O‘zbekistonning ayrim hududlarida 10-may kuni ham yomg‘ir yog‘ishda davom etdi, yog‘ingarchilik ba’zi joylarda talafotlarga olib keldi.

Tushdan so‘ng Qashqadaryo viloyatining ko‘plab tumanlarida jala kuzatildi. Tarmoqlarda tarqalgan videolarda ko‘chalardagi yo‘laklarda suv oqimi paydo bo‘lganini ko‘rish mumkin. Ayrim joylarda esa do‘l yog‘gani haqida ham videoxabarlar tarqaldi.

Kun davomida kuzatilgan bunday ob-havo daraxtlar qulashiga, binolarning tom qismi uchib ketishiga sabab bo‘ldi.

Jala Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida ham qayd etildi. Viloyat janubi Termizda esa chang ko‘tarildi.

Samarqand viloyatining Nurobod tumani hududlarida ham ko‘p miqdordagi yomg‘ir suvlari yig‘ilib, soylardan oqib kelish holatlari kuzatildi. Viloyat FVB vaziyatlar to‘liq nazoratga olingani, tegishli tashkilotlar hodisa oqibatlarini bartaraf etish uchun shay holatga keltirilganini ma’lum qildi. Ushbu hodisalardan fuqarolarning jabrlanish va binolarga talafot yetish holatlari bo‘yicha hech qanday ma’lumotlar kelib tushmadi.

Jizzax viloyatida yuz bergan yog‘ingarchilik esa sel-suv toshqinlarini keltirib chiqardi. Baxmal tumanida yog‘ib o‘tgan qisqa muddatli kuchli jala ortidan sel o‘zanlariga sel kelgani va yo‘llarni yuvib o‘tgani aytildi.

Viloyatning Zomin tumanida sel suvlari avtomobil yo‘llariga ham toshib chiqdi, dalalalar va uylar yaqinida suv to‘plandi. Achchi va Turkman qishlog‘i soy va sel o‘zanlariga kuchli sel kelgani hamda tabiiy ofat qishloq xo‘jaligi ekin maydonlari, yo‘l infrastrukturalari loy oqiziqlari bosib zarar keltirgani aytilmoqda.

Sharof Rashidov tumani Rovot qir-adirliklarida esa kuchli yog‘indan hosil bo‘lgan suv massasi sel irmoqlariga tushib, umumiy bir soyda birlashdi.

Kuchli yomg‘irlar Sirdaryo viloyati, jumladan, Guliston shahri va unga tutash bo‘lgan hududlarda ham kuzatildi.

Bundan tashqari, jalali yomg‘irlarning yog‘ishi oqibatida Qamchiq dovonida yo‘lning harakat qismini loy, qumtoshli massa qopladi. Ko‘ngilsiz hodisalarning oldini olish maqsadida mazkur hududda transport vositalarining harakati har ikki yo‘nalishda vaqtincha to‘xtatildi.

Yog‘ingarchilik Toshkent shahrini ham chetlab o‘tmadi.

Ma’lumot uchun, yakshanba kuni respublikaning katta qismida yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, harorat +28 darajagacha ko‘tariladi. Faqat respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida qisqa muddatli momaqaldiroqli yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Joylarda chang-to‘zonli shamollar kuzatilishi ehtimoli bor.