Bobur bog‘i – mening bolaligim bog‘i. Muzning singan ovozi va to‘rt yoshli ukamning uning ostiga tushib ketganini eslayman. Bu “Kapalak” ko‘lida sodir bo‘lgan edi. 2003 yilning qishi. Bronxlar saratoniga chalingan dadam ko‘lga tushib, bolani chiqarib olgan edi. Ikki yildan keyin u vafot etdi. Dadam Toshkentning qanday qilib bog‘larsiz qolgani va ko‘prigu mashinalar shahriga aylanganini ko‘rmadi. Bu shahar uchun saratondek emasmi?
O‘tgan yilning oktyabr oyida endilikda “Do‘stlik” nomini olgan bog‘ taʼmirlash ishlari tugallanmaganiga qaramay, rekonstruksiyadan so‘ng
ochildi. Bir necha yil davomida u sarmoyadorni kutib, qarovsiz holda turdi. Bog‘ni qayta tiklash bo‘yicha bir qancha
konsepsiyalar ko‘rib chiqildi, biroq ularning hech biri tuman aholisi bilan muhokama qilinmadi. 2021 yil bahorida Toshkent shahar hokimligi istirohat bog‘i poytaxtga qaytarilgani, shahar maʼmuriyati fuqarolarning fikrini inobatga olgan holda uni qayta tiklashini
maʼlum qildi.
Aholi tomonidan aytilgan bog‘ga qo‘yiladigan asosiy talablar: muntazam sug‘orib turiladigan ko‘proq daraxtlar va yashilliklar, velosiped yo‘llaridan ajratilgan piyodalar yo‘laklari, o‘rindiqlar, favvoralar, sport maydonchalari, qayiqli ko‘l, skeytbordlar va roliklar uchun maydon, bepul kirish, hech qanday attraksionlarning bo‘lmasligi va boshqalar.
Avval-boshda bog‘ 16 gektar maydonda joylashgan bo‘lib, Bobur, Shota Rustaveli va Bratislava ko‘chalari orasidagi hududni egallagan edi. Bugungi kunda uning maydoni 4 gektarga kamaydi. Hududning bir qismida Navoiy nomidagi O‘zbek tili va adabiyoti universiteti qarshisida avtoturargoh, Pushkin xiyoboni hamda gul bozori paydo bo‘ldi.
Bundan tashqari, oxirgi yillarda Bratislava ko‘chasida 10 qavatli turar-joy binosi paydo bo‘ldi, Shota Rustaveli ko‘chasidagi “Buxoro” kafesi o‘rnida ham ko‘p qavatli uy qurilmoqda. Yakkasaroy tumani hokimi Anvar Sayfutdinov “Gazeta.uz”ga bergan intervyusida tadbirkorning to‘rt qavatni qurishga ruxsati borligiga qaramasdan, bugungi kunda u yerda besh qavatli bino barpo etilgani sababli qurilishni to‘xtatganini taʼkidladi. Tadbirkor qurilishni davom ettirish uchun hujjatlarni ola oladimi, bu – ochiq savol.
Materialga izohlar