Imtihon ham, aslida, oddiy kun. Imtihon arafasida va aynan shu kuni abituriyentlarda biroz hayajon yoki qandaydir bosim bo‘lishi mumkin, ammo bu ko‘pincha zararga ishlaydi. Bu kunga odatiy kundek qarash kerak, bor bilimlarni esa shu kuni ishga solish kerak.
Aslida, bugungi zamonda o‘qishga kira olmaslik fojia emas, yoki oliy ma’lumotga ega bo‘lish kafolatli kelajak ham emas! Hayot o‘qishga kira olmaslik bilan tugab qolmaydi, u davom etadi. Eng muhimi yiqilganda o‘rnidan turib keta olishni bilishdir. Avvalo, barcha bilimli abituriyentlar talaba bo‘lishlarini tilayman. Agar bu o‘xshamasa, tushunkunlikka tushish kerak emas, chunki hayot davom etaveradi, ortda qolgan qolib ketaveradi. Bu paytda yana qayta tayyorlanish kerak, astoydil harakat qilgan va bilim olgan inson maqsadiga yetadi, albatta.
Xorijiy tillarni o‘rganishni tavsiya qilaman. Til bilish bugun zamon talabiga aylanib ulgurdi. Xorijiy tillarni bilgan insonga dunyo eshiklari ham ochiladi. Bundan tashqari, eng yaxshi kitoblarni, manbalarni bemalol o‘qish va tushunish uchun ham bu eng muhim omil. Inson qancha ko‘p kitob o‘qisa, qancha ko‘p izlansa va harakat qilsa, sohasining eng kuchlisi bo‘lib boraveradi.
Men hozirgi abituriyentlarga qanday maslahat beraman? O‘zingizga ishonch bilan, yaxshilab tayyorlanib, qo‘rqmasdan imtihon kiring. Men imtihon topshirayotganimda ikkinchi variantim ham bor edi. Mabodo kira olmasam, Moskvaga ketib, Moskva davlat universitetida yoki boshqa oliygohda huquq sohasida o‘qimoqchi edim. Balki menda ikkinchi variant bo‘lgani uchun ham juda o‘zimga ishonch bilan kirgandirman. Agarda abituriyentlarda ham shunday turli variantlar bo‘lsa o‘ziga ishonch ancha ortadi.
Talaba bo‘lgan insonlarni tabriklagan bo‘lardim. Bu katta masʼuliyat, mashaqqat va bu katta mehnatning samarasi. Endigi navbat — yaxshilab o‘qish. Universitetda o‘qish davri juda ham zo‘r davr. Men o‘zimning shu davrimni juda yaxshi ko‘raman.
Uchinchisi, albatta networking (foydali aloqalar) qilish kerak. Talabalik shunday davrki, do‘stona networking uyushtiriladi, shu aloqalarni kelajakda — katta hayotda ishlatish kerak. Hozir o‘zimning o‘rtoqlarim, kursdoshlarim bilan birga ishlaymiz. Davlat idoralarida ishlasa ham birgalikda loyihalar qilamiz, bir-birimizga yordam beramiz. Shu bois bu narsa juda muhim.
Hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting
Materialga izohlar