“Gazeta.uz” nashri “Oy materiali” nomli loyiha boshladi. Bunda “Gazeta.uz"da bir oy davomida e’lon qilingan materiallar orasidan tahririyat tanloviga ko‘ra eng yaxshisi tanlanadi va uning mualliflari bilan material tarixi haqida suhbatlashiladi, uni tayyorlash jarayoni tahlil qilinadi va materialga sig‘may qolgan jihatlar bayon qilinadi.

Iyul oyi yakunlariga ko‘ra jurnalist Xolida Musulmonning Qishloqdagi abituriyent do‘stimga fotohikoyasi eng yaxshi deb topildi. Ushbu material nafaqat ko‘rishlar va ulashishlar soni bo‘yicha eng yaxshi bo‘ldi, balki jamoatchilik orasida o‘ziga xos rezonansga ham sabab bo‘ldi.

“Oy materiali"ning birinchi sonida “Qishloqdagi abituriyent do‘stimga” fotohikoyasi muallifi Xolida Musulmon, Xolidaning ijodiy rahbari Husniddin Ato va “Gazeta.uz” bosh muharriri o‘rinbosari Muhrim A’zamxo‘jayev bilan birga muhokama qilindi.

Ziyoda Ramazonova: Avvalo “Qishloqdagi abituriyent do‘stimga” fotohikoyasiga mehnati singgan hammani — Xolida, Husniddin aka, Muhrim aka — sizlarni muvaffaqiyat bilan tabriklayman. Xolida, materialingiz qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ko‘plar unda o‘zining abituriyentlik davrini ko‘rdi. Bugun biz ham bejizga yig‘ilmadik: ushbu fotohikoya g‘oyasi paydo bo‘lishi, tayyorlanishi va nashr etilishi qanday kechgani haqida suhbatlashamiz. Material e’lon qilingandan keyingi taassurotlariningiz bilan o‘rtoqlashsangiz.

Xolida Musulmon: Taassurotlarim yaxshi. Material 15-iyul kuni ertalab avtobusda ketayotganimda chiqqan ekan. Yo‘l bo‘yi o‘qib ketdim. Ko‘nglim to‘q bo‘ldi. Eng muhimi materialim chiqqani, chiqa olgani, qolib ketmaganidan xursand bo‘ldim. Keyin ikki soatlarcha internetdan uzilgan edim, bir qarasam, shov-shuv bo‘lib ketibdi. Birin-ketin tabriklar keldi, taassurotlar yozila boshladi. Ko‘pchilik o‘zining abituriyentlik davrini eslabdi. Abituriyentlarning o‘zlari: “Rahmat, opa. Juda ajoyib chiqibdi. Biz ham sizdan ilhomlanyapmiz”, deb yozganida materialim o‘quvchilarga ta’sir qilib, ularni harakatga keltira olganidan juda quvondim.

Muhrim A’zamxo‘jayev: Tabriklar hali ham kelyaptimi?

Xolida Musulon: Ha, ayniqsa, “kazarma"da men suratga olgan abituriyentlar ijtimoiy tarmoqlar orqali: “Rahmat, opa. O‘zimizning rasmga tushishga vaqtimiz yo‘q edi. Siz suratlarimizni nafaqat o‘zimizga esdalikka qoldirdingiz, balki butun O‘zbekistonga ham tanitdingiz”, deb yozishyapti. Bundan cheksiz xursand bo‘lyapman, albatta.

Muhrim A’zamxo‘jayev: Husniddin aka, boshqa shogirdlaringizning ham materiallari shunday shov-shuv bo‘lganmidi? Yaqinda ko‘rib qoldim: Xolidaning materiali televideniyegacha chiqib ketibdi — rasmlarini ko‘rsatib, alohida reportajlar ham tayyorlashibdi.

Husniddin Ato: Shov-shuvli materiallar bor. Umuman, nafaqat shov-shuv, O‘zbekiston fotojurnalistikasida burilish yasay olayotgan materiallar bor. 2010-yillarda test sinovlarning o‘tish jarayoni, keyinchalik Hayit namozlaridan tayyorlagan fotoreportajlarim o‘sha paytlarda fotojurnalistikadagi yangiliklardan biri edi. Keyinchalik boshqa ishlar sababli reportajlarga ko‘p ham qo‘l urolmadim.

2021-yilda Dilruh Isomiddinovaning qishloq ayoli hayoti haqida hikoya qiluvchi fotohikoyasi O‘zbekiston fotohikoyachiligida yana bir yangi davrni boshlab berdi, desam ham bo‘ladi. 2022-yilda avvaliga Madina A’zam, keyin esa Xolida Musulmonning “Qishloqdagi qish” fotohikoyalari shov-shuvli materiallarga aylandi. O‘tgan yil sentabrda Madina A’zamning turarjoysiz qolgan talabalar haqida tayyorlagan fotoreportajini ham eslab o‘tish kerak. O‘sha paytda juda ko‘p tahririyatlar bu mavzuga qo‘l urdi, reportajlar, videolavhalar qildi. Lekin Madinaning o‘ziga xos dastxati yana bir portlashni yuzaga keltirib muhokamalar markaziga tushdi.

Ziyoda Ramazonova va Madina A’zamning 2022-yil sentabridagi yotoqxonadan joy topolmayotgan talabalar haqidagi fotoreportajidan.

Aytishim lozimki, yuqorida eslaganim o‘z fotohikoyalarimdan tortib shogirdlarimning ishlarigacha barchasining nashr etilishi “Gazeta.uz” bilan bog‘liq. Bu “Gazeta.uz"ning yangilikka ochiqligi, yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlashga doim tayyor ekanligidan. Biz tahririyatga har doim ham mukammal, to‘la tayyor materiallar bermaypmiz. Nashr muharrirlarining o‘zi materiallar ustida ancha ishlaydi. Shu jarayonda ulardan ham ko‘p narsa o‘rganapmiz. Agar 10 yillar avval “Gazeta.uz” bilan hamkorlik boshlamaganimizda, xohish-maqsadlarimizni tushunib olmaganimizda, ehtimol, bunday materiallar dunyo yuzini ko‘rmasdi.

Ziyoda Ramazonova: Xolida, fotohikoya g‘oyasi qanday paydo bo‘ldi? O‘zingiz ham shunday “kazarmada” o‘qiganmisiz?

Xolida Musulmon: Universitetda 2-kursligimizda fotojurnalistika darsi o‘tilgan. 2021-yilning noyabr-dekabr oylarida, fotohikoya mavzusiga kelganda ustoz Husniddin Ato ikkitadan fotohikoya mavzusini so‘rab, ismimizning yoniga yozib qo‘ydi va ularni tayyorlash topshirig‘ini berdi. Men qishloqdagi qish, talaba kelin va qishloqlik abituriyent mavzularini ustozga berdim. Ular “talaba kelinga qahramon topa olishingizni bilmadim” deb, qolgan ikkita mavzumni yozib qo‘ydi.

Endi “Qishloqdagi qish” fotohikoyasi uchun suratga olishni boshlashim kerak edi. Lekin men suratga olishni bilmasdim. Bilganim — o‘sha jarayonni, qishloq qishini ko‘rganim, his qilganim edi, xolos. Ustoz qo‘limga kamera berdilar, asta-sekin suratga olishni boshladim. Ko‘p o‘tmay, karantin sabab qishloqqa ketdim va katta tushkunlik ichida qishki qishloq suratlarini olib keldim, u e’lon qilindi.

Ustozga “Qishloqdagi abituriyent do‘stimga” mavzusini aytganimdayoq tuyg‘ularim yetilib turgandi. Men o‘sha paytda bunday “kazarma"lardagi jarayonlarni faqat so‘z orqali his qila olar va so‘z orqali yetkazib berishga harakat qilardim. 2022-yil iyul oyida qishloqqa bordim va “kazarma"da ikki kunimni o‘tkazib, barcha jarayonlarni suratga tushirdim.

O‘zim “kazarma"da o‘qimaganman. Men suratga olgan “kazarma"dagi ustozlardan biri akamning o‘rtog‘i edi, ukam ham o‘sha yerda, shu ustozning qo‘lida o‘qirdi. “Kazarma”, undagi muhit, o‘qitish va o‘qish jarayonlari ukam orqali tanish edi menga.

Ziyoda Ramazonova: Xolida, “kazarma"dagilarni suratga olishga ko‘ndirish jarayoni qanday bo‘ldi? Hamma ham o‘zini ish joyi, o‘quvchilarini suratga tushirishga, bu suratlarning katta bir nashrda chop etilishiga ko‘navermaydi.

Xolida Musulmon: Bir kuni tuman markaziga yo‘lim tushib qoldi. Kameramni ham o‘zim bilan olib ketgandim. O‘sha paytlar fotohikoyani tayyorlash kerakligi xayolimning bir chekkasida turardi. Ishlarimni bitirib bo‘lib, “kazarma"ning manzilini o‘rtoqlarimdan so‘rab oldim-da, darvozasining yoniga borganda tanish ustozga telefon qilib, “aka, men Xolida, o‘rtog‘ingizning singlisiman, “kazarma"ga kelgandim, menga qarab yubora olasizmi?”, dedim. Chiqqach, “jurnalistikada o‘qiyman. “Kazarma” hayotini fotohikoya qilmoqchi edim. Hech narsaga xalal bermayman, o‘quvchilarning dars qilishlariga ziyon yetkazmayman, faqat chetdan turib rasmga olib ketaman xolos”, dedim. “Bemalol, olaver. Bu ham senga uyga vazifadir-da”, deb rozi bo‘lib, o‘zlari sharoit yaratib berdi.

Ziyoda Ramazonova: Ko‘ndirish jarayoni yaxshi bo‘libdi. Biz odatda shu kabi materiallar tayyorlayotganimizda odamlar jurnalistligimizni bilishi bilanoq rad javobini beradi. Ba’zan uzoq tushuntirishdan keyin rozilik ololamiz, ba’zida esa boshqa qahramon izlashimizga to‘g‘ri keladi.

Xolida Musulmon: Suratga olish uchun “kazarma” hududiga kirishga ruxsat berilgani bilan ichkarida meni ham rad etishlar kutib turgan ekan. Tanish ustoz qizlarning xonasiga olib kirganda, qizlar: “Yo‘q, rasmga tushmaymiz, bizga xalaqit qiladi”, deyishdi. Xolis o‘ylab qarasam, ular ham haq edi: dars qilayotgan odamga rasmga tushishning nima keragi bor?

Qizlarga indamadim; ular bilan bir necha soat vaqt o‘tkazganimdan keyin o‘zlari men bilan kelishib ketishdi. Bor-yo‘qligimni ham bilmay qolishgach, suratlarni olishga muvaffaq bo‘ldim. Agar shunday bo‘lmasa, rasmga olinayotgan qahramon vaziyatdan chiqib ketadi. Qiziqib, berilib kitob o‘qiyotgan odam rasmga olayotganingizni sezsa, o‘qish emas, rasmga chiroyli tushish haqida o‘ylay boshlaydi.

Muhrim A’zamxo‘jayev: Ziyoda kimgadir jurnalistman desa, odamlar qocha boshlashi haqida aytdi-ku, Xolidada ham avvaliga shunday bo‘lgan ekan. Hozir bunga qaysidir ma’noda yechim ko‘ryapman — Xolida abituriyentlar bilan ikki kun yashagach, ular bilan yaqin bo‘lib ketgan va ular ham surat olinishiga rozi bo‘lgan. Demak, qahramonlar bilan ko‘proq vaqt birga bo‘lish kerak. Lekin baribir kimlardir norozi bo‘laveradi. Husniddin aka, odamlarning yuz-ko‘zi ko‘ringan, lekin Xolidanikidek samimiy, uyushtirilmagan, tabiiy suratlar qanday olinadi? Odamlar suratga olish jarayonida e’tiroz bildirmasligi uchun nima qilish kerak?

Husniddin Ato: Fotosuratchi yo jarayonga qo‘shilib ketishi, yo o‘zining borligini imkon darajada odamlarga sezdirmaslikka harakat qilishi kerak. Suratga olinayotgan odamlar uni o‘ziniki deb his qilsagina tabiiylikni saqlab qolish mumkin. Bunday xislatlar birdaniga shakllanib qolmaydi, albatta. Shuning uchun ham fotohikoyalar bir necha kun, hafta, oy va hatto yillar davomida tayyorlanadi.

Masalan, Xolidaning abituriyentlar bilan bir hudud — Jizzaxdan ekani uni qahramonlarga biroz yaqinlashtirgan bo‘lishi mumkin. Agar u toshkentlik, buxorolik, boringki, chet ellik biror fotosuratchi bo‘lganda bunday bo‘lmas, yaqinlashish uchun boshqa variantlarni ko‘rishga to‘g‘ri kelardi. Qolaversa, Xolida o‘sha abituriyentlar kabi qishloqda yashar, o‘zlari bilan bir xil joy va usulda tayyorlanayotgan boshqa bir abituriyentning opasi ekani ham begonasirashni yo‘qotish uchun qo‘shimcha omillar bo‘lgan. Bu esa fotosuratlarning tabiiy chiqishini ta’minlagan.

Portret janrida fotograf qahramonning shaxsini ochib bermoqchi bo‘lsa, undan hol-ahvol so‘rab 5−10 daqiqa suhbatlashishi kerak. Fotohikoyada esa fotojurnalist qahramonlarini bir chekkada tinchgina kuzatadi. Keyin uyoq-buyoqdan, xotirjam, jarayonga xalal bermay asta-sekin kadr yig‘adi. Bu jarayonda fotograf hattoki bir nuqtadan boshqa nuqtaga ko‘chganda ham odamlar chalg‘ib ketadi. Agar shu paytda suratlar olingudek bo‘lsa, tabiiylik nisbati kamayaveradi.

Shuning uchun bir joydan ko‘chgandan keyin darrov suratga olishni boshlamaymiz. Biroz kuzatib o‘tiramiz-da, jarayon avvalgidek iziga tushib ketgach, yana kadr yig‘a boshlaymiz. Reportajda tezkorlik kerak bo‘lgani uchun bu qoida har doim ham ishlayvermaydi. Ammo fotohikoyalarda bu juda muhim, aks holda, tabiiy kayfiyatni, muhitni yo‘qotib qo‘yish hech gap emas.

Xolida Musulmon: Men fotohikoyadagi abituriyentlar bilan gaplashganman. Surat olayotgan paytimda emas, kamerani o‘chirib qo‘yib. Qaysi o‘quv yurtiga topshirishi, qanchadan beri tayyorlanayotganini so‘rar ekanman, ular mening fotografligimni unutib yuborgan. Biri hayajon bilan “o‘qishga kirsam bo‘ldi”, desa, yana bir “kirolmasam, erga berib yuborishadi”, deb yorila boshladi.

Ularning dardlari mening ichimga kirib, hislarimni yanada kuchaytirdi. Suhbat tugagach, “bo‘ldi, darsingizni qilavering” deb biroz uzoqlashdim. Kuzatib turdim-da, berilib dars qilayotganlarida kamerani yoqib suratga ola boshladim. Fotohikoyadagi fotosuratlarning hech biri uyushtirilmagan, hammasi tabiiy jarayondan olingan.

Muhrim A’zamxo‘jayev: Husniddin aka, Xolida fotografiyadan uzoq kishi bo‘lganini aytyapti-da, ammo yarim yilga qolmay mana shunday material tayyorlayapti. Bunga qanday erishish mumkin?

Husniddin Ato: Bu ruhiyat, tafakkur bilan bog‘liq. Ruh va tafakkur uyg‘unligida yaxshi ijod namunasi yaratish mumkin.

Fotojurnalistikada talabalar orasida ikki xil iqtidorlar bo‘ladi. Birinchi toifani bir semestr davomida dars berish jarayonida kashf qilasiz. Ikkinchi toifa bo‘lsa, darslar tugagandan keyin kashf qilinadi va o‘sib boradi.

Xolida ikkinchi toifadan. Bir semestr davomida har hafta dars o‘tilgan, lekin vazifalarni deyarli yaxshi tayyorlamagan. Har mashg‘ulotda uning iste’dodi uyg‘onib ich-ichida shakllanib boravergan.

Iste’dod ko‘p mashq evaziga ham shakllanadi. Xolida qo‘liga kamera tushganda tinmay suratga olaverdi. Qolaversa, u bilan “Qishloqdagi qish” fotohikoyasining suratlari ustida ancha ishladik, tahrir qildik.

“Kazarma"ni suratga olgungacha o‘tgan yarim yil ham uning uchun yaxshidan-yaxshi tajribalar berdi. Bu davrda ko‘plab fotosessiyalar qildi, mustaqil suratlar olib ijtimoiy tarmoqlariga joyladi, universitet talabalarini qahramon qildi, turli jarayonlar, tadbirlarni yoritdi.

Muhimi, hammasiga yurakdan harakat qildi, astoydil istadi. Shu vaqt davomida u qanaqangi suratlar nashr etilishi mumkinligini tushunib yetdi va barcha tajribalarini abituriyentlarni suratga olishda qo‘llay oldi.

Aslida bu mavzuga ko‘plab talabalar qiziqqan, tayyorlab ko‘rishgan. Lekin Xolidaniki hammanikidan ajralib chiqdi. U bu ishga shunchaki universitetdagi dars vazifasi sifatida qaramadi. Jiddiy mehnat qildi. Xolidada tasvirni ko‘rish, ilg‘ashga iste’dodi bor ekanki, uyg‘ondi.

Fotohikoyaning yana bir muvaffaqiyati uning matnida ham edi. Xolidaning tabiatan ijodkorligi, adabiyotni tushunishi, so‘zni yaxshi his qilishi matnni ham maromiga yetkazib chiqarib bera olishini ta’minladi.

Muhrim A’zamxo‘jayev: Demak, fotohikoya asosi ikki-uch kunda emas, yillar davomida o‘ylangan, pishitilgan, faqat oxirgi qadam — suratga olish va yozish qolgan ekan-da.

Husniddin Ato: Shunday. Yana bir narsani aytib o‘tishim kerak, bu mavzuda material tayyorlash aslida mening ham orzuyim bo‘lgan. Lekin ma’lum sabablarga ko‘ra imkoniyat bo‘lmagan. Mana, yillar o‘tib shogirdim amalga oshirdi.

Muhrim A’zamxo‘jayev: Husniddin aka, men qilmoqchi bo‘lgan materialni shogirdlarim qilyapti deyapsiz, baxtli odam ekansiz, sizga havasdamiz… Shu loyiha uchun o‘zi nechta surat olingan edi?

Husniddin Ato: Adashmasam, 700 tacha edi. Uch yoki to‘rtinchi saralashda 105 tasini tanlab, tahririyatga berdik. Oxir-oqibat, 68 ta surat nashr qilindi. Internet nashrlarining rivojlanishi biz uchun juda yaxshi imkoniyat bo‘ldi. Bosma nashrlarda bir nechta suratlar bilan chegaralanib qolardik.

Ziyoda Ramazonova: Xolida, suratlaringiz orasida meni eng ta’sirlantirgani ryukzak ko‘tarib ketayotgan yigit va sigirni tortib ketayotgan ayolning bir yo‘ldan ketayotgani aks etgan tasvir bo‘ldi. Adashmasam, o‘qishga kirgan ukangiz va oyingizni suratga olgansiz. Aslida kam-ko‘stlari judayam ko‘p bo‘lgan, lekin farzandlarining o‘qishi uchun borini berib imkoniyat qilib berishga tayyor, maqsadi ushalgan bo‘lsa-da, endi uning yaxshi o‘qishi uchun-da mol-hol bilanmi yoki boshqa mehnat bilanmi yana harakatda davom etayotgan onalar, otalar, oilalarni ko‘rsatib bera olgan surat bu.

husniddin ato, oy materiali, xolida musulmon

Xolida Musulmon: Saralash jarayonida ustoz mana shu suratning oldida ancha turib, zo‘r kadr degandilar. Ikki xil hayot bir suratda muhrlangan. Ukam o‘qishga yuk bilan otlanyapti, agar o‘qimasa, o‘zini qaysi hayot kutib turganini biladi. U shu hayotdan sumkasidagi kitoblar bilan chiqib keta oladi.

E’tibor bersangiz, ukam o‘zinikining yonida mening ham sumkamni ildirib olgan. “Ukam yelkasida opasining yuklarini-da ko‘tarib… o‘sdi” jumlasi orqali buni matnda ham ifodalaganman.

Qishloqda serfarzand oilalarda o‘qish, ijod qilishi, hayotda o‘z o‘rnini topish uchun farzandlar bir-birini qo‘llashi, bir-birining og‘irini yelkasiga ortib, turib bera olishi juda muhim. Mening yukim bilan o‘zining yuki qancha og‘ir bo‘lmasin, ukam chang yo‘ldan katta yo‘lga chiqishni uchun ketyapti.

Aslida bu hayot uchun hech kimni ayblash niyatim yo‘q. Ammo qishloqda tanlov imkoniyati kam. Musiqa chalaman degan odam qaysi yo‘l bilan chiqib ketadi? Shunchaki musiqachi bo‘laman deb shaharga kelolmaydi. Bitta yo‘li — universitetga kirish. Shundagina o‘zi xohlagan ustozlarni, muhitni topa oladi.

Muhrim A’zamxo‘jayev: Xolida, ukangiz o‘qishga kirgani haqida fotohikoyada yozgansiz. O‘zi materialda ko‘rinish bergan yigit-qizlarning qanchasi o‘qishga kirdi? Dugonangiz-chi?

Xolida Musulmon: Bilishimcha, 97 foizi o‘qishga kirgan. Ular orasida ukam ham bor. Yiqilgan uch foizning orasida bilimi yuqorilar, jumladan, dugonam ham bo‘lgan. Juda achinganman. Bitta yo‘ling turgan bo‘lsayu, u ham o‘qishga kirish bo‘lsa, shundan ham yiqilish, bittagina umidingdan ayrilish qanchalik og‘ir. Dugonam hozir ham tayyorlanyapti. U salohiyatli qiz. Umididan voz kechmasa, o‘qishga kirishiga ishonaman. Bu maqsadiga yetganda u bilan yana bir fotohikoya tayyorlashni niyat qilib qo‘yganman.

Muhrim A’zamxo‘jayev: Fotohikoya “Gazeta.uz"ga o‘tgan yil sentabrida topshirilgan. Bu yil iyulda esa nashr etildi. Shu vaqt ichida uni chiqarish fikridan qaytish yoki boshqa nashrga berib yuborish niyati tug‘ilmadimi?

Xolida Musulmon: Men nashr etish fikridan qaytgan edim. Chiqmasa ham roziman, deb yuborgandim. “Umuman chiqmaydi, yaxshi rasmga ololmaganman, bu material o‘zimga o‘zim yaratib olgan illyuziya edi”, degan hislar ham o‘tgan. Matnni o‘zgartirmaslik, uni “Gazeta.uz"da chiqarish, umuman, qachon bo‘lsa chiqarish fikrida ustoz qat’iy turdilar. “Shu materialingiz shedevr chiqadi”, deb ko‘nglimni ko‘tarib turardilar.

Muhrim aka, siz menga yozishingizdan bir kun oldin avtobus derazasiga suyanib, Rauf Parfidek, “avtobus derazasiga qarab ketsang, fotohikoyang chiqmasa”, deb xayol surib ketgandim. Bo‘ldi, endi u chiqmaydi deb o‘zimni ruhan tayyorlab tursam, ertasi kuni bir nur kelibmi, siz yozib turibsiz-da. Quvonib ketgandim.

Husniddin Ato: Bu fotohikoya “Gazeta.uz"niki edi. Bunday fotohikoyani topshirilgan payti — o‘tgan yili sentabr oyida ham faqat “Gazeta.uz” chiqara olardi. To‘g‘risi, boshqa nashrda bunaqangi rezonans berishi ham qiyin. Nimagadir O‘zbekistonda fotohikoyalar, fotoloyihalarni yaxshi chiqarib bera oladigan boshqa nashrni ko‘z oldimga keltirolmayman. Balki men “Gazeta.uz"ni juda yaxshi ko‘rganimdan shunday tuyular. Fotohikoya katta shov-shuv bo‘lishini esa tahririyatga topshirayotgandayoq bilardim. Shundanmi, nashr qildirish fikridan qaytmadim.

Muhrim A’zamxo‘jayev: Fotohikoya abituriyentlarning imtihonga tayyorgarlik jarayonida chiqdi. Nima deb o‘ylaysiz, u o‘tgan yili, tahririyatga topshirilgan vaqtda, imtihonlar tugab, natijalar chiqib, darslar boshlanganida chiqsa, hozirgidek darajada rezonansga sabab bo‘larmidi?

Husniddin Ato: Cyentyabrda bergan bo‘lsak, ehtimol, noyabr-dekabrlarda chiqishi to‘g‘ri bo‘lmasdi. Lekin oktabrlarda chiqqanda ham xuddi shunaqangi shov-shuv bo‘lishini kutgandim. Qolaversa, o‘sha paytda chiqqanda o‘qishga kirolmagan, “bo‘ldi, tayyorlanmayman, taqdirim shu ekan” degan qizlarga qayta tayyorlanish uchun motivatsiya, ota-onalarga esa farzandlariga yana bir imkon berish haqida signal bergan bo‘larmidi, deb ham o‘ylayman. Lekin hechdan ko‘ra kech deydi. Asosiysi — material chiqdi.

Eng muhimi, biz ota-onalarga qiz farzandlarning ta’limini qo‘llab-quvvatlashlari, hukumatdagilarga esa maktab o‘quvchilari uchun sifatli ta’lim va yaxshi sharoit zarurati borligini ko‘rsatib bera oldik. Bir tarafdan shu darajada mehnat qilib o‘qiyotgan abituriyentlarni ko‘rsatish orqali o‘qimayotganlarning ham ichidan nimadir uyg‘onib, ularni ham harakatga undashni xohlagan edik.

Material nashr qilingach, odamlarning izohlaridan abituriyent intilgan oliy ta’lim uning shunchalik mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tishiga, qiynalishi, ko‘p narsadan voz keshishiga arzimasligi ham ko‘rinib qoldi. Xolida: “Qiziq, oliy ta’lim, oliygoh — u bilarmikan bu kurashlarni, bu ko‘zyoshlarni?!”, degan jumla bilan aynan shu holatni so‘roq ostiga olgandi. Unga fotohikoyani o‘qiganlar javob berdi.

Ziyoda Ramazonova: Muhimi, ushbu fotohikoya O‘zbekistonning ko‘plab viloyatlarida abituriyentlar o‘qishga kirish uchun qanday sharoitlarda, qanchalik mehnat qilib tayyorgarlik ko‘rishini, ko‘p narsadan voz kechishini bir “kazarma” misolida ko‘rsatib beroldi. Aslida, yigit-qizlar butun boshli 11 yillik bilimlarni bir necha oy yoki bir-ikki yilda ko‘p narsalardan voz kechib, halovatlarini yo‘qotib, qiynalib o‘rganishi normal holat emas. Ular eng zo‘r bilimni repetitorda emas, maktabda, darslarda o‘zlashtira olishi kerak. Nazarimda, fotohikoya maktab ta’limidagi juda katta muammoni ko‘rsatib berdi. Hatto rostdan shunday tayyorlanishadimi, deb ishonqiramay, hayron qolganlar ham bo‘ldi.

Husniddin Ato: Ha, bu materialda ham bundan avvalgi fotohikoyalardagi holat takrorlandi: “Qishloq ayoli"ida ham, “Qishloqdagi qish"da ham ba’zilar: “Nahotki ayollar, odamlar shunday yashaydi?”, deb hayratlangandi. Biz o‘zimizdan o‘ylab topmayapmiz, suratlar — fakt, ular hammasini ko‘rsatib turibdi.

Butun dunyoda fotohikoya tayyorlashda Uilyam Yujin Smitning “LIFE” jurnalida chop etilgan “Qishloqlik shifokor” fotohikoyasi asos qilib olinadi. Fotojurnalist Kolorado shtatidagi bir qishloqda 23 kun davomida shifokor bilan birga yurib, uning ishi, hayotini o‘rganib, yoritgan.

Bir abituriyentning bir yillik tayyorlanish mashaqqatini tasavvur qiling. Ular aksar hollarda qishda tancha va shamchiroq atrofida dars qiladi. Uy yumushlari, mol-holga qarayman deb uy vazifasini qilishga ulgurmasa yoki o‘zlashtirishi past bo‘lsa, repetitorlari o‘ziga xos tanbehu jazolar ham qo‘llashi mumkin. Xolida fotohikoyasida abituriyentlarning ikki-uch kunini yoritdi, xolos. Nafaqat bu, balki jamiyatni, odamlarni qiynaydigan boshqa mavzularda ham qahramonlar bilan yoki manzillarda “Qishloqlik shifokor"dagi kabi 20 kunlab yoki oylab, yillab yurilsa, qanchadan-qancha muammolarga oyna tutilgan bo‘lardi. Kerakli gaplar kerakli joylarga yetib borardi. Shunda shaharda yashaydiganlar ham qishloq hayotini ko‘rganida “nahotki?!” deya hayratlanishni kamaytirib, O‘zbekiston faqat shahardan iborat emasligini his qilardi.

Bunday ishlar qilinmasligining bir uchi moddiy tarafga ham borib taqaladi. O‘zbekistonda nashrlar oylab yoki yillab mehnat qilingan fotoloyihani sotib olishga tayyorligini bildirishi bilan ijodkorlar tomonidan ham qadamlar qo‘yila boshlanishiga aminman.

Ziyoda Ramazonova: Husniddin aka, siz shogirdlaringizni juda ko‘p qo‘llab-quvvatlaysiz. Fotojurnalistlar uchun sizdek ustozning bo‘lishi qay darajada muhim?

Husniddin Ato: E’tibor bering, O‘zbekistonda biror xalqaro tadbir bo‘lsa, bu haqda xalqaro nashrlarda chiqadigan suratlarning asosiy qismi xorijiy fotojurnalistlarning ishi bo‘ladi. So‘nggi vaqtlarda “Dunyo” axborot agentligining, Prezident administratsiyasi matbuot xizmatining suratlari ham nashr qilinyapti. Lekin jiddiyroq tadbirlarda Getty Images, “Nyu-York Tayms"-u boshqa nashrlar, axborot agentliklari ham xorijiy fotograflarning suratlarini bermoqda. Sport musobaqalarida ham ba’zida Anvar aka Ilyosovning suratlarini ko‘rib qolmasak, asosan xorijiy fotojurnalistlarning ishlari bor. O‘zbekistonda bu sohani rivojlantirmas ekanmiz, hali beri jahon ommaviy axborot vositlariga chiqishimiz qiyin. Shuning uchun ham boshlovchi fotojurnalistlar uchun yaxshi ustozlar, qo‘llab-quvvatlovchilar juda zarur.

O‘zbekistonda fotografiyada ustozlar bor, lekin fotojurnalistikada ustozlar yetarli emas. Nimaga talabalarning yaxshi ishlar qilishi va ularni nashr etilishini o‘zim ham xohlayman? Chunki o‘zim ham ijodkorman, fotografman. O‘zim qilmagan mavzularimni ular tayyorlaganini ko‘rib rohatlanaman. Ijod — cheksiz ummon. Hamisha boshqa ijodkorlar bilan hamsuhbat bo‘lish, bahs-munozaralarni talab etadi. O‘shandagina yuksaladi. Talabalar bilan ishlash jarayonida ulardan ham ancha narsa o‘rganaman.

Fotojurnalistikada eng asosiy qurol — texnika. Kamera, kuchli kompyuter kerak bo‘ladi. Boshlovchi fotojurnalist buning uchun ham eng kamida 25 million so‘m investitsiya kiritish kerak. Tijoriy fotografiya umuman boshqa yo‘nalish. Unda texnikalarni ijaraga olasiz, buyurtmangizdan foyda chiqarib, ijara pulini berasiz. Lekin O‘zbekistonda fotojurnalistika daromadli soha emas. Shuning uchun ham biz boshlovchi fotojurnalistlarni qo‘llab-quvvatlashimiz, ko‘p xarj qilmasin, muvaffaqiyatga erishish uchun juda uzoq vaqt sarflamasin, deb kerakli ko‘nikmalarni oldindan berib, “mana bu joyda sal ehtiyot bo‘lish kerak, buncha vaqting, buncha naqding ketadi”, deb vaziyatni tushuntiramiz, texnikaga olgunicha ta’minlab turamiz.

Shogirdlarimning yoshida o‘zimga o‘xshagan ustozim bo‘lishini juda xohlaganman. Oddiy texnika olishga kelganda ham ilgari kimdadir yoki qayerdadir ko‘rib qolib, hali to‘liq ma’lumotga ega bo‘lmay turib ham shu texnika yaxshi ekan-da deb olishga harakat qilaverganman. Hozir biror talabam, shogirdim texnika olmoqchiman deb kelsa, nima maqsadda foydalanmoqchiligini so‘rayman. Sport, reportaj yoki to‘y uchun mana bunaqa kamera olishing kerak, buncha investitsiya qilishing kerak deb tushuntiraman. Agar bu narsa oldindan aytilmasa, to‘g‘ri kelmaydigan texnikani olib qo‘ysa, ham vaqtdan, ham naqddan yutqazadi.

Ziyoda Ramazonova: Xalqaro darajadagi fotojurnalist bo‘lish uchun nima qilmoq kerak?

Husniddin Ato: Fotojurnalist, yaxshi rasmga olishdan tashqari, albatta, matn yoza olishi, shu bilan birga xorijiy tilni ham bilishi kerak. Avvalo o‘z mamlakatidagi nashrlarda yaxshi ishlar e’lon qilayotgan, tajriba orttirayotgan bo‘lsa, qo‘shimchasiga chet tilini ham bilsa, xorijiy nashrlar uchun ham bemalol ishlay oladi. Hozir Madina A’zam, Dilruh Isomiddinova, Xolida Musulmon, Kamron Hasanov, Murodbek Yusupovlar til bilsa, kifoya. Chunki ularning dastxati aynan xalqaro darajada shakllanib bo‘lgan.

Ziyoda Ramazonova: Yaxshi suhbat bo‘ldi. Vaqt ajratib kelganingiz, qimmatli fikrlar ulashganingiz uchun hammangizga rahmat. Xolida, keyingi ishlarda ham zafarlar tilaymiz. “Gazeta.uz” kelgusi oylarda ham eng yaxshi materiallar mualliflari bilan suhbatlarni davom ettiradi.

Suhbatning to‘liq shaklini “Gazeta.uz"ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilish mumkin.

Tasvirchi va montaj ustasi: Ma’murjon Obrahmatov.