambrotayp fotografik tasvirni olishning deyarli yagona usuli bo'lgan davrga qaytaradi. Fotografiyaning texnik jihatlariga va o'tgan asrning fotografiya ustalariga bo'lgan ishtiyoqni hayotga qaytaramiz va saqlab qolamiz. Ushbu noyob materiallarda olingan suratlar deyarli abadiydir.
Men kunduzi ishlayman, quyosh botishi bilan esa o'zimni butunlay sevimli mashg'ulotimga bag'ishlayman. Laboratoriya ochilganidan beri ko'plab ijodkorlar bilan tanishdim, ular bilan hozirgacha aloqa qilib turaman va hamkorlikda loyihalar qilaman.

Endigina ish boshlaganlarning bariga jarayonga ham, apparat sotib olishga ham ongli yondashishni maslahat bergan bo'lardim. Mening nazarimda, 90-yillarning point-and-shoot kameralari (shunchaki tasvir obyektiga qaratish va tugmani bosish orqali suratga olish uchun mo'ljallangan ixcham kameralar — tahr.) o'rniga Nikon, Nikkormat, Mamiya firmalaridan — munosib ishlab chiqaruvchilar talaygina — yuqori sifatli va ishlaydigan kameralarni olgan yaxshiroq. Masalan, men o'rta formatli Mamiya kamerasida 50 megapikselgacha raqamlashtirish imkoniyati bilan suratga olaman va Kodak plyonkasidan foydalanaman.

Asosiysi, kamera sizga yordam berishi mumkinligi, biroq u siz uchun qaror qilmasligi lozimligini anglashdir. Plyonkali fotografiya jarayon haqida — parametrlarni belgilash, kadr ustida bosh qotirishga kirishganingizdagina boshlanadi.
Suratga olishni oq-qora plyonkada boshlash — eng osoni. Bitta plyonka o'ramining narxi 100 ming so'mdan boshlanadi. Narx nuqtai nazaridan eng tejamkor plyonka — 35 millimetrlisi. Sizda 36 ta kadr, cheksiz ijodkorlik va nisbatan arzon ixcham kamera bo'ladi (masalan, boshlanishiga 200 dollargacha bo'lgan narxda soz kamera topish mumkin).

O'rta format qimmatroq, chunki plyonkada 12 ta kadr bor, kameraning narxi ham 1000 dollardan oshishi mumkin, biroq — ishoning — u bunga arziydi. Mamiya C220 — narxi 400 dollargacha bo'lgan eng yaxshi o'rta formatli kameralardan biri. Shu bilan birga, uni ajoyib tasvirni oson yaratadigan professional texnikalar sirasiga ham kiritish mumkin.
реклама
реклама
Keyingi muhim qadam — plyonkani qayta ishlash. Bu juda tez o'zlashtirish mumkin bo'lgan, murakkab bo'lmagan jarayon. To'liq qorong'ilikda plyonkani ishlash qurilmasi (bachok)ga joylashtirasiz, uni belgilangan vaqtga moslab to'ldirasiz (bu vaqt plyonka ishlab chiqaruvchisining tavsiyalariga har doim ham kelavermaydi), taymerga e'tibor qaratib, qurilmani aylantirasiz. To'liq qorong'ilikda buni qilish uchun muayyan tajriba va epchillik kerak bo'ladi. Shundan keyin yuvish, fiksaj, oxirgi chayish, namlovchi, distillangan suv — bularning barini plyonka quriganida, vodoprovod suvida erigan tuzlar plyonkada dog' bo'lib qolmasligi uchun qilish kerak.

Olingan negativni skanerlash yoki qo'lda chop etish mumkin. Men bosma ishlarini yaxshi ko'raman, axir qizil xonadagi eng sehrli jarayon aynan mana shu-ku! Jarayon juda oddiy, shu bilan birga, qog'oz, vaqt, harorat yoki suratni ishlaydigan qurilma turini o'zgartirish orqali mutlaqo xilma-xil natijalarga erishish mumkin: yuqori kontrastli, dramatik ishdan tortib yumshoq tasvirgacha — ibtidoiy fotoshop desa ham bo'ladi.

Qo'lda chop etish uchun fotokattalashtirgichdan foydalaniladi: negativ ramkasiga plyonka, bosma ramkaga esa maxsus fotoqog'oz joylashtiriladi. Shundan keyin qog'oz muayyan vaqt davomida yoritiladi. Test chiziqlari yordamida parametrlarni o'rnatish mumkin. Keyin esa qog'oz ishlanadi (proyavka qilinadi), yuviladi va mustahkamlanadi. Xuddi plyonkani yuvgandek, faqat bu safar qizil nur ostida va ko'z o'ngimizda.
Plyonka shoshqaloqlikni yoqtirmaydi. Laboratoriyamizga kelgan har bir kishiga xato qilish kerakligi va fotosuratlarni uy sharoitida ham o'zlari mustaqil ishlashga harakat qilishlari zarurligini tushuntiraman. Shu orqali siz jarayonni boshidan oxirigacha tushunasiz va suratga olish yoki uni ishlash bosqichida tuzatishlar kiritasiz. Plyonka ijodkorlari orasida eng ommalashgan ashyo — bu axlat qutisi, degan hazil bor. Biroq, bir nechta muvaffaqiyatsizliklardan so'ng, albatta, asta-sekin hammasi o'xshay boshlaydi va, oxir-oqibat, siz mukammal kadrga erishasiz.
Toshkentda hozir plyonkaga bo'lgan talab unchalik katta emas. Men shaharda analog fotografiya bilan professional ravishda shug'ullanadigan o'ntacha odamni sanab o'tishim mumkin. Fotolaboratoriyalari kuniga yuzlab plyonkalardan surat chiqaradigan Yevropa standartlari bilan solishtirganda, bu nihoyatda kichik raqam. Shu bois, biz Toshkent [analog fotografiya ixlosmandlari] hamjamiyatini rivojlantirishga harakat qilyapmiz, bu naqadar qiziq va hayajonli mashg'ulot ekanini O'zbekistonda imkon qadar ko'proq odam bilishini istaymiz.
Matnni Farzona Hamidova tayyorladi.
Fotosuratlar mualliflari: Madina A'zam va Ilya Semendeyev.

Matn va barcha grafik materiallarga bo'lgan huquqlar "Gazeta.uz" nashriga tegishli. "Gazeta.uz" internet-nashrida e'lon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan bu yerda tanishish mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O'z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting