«Gazeta.uz» 2023 yil 1 martdan kuchga kiradigan qonunchilikdagi o‘zgarishlar ro‘yxatini taqdim etadi. Dayjest Adliya vazirligi ma’lumotlari asosida tayyorlandi. Quyida ularni to‘liqligicha e’tiboringizga havola etamiz.

1. Soliq tekshiruvlari ustidan sudga shikoyat kiritish mumkin bo‘ladi

Prezidentning 2022 yil 9 noyabrdagi [PF-244-son] farmoni bilan soliq to‘lovchilarga soliq organlarining sayyor soliq tekshiruvlari va soliq auditi natijalari bo‘yicha qabul qilgan qarorlari ustidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri sudga shikoyat qilish huquqi beriladi.


2. Oltita yangi mahalliy yo‘nalish bo‘yicha aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi

Prezidentning 2022 yil 26 oktabrdagi [PQ-412-son] qaroriga ko‘ra, hududlarni bir-biri bilan o‘zaro bog‘lash maqsadida quyidagi yangi yo‘nalishlarda muntazam aviaqatnovlar boshlanadi:

  • Samarqand — Nukus;
  • Samarqand — Mo‘ynoq;
  • Samarqand — Termiz;
  • Buxoro — Termiz;
  • Namangan — Termiz;
  • Namangan — Nukus.

3. 1 mlrd so‘mdan yuqori davlat xaridlari bo‘yicha buyurtmalarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratilishi to‘xtatiladi

Prezidentning 2022 yil 9 noyabrdagi [PF-244-son] farmoni asosida Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan amalga oshiriladigan bir shartnoma summasi BHMning 3 500 baravari va undan yuqori bo‘lgan davlat xaridlari bo‘yicha buyurtmalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida bajarilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.


4. Uch bosqichli umumrespublika sport musobaqalari o‘tkazila boshlaydi

Prezidentning 2022 yil 11 apreldagi [PQ-201-son] qaroriga muvofiq, olimpiya, noolimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha uch bosqichli umumrespublika sport musobaqalarini o‘tkazish tizimi joriy qilinadi:

  • 1-bosqichda — tuman (shahar) musobaqalari;
  • 2-bosqichda — viloyat musobaqalari;
  • 3-bosqichda — respublika (final) musobaqalari.

5. Unitar korxona shaklida yuridik shaxs tashkil etish to‘xtatiladi

Prezidentning 2022 yil 8 noyabrdagi [PQ-415-son] qarori bilan unitar korxona yoki qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyat tashkiliy-huquqiy shaklida yuridik shaxs tashkil etishga yo‘l qo‘yilmaydi.


6. Tadbirkorlar soliq qarzini foizlarsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lashi mumkin bo‘ladi

Prezidentning 2023 yil 3 fevraldagi [PQ-43-son] qaroriga ko‘ra, tadbirkorlarning 2023 yil 1 yanvarga nisbatan 1 fevral holatiga oshgan (hosil bo‘lgan) soliq qarzini 2023 yil 1 martdan 1 iyulgacha foizlarsiz, qo‘shimcha shartlar qo‘ymasdan va ta’minot talab etmasdan teng ulushlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi.


7. QQS to‘lovchilar aktivlari haqidagi ma’lumotni «Ye-aktiv»ga kiritish majburiy bo‘ladi

Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 22 sentabrdagi [595-son] qaroriga asosan QQS to‘lovchilar va ustav jamg‘armasi (kapitali)da davlat ulushi 50% va undan ko‘proq miqdorda bo‘lgan yuridik shaxslar uchun quyidagilar majburiy hisoblanadi:

  • xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan asosiy vositalar, nomoddiy aktivlar va tovar-moddiy resurslarni hisobga olish (sotib olish (qurish), ishga tushirish, qayta baholash, tasarruf etish) hamda o‘z ustav fondini (ustav kapitalini) shakllantirish va kamaytirish bilan bog‘liq barcha operatsiyalarni davlat soliq organlarining «E-aktiv» avtomatlashtirilgan axborot tizimida aks ettirish;
  • xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan xo‘jalik faoliyati davomida tovar-moddiy zaxiralar saqlash muddati tugagach yaroqsizligi, jismonan va ma’nan eskirganligi natijasida yo‘q qilinganda va kamomad, yo‘qotish yoki shikastlanish (sinish, bo‘linish) sababli hisobdan chiqarilganda uch ish kunidan kechiktirmasdan «E-aktiv» avtomatlashtirilgan axborot tizimida aks ettirish.

8. Yuridik shaxslarga my.gov.uz orqali tijorat xizmatlarini ko‘rsatishga ruxsat beriladi

Prezidentning 2022 yil 9 noyabrdagi [PF-244-son] farmoniga muvofiq, axborot xavfsizligi talablariga rioya etgan holda mulkchilik shaklidan qat’i nazar barcha yuridik shaxslarga Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali tijorat xizmatlarini ko‘rsatishga ruxsat beriladi.


9. Qiynoqqa solishga qarshi kurashish bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etiladi

Prezidentning 2023 yil 7 fevraldagi [PQ-46-son] qaroriga ko‘ra, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun qiynoqqa solishga qarshi kurashish bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslari doimiy ravishda tashkil etiladi.


10. Qimmatli qog‘ozlar xaqida ma’lumotlar OAVda e’lon qilinadi

Prezidentning 2022 yil 8 noyabrdagi [PQ-415-son] qarori asosida iqtisodiyot va moliya vazirligi ikki kunlik muddatda OAV va (yoki) o‘zining saytida quyidagi ma’lumotlarni e’lon qiladi:

  • qimmatli qog‘ozlar chiqarilishini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, uni to‘xtatib turish, amalga oshmagan yoki haqiqiy emas deb topish;
  • qimmatli qog‘ozlar bozorida professional faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziya berish, uning amal qilishini to‘xtatib turish yoki tugatish, litsenziyani bekor qilish;
  • qimmatli qog‘ozlar bozorida qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiyalarni amalga oshirishi, xizmatlar ko‘rsatish va (yoki) ishlarni bajarish huquqini beruvchi malaka sertifikatini berish.

11. Elektr energiyasi va gazdan foydalanish qoidalarini buzganlar elektron rasmiylashtiriladi

Prezidentning 2023 yil 13 fevraldagi [PQ-54-son] qaroriga muvofiq, elektr energiyasi va tabiiy gazni nazorat qilish hamda hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimlaridagi yoqilg‘i-energiya resurslari iste’moli to‘g‘risidagi ma’lumotlar monitoring qilinadi.

Shuningdek, elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarlik bo‘yicha tuzilgan dalolatnomalarni elektron rasmiylashtirish va tegishli ma’lumotlarni «E-ma‘muriy ish» tizimiga kiritish tartibi joriy etiladi.