4-may kuni Qatarda bo‘lib o‘tgan 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo kubogida kumush medalni qo‘lga kiritib, 2024-yilgi Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanmaga ega chiqqan O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi vatanga qaytib keldi. Sportchilar Toshkent xalqaro ayeroportida tantanali ravishda kutib olindi.

Jamoa bosh murabbiyi Timur Kapadze jurnalistlarga bergan intervyusida jamoaning turnirdagi natijalari haqida gapirdi.

“Xudoga shukur hammasi yaxshi. Hammamizga muborak bo‘lsin. Yuzimiz yorug‘, inshaalloh, olimpiadaga tayyorgarlik ko‘ramiz. Bundan yaxshi narsa yo‘q. Olimpiadadagi raqiblarimiz kuchli raqiblar. Biz uchun shu bilan qiziq. Ispaniya ham, Misr ham… menimcha biz ular bilan o‘ynadik. Bizni qiziqarli uchrashuvlar kutib turibdi”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, U-23 Osiyo kubogi finalida jamoa Yaponiyadan mag‘lubiyatga uchraganidan so‘ng ozgina tushkunlik kayfiyati bor. Umuman olganda hammasi joyida.

Bu futbol, alamli mag‘lubiyat bo‘ldi deb o‘ylayman. Shunga qaramay biz yaxshi harakat qildik. Borimizni berdik va eng asosiy vazifamizni bajardik", — deydi murabbiy.

“Neftchi” va O‘zbekiston terma jamoasi yarim himoyachisi Jasur Jaloliddinovning aytishicha, jamoa finalda Yaponiyaga imkoniyatni boy bergan bo‘lsa-da, turnirda eng kuchli ekanini ko‘rsatib qo‘ydi.

“Rubin” yarim himoyachisi Umarali Rahmonaliyevning fikricha, jamoaga legioner futbolchilar — Fransiyaning “Lens” klubi himoyachisi Abduqodir Husanov, BAAning “Al-Vahda” klubi yarim himoyachisi Hojimat Erkinov va Rossiyaning SSKA yarim himoyachisi Abbosbek Fayzullayev kabilarning sifati biroz yetishmadi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi va klublar o‘yinchilarning asosiy vazifasi — Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritish bo‘lgani uchun turnirda qatnashishiga ruxsat berdi. Ular bu vazifani ado etgach, klub futbolchilarni o‘z safiga qaytarib oldi.

Timur Kapadzening fikricha, legioner futbolchilarning O‘zbekiston U-23 terma jamoasidagi o‘rnini hisobga olsak, jamoa ular bilan yanada kuchliroq bo‘lardi. Uning ta’kidlashicha, ushbu turnir 2024-yilgi Olimpiadaga o‘ziga xos tayyorgarlik bo‘ldi, jamoa u yerga “tayyor jamoa” bo‘lib boradi.

O‘zbekiston U-23 terma jamoasi Olimpiya o‘yinlarida “C” guruhidan joy oldi va 24-iyul kuni Ispaniyaga, 27-iyul kuni Misrga, 30-iyul kuni Dominikan Respublikasiga qarshi bahs olib boradi.