O‘zgidromet 3−6-may kunlari sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Ushbu kunlarda ba’zi joylarda vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, ba’zi joylarda kuchli va momaqaldiroqli bo‘ladi. Respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 17−22 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda, ayrim joylarda chang-to‘zonlar kuzatiladi.

Respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida, jumladan:

  • Qashqadaryo viloyati: Yakkabog‘, Dehqonobod, Chiroqchi, Kitob, Shahrisabz, Qamashi, G‘uzor tumanlarida;
  • Surxondaryo viloyati: Sariosiyo, Uzun, Oltinsoy, Denov, Boysun, Sherobod, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on, Muzrabot tumanlarida;
  • Samarqand viloyati: Urgut, Samarqand, Bulung‘ur, Nurobod, Qo‘shrabot, Kattaqo‘rg‘on, Payariq, Jomboy, Ishtixon tumanlarida;
  • Navoiy viloyati: Xatirchi, Navbahor, Nurota, Konimex, Karmana tumanlarida;
  • Jizzax viloyati: Zomin, Baxmal, G‘allaorol, Sharof Rashidov, Forish, Yangiobod tumanlarida;
  • Toshkent viloyati: Ohangaron, Bo‘stonliq, Parkent, Piskent, O‘rta Chirchiq, Yuqori Chirchiq tumanlarida va Angren, Olmaliq shaharlarida;
  • Namangan viloyati: Pop, Kosonsoy, Chortoq, Chust, Namangan, Yangiqo‘rg‘on tumanlarida;
  • Farg‘ona viloyati: So‘x, Farg‘ona, Beshariq tumanlarida va Shohimardon hududida;
  • Andijon viloyati: Andijon, Asaka, Jalaquduq, Qo‘rg‘ontepa, Paxtaobod, Izboskan, Xo‘jaobod, Marhamat tumanlarida va Xonabod shahrida sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.

Agentlik, shuningdek, yomg‘ir suvlari to‘planishi ehtimoli borligi, bu esa hududlarni suv bosishiga olib kelishi mumkinligini qayd etdi.

Tog‘oldi va tog‘li hududlarda istiqomat qiluvchi fuqarolar, dam oluvchilar hamda tog‘li hududlarda harakatlanuvchi haydovchilardan ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishlari so‘raldi.

Avvalroq 1−8-may kunlari Toshkent viloyatidagi Chotqol tizmasi tog‘lari hududlarida qor ko‘chish xavfidan ogohlantirilgandi.