Mart oyida jahon bozorida oziq-ovqat narxlari keskin ko‘tarilib, 1990 yildan beri kuzatilgan rekord darajaga yetdi, deya xabar qildi BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO).

Tashkilotning qayd etishicha, Qora dengiz mintaqasida kechayotgan urush oqibatlari, ayniqsa, jahon don va o‘simlik yog‘i bozorlarida shoklarni keltirib chiqardi. So‘nggi uch yil mobaynida Rossiya va Ukraina birgalikda jahon miqyosida bug‘doy eksportining qariyb 30% iga, makkajo‘xori eksportining 20% iga egalik qilib kelgan. Qolaversa, Rossiya hamda Ukraina o‘simlik yog‘ini yirik hajmda eksport qiluvchi mamlakatlar hisoblanadi. Xususan, 2019 yilda Rossiya hamda Ukrainaning birgalikdagi o‘simlik yog‘i eksporti dunyo eksportining 64% qismini tashkil etgan.

Xabarda aytilishicha, FAO oziq-ovqat mahsulotlari narxlari indeksi mart oyida o‘rtacha 159,3 bandni qayd etdi — bu indeks allaqachon rekord darajaga yetgan fevral oyidagi ko‘rsatkichdan 12,6% ga yuqori. 2021 yil mart oyiga nisbatan narxlar indeksi 33,6% ga oshgan.

Ma’lumot o‘rnida: FAO oziq-ovqat mahsulotlari narxlari indeksi tashkilot tomonidan eng ko‘p oldi-sotdi qilinadigan asosiy oziq-ovqat mahsulotlari savati uchun jahon narxlarining oylik o‘zgarishini kuzatib borish maqsadida foydalaniladi.

Don mahsulotlari

Qayd etilishicha, mart oyida jahon bozorida bug‘doy narxlari 19,7% ga ko‘tarilgan. AQShda donli ekinlar holati bilan bog‘liq mavjud xavotirlar ta’sirida narx o‘sishi kuchayganligi aytilmoqda.

Shuningdek, makkajo‘xori narxi fevral oyiga nisbatan 19,1% ga oshib, arpa va jo‘xori narxi bilan bir qatorda rekord darajaga yetgan.

O‘simlik yog‘lari

FAO`ga ko‘ra, o‘simlik yog‘i narxlari indeksi, asosiy eksportyori Ukraina hisoblangan kungaboqar yog‘ining yuqori kotirovkalari sabab 23,2% ga oshgan.

Shuningdek, kungaboqar yog‘i va neft xomashyosi narxlarining ko‘tarilishi natijasida palma, soya va kolza yog‘i narxlarida sezilarli o‘sish kuzatilgan. Soya yog‘i narxlari o‘sishi Janubiy Amerikadan eksportning qisqarishi yuzasidan xavotirlar fonida yanada mustahkamlangan.

Shakar, go‘sht va sut mahsulotlari

Mart oyida shakar narxlari indeksi fevral oyiga nisbatan 6,7% ga oshgan. Shuningdek, mart oyi narx indekslari go‘sht mahsulotlari 4,8% ga, sut mahsulotlari 2,6% ga qimmatlashganligini ko‘rsatgan. Bunga neft xomashyosi narxining oshishi, parranda grippining avj olishi va boshqa omillar salbiy ta’sir ko‘rsatgan.

2022 yil uchun prognozlar

FAO prognoz qilishicha, 2022 yilda jahon miqyosida bug‘doy ishlab chiqarish hajmi 784 million tonnani tashkil etadi, bu 2021 yilga nisbatan 1,1% ga ko‘p. Mazkur hisob-kitoblarda Ukrainadagi kuzgi bug‘doy hosili urush fonida to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘q qilinishi, o‘rim-yig‘im uchun resurslarning yetishmasligi yoki ulardan foydalanish imkoniyati cheklanganligi tufayli yig‘ib olinmasligi mumkinligi to‘g‘risidagi taxminlarni inobatga olingan. Shuningdek, Rossiyadagi qulay ob-havo sharoiti va Xitoy, Yevropa Ittifoqi, Hindiston, Shimoliy Amerika va boshqa mintaqalarda kutilayotgan ishlab chiqarish hajmlari ham hisobga olingan. Argentina, Braziliya va Janubiy Afrikada yirik don ishlab chiqarish istiqbollari qulayligicha qolmoqda.

Tashkilot 2021 yilgi mavsum hosili bo‘yicha ma’lumotlarni sarhisob qilgan holda, dunyo bo‘ylab boshoqli don yetishtirish hajmi 2,799 milliard tonnani tashkil etishini prognoz qilmoqda — bu 2020 yilgi ko‘rsatkichga nisbatan biroz ko‘proq. Ayni paytda, guruch ishlab chiqarish rekord darajaga — 520,3 million tonnaga yetishi aytilmoqda (tegirmon ekvivalentida).

FAO`ga ko‘ra, 2021−2022 yillarda global miqyosda don mahsulotlari iste’moli hajmi 2,789 milliard tonnani tashkil etishi kutilmoqda.

Global don zaxiralari 2022 yil oxirida yil boshiga nisbatan 2,4% ga o‘sishi prognoz qilinmoqda. Mazkur o‘sish prognozi asosan Rossiya va Ukrainada eksport hajmining kutilayotgan pasayishi hisobiga bug‘doy va makkajo‘xori zahiralarining ortishi bilan izohlangan.

FAO 2022 yilgi jahon don mahsulotlari savdosi hajmi prognozini 469 million tonnagacha pasaytirdi, bunga Ukrainadagi urush asosiy sabab sifatida ko‘rsatilmoqda. Yevropa Ittifoqi va Hindiston bug‘doy eksporti hajmini oshirishi prognoz qilingan. Argentina, Hindiston va AQSh esa ko‘proq makkajo‘xori yetkazib berishi kutilmoqda, bu Qora dengiz mintaqasida yuzaga kelgan eksport yo‘qotilishini qisman qoplashi mumkin.

Avvalroq iqtisodchi, «Gazeta.uz» kolumnisti Mirkomil Xolboyev Ukrainadagi urush natijasida yuzaga kelgan global uzilishlar kelgusi oylarda O‘zbekistonda o‘simlik yog‘i narxlarining o‘sish sur’ati tezlashishiga olib kelishi mumkinligi haqida yozgan edi. Xususan, mart oyida mahalliy bozorda o‘simlik yog‘ining narxi 3,1% ga ko‘tarilgan. Mutaxassisning qayd etishicha, global uzilishlarga qo‘shimcha ravishda, Rossiya hukumati tomonidan o‘simlik yog‘i hamda uning xomashyosi (kungaboqar) eksportining kvota orqali qisman cheklanishi hamda uning importyor davlatlar bo‘yicha qanday taqsimlanishi borasidagi noaniqliklar O‘zbekiston bozorida o‘simlik yog‘i narxining yanada tezroq o‘sishiga olib kelishi mumkin.