Surxondaryo viloyatida iste’molga yaroqsiz go‘sht mahsulotlari aniqlandi, deya xabar qilmoqda viloyat IIB.

Xususan, Surxondaryo viloyati IIB Jamoat xavfsizligi xizmati Jamoat tartibini saqlash boshqarmasi Karantin tadbirlarini ta’minlash bo‘linmasi hamda viloyat veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi xodimlari tomonidan “Darband” YPX maskanida reyd tadbirlari o‘tkazildi.

Reyd davomida 2024-yilning 7-may kuni soat 07:10 larda Denov-Toshkent yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanib kelayotgan Denov tumanida yashovchi 2000-yilda tug‘ilgan fuqaro M.Sh. boshqaruvidagi Cobalt rusumli avtomashina ham to‘xtatilib yukxonasi tekshirilganida biror bir tegishli veterinariya hujjatlarisiz 140 kg yirik shoxli mol go‘shti olib ketayotgani aniqlangan.

Shuningdek, 7-may kunidan 8-may kuniga o‘tar kechasi soat 02:30 larda shu yo‘nalish bo‘ylab harakatlanib kelayotgan Denov tumanida yashovchi 2000-yilda tug‘ilgan fuqaro A.A. boshqaruvidagi Cobalt to‘xtatilib yukxonasi tekshirilganda hech qanday veterinariya hujjatlarisiz 475 kg yirik shoxli mol go‘shti olib ketayotgani aniqlangan.

Aynan shu maskanda reyd tadbiri davom ettirilib, soat 02:50 larda Sho‘rchi-Toshkent yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanib kelayotgan Sho‘rchi tumanida yashovchi 1997-yilda tug‘ilgan fuqaro N.J. boshqaruvidagi Cobalt rusumli avtomashina yukxonasi tekshirilganda tegishli veterinariya hujjatlarisiz 400 kg yirik shoxli mol go‘shti olib ketayotgani ma’lum bo‘lgan.

Yuqorida aniqlangan holatlar bo‘yicha go‘sht mahsulotlarining iste’molga yaroqli yoki yaroqsiz ekanini tekshirish maqsadida, viloyat hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markazi laboratoriyasiga taqdim etilganida, iste’molga yaroqsiz ekani aniqlanib go‘sht egalariga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining tegishli moddasiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, go‘sht mahsulotlari belgilangan tartibda yo‘q qilingan.