27-aprel kuni Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi o‘z fuqarolariga zarurat bo‘lmasa, Rossiyaga sayohat qilmaslikni tavsiya qildi.

Vazirlik saytida e’lon qilingan shoshilinch tavsiyanomaga ko‘ra, respublika fuqarolari “o‘ta zarurat bo‘lmasa, Rossiya hududiga barcha turdagi transportlarda sayohat qilishdan vaqtincha tiyilish"ga chaqirildi.

Bir kun avval Tojikiston TIV so‘nggi bir necha hafta ichida fuqarolarning Rossiyaga kirishiga ommaviy to‘sqinlik qilinayotgani haqida xabar bergan. Vazirlik Rossiyaning respublikadagi elchisi Semyon Grigorevga Rossiyaga kirishni asossiz rad etish holatlari yuzasidan xavotir bildirgan.

“Aziya-Plyus” xabariga ko‘ra, 22-apreldan buyon Orenburg viloyatidagi Qozog‘iston-Rossiya chegarasida 180 ga yaqin Tojikiston davlat raqamlariga ega avtomobillar navbatda turib qolgan. Nashrning yozishicha, tojikistonliklarga faqat telefonlari tekshirilib, so‘roq qilingandan so‘ng chegaradan o‘tishga ruxsat berilgan.

Eslatib o‘tamiz, Moskva yaqinidagi “Krokus siti holl” konsert zalida yuz bergan teraktda Tojikistondan kelgan migrantlar ayblanganidan keyin Rossiyada chet el fuqarolariga nisbatan ommaviy tekshiruvlar boshlangan edi.

Xususan, ushbu hodisa fonida Rossiyada muhojirlarga qarshi choralar, xususan, viza rejimini joriy etish, huquqbuzarlik uchun deportatsiya qilish hamda patentlar bo‘yicha cheklovlar muhokamasi avj olgan.

Avvalroq Tojikiston tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muxriddin Minskda bo‘lib o‘tgan MDH tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishida “Krokus"dagi teraktda gumonlanayotganlarning qiynoqqa solinishini qoralagandi.