«Gazeta.uz» 2022 yil 1 noyabrdan kuchga kiradigan qonunchilikdagi o‘zgarishlar ro‘yxatini taqdim etadi. Dayjest Adliya vazirligi ma’lumotlari asosida tayyorlandi. Quyida ularni to‘liqligicha e’tiboringizga havola etamiz.

1. O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanadigan faoliyat turlari kengaytiriladi

Prezidentning 2022 yil 30 avgustdagi [PQ-366-son] qarori bilan yana 10 ta faoliyat turi o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari ro‘yxatiga kiritiladi.

Yangi yo‘nalishlar:

  • Uy hayvonlari (qoramol, qo‘y, echki, ot va boshqalar) bozorlarida vositachilik xizmati;
  • Avtomobil bozorlarida vositachilik xizmati;
  • Rieltorlik xizmatini ko‘rsatish (ijaraga uy topib berish, uy sotib olish va sotishga ko‘maklashish);
  • Uyda sut va sut mahsulotlarini qayta ishlash va sotish xizmati;
  • Maishiy buyumlarni ijaraga berish xizmati (stol-stul, idish-tovoq, asbob-uskuna va boshqalar);
  • Gips va ganchdan buyumlar yasash (uy jihozlari, ertak qahramonlari haykallarini yasash);
  • Tosh va tosh mahsulotlaridan yodgorlik, suvenir va dekorativ buyumlar tayyorlash;
  • Yog‘och mahsulotlaridan savat, non mahsulotlari uchun maxsus idish va boshqa buyumlarni to‘qish;
  • Uy sharoitida pilla yetishtirish, shaxsiy tomorqa yer uchastkasida tut mevasi, niholi va ko‘chatini yetishtirish, uyda ipak mato, ipak gilam to‘qish va sotish;
  • Kulolchilik.

2. «Korobka» holatidagi uy-joylar uchun subsidiya ajratila boshlanadi

Prezidentning 2022 yil 22 sentabrdagi [PQ-377-son] qarori asosida xususiy pudrat tashkilotlari tomonidan tayyor holda topshirish shartisiz qurilgan uylardagi kvartiralarni (xonalarga bo‘lingan va pardoz ishlariga tayyor) birlamchi uy-joy bozorida sotib olish uchun ipoteka kreditlarini ajratishga hamda ular bo‘yicha va ipoteka krediti bo‘yicha foizlarning bir qismini qoplash uchun subsidiya to‘lashga ruxsat beriladi.


3. Shifokorlarga ehtiyoj mavjud hududlarda talabalar ishga olinadi

Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 3 oktabrdagi [561-son] qaroriga muvofiq, Sog‘liqni saqlash vazirligi hokimliklar bilan birgalikda shifokorlarga bo‘lgan ehtiyojni aniqlagan holda respublikaning barcha hududlarida mavjud vakant lavozimlarga talabalar, magistr va klinik ordinatorlarni ishga joylashtirish choralarini ko‘radi.


4. Nikoh tuzish uchun arizalar eksperiment tariqasida DXM orqali qabul qilinadi

Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 28 sentabrdagi [540-son] qaroriga ko‘ra, nikoh tuzish va nikohdan ajratishni qayd etish uchun arizalarni Sirdaryo viloyatidagi tuman (shahar) davlat xizmatlari markazlari orqali qabul qilish bo‘yicha huquqiy eksperiment o‘tkaziladi.


5. Yagona axborot tizimida ro‘yxatga kiritmagan holda tadbirkorlarni tekshirish noqonuniy hisoblanadi

Prezidentning 2022 yil 13 sentabrdagi [PQ-374-son] qarori bilan nazorat qiluvchi organlar tomonidan 2022 yil 1 noyabrdan boshlab:

  • tadbirkorlik subyektlari faoliyatida o‘tkaziladigan barcha tekshiruvlar «Yagona davlat nazorati» axborot tizimida ro‘yxatga olinadi. Bunda, tadbirkorlik subyektlari faoliyatida mazkur tizimda ro‘yxatga olinmagan tekshiruvlarni o‘tkazish noqonuniy hisoblanadi;
  • tadbirkorlik subyektlari faoliyatida o‘tkazilgan tekshiruvlarning natijalari hamda profilaktika tadbirlari to‘g‘risida ma’lumot tekshiruv yoki profilaktika tadbirlari tugagan kundan boshlab uch kun muddatda «Yagona davlat nazorati» axborot tizimiga kiritiladi.

6. Tadbirkorlarning eksport salohiyati kengaytiriladi

Prezidentning 2022 yil 30 sentabrdagi [PF-228-son] farmoni asosida bir eksport shartnomasi doirasida kelib tushmagan valyuta summasi eksportga yuklangan jami mahsulot narxining 5 foizidan oshmagan taqdirda muddati o‘tgan debitor qarzdorlik hisoblanmaydi va tadbirkorga nisbatan jarima qo‘llanilmaydi.


7. Yoshlarga kompyuter xaridi uchun 7,5 mln so‘mgacha iste’mol krediti beriladi

Prezidentning 2022 yil 12 avgustdagi [PQ-350-son] qaroriga muvofiq, IT-park rezidenti bo‘lgan tashkilotlarning axborot texnologiyalari sohasida tahsil olayotgan ishtirokchi sertifikatini olgan yoki ushbu o‘quv kurslarini so‘nggi 6 oyda muvaffaqiyatli tamomlagan yoshlarga kompyuter xarid qilish uchun BHMning 25 baravarigacha (7,5 mln so‘mgacha) iste’mol kreditlari ajratiladi.


8. Haydovchilarga beriladigan tibbiy ma’lumotlarning elektron bazasi shakllantiriladi

Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 20 iyuldagi [393-son] qaroriga ko‘ra, haydovchi va haydovchilikka nomzodlarning avtomototransport vositasini boshqarishga yaroqliligi to‘g‘risidagi tibbiy ma’lumotlarning yagona elektron bazasini shakllantiriladi va Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining avtomatlashtirilgan Yagona axborot tizimiga integratsiya qilinadi.


9. Tomorqa yer egalarini kasanachilik bilan band qilgan tadbirkorlarga subsidiya beriladi

Prezidentning 2022 yil 30 avgustdagi [PQ-366-son] qarori bilan tomorqa yer uchastkalari egalarini kooperatsiya va kasanachilik asosida ish bilan band qilgan tadbirkorlarga Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan BHMning 20 baravarigacha (6 mln so‘mgacha) miqdorda hokim yordamchilari tavsiyasiga asosan subsidiya ajratiladi.


10. Ko‘p kvartirali uylarning umumiy mulki hududida qo‘shimcha obyekt qurish taqiqlanadi

Prezidentning 2022 yil 4 avgustdagi [PQ-346-son] qarori asosida qurilish-montaj ishlari (rekonstruksiyasi) tugallangan ko‘p kvartirali uylardan foydalanish uchun ruxsatnoma berilganidan so‘ng loyiha hujjatlari, kadastr pasporti va mazkur ruxsatnomaga umumiy mol-mulkni yoki tutash yer uchastkasini kamaytirish va tutash yer uchastkasida qo‘shimcha ko‘p kvartirali uy yoki umumiy mol-mulk bo‘lmagan obyekt qurish uchun o‘zgartirish kiritish taqiqlanadi


11. Harbiy xizmatchilarning oila a’zolarini ish bilan ta’minlashga ko‘maklashiladi

Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 13 oktabrdagi [590-son] qaroriga muvofiq, Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilarning mehnatga layoqatli va ishsiz bo‘lgan oila a’zolarini o‘zini o‘zi band qilish hamda bo‘sh (vakant) ish o‘rinlariga ishga joylashtirishda amaliy yordam ko‘rsatadi.