AQSh prezidenti Jo Bayden prezidentlik saylovi oldidan raqibi Donald Trampni teledebatga chorladi. Bayden bu bo‘yicha videomurojaatini X ijtimoiy tarmog‘ida (sobiq Twitter) e’lon qildi.

“Donald Tramp 2020-yilda menga debatda ikki marta yutqazdi. O‘shandan beri u debatlarda ko‘rinmadi. Hozir esa u o‘zini xuddi men bilan yana bahslashmoqchidek tutmoqda. Kelaqol og‘ayni, meni quvontir. Men buni hatto ikki marta qilishga tayyorman. Sanani tanla, Donald. Eshitishimcha, „Chorshanba kunlari bo‘sh“ ekansan”, — dedi Jo Bayden o‘z videosida.

O‘z navbatida, Tramp chaqiruvni qabul qildi. Bu bo‘yicha u o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida tegishli postni e’lon qildi.

“27-iyun kuni AQSh tarixidagi ENG YOMON PREZIDENT va demokratiyaga haqiqiy tahdid bo‘lgan vijdonsiz Jo Baydenga qarshi CNN debatida ishtirok etish bo‘yicha taklifni qabul qilish — men uchun katta sharaf. Xuddi shu kabi, 10-sentabr kuni ABC News`da vijdonsiz Jo bilan debatlashish taklifini ham qabul qilaman. Rahmat, DJT!”, — deya yozdi Tramp.

ақш, дональд трамп, жо байден, prezidentlik saylovi, телеdebat

Shunday qilib, Bayden va Tramp CNN telekanalining 27-iyun kuni debat o‘tkazish bo‘yicha taklifini qabul qildi. Debatlarning ikkinchi bosqichi 10-sentabr kuni ABC telekanalida o‘tkaziladi.

The New York Times Jo Baydenning saylovoldi shtabi maktubiga tayanib, prezident iyun va sentabr oylarida ikki raundli debat o‘tkazishga tayyorligini yozdi. Maktubda aytilishicha, Bayden jamoasi debatlar Prezidentlik debatlari bo‘yicha komissiya taklif qilgan sanadan ertaroq o‘tkazilishini istamoqda. Bu orqali saylovchilar sentabr oyida boshlanadigan muddatidan oldin ovoz berish jarayonlaridan avvalroq ikkala nomzodni ko‘rib chiqishi imkoniyatini yaratish maqsad qilingan.

AQSh prezidentligi uchun saylov 2024-yilning 5-noyabrida bo‘lib o‘tishi belgilangan. Saylov mamlakat tarixidagi oltmishinchisi bo‘ladi.

“Chorshanba kunlari bo‘sh” iborasi haqida

The Hill`ning yozishicha, prezident Bayden va uning saylovoldi shtabi Donald Tramp ustidan davom etayotgan sud jarayonlari mavzusiga ham murojaat qilgan. “Chorshanba kunlari bo‘sh” iborasi bilan boshlangan yangi mablag‘ yig‘ish kampaniyasi haftaning ish kunlarida Tramp ustidan sud eshituvlari o‘tkazilmaydigan yagona kun aynan chorshanba ekaniga ishora qiladi.

Tramp ustidan sud jarayonlari odatda dushanba, seshanba, payshanba kunlari Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tmoqda va u jarayonlarda hozir bo‘lishi shart. Ba’zi haftalarda taqvim bo‘yicha nizolar tufayli qo‘shimcha tanaffuslar e’lon qilingan.

Baydenning saylovoldi kampaniyasi veb-sahifasida “Chorshanba kunlari bo‘sh” yozuvli futbolka 32 dollardan sotilayotganini ko‘rish mumkin.

ақш, дональд трамп, жо байден, prezidentlik saylovi, телеdebat

Oq uy Trampning ko‘plab yuridik muammolari davrida bu mavzuga ancha ehtiyotkorlik bilan yondashmoqda, lekin saylovoldi shtabi ba’zida aynan shu mavzu orqali ham Trampga zarba bermoqda.