O‘zbekistonda 2024-yilning mart oyida gaz qazib olish 3,89 milliard kub metrgacha kamaydi, deyiladi Statistika agentligining “Gazeta.uz” o‘rgangan sanoat ishlab chiqarishi bo‘yicha hisobotida.

Yillik hisobda — 2023-yilning martiga nisbatan — ishlab chiqarish 6,5 foizga yoki 270 million kub metrga, joriy yilning yanvaridan esa 284,2 million kub metrga kamaydi. Taqqoslash uchun: 2019-yilning mart oyida ishlab chiqarish 5,26 milliard kub metrni tashkil qilgan. Shu tariqa so‘nggi besh yil ichida oylik ishlab chiqarish hajmi 1,36 milliard kub metrga kamaydi.

Yanvar-mart oylarida ishlab chiqarish hajmi 11,6 milliard kub metrni tashkil etdi, bu o‘tgan yilning birinchi choragiga nisbatan 5,9 foizga yoki 724,8 million kub metrga kam.

2024-yil yanvar-mart va 2023-yil yanvar-mart oylari uchun ma’lumotlar taqqosi. Manba: Statistika agentligi.2024-yil yanvar-mart va 2023-yil yanvar-mart oylari uchun ma’lumotlar taqqosi. Manba: Statistika agentligi.

Bahorning birinchi oyida elektr energiyasi ishlab chiqarish 6,62 milliard kVt/soatni tashkil etdi, bu o‘tgan yilning mart oyiga nisbatan 208,6 million, fevral oyiga nisbatan esa 193,8 million kVt/soatga ko‘pdir.

Eslatib o‘tamiz, mamlakatda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining qariyb 80−85 foizi gazda ishlaydigan issiqlik elektr stansiyalariga to‘g‘ri keladi, biroq fotoelektr stansiyalarining yangi quvvatlari ishga tushirilishi bilan ularning ulushi kamayib bormoqda.

benzin, elektr energiyasi, gaz, gaz qazib olish, ko‘mir, neft, qazib olish, sanoat ishlab chiqarishi, statistika, statistika agentligi

Ko‘mir qazib olish o‘tgan yilning mart oyiga nisbatan 0,9 foizga oshib, 309 ming tonnani tashkil etdi. Shu bilan birga, choraklik ishlab chiqarish 2 foizga qisqarib, 968,9 ming tonnani tashkil etdi.

Neft qazib olish 60,6 ming tonnagacha kamaydi (2023-yil martiga nisbatan -11,1 foiz yoki -7600 tonna). Biroq ishlab chiqarishning yetti oylik pasayishi (avgustdan fevralgacha) to‘xtadi. Yanvar-mart oylarida ishlab chiqarish 179,1 ming tonnani tashkil etdi (o‘tgan yilning birinchi choragiga nisbatan -8,4 foiz).

Mart oyida 119,5 ming tonna avtomobil benzini ishlab chiqarildi, bu 2023-yilning martiga (121,4 ming) nisbatan 1,6 foizga yoki 1900 tonnaga kamdir. Har choraklik taqqoslashda pasayish 11,1 foizni tashkil etdi — 195,5 ming tonnadan 179,1 ming tonnagacha.

Dizel yonilg‘isi ishlab chiqarish o‘tgan yilning mart oyiga nisbatan 8,4 foizga — 96,1 ming tonnadan 88 ming tonnaga kamaydi. O‘tgan yilning birinchi choragiga nisbatan o‘sish 2,1 foizni tashkil etdi — uch oyda 211,1 ming tonnagacha.

2023-yil oxirida O‘zbekistonda gaz qazib olish qariyb 5 milliard kub metrga kamaygandi. Neft va gaz kondensati ishlab chiqarish ham qisqargan. Shu bilan birga, ko‘mir qazib olish 15,5 foizga — 6,2 million tonnagacha ko‘paygan. Elektr energiyasi, benzin va dizel ishlab chiqarish ham oshgan.

O‘tgan yili O‘zbekiston eksport qilganidan ko‘ra ko‘proq gaz importini amalga oshirgandi. Yetkazib berish orasidagi farq 165 million dollardan oshgan. “Gazeta.uz” mamlakat ichida ulkan gaz zaxiralari bo‘lishiga qaramay, bu holat yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan omillarni o‘rganishga harakat qilgandi.

O‘zbekistondagi eng yirik gaz ishlab chiqaruvchi “O‘zbekneftgaz” kompaniyasi gaz qazib olishni ko‘paytirish uchun yuzlab million dollar sarmoya kiritayotgani, biroq qazib olish pasayayotgani haqida yozgan edik.