Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Uzreport TV telekanaliga bergan intervyusida neft-gaz sohasida investorlar bilan uzoq muddatli shartnomalarni qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha savollarga javob berdi.

“Bilasizmi, bu ikki tomon uchun ham foyda keltiradigan loyihalar bo‘lsa, menimcha… Albatta, vaqt va shartlar o‘zgarsa, ayrim loyihalarni ko‘rib chiqib, hamkorlar va investorlarga qo‘shimcha majburiyatlar yuklangan holatlar ham bo‘lgan. Qo‘shimcha majburiyatlarni yuklash — [masalan,] qandaydir qo‘shimcha obyektni qurish, [shartnomaga] o‘zgartirishlar kiritilishi bilan tariflar va narxlar bo‘yicha qo‘shimcha narsalar”, — dedi energetika vaziri.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu holatlar investitsiyaviy muhitning yomonlashuvi xavfi tufayli oshkor etilmagan. “Savol tug‘ilmasligi uchun biz har bir tomon manfaatlarini hisobga olgan holda shartnoma shartlariga rioya qilamiz. Lekin manfaatlarga zid bo‘lgan kelishuv tuzilmaydi”, — dedi vazir.

Eslatib o‘tamiz, 2019-yil iyun oyida Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning Rossiyaning “Lukoyl” kompaniyasidan gaz uchun 600 million dollar qarzi borligini tan olib, mahsulot taqsimoti bo‘yicha kelishuvni tuzishda nima uchun milliy manfaatlar hisobga olinmagani haqida savol bergandi.

Shavkat Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston o‘shanda “Lukoyl"dan ichki bozorga sotish uchun 146 dollardan gaz xarid qilib, uni aholiga 40 dollardan sotgan. Har bir kub metr o‘rtasidagi 100 dollarlik farq 600 mln dollarlik qarzni paydo qilgan.

O‘shanda u neft-gaz sektoridagi korrupsiyaga ham to‘xtalib, bir amaldor Ustyurt gaz-kimyo majmuasi uchun 80 million dollar olganini aytgandi. Eslatib o‘tamiz, Janubiy Koreya va O‘zbekiston 2008-yilda Ustyurt gaz-kimyo majmuasi (GKM) loyihasini amalga oshirishga start bergan va 2016-yilda gaz qazib olishni boshlagan Uz-Kor Gas Chemical qo‘shma korxonasini tashkil etgan edi. “O‘ztransgaz” kompaniyasining (chet el kompaniyalaridan gazni eksport narxlarida sotib olib, ichki bozorga arzonlashtirilgan narxlarda sotuvchi) ishlab chiqarilgan gaz uchun Uz-Kor Gas Chemical kompaniyasi oldida 1 milliard dollar qarzi yig‘ilib qolgan.

Shavkat Mirziyoyev 2022-yil dekabr oyida O‘zbekiston parlamenti va xalqiga murojaatnomasida gaz zaxiralarini ko‘paytirish maqsadida mamlakatda 10 yillik geologiya-qidiruv dasturi qabul qilinishini aytgan edi.

Xususan, uning aytishicha, Ustyurt platosiga katta istiqbolli chuqur qatlamlarda, O‘zbekistonning milliy manfaatlarini hisobga olgan holda qidiruv ishlarini olib borish uchun yirik xorijiy investorlar jalb qilinadi va bu qonun bilan mustahkamlanadi.

Gaz qazib olish uchun berilgan barcha litsenziyalar qayta ko‘rib chiqilib, samarasiz ishlayotgan korxonalarga nisbatan tegishli choralar ko‘riladi. O‘zingiz ko‘rib turganingizdek, energiya butun dunyo bo‘ylab siyosatga aylandi. Siyosatga. Shunday ekan, yerosti konlari yaqin o‘n-yigirma yil davomida foyda keltirishi uchun biz [milliy manfaatlarni] qonunda mustahkamlab qo‘yishimiz kerak”, — degandi prezident.

2004-yilda O‘zbekiston hukumati “Lukoyl” bilan “Qandim-Xauzak-Shadi” (35 yil muddatga, 2014-yilda yana 7 yilga — 2046-yilgacha uzaytirilgan) va “Janubi-G‘arbiy Hisor” (2007-yilda kuchga kirgan va 36 yilga, 2043-yilgacha mo‘ljallangan) loyihalari bo‘yicha mahsulot taqsimotiga oid bitim (MTOB) imzolagan.

Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasi bilan “Shoxpaxta” konlari (2004-yildan — 15 yilga, 2018-yilda 5 yilga uzaytirilgan) va “Djel” (2018-yilda 25 yilga imzolangan) bo‘yicha shartnomalar imzolangan.

2017-yilning aprel oyida Surxondaryo viloyatidagi “Mustaqillikning 25 yilligi” (M25) koni uchun gaz-kimyo majmuasi qurilishi bilan 35 yil muddatga yana bir MTOB imzolangan edi. Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov ushbu loyiha bo‘yicha geologik qidiruv ishlari kamida sakkiz yil davom etishini ta’kidlagan.