Aholi o‘rtasida talabgir, arzon va xavfsiz bo‘lishiga qaramasdan, O‘zbekistonda shahar atrofidagi temir yo‘l aloqasi yaxshi rivojlanmagan. Elektrichkalar boshqa transport turlariga nisbatan tezlik bo‘yicha afzalliklarga ega. Ular avtotransport vositalariga qaraganda ekologik jihatdan toza va bir vaqtda ko‘proq odamlarni tashishga qodir.
Bugun Toshkent Xo‘jakent, Sirdaryo, Guliston, Xovos, Bekobod va Angren bilan shahar atrofi temir yo‘l aloqasi orqali bog‘langan. O‘tgan yilning yozidan boshlab Farg‘ona vodiysida Namangan-Andijon-Marg‘ilon-Qo‘qon yo‘nalishi bo‘yicha elektrlashtirilgan halqa temir yo‘li ishga tushirildi. Ushbu yo‘nalish bo‘ylab elektrichkalarham yo‘lga qo‘yildi. «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ maʼlumotlariga ko‘ra, elektrichkalarda kunlik yo‘lovchilar oqimi 8200 kishini tashkil qiladi.
Kompaniya Toshkent-Xo‘jakent yo‘nalishi uchun yangi elektropoyezdlar sotib olishni
rejalashtirmoqda. Bundan tashqari, O‘TY “Gazeta.uz”ga kelgusida Angren-Toshkent yo‘nalishini Kelesga qadar uzaytirish, shuningdek, Xo‘jakentdan Kelesga Nazarbek orqali poyezd qatnovini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilayotganinini maʼlum qildi. Kompaniyaning xabar berishicha, Kelesni Toshkent bilan bog‘laydigan yo‘lda har kuni jiddiy tirbandliklar paydo bo‘lmoqda. Yangi yo‘nalishlarni ochish mazkur muammoni ijobiy hal qilishi mumkin. Buning uchun temir yo‘l qurishning hojati yo‘q – u allaqachon mavjud. Loyihalarning muddatlari hozircha nomaʼlum.
Shu bilan birga, bundan to‘rt yil muqaddam Bekobod-Toshkent-Bekobod yo‘nalishidagi qatnovlar sonini kuniga ikkitaga yetkazish
rejalashtirilgan edi, lekin yangi tarkiblar yo‘qligi tufayli bu reja amalga oshmadi.
“Gazeta.uz” fotomuxbiri Yevgeniy Sorochin Toshkentdan Xo‘jakent va Sirdaryoga elektropoyezdda borib, yo‘lovchilarning O‘TY ko‘rsatayotgan xizmatlar haqidagi fikrlarini o‘rganishga harakat qildi.
Materialga izohlar