O‘zbekistonda 2024-yilning may oyi quruq va iliq ob-havo bilan boshlanadi, deb xabar bermoqda O‘zgidromet xizmati agentligi matbuot xizmati.

Oyning dastlabki 3 kunligida havo harorati +26…+29 daraja issiq, ba’zi joylarda +30…+32 daraja issiq bo‘ladi.

3-mayda respublikaning janubi-g‘arbida, 4−5-may kunlari ko‘p viloyatlarda, 6-mayda sharqiy hududlarda yomg‘ir yog‘adi, ba’zi joylarda momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Yomg‘ir paytida harorat +20…+25 daraja iliqqacha pasayadi.

May oyi birinchi o‘n kunligining oxirida, shuningdek, ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarda havo harorati +23…+28 darajadan +30…+35 darajagacha, ba’zi joylarda 38 daraja issiqqacha o‘zgarib turadi.

Ayrim joylarda qisqa muddatli momaqaldiroqli yomg‘irlar yog‘adi, ba’zi joylarda jala xususiyatli mahalliy yomg‘irlar yog‘adi. “Hatto bitta shahar ichida ham may yomg‘iri bir joyda kuchli yog‘ishi va boshqa joyda esa deyarli yog‘masligi mumkin”, — deyiladi xabarda.

Kuchli jala yomg‘irlari, ayniqsa, tog‘ oldi va tog‘li hududlarda xavfli bo‘ladi, jalalar sel shakllanishiga olib kelishi mumkin.

O‘zbekistonda may oyi odatda qanday o‘tadi?

Iqlim xususiyatlariga ko‘ra (ko‘p yillik davr uchun o‘rtacha ko‘rsatkichlar) may oyi odatda aprel oyiga nisbatan o‘rtacha +4…+6 darajaga iliqroq bo‘ladi. Hududning katta qismida o‘rtacha kunduzgi harorat oyning birinchi yarmida +24…+27 daraja, ikkinchi yarmida esa +28…+31 darajani tashkil etadi.

Deyarli har yili may oyida yozga o‘xshash issiq davrlar ham kuzatiladi, bunda harorat +34…+37 darajagacha ko‘tariladi. Meteorologik kuzatuvlarning barcha yillari uchun may oyining mutlaq maksimal harorati +38…+41 darajani, shimolda, janubda va cho‘l hududlarining ba’zi joylarida +43…+45 darajani tashkil etadi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro viloyatlarida va Navoiy viloyatining cho‘l hududlarida may oyining harorat rekordlari 2021-yil may oyida o‘rnatilgan.

Toshkentda may oyining eng yuqori harorati +39,9 daraja bo‘lib, bu ancha oldin — 1902-yilda qayd etilgan.

So‘nggi o‘n yillikda mayning barcha oylari iliq bo‘lgan. Nafaqat so‘nggi yillarda, balki O‘zbekistondagi barcha meteorologik kuzatuv yillari uchun 2021-yil may oyi eng iliq bo‘lib, barcha joylarda me’yordan +2…+4 darajaga yuqori bo‘lgan.

Barcha kuzatuv yillari uchun eng sovuq may oyi esa 1934-yilda kuzatilgan, bu me’yordan −4…−6 darajaga past, ushbu asrda esa 2003-yilning may oyida me’yordan −2…−3 darajaga past bo‘lgan.

May oyida oylik yog‘ingarchilik me’yori mart va aprel oylariga nisbatan uchdan bir qismga kam, yomg‘irli kunlar soni esa bu oylarga nisbatan 2−3 kunga kam bo‘ladi. Ammo bu statistik ma’lumotlar, haqiqatda esa may oylari yog‘ingarchilik bo‘yicha juda turli bo‘ladi.

May oyida yomg‘irlar ko‘pincha qisqa muddatli xususiyatga ega bo‘lib, deyarli har doim momaqaldiroq bilan kuzatiladi.

O‘zbekistonda may oyining yana bir o‘ziga xos xususiyati — respublika hududi bo‘yicha yog‘ingarchilikning juda xilma-xil taqsimlanishi. Masalan, Toshkentda 1998-yil may oyi meteorologik kuzatuvlar tarixdagi eng nam oy bo‘lgan, Buxoroda esa bu may oyi ekstremal quruq oy (oylik yog‘ingarchilik miqdori me’yordan atigi 1 mm — 8 foiz) bo‘lgan.

O‘rtacha may oyida har 2−3 yilda 1 marta kuchli jala yomg‘ir yog‘ishi kuzatiladi, bunda bir kecha-kunduzda, aniqrog‘i bir necha soatda yog‘ingarchilik oylik me’yorining 50 foiz va undan ko‘prog‘i yog‘adi.