Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi kadastr sohasida korrupsiyaviy jinoyat qilgani uchun avval sudlangan shaxslar faoliyat olib borayotgani va yana jinoyatlar sodir etayotganini aniqladi, bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.

“Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunning 28-moddasida korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda sud tomonidan aybdor deb topilgan shaxslar davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilinishi mumkin emasligi qat’iy belgilab qo‘yilgan. Shunday bo‘lsa-da, kadastr sohasida muqaddam sudlangan shaxslar faoliyat olib borayotgani va yana takror jinoyatlar sodir etayotgani aniqlandi.

“Birgina firibgarlik yo‘li bilan pora berishga dalolat qilish (pora berishga undash, jinoyat sodir etishga qiziqtirish — agentlik izohi) va pora berish jinoyatini sodir etgan 127 nafar shaxsning 33 nafari yoki 26 foizi muqaddam shu kabi jinoyatlarni sodir etgani uchun sudlangan”, — deyiladi agentlik xabarida.

Korrupsiya holatlarining oldini olishga qaratilgan ko‘plab chora-tadbirlarga qaramasdan, kadastr sohasida hamon korrupsiyaviy omillar va xavf-xatarlar saqlanib qolmoqda, deyiladi xabarda. Tahlillar kadastr sohasidagi korrupsiyaviy jinoyatlarning aksariyati xizmat mavqeidan foydalanib firibgarlik qilish, mansab soxtakorligi va hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish yo‘nalishlarida sodir etilayotganini ko‘rsatgan.

Tahlillarda sodir etilayotgan korrupsiyaviy jinoyatlar turi ularni sodir etgan shaxslarning ijtimoiy maqomi bilan bog‘liq ekani, Kadastr agentligi tizimida asosan egalik huquqini beruvchi hujjatlarni soxtalashtirish, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, yer olib berish va yerdan foydalanish kabi holatlarda qonunbuzilishi holatlariga ko‘z yumish bilan bog‘liq korrupsiyaviy jinoyatlar ko‘proq sodir etilayotgani hamda bunga xodimlarning o‘z vazifalariga sovuqqonlik bilan qarashi, fuqarolarning esa huquqiy bilimi yetarli emasligi kabi omillar sabab bo‘layotgani aniqlangan.

Kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish bo‘yicha ham korrupsiyaviy holatlar mavjud bo‘lib, jumladan, egalik huquqini beruvchi hujjatlarni soxtalashtirish orqali fuqarolar ham, xodimlar ham jinoiy javobgarlikka tortilmoqda. Bundan tashqari, kadastr tizimida faoliyat olib boruvchi o‘zini o‘zi ta’minlashga ixtisoslashtirilgan Davlat kadastrlari palatasining huquqiy maqomi, majburiyatlari, nazorat mexanizmlari aniq belgilanmagani sohada korrupsiyaviy jinoyatlarning ortishiga sabab bo‘lmoqda.

Kadastr sohasida firibgarlik yo‘li bilan pora berishga dalolat qilish va pora berish jinoyatlari oson mulkiy daromad orttirish maqsadida ishonchni suiste’mol qilish bilan bog‘liq yagona usulda sodir etilgan. Mansab mavqeini suiiste’mol qilish yo‘li bilan talon-toroj qilish jinoyatlari turli xildagi korrupsiyaviy sxemalar asosida amalga oshirilgan.

Mansab mavqeini suiiste’mol qilish yo‘li bilan talon-toroj jinoyatlari asosan yer ajratish tartibini buzish, qonunbuzilishi holatlariga ko‘z yumish, aniqlangan qonunbuzilishi holatlari haqida huquqni muhofaza qilish organlariga xabar bermaslik yo‘nalishlarda sodir etilgani ma’lum bo‘ldi.

Ayniqsa, mahalliy hokimliklar huzuridagi yer uchastkalarini berish (realizatsiya qilish) masalalarini ko‘rib chiquvchi komissiyalarda kadastr sohasi xodimlari doimiy faoliyat olib borishi oqibatida yer ajratish bilan bog‘liq jinoyatlar egalik huquqini beruvchi qarorlarni chiqarishga asos bo‘luvchi (qarorosti) hujjatlariga turli soxta ma’lumot va yozuvlarni kiritish, yerlarning toifalarini va egalarini o‘zgartirish kabi usullarda sodir etilgani aniqlandi.

Mazkur jinoyatlarning sodir etilishiga oson pul topishga harakat qilish, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha murosasiz munosabat shakllanmagani, fuqarolarning o‘z huquqlarini yaxshi bilmasligi va muammolarini har qanday yo‘l bilan, hatto qonunni chetlab o‘tgan holda hal qilishga intilishi, davlat xizmatchilarining ish haqlari kamligi, mansabdor shaxslar ustidan o‘rnatilgan jamoatchilik nazoratining sustligi hamda kadastr sohasida yagona, qat’iy va mustaqil nazoratning yo‘lga qo‘yilmagani, sohaga muqaddam sudlangan shaxslarning ishga qabul qilingani hamda mahalliy hokimlik idoralari vakolatlarining samarali tartibga solinmagani kabilar asosiy sabab bo‘lmoqda.

Fuqarolar tomonidan jinoyat sodir etilishiga esa shaxsiy manfaatdorlik, oson pul topish, ular o‘rtasida muntazam tushuntirish va targ‘ibot tadbirlari yetarli darajada o‘tkazilmagani, jinoyat sodir etishning salbiy oqibatlari anglab yetilmagani sabab bo‘lmoqda.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi o‘rganish va tahlillar natijalari bo‘yicha Iqtisodiyot va moliya vazirligiga tizimda korrupsiyani keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish choralarini ko‘rish to‘g‘risida taqdimnoma yuborgan.