AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyati o‘tgan hafta Isroilga AQShda ishlab chiqarilgan o‘q-dorilarni yetkazib berishni to‘xtatdi. Bu haqda Isroilning ikki rasmiysiga tayanib, Axios xabar berdi.

Nashrning yozishicha, bu bir martalik kechikishmi yoki yetkazib berishning vaqtinchalik to‘xtab qolishi — aniq emas. Manbalar yetkazib berish nima uchun to‘xtaganiga aniqlik kiritmagan.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, 2023-yil oktabr oyida HAMASning Isroilga hujumidan so‘ng birinchi marta sodir bo‘lgan ta’minotning to‘xtatilishi Isroil hukumatida jiddiy xavotir uyg‘otgan va bu hodisa sabablarini o‘rgana boshlagan.

Axios`ning ta’kidlashicha, snaryadlarni yetkazib berishdagi kechikish AQShda Bayden Isroilga yordam berayotgani haqidagi tanqidlar fonida sodir bo‘lgan.

Bundan tashqari, AQSh prezidenti ma’muriyati Isroilning falastinlik qochqinlar boshpana olayotgan G‘azo sektori janubidagi Rafah shahrida quruqlikdagi operatsiya o‘tkazish rejasidan xavotirda ekani keltirilgan. Oq uy Isroilga mamlakat armiyasining Rafahdagi amaliyoti AQShning G‘azodagi urushga nisbatan siyosatiga ta’sir qilishini aniq bildirib o‘tgan, deb yozadi nashr.

O‘z navbatida, ismini oshkor etmagan isroillik yana bir rasmiy Ynet bilan suhbatda Qo‘shma Shtatlar Isroilga qurol yetkazib berishda davom etayotganini aytgan. “Ehtimol, u yoki bu jo‘natish kechikishi mumkin, ammo yetkazish oqimi davom etmoqda va biz uni to‘xtatish bo‘yicha siyosiy qarordan xabardor emasmiz”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Qayd etilishicha, Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxu so‘nggi kunlarda Isroil va HAMASning isroillik garovga olinganlarni ozod qilish va o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishganidan qat’i nazar, Rafahga bostirib kirishga buyruq berish niyatida ekani haqida bir necha bor bayonot bergandi.