15−28-aprel kunlari “Termiz” harbiy poligonida O‘zbekiston va Hindiston Qurolli kuchlarining “Do‘stlik” qo‘shma harbiy mashg‘ulotlari beshinchi bosqichi bo‘lib o‘tadi, deb xabar qildi Hindiston armiyasi matbuot xizmati.

“Ishtirokchilar hamkorlik va kelajakdagi harbiy munosabatlar uchun poydevor qo‘yish maqsadida birgalikda mashq qiladi”, — deyiladi bayonotda.

“Mashg‘ulotlarda harbiy bo‘linmalar o‘rtasida terrorizmga qarshi birgalikda kurashish va boshqa operatsiyalarni amalga oshirishda muvofiqlashtirilgan harakatlar va jipslikni oshirishga asosiy e’tibor qaratiladi”, — deya xabar qildi O‘zbekiston Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.

Mashg‘ulotlarda O‘zbekiston va Hindistondan 45 nafar harbiy xizmatchi qatnashmoqda. Hindiston tomonidagi kontingent Garval piyoda batalonining askarlaridan iborat.

Dushanba kuni Hindiston armiyasi, shuningdek, armiya shtabi boshlig‘i Manoj Pande rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga ketganini ma’lum qildi. Tashrif o‘zaro anglashuvni mustahkamlash, tomonlarni qiziqtirgan jihatlar bo‘yicha fikr almashish va mudofaa sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashdan iborat.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda ilk mashg‘ulotlar 2019-yilning noyabr oyida bo‘lib o‘tgandi. Avvalgi, to‘rtinchi bosqich 2023-yilning mart oyida Hindistonda o‘tgan bo‘lib, u yerda qo‘lbola usullarda portlatish, shartli terrorchi guruhlarni qidirish va yo‘q qilish, tog‘li va o‘rmonli hududlarda jangovar harakatlar olib borish bo‘yicha qo‘shma mashg‘ulotlar o‘tkazilgan.