Veolia Energy Tashkent poytaxt issiqlik ta’minoti kompaniyasi daraxt qulashi oqibatida halok bo‘lgan qizning oila a’zolariga hamdardlik bildirdi.

Avvalroq ishchilar suv quvurlarini ta’mirlash ishlarini amalga oshirayotganda xavfsizlik choralariga rioya qilmasdan, maxsus texnika yordamida qazish ishlarini olib borishlari oqibatida bir tup daraxtning ildizi ochilgani va o‘z vaznini ko‘tara olmay, yiqilgani xabar qilingandi.

“Biz oilaga har qanday yordamni taqdim etishga tayyormiz. Bu fojiali yo‘qotish va hech bir so‘z bilan ifoda etib bo‘lmas musibat ekanligini anglaymiz. Qizaloq oilasiga chuqur ta’ziyamizni bildiramiz”, — deyiladi kompaniya bayonotida.

Veolia Energy Tashkent keng qamrovli tekshiruv ishlarini olib borayotgani va mas’ul shaxslarga nisbatan choralar ko‘rishini bildirdi. Shuningdek, ish jarayonlariga, shu jumladan ta’mirlash ishlariga o‘zgartirishlar kiritishini ma’lum qildi.

Xususan, daraxtlar va boshqa ko‘p qavatli obyektlar yaqinida ish olib borilganda, amaldagi me’yorlarda nazarda tutilganidan kattaroq maydonni to‘sib qo‘yish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda. Xavfli zonaning perimetri atrofida odamlarning kirishini cheklash uchun ishchi xodimlarni joylashtirish rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, agar ishlar potensial xavfli obyektlar (quruq daraxtlar, eskirgan inshootlar va boshqalar) yaqinida amalga oshirilsa, tayyorgarlik tadbirlarini o‘tkazish uchun maxsus xizmatlarni jalb qilish (quruq daraxtlarning shoxlarini kesish, beqaror inshootlarni demontaj qilish va boshqalar) ko‘zda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, 3-may kuni Chilonzor tumani 5-mavzeda 55 yoshli enaga bir yoshli qizchani aravachada olib ketayotgan vaqtda uning ustiga daraxt qulab tushgan. Bola voqea joyida halok bo‘lgan. Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-moddasi 3-qismi (Xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o‘tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish, 5 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi) bo‘yicha jinoiy ish ochilgan.