Qashqadaryo va Buxoro viloyatlari hokimliklari “Gazeta.uz”ning viloyat hokimliklari yetim va ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalarni qo‘llovchi “Mehr daftari” jamg‘armasi hisobidan elektr va gibrid avtomobillar xarid qilgani haqidagi materialiga izoh berdi.

Qashqadaryo viloyati hokimligi matbuot kotibi Ahror Sodiqovning aytishicha, davlat xaridlari portalida ma’lumotlarni ko‘rsatishda texnik xatolik yuz bergan bo‘lishi mumkin.

“Viloyat hokimligi xarid qilgan gibrid transport vositalari prezidentimizning 2022-yil 19-dekabrdagi (PQ-443) qarori asosida xalq deputatlari viloyat kengashining 2024-yil 16-fevraldagi K/24-sonli qarori qabul qilinib, unga asosan mahalliy budjetning 2024-yil boshidagi erkin qoldiq mablag‘lari hisobidan xarid qilingan (rasmlarda). Ya’ni avtomobillar xaridi uchun „Mehr daftari“ jamg‘armasidan mablag‘ o‘tkazilmagan”, — deb yozdi u.

Ahror Sodiqovning qo‘shimcha qilishicha, avtotransport vositalari Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 29-apreldagi “Davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlarida xizmat avtotransport vositalaridan foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 258-son qarorida belgilangan me’yorlar asosida xarid qilingan.

“Hozirda serverda nega „Mehr daftari“ jamg‘armasi ko‘rsatilayotgani sabablari o‘rganilmoqda”, — dedi u.

Boshqa davlat idoralari ham “Gazeta.uz”ga ehtimoliy texnik xato haqida xabar berdi. Biz vaziyatni o‘rganishda davom etamiz.

Ta’kidlash kerakki, turli hokimliklarning davlat xaridlari lotlaridagi buyurtmachilar qismida “Mehr daftari” jamg‘armasining nomi turlicha ko‘rsatilgan:

  • Qashqadaryo viloyati hokimligi mehr daftari;
  • Surxondaryo viloyati huzuridagi Mehr daftariga yetim bolalarni qo‘llab- quvvatlash jamg‘armasi;
  • Viloyat hokimligi huzuridagi Mehr daftari jamg‘armasi (Jizzax viloyati);
  • Mehr daftari jamg‘armasi (Buxoro).

“Gazeta.uz” xabar chiqishidan avval Iqtisodiyot va moliya vazirligiga bu haqda ma’lum qildi, biroq hozircha izoh olgani yo‘q.

23:20 da to‘ldirish:

Buxoro viloyati hokimligi matbuot xizmati tomonidan ham munosabat e’lon qilindi. Unda ham “Mehr daftari” jamg‘armasi mablag‘lari elektromobil sotib olish uchun ishlatilgani rad etiladi.

Ular davlat xaridlari portalida ma’lumotlarning noto‘g‘ri ko‘rsatilishini saytdagi kamchilik bilan bog‘ladi va tez orada kamchilik to‘g‘rilanishiga umid bildirdi.

Xabarda ta’kidlanishicha, Buxoro viloyati hokimining 14-dekabrdagi farmoyishi bilan China Group kompaniyasidan mahalliy budjet zahira jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qonuniy talablar asosida 1 dona BYD Song Plus Champion elektromobili xarid qilingan. Xabarda aytilishicha, bunda “Mehr daftarchasi” mablag‘laridan foydalanilmagan. Hokimlik hujjatlar nusxalarini ilova qildi.

Davlat xaridlari portalida viloyat hokimligining STIR (soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami) orqali qidiruv berilganda “Mehr daftari” jamg‘armasi nomi ostida joylashtirilgani ma’lum bo‘ldi, bu “elektron portalda texnik xatoliklar mavjudligini ko‘rsatmoqda”, — deya ta’kidladi tashkilot. Viloyatning bir qator shahar va tumanlari hokimliklarining STIRni qidirishda ham xuddi shunday kamchilik kuzatilmoqda, deya qo‘shimcha qildi hokimlik.