Bo‘sh va bo‘sh bo‘lmagan, uxlash va ovqatlanishdan tashqari hamma vaqtingni o‘qishga bag‘ishla, til o‘rgan. Tanlagan kasbingni chuqurlashtirilgan darajada o‘rgan. Hozir sutkalab bilimni va intellektni oshirishga kuch va energiyang yetadi. Aynan mana shu o‘smirlik vaqtidagi o‘qish tiklanib bo‘lmaydigan bilim manbai. Shu davrda odam boshqa narsalarga chalg‘isa (bu vaqtda bunga faktorlar juda ham ko‘p), keyin yana o‘sha maqsad sari yo‘lga qaytish juda ham qiyin bo‘ladi. Juda uzoqlardan aylanib kelishga to‘g‘ri keladi.
Hattoki ish ham chalg‘ituvchi faktor bo‘lishi mumkin. Kimdir majburlikdan ishlaydi. Agar och qolmayotgan bo‘lsa, ishni yig‘ishtirish kerak. Bu o‘qiydigan payt. Kimdirda esa zo‘r-zo‘r imkoniyatlar paydo bo‘ladi. Biroq, hattoki dunyoning eng zo‘r mega korporatsiyalaridan ish taklif qilishsa ham, undan voz kechgan holda, bilimni va darajani oshirishga vaqt, kuch, kerak bo‘lsa mablag‘ ishlatish kerak.
Yangi avlod vakillari uchun uchta muhim hislatlar:
- Halollik, tozalik. Bu juda ham muhim. Halol odam hech qachon o‘ziga bo‘lgan ishonchni yo‘qotmaydi. Har kimning ko‘ziga tik qaray oladi. Boshi egilmaydi.
- Odob-axloq. Yoshlikda odam shunaqangi xatolarga yo‘l qo‘yadiki, keyinchalik umri davomida afsuslanib yuradi. Bu xatolar ko‘pincha odob-axloq yo‘qligi natijasida yuzaga keladi.
- Sabr. Bu aynan o‘qish va bilim olishdagi sabr. Bunda o‘z maqsadidagi yakuniy nuqtani o‘ziga motivatsiya qilib olib, shunga sabr bilan intilish kerak bo‘ladi.
Qaysi sohani tanlashdan qatʼi nazar professionalikka intiling. Eng zo‘ri bo‘lishga, hayotda kerakli mutaxassis bo‘lishga intiling.
Va yana bitta muhim narsa, doimo
o‘zingiz hurmat qilgan tajribali insonlarning maslahatlariga quloq tuting. Hech qachon undan o‘zingizni olib qochmang. O‘rganishdan to‘xtamang.
Sportda shunday: Oddiy sport zalidagi mashg‘ulotni olaylik. Odam bitta mashqni bajarayotganda kuchi qolmagan, charchagan holatda murabbiy yana bir yoki ikki marta shu mashqni bajarishni buyursa, o‘sha mashqni bajara olgan insonda rivojlanish bo‘ladi, lekin o‘sha charchagan payt to‘xtasa, bo‘ldi, “planka” o‘sha yerda qoladi, to‘xtaydi.
Shu maʼnoda har doim “Bo‘ldi!” degan paytingizda ham, “Yo‘q, yana ozgina bo‘lsa ham oldinga intilishim kerak” deb odam o‘ziga bosim qilishi kerak.
Materialga izohlar