Samarqand viloyati Ishtixon tumanida 13,1 ming kub marmarni noqonuniy qazib olish holati aniqlandi, deb xabar bermoqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.

Departamentning Ishtixon bo‘limi tomonidan S. aksiyadorlik jamiyati mas’ul shaxslariga nisbatan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. Aniqlanishicha, ular Zarband marmar konining kon ajratmasi bo‘yicha belgilangan chegarasidan tashqarida o‘zboshimchalik bilan marmar qazib olgan. Buning ortidan tabiiy obyektlarga 5,1 milliard so‘m zarar yetgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 192−11-moddasi (Nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish) va 229-moddasi (O‘zboshimchalik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Avvalroq departament qalbaki dollarlar muomalaga kiritilishining oldini olgani, Nikaraguaga jo‘natish uchun 35 ming dollar olganlarni ushlagani, elektrdan noqonuniy foydalangan mayning fermani aniqlagani haqida yozgandik.