Futbol bo‘yicha O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi murabbiyi Timur Kapadze 3-may kuni Qatarda U-23 Osiyo kubogining finalida Yaponiyaga qarshi bahs oldidan matbuot anjumanida ishtirok etdi.

Milliy olimpiya qo‘mitasining Kapadzedan iqtibos keltirishicha, “Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasi jamoa kuchiga kuch qo‘shmoqda”.

“Ertaga qiziqarli uchrashuv kutib turibdi. Bir-biriga munosib ikki jamoaning o‘yiniga guvoh bo‘lamiz. 2 yil avval o‘zimizdagi Osiyo kubogida ular kabi biz ham yosh tarkib bilan harakat qilgan edik. Shuningdek, finalga yetib kelgani va Parij-2024 Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olgani bilan Yaponiya jamoasini ham qutlayman”, — dedi murabbiy.

futbol, o‘zbekiston-yaponiya, timur kapadze, u-23 osiyo kubogi

Matbuot anjumanida qatnashgan jamoa sardori Jasur Jaloliddinovning so‘zlariga ko‘ra, ertangi o‘yinga munosib tayyorgarlik ko‘rilgan va yigitlar yaxshi natija ko‘rsatishga harakat qiladi.

Kapadzedan ertangi o‘yinda Yaponiya jamoasidan qanday o‘yin kutayotgani haqida so‘raldi.

“Ikkala jamoa ham bir-birini yaxshi biladi. Ularning o‘yinlarini tahlil qilib chiqdik. Final uchun tayyorlagan rejamiz bor va shunga asosan o‘yin ko‘rsatamiz”, — deya ta’kidladi murabbiy.

Unga, shuningdek, Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasi o‘zbek futboli uchun qanday ahamiyat kasb etishi haqida savol berildi.

Foto: O‘FAFoto: O‘FA

“Biz bu natijadan juda ham xursandmiz. Zero, futbolimiz tarixida dastlabki Olimpiada yo‘llanmasiga ega chiqdik. Bizgacha jamoalarimiz harakat qilishgan edi. Lekin qaysidir pallada ularga omad yetishmagan. Olimpiada litsenziyasi kuchimizga yanada kuch qo‘shmoqda. Ertangi finalda yanada yaxshi o‘ynashga harakat qilamiz”, — dedi u.

Bosh murabbiy, bundan tashqari, legionerlar — Abbosbek Fayzullayev, Hojimat Erkinov va Abduqodir Husanovning final bahsida o‘ynay olmasligi uning rejalariga qanday ta’sir ko‘rsatishi haqidagi savolga javob berdi.

“Agar legionerlarimiz finalda ham ishtirok etishganida, boshqacha bo‘lar edi. Lekin biz Qatarga 11 ta emas, 23 ta futbolchi bilan tashrif buyurganmiz. 3 nafar o‘yinchi ketgani bilan u qadar katta o‘zgarish bo‘lmaydi. Har bir o‘yinimiz ko‘rsatdiki, jamoada ularning o‘rnini to‘ldira oladigan yigitlar bor va ular buni bildirishmaydi”, — deb so‘zlarini yakunlagan Kapadze mezbonlarga tashkilotchilik va mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, chempionlik uchun Yaponiyaga qarshi o‘yin 3-may kuni soat 20:30 da boshlanadi.