22 oktabr kuni soat 12:30 larda Narpay tumani, Narpay mahallasida yashovchi fuqaro J. S. (1984 y.t.), uning turmush o‘rtog‘i Sh. Z. (1987 y.t.) va 2 nafar voyaga yetmagan farzandlari M. X. (2012 y.t.) hamda J. X. ning (2018 y.t.) murdasi yashash uyida is gazidan zaharlangan holda tan jarohatlarisiz topilgan. Bu haqda Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov “Gazeta.uz"ga xabar berdi.

Hodisa joyini ko‘zdan kechirishda marhumlar yotgan xonada qo‘l bola usulda yasalgan, tabiiy gaz tarmog‘iga ulangan isitish pechi mavjud bo‘lgan. Ushbu pechning dud-bo‘ronida qushlar in qurganligi natijasida xas-xashaklar bilan to‘lib qolganligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan 22 oktabr kuni tuman prokuraturasi tomonidan JKning 259-moddasi 2-qismi “a, b” bandlari (Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘lishiga; boshqa og‘ir oqibatlar kelib chiqishiga sabab bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

oktabr oyi oxirida “Gazeta.uz” Samarqand viloyatida 10 kunda is gazidan zaharlanish oqibatida 8 kishi vafot etganligi haqida yozgan edi. Ularning 5 nafari voyaga yetmagan bolalar bo‘lgan. Yana 1 kishi og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan. Shuningdek, viloyatda oktabr oyining boshidan buyon 128 ta aholi uylarida turli ko‘lamli yong‘inlar sodir bo‘lgan.