O‘zbekiston futbolchilari U-23 Osiyo kubogida Indoneziyani 2:0 hisobida mag‘lub etib, tarixda ilk bor Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. O‘FA jamoa bosh murabbiyi Timur Kapadze mazkur o‘yin oldidan shogirdlari bilan qilgan muloqot aks etgan videoni e’lon qildi.

Kapadze o‘z shogirdlariga мuхлислар bosimiga ahamiyat bermay, hal qiluvchi o‘yinda konsentratsiyani saqlab qolgan holda o‘ynash kerakligini ta’kidlagan.

“…Maydondasizlar, o‘yinga qaranglar nima bo‘layotganini, bolalar. Eshita olmasligimiz mumkin, lekin konsentratsiyani yo‘qotmanglar, tushundilaringmi?! Men sizlarga yana bir marta aytaman, yana bunaqa stadion, yana ikkitasi kelib muxlislik qilsa ham biz maqsadimizdan voz kechmaymiz, tushunarlimi?! Ishonch bilan o‘ynanglar. Xudo kuch-quvvat bersin”, — deya yigitlarga dalda berdi u.

Terma jamoa bilan ishlayotgan yana bir murabbiy Jasur Abduraimov ham yoshlarni ruhlantirgan.

“4 yildan beri har kuni shu maqsad bilan Parijga borish uchun, har kuni shu orzu bilan yashaymiz. Bolalar, shu imkoniyat bo‘ldi, undan ming foizda foydalanaylik! Alloh yuzimizni yorug‘ qilsin”, — dedi murabbiy.

Avvalroq Abduraimov olimpiya terma jamoa musobaqaga uzoq vaqt tayyorlangani, eng muhimi, yigitlarni milliy murabbiy olimpiadaga olib chiqqanini olqishlashini aytgandi.

Eslatib o‘tamiz, terma jamoa final o‘yinida 3-may kuni soat 20:30 da chempionlik uchun Yaponiya yoshlar terma jamoasiga qarshi bahs olib boradi.