“Gazeta.uz” prezidentning yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qarori loyihasi haqida yozgandi. Hujjatda, jumladan, qurilish tashkilotlari tomonidan jismoniy shaxslarga ko‘chmas mulkni sotishda soliq solinadigan bazani har kvadrat metr uchun minimal miqdorlardan kelib chiqib belgilash taklif etilgan.

Loyihaga ko‘ra, uy-joy sotish uchun soliq solinadigan baza 1 kvadrat metr uchun absolyut qiymatda belgilangan minimal qiymatdan past bo‘lishi mumkin emas. Toshkent shahrida o‘rtacha minimal qiymat 5−7,5 million so‘m, Nukus shahrida 3,5 million so‘m, Qoraqalpog‘istonning boshqa hududlarida 2 million so‘m, viloyatlar markazlarida 5 million so‘m, viloyatlarning boshqa hududlarida — 4 million so‘m miqdorida belgilanishi rejalashtirilgan.

O‘zbekiston Soliq qo‘mitasining “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, qo‘mita bunday taklif bilan chiqmagan.

Hujjat loyihasidagi yana bir taklif ko‘chmas mulk va avtomobillar bilan operatsiyalarni naqd pulsiz shaklga o‘tkazishdir.

Yanvar oyida Shavkat Mirziyoyev yashirin iqtisodiyotdan davlat budjetiga yetkazilgan zarar 30 trillion so‘m, yalpi ichki mahsulotga yetkazilgan zarar esa 135 trillion so‘mni tashkil etgani haqida ma’lum qilgandi. 27 mingta qurilish korxonasining 41 foizi hisobotida faqat bir nafar ishchisini rasmiy xodim sifatida ko‘rsatgan. Davlat rahbari, ayniqsa, qurilish, farmatsevtika, alkogol va tamaki savdosi, noqonuniy olib kirish, kapitalni naqd pulga aylantirish va noqonuniy olib chiqib ketish sohalarida yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashni yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan.

Ko‘p o‘tmay, soliq idoralari xodimlari yangi qurilgan uylarda yashovchilar o‘rtasida bitimlar qanchalik qonuniy ravishda amalga oshirilgani va soliq solinadigan bazani kamaytirib ko‘rsatish holatlari bor-yo‘qligini aniqlash uchun so‘rovlar o‘tkazishni boshlagan. Jumladan, muxbirlarimizning qayd etishlaricha, ular aholidan qanday to‘lov usulidan foydalanganlari, naqd pulda to‘lovlar sodir bo‘lgan-bo‘lmagani, to‘lovdan keyin bank cheklari berilgan-berilmagani haqida so‘rashgan. Soliq qo‘mitasi “Gazeta.uz”ga shunday so‘rovlar o‘tkazilayotganini tasdiqladi.

O‘quvchilarimiz ham shartnomada kvartira narxini kam ko‘rsatib, summaning bir qismini naqd pulda to‘lashda chegirma taklif qilingan vaziyatlarga duch kelishgan.

“Gazeta.uz” o‘rganish natijalarini bilish maqsadida Soliq qo‘mitasi bilan bog‘landi.

Toshkentda va, umuman, O‘zbekistonda yangi uylar qanday narxda sotilmoqda?

Soliq qo‘mitasi notariuslar tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar va quruvchi kompaniyalarning elektron hisobvaraqlari (EHV) ma’lumotlarini solishtirdi, so‘ngra yangi kvartiralar va xususiy uylarni (asosan, yangi qurilgan uylardagi kvartiralarni) sotishda soliq solinadigan bazaning kamaytirilganini aniqlash maqsadida qurilish tashkilotlari va xaridorlar o‘rtasidagi shartnomalarni o‘rgandi.

1 kv.m uchun EHVdagi miqdor
O‘zbekistonda sotilgan kvartiralar soni
Umumiy maydoni, kv. m
1 mln so‘mgacha bo‘lgan miqdorda
2650 dan ortiq
taxminan 250 000
1−3 million so‘m
10 000 dan ortiq
taxminan 720 000
3−5 million so‘m
15 500 dan ortiq
1 000 000 dan ortiq
5−6 million so‘m
14 500 dan ortiq
900 000 dan ortiq
6−7 million so‘m
7400 dan ortiq
450 000 dan ortiq
7−8 million so‘m
3400 dan ortiq
200 000 dan ortiq
8−9 million so‘m
2100 dan ortiq
120 000 dan ortiq
9−10 million so‘m
1000 dan ortiq
59 000 dan ortiq
10−15 million so‘m
2000 dan ortiq
120 000 dan ortiq
15 million so‘m va undan yuqori
800 dan ortiq
60 000 dan ortiq

O‘rganish, Soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilda deyarli 3,98 million kvadrat metr maydonga ega 60 mingdan ortiq ko‘chmas mulk obyektini sotgan 2 mingga yaqin kompaniya o‘rtasida o‘tkazildi.

Natijalar shuni ko‘rsatdiki, umuman olganda, respublika bo‘yicha umumiy maydoni qariyb 250 ming kvadrat metr bo‘lgan 2500 dan ortiq yangi xonadonlar hujjatlar bo‘yicha 1 kvadrat metri 1 million so‘mgacha bo‘lgan narxda sotilgan.

Umumiy maydoni qariyb 700 ming kvadrat metr bo‘lgan yangi binolardagi 10 mingdan ortiq xonadonning narxi 1 million so‘mdan 3 million so‘mgacha bo‘lgan.

Kvartiralarning asosiy qismi 1 kvadrat metr uchun 3−5 million so‘m oralig‘ida — umumiy maydoni 1 million kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan 15,7 mingdan ortiq xonadonni (respublikadagi umumiy sotilgan maydonning 26,3 foizi) tashkil etdi, shuningdek, 5−6 million so‘m oralig‘ida — 900 ming kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan 14,5 mingdan ortiq xonadon (22,6 foiz).

1 kv.m uchun EHVdagi miqdor
Toshkent shahrida sotilgan kvartiralar soni
Umumiy maydoni, kv. m
1 mln so‘mgacha bo‘lgan miqdorda
150 dan ortiq
17 000 dan ortiq
1−3 million so‘m
1700 dan ortiq
135 000 dan ortiq
3−5 million so‘m
2800 dan ortiq
210 000 dan ortiq
5−6 million so‘m
2700 dan ortiq
195 000 dan ortiq
6−7 million so‘m
2200 dan ortiq
deyarli 160 000
7−8 million so‘m
deyarli 1900
120 000 dan ortiq
8−9 million so‘m
1700 dan ortiq
100 000 dan ortiq
9−10 million so‘m
deyarli 900
50 000 dan ortiq
10 mln so‘mdan 15 million so‘mgacha
1800 dan ortiq
110 000 dan ortiq
15 million so‘m va undan yuqori
800 dan ortiq
60 000 dan ortiq

Toshkent shahrida qariyb 1,2 million kvadrat metr maydonga ega 16,8 mingdan ortiq xonadonni sotgan 340 dan ortiq quruvchilar faoliyati tahlil qilindi. Sotuvning asosiy qismi Mirobod (3600 dan ortiq), Yunusobod (deyarli 2600), Yashnobod (1900 dan ortiq) va Mirzo Ulug‘bek (1500 dan ortiq) tumanlariga to‘g‘ri keldi.

150 ga yaqin xonadon (asosan Yunusobod va Mirobod tumanlarida) 17 ming kv.m. yangi binolarda hujjatlarga ko‘ra kvadrat metri 1 million so‘mgacha bo‘lgan narxda sotilgan — bu poytaxtdagi yangi binolarning o‘rtacha narxlaridan deyarli 15 baravar arzon. Shartnomalarda maydoni 130 ming bo‘lgan 1700 dan ortiq yangi xonadonning narxi 1 million so‘mdan 3 million so‘mgacha ko‘rsatilgan.

Notariuslar tomonidan 210 ming kvadrat metrga yaqin 2800 dan ortiq kvartiraning (asosan Yashnobod, Yunusobod va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida) 1 kvadrat metri 3−5 million so‘mdan, yana maydoni 195 ming kvadrat metrdan ortiq 2700 dan ko‘proq xonadonning (shundan umumiy maydoni 100 ming kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan 1400 ta xonadon Mirobod tumanida) har biri 5−6 million so‘mdan sotilishi qayd etilgan.

Maydoni 114 ming kvadrat metr bo‘lgan 1800 dan ortiq xonadonning 1 kvadrat metri 10−15 million so‘mdan, maydoni 60 ming kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan yana 800 dan ortiq obyektlar — 15 million so‘m va undan yuqori narxda sotilgan.

Yanvar oyida Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida yangi kvartiralarning narxi 1 kv. metr uchun 25 mln so‘mga ($2027), viloyat markazlarida tannarx 8−10 mln so‘mga chiqib ketganini xabar qilgandi.

Toshkent shahrida yangi qurilgan uylarning bozor narxlari

Hudud2022-yilda yangi qurilgan uylarning o‘rtacha narxi
2023-yilda qurilgan uylarning o‘rtacha narxi
Farq (% da)
Toshkent
1000
1273
27,3
Bektemir tumani
742
465
-37,3
Chilonzor tumani
938
1217
29,7
Mirobod tumani
1366
1700
24,5
Mirzo Ulug‘bek tumani
1009
1458
44,5
Olmazor tumani
886
1103
24,5
Shayxontohur tumani
1411
2223
57,5
Sergeli tumani
775
979
26,3
Uchtepa tumani
896
1106
23,4
Yakkasaroy tumani
1220
1465
20,1
Yashnobod tumani
875
1087
24,2
Yunusobod tumani
949
1250
31,7

Manba: MHTI.

Toshkentning ikkilamchi bozorida narxlar 2023-yilda sezilarli darajada oshdi — 10,47 million so‘mdan 14,94 million so‘mgacha (+42,8 foiz) yoki 1 kvadrat metr uchun 933 dollardan 1212 dollarga (+29,8 foiz). Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) tomonidan o‘tkazilgan yirik tadqiqot natijalariga ko‘ra, yangi uylarda kvartiralar har kvadrat metr uchun o‘rtacha 1273 dollar turadi (14,94 mln so‘m). Yangi uy-joy narxlari joylashuvi, hududdagi yer narxlari, quruvchi tashkilot va developerlarning obro‘si, qurilish materiallari sifati va loyihalarning o‘ziga xosligi, transport infratuzilmasi, hududning ijtimoiy holati hamda infratuzilma va xizmatlarga yaqinligiga qarab 500 dan 2500 dollargacha (va undan yuqori) o‘zgargan.

“Shahar ichidagi shahar” hisoblangan Tashkent City majmuasi joylashgan Shayxontohur tumani poytaxtdagi eng qimmat tuman sanaladi, yangi binolarning o‘rtacha narxi 1 kvadrat metr uchun 2223 dollar (2022-yilga nisbatan +57,5%). Keyingi o‘rinlarda Mirobod va Yakkasaroy tumanlari turadi.

Toshkent tumanlari orasida Yashnobod va Sergeli tumanlarida narxlar nisbatan arzon, ammo bu tumanlarda metro tarmog‘i qurilishi tugallanishi va poytaxtning markaziy tumanlarida uy-joy narxlarining oshishi bu yerda ham kvartiralar narxining oshishiga turtki bo‘ldi.

Samarqand viloyatida o‘tgan yil oxirida yangi kvartiralarning narxi 1 kv.m uchun 800 dollargacha ko‘tarildi, Toshkent viloyati — 650 dollargacha, Navoiy viloyati — 500 dollargacha, Xorazm viloyati — 422 dollargacha, Jizzax viloyati — 430 dollargacha, Qashqadaryo viloyati — 467 dollargacha, Qoraqalpog‘istonda — 467 dollargacha.