Foto: Madina Aʼzam / “Gazeta.uz”
Toshkent morjlari —
qishda cho‘milish haqida
Foto: Madina Aʼzam / “Gazeta.uz”
Toshkent morjlari —
qishda cho‘milish haqida
“Gazeta.uz” fotomuxbiri Madina Aʼzam yilning har qanday faslida cho‘milishni xush ko‘radigan morjlar bilan suhbatlashdi.
Ertalabki soat 7 da “Beshyog‘och” mahallasining bog‘ hududidagi Burjar kanali qismida, GES va Afrosiyob ko‘chasi kesishmasida deyarli hech kim yo‘q. Kanal bo‘ylab yam-yashil o‘tdagi qirov havo harorati sovuqligini bildiradi. Shunga qaramasdan, bu yerda qishki cho‘milish ixlosmandlari yig‘ilishadi — asosan o‘rta va keksa yoshdagi erkaklar.
Burjarda cho‘milish taqiqlangan. Bu haqda ogohlantiruvchi belgilar arteriyaning suvga kirishning imkoniyati bo‘lgan barcha hududlarida o‘rnatilgan. Bir yil oldin kanal bo‘ylab to‘siqlar o‘rnatildi. Lekin ko‘p o‘tmay yana kanalga tushish joylari paydo bo‘ldi.
Morjlardan biri Ahmadjon Ilhomovning taxmin qilishicha, bu yerdagi taqiq belgisi endi suzishni boshlaganlarga taalluqli.
реклама
реклама

«Bu taʼqiq suzishni endi boshlayotganlar uchun bo‘lsa kerak, shuning uchunmi bizga biror marta hech kim hech qanday jarima solmagan», — deydi u. Yaqin atrofda Milliy gvardiya xodimlari aylanib yurishibdi.

Ahmadjon aka yoshligidan morjlikka qiziqqanligini aytadi. Bolalik vaqtlarida u bahorning iliq, yozning qaynoq kunlarida cho‘milib yurgan. Tanishlaridan qishda cho‘milishning sog‘liqqa foydasi haqida eshitib, ushbu mashg‘ulotga ham qiziqishni boshlagan.

«17 yoshimdan boshlab qishki suzish ishqiboziga aylanganman, — deydi Ahmadjon Ilhomov. — Keyinchalik cho‘milish kun tartibimdan asosiy o‘rinni egalladi».

U o‘zini 50 yoshli morj deb ataydi, chunki yarim asr davomida ochiq suv havzalarida yil bo‘yi cho‘miladi.

«Har kuni barvaqt uyg‘onib, anhor bo‘yiga kelaman. Suv yoqalab 2-3 kilometr piyoda yurib, mashq qilib tanamni qizdiraman. Soat 11 larga yaqin yana 4-5 ta morj do‘stlarim ham keladi. Keyin birga suvga sho‘ng‘iymiz. Suzish tanani chiniqtiradi. Qishning sovuq kunlarida ham bitta futbolka ustidan, yengil sviter kiyaman. Uzoq yillar bo‘ldi, oxirgi marta qachon gripp bo‘lganimni eslay olmayman», — deb hikoya qiladi Ahmadjon aka.
U kanalning ushbu qismidan odamlar tez-tez o‘tishini, ayniqsa ochiq joyda kiyimlarni almashtirish biroz g‘alati ekanligini qo‘shimcha qildi. O‘rindiqlar yechim bo‘lishi mumkin, biroq kanal bo‘ylab shahar aholisi ko‘p aylanadigan yashil hudud joylashganiga qaramasdan, bu yerda bitta ham o‘rindiq yo‘q.

«Shu yerlarga o‘rindiqlar o‘rnatilsa xursand bo‘lamiz», — deydi Ahmadjon Ilhomov.
Qishki cho‘milishning yana bir ishqibozi Rixsivoy G‘anizonov Toshkentda 50 dan ortiq aʼzosi bor morjlar klubi borligini aytdi. Ammo hozir pandemiya sababli atigi 10 ga yaqin klub aʼzolari cho‘milish uchun keladi.

U Anhor kanali bo‘ylab Minor qabristoni yaqinida joylashgan. Qabristonga qo‘shni bo‘lish hammaga ham yoqmaydi. Masalan, Ahmadjon Ilhomov uchun bu noqulaylik tug‘diradi, shu sababli hech qachon u yerda cho‘milmaydi. Bundan tashqari, arteriyaning o‘sha qismidan tez-tez baydarkachilar suzib o‘tadi, baʼzi morjlar ular bilan to‘qnash kelishni xushlamaydi.
Klub Jismoniy tarbiya instituti hududining sakkiz so‘tix yer maydonida joylashgan. Shu yerda morjlarga badminton o‘ynash uchun maydoncha qurib berishgan, kiyim almashtirish xonasi esa eski vagonga joylashtirildi. Rixsivoy G‘anixonovning aytishicha, qolgan sharoitlarni morjlar o‘zlari qilishgan.
реклама
реклама
«Panjara devorlar o‘rnatib, vagonlarni kerakli jihozlar bilan to‘ldirdik, — deydi u. — Hozir klubimiz aʼzolariga issiq va sovuq suv, yuvinish xonasi kerak. Kiyinish xonasi va kichik oshxonamiz ham taʼmirtalab holatda. Bu masalada shahar hokimiyatiga ariza bilan chiqqanimizda, hokimiyatdan arizamiz tuman hokimi nazoratida ekanligi va bu yil rejaga kiritilganligi haqida javob oldik».

Rixsivoy G‘anixonovning so‘zlariga ko‘ra, morjlar klubda har kuni soat 16:00 da yig‘ilishadi. Badanini turli mashqlar bilan qizdirib, suvga bir necha marta sho‘ng‘ishadi va 3-4 daqiqa davomida cho‘milishadi. Keyin esa shaxmat va badminton o‘ynashadi.
Rixsivoy G‘anixonov 2000 yildan boshlab qishda cho‘milishni boshlaganini aytadi. Uni bronxial astma bezovta qilishni boshlaganida, allergolog qish kunlari ham tez-tez cho‘milib turishni tavsiya qilgan. Rixsivoy akada kasallik alomatlari umuman qolmagan

«Morjlik menga sog‘lik tuhfa etdi. Agar har kuni cho‘milishga kelmasam, yoki 20 kilometrga yaqin piyoda yurmasam nimamnidir yo‘qotib qo‘ygandek bo‘laman. Cho‘milish hayotimning bir qismiga aylanib ulgurganidan xursandman».

«​​Shuncha yil davomida men cho‘milgan eng past harorat nechchi ekanligini aniq bilmayman. Ammo shuni ayta olamanki, 10 yildan ortiq vaqt davomida qishning xoh yomg‘ir, xoh qorli kunlarida ham har kuni cho‘milishga keldim», — deydi Rixsivoy G‘anixonov.
Klubga yaqinlashayotgan Abdurahmon Shukurovni ko‘rib hamma «Ana, haqiqiy morj kelyapti» deydi. U anhorlarda bolaligidan yil bo‘yi cho‘miladi. 11 yoshidan esa morjlik unga odat bo‘ldi.
«Men avvaliga aprel kunlaridan oktyabrgacha, keyinroq bahorning ilk kunlaridan noyabrning oxiriga qadar har kuni cho‘milib turganman. Har yili bir oy erta boshlab, bir oy kech to‘xtatganman. Shunday qilib o‘z-o‘zidan qishki suzishga kirib kelganman. Mana 35 yildan buyon eng sevimli mashg‘ulotim – qishda cho‘milish. Hozir 45 yoshman. Ammo tengdoshlarimning aytishicha, ulardan ancha ko‘rkam va yosh ko‘rinar ekanman. Haqiqatan shunday-da!», — deydi Abdurahmon Shukurov.
Matn va fotosuratlar muallifi Madina Aʼzam
Matn va grafik materiallarga huquqlar “Gazeta.uz” nashriga tegishli. “Gazeta.uz” internet-nashri saytida eʼlon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan quyidagi havola orqali tanishishingiz mumkin.
Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting