Xaritani tuzish ustida ishlagan Raqamli rivojlanish departamenti jamoasi
Mening ismim Qutlimratov Jonibek, men chirchiqlik kartografman. Har doim shahrimning yana-da go‘zal bo‘lishini istar edim. Bir necha yil avval men Chirchiq bo‘ylab harakatlanish qulay bo‘lishi uchun Chirchiq shahri ko‘chalarini Yandeks xaritalariga kiritish bilan shug‘ullanganman.
Meni AgeTashkent loyihasiga jalb qilishganda Chirchiqning ham shunday xaritasi bo‘lishi mumkinligi haqida o‘yladim. Age Tashkent loyihasining art-direktori va Toshkent hokimining axborot texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha o‘rinbosari Aleksey Xen bilan maslahatlashib, biz Age Chirchik ni yaratishga qaror qildik.
«Men Jonibekning tashabbusini xayrixohlik bilan qabul qildim — amalda barchamiz uchun foydali va qiziqarli bo‘lgan Age Tashkent loyihasini kengaytirishni istar edik, — deydi Aleksey. — Ayni paytda u shahar aholisi uchun ham qiziqarli bo‘ldi: biz bilan muloqotga chiqib, qidiruv funksiyasini qo‘shishni so‘rashdi, loyihani yana-da yaxshilash yo‘llarini ko‘rsatishdi».
Aleksey keyinchalik Raqamli rivojlanish departamenti mutaxassislari jamoasini safarbar qilib, Age Tashkent loyihasiga Chirchiqni joriy etish ishlarini boshlab berdi.
Jalb qilingan mutaxassislar orasida front-end yaratuvchi Marat Ayupov ham bor.
«Dastlab biz Chirchiqning yoshiga oid xaritani ishlab chiqishni rejalashtirmaganmiz. Biz Age Tashkent loyihasini tayyor holga keltirgan edik va loyihani boshqa shaharlarga ham kengaytirish g‘oyasi tug‘ilgach, kodni qayta yozish uchun bosh qotirishga to‘g‘ri keldi», — deydi u.
Kodni moslashtirishga 10 kuncha vaqt ketdi. Natijada u Age Tashkent loyihasiga kengaytirish imkoniyatini kiritdi.
«Endi biz unga yangi lokatsiyalarni kiritishimiz mumkin, va ehtimol, Chirchiqdan keyin O‘zbekistonning boshqa tarixiy va qiziqarli joylarini ham o‘rganishga kirishamiz», — deya taʼkidlaydi Marat Ayupov.
Sayt kompyuterda ham, mobil telefonlarda ham, noutbuklarda ham ishlaydi.
Foydalanuvchilar yillar shkalasiga kirib, xaritadan o‘zlarini qiziqtirgan davrni topishlari mumkin. Binolarning qachon qurilganligini aniqlash uchun koordinatalar yoki manzillar bo‘yicha qidirish mumkin.
Marat Ayupov Chirchiqning tarixiy va madaniy merosiga alohida eʼtibor qaratgan. Xaritada ularni ajratib ko‘rsatish uchun u xaritaga pinlarni kiritgan. Ular har bir obyektni ko‘rsatib, klik orqali obyekt tarixi haqida qo‘shimcha maʼlumot beradi. Bundan tashqari, kursorni chap tomondagi pastki burchakdagi vaqt shkalasiga to‘g‘irlansa, sayt har bir rangning maʼnosini aytib beradi va nima uchun aynan shu rang tanlanganligini izohlaydi.
Har bir uy va tarixiy obyekt haqidagi maʼlumotlarni geofazoviy maʼlumotlarni qayta ishlash bo‘yicha bosh menejer Lazizbek Toshqulov to‘plagan. U o‘z ishini Chirchiqning meʼmoriy obyektlarini o‘rganishdan boshlagan.
«Chirchiqda meʼmoriy va tarixiy obyektlar soni men o‘ylaganimdan ko‘p ekan», — deydi u.
Odatda odamlarga Chirchiq haqida aytib berganimda, ular ko‘pincha «qaysi Chirchiq?» deb so‘rashadi. Har gal bu shahar o‘z tarixiga ega ekanligini tushuntiraman, u haqida ko‘p narsalarni aytib berish mumkin. Men bu shaharni yaxshi ko‘raman, boshqalar ham uni yoqtirib qolishini istayman, chunki Chirchiq haqiqatan ham bunga loyiqdir.
Rahbarimiz Aleksey Xen ham ushbu fikrga qo‘shiladi.
«Chirchiq go‘zal shahar, aholisi juda hamjihat va ishonamizki, bunday interfaol xaritalar har bir chirchiqlik uchun muhim. Ayni paytda, kelajakda O‘zbekistonning Samarqand, Buxoro, Xiva va boshqa tarixiy shaharlari maʼmuriyati bilan birga loyihani kengaytirishni davom ettirish maqsadga muvofiq bo‘lar edi».
Materialga izohlar