Bayramshunos Usmon Qoraboyevning so‘zlariga ko‘ra, 1991-yilning 31-avgust kuni birinchi prezident Islom Karimov 1-sentabrni Mustaqillik kuni umumxalq bayrami sifatida eʼlon qiladi. O‘sha kuni kechqurun hududlar rahbarlari, madaniyat xodimlariga bayramni ko‘tarinki ruhda nishonlash bo‘yicha topshiriq beriladi. Ko‘plab rejissyorlar, teatr ijodkorlari, konsert tashkilotlari tadbirlar o‘tkazishga jalb qilinadi.
«O‘sha yillari hozirgi O‘zbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutida ishlardim. 1991 yilda poytaxtning o‘nlab nuqtalari: Hadra, Beshyog‘och, Ko‘kcha kabi aholi gavjum joylarda konsertlar namoyish etilgan. Biz Mustaqillik maydonida sayil-konsert, turli qiziqarli o‘yinlar tashkil qilishga harakat qilganmiz», — dedi u.
1992−2011-yillar davomida Mustaqillik bayramining bosh tomoshasi rejissyori, O‘zbekiston xalq artisti Rustam Hamidovning yodga olishicha, 1992 yili − ilk bayram shodiyonasini nishonlash bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan. O‘sha paytlardagi bosh vazir o‘rinbosari Mustaqillik bayramini o‘tkazish kerakligini aytib, davradagi odamlardan fikr va takliflar so‘ragan.
Majlis oxirrog‘ida menga so‘z berishdi. U paytda Hamza (hozirgi O‘zbek Milliy Akademik drama) teatrining bosh rejissyori edim. Men: „Mustaqillik bayrami kechqurun o‘tadigan bo‘lsa, biz madaniyat va sanʼatimizning hamma janridagi yutuq bo‘ladigan namunalarni mustaqil davlatga xos tarzda olib chiqishimiz kerak. Faqat folklor va etnografiya bilan cheklansak bo‘lmaydi“, deya o‘z fikrimni bildirdim. Oradan biroz vaqt o‘tib, fikrlarim maʼqul ko‘ringan shekilli, chaqirishdi. Ssenariy yozdik, tasdiqlandi. Ishga tushib ketdik.
Rustam Hamidovning qo‘shimcha qilishicha, Islom Karimov qo‘liga qog‘oz-qalam olib, sahna qanday ko‘rinishda bo‘lishini chizib bergan. Lekin rejissyor nazarida chizgilar (tomosha maydoniga) unchalik to‘g‘ri kelmagan.
«Chunki u — o‘z nomi bilan maydon, tagidan metro o‘tadi. Keyin quyosh o‘sha tarafdan chiqadi, uning ustiga esa sahnani o‘rnatib bo‘lmaydi. Shu bois „Tushunarlimi?“, deb so‘raganlarida, „Islom Abdug‘aniyevich, oxirigacha tushunganim yo‘q“, deb javob berdim. U kishining oldida turgan bir rahbar: „Sizga prezident hatto rasmigacha chizib berdilar, nimasiga tushunmaysiz“, dedi. Keyin menga javob berib yuborishdi», — deya so‘zlab berdi rejissyor.
Oradan hech qancha vaqt o‘tmay, o‘sha kunning o‘zidayoq prezident repetitsiya bo‘layotgan joyga tashrif buyuradi.
«Hamma rahbar maydonga yig‘ildi. Islom Abdug‘aniyevichning o‘zi kelib, maydonning u yoq-bu yog‘iga o‘tib, ancha aylandi. Oxirida: „Ha-a… Tushunmaganingcha bor ekan. Sening varianting to‘g‘ri ekan“, deb qoldilar. O‘shanda menga: „Endi bo‘ldimi?“, deganlarida: „Yo‘q, yana bir-ikkita masala bor, apparatlarning kuchi yetmayapti. Moskvadagilar bayram o‘tkazishyapti. O‘shalarning yoritish, ovoz kuchaytirish uskunalarini hech bo‘lmasa, ijaraga bo‘lsa hamm olib kelishga ruxsat bering“, dedim. Ular juda qimmat edi. Islom Abdug‘aniyevich: „Mayli, keyinchalik o‘zimiz sotib olarmiz. Hozircha olib kelinglar“, degandilar. Shunday qilib, bayramning birinchi yilini o‘tkazganmiz», — dedi Rustam Hamidov.
Usmon Qoraboyevning aytishicha, rejissyor Rustam Hamidov O‘zbekistonda ilk bor Mustaqillik bayramini nishonlashga kirishishdan oldin jahonning ko‘plab davlatlari tajribasini o‘rganib chiqqan.
«O‘zbekistonda o‘z milliy shakl-shamoyiliga ega Mustaqillik bayrami bo‘lishi kerak, degan fikrga kelindi. Bu fikr rahbariyatga ham yoqdi va ishlar yurishib ketdi. Ilk bayram Mustaqillik maydonida „O‘zbekiston: Mustaqillik, Tinchlik, Hamkorlik“ degan shior bilan o‘tkazilgan. Tadbir bir qancha bloklarga bo‘lingan holda tashkil etilgan», — dedi bayramshunos.
Rustam Hamidovning taʼkidlashicha, o‘sha davrdagi bayramlar bir qolipga tushib qolgan. Rejissyorning o‘zi ham buni sezib, qolipni buzmoqchi bo‘lgan.
«Bu qolipni buzmoqchi bo‘ldim. Boshqacha ssenariy yozib, (masʼul) bir rahbarning oldiga kirdik. U odam: «Bu bo‘lmaydi, harbiylar qani, sportchilar qani, bolalar qani? Tizim, kompozitsiya bo‘lishi kerak», deb, o‘zimiz ishlab, qolipga joylagan dasturga bizni yana qaytardi. Maqsadimiz — oldingi “ramka”ni buzish edi, bitta qolipga tushib qoldi bayramlar, deb aytsak ham ko‘nmagan», — dedi u.
Faxr bilan shuni aytish lozimki, O‘zbekistonda ommaviy bayramlarni tashkil qilish tajribasi MDH da eng ilg‘or deb tan olinib, qo‘shni
va qardosh Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Ozarbayjon kabi davlatlardan mutaxassislar tajriba o‘rgangani kela boshladi. Ular bizda bayramlarni tashkil qilishning yangi samarali “mexanizmi” yaratilganini eʼtirof etishardi.
Islom Karimov nega bolalarni ko‘tarib, raqsga tushardi?
Usmon Qoraboyevning taʼkidlashicha, birinchi prezident davlat tadbirlari, ayniqsa, Mustaqillik va Navro‘z bayramlarini tashkillashtirishga katta ahamiyat qaratgan.
«Rustam Hamidov har yili bayramga yaqin Islom Abdug‘aniyevich ishtirokidagi yig‘ilishlarda bayram rejasi va dasturi haqida qisqacha gapirib berardi. Prezident jarayonlarga nisbatan munosabatini, takliflarini ham bildirardi», — dedi bayramshunos.
Bayramshunosning taʼkidlashicha, “Yalla” ansambli, Nasiba Abdullayeva, Munojat Yo‘lchiyeva, G‘ulomjon Yoqubov, Mahmud Namozov singari o‘nlab sanʼatkorlar bayramlarda muntazam ravishda o‘z ijod namunalari bilan qatnashgan.
«Ular o‘ziga xos sanʼatkor sifatida har qanday davlat tadbiriga mos qo‘shiq yaratib, doim tayyor bo‘lardi. Prezident ham bu sanʼatkorlarning ijodini juda yoqtirardi», — deya xotirladi u.
Rustam Hamidov esa tanish-bilish orqali bayramlarda ishtirok etishga harakat qilgan sanʼatkorlar ham uchraganini taʼkidlagandi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, ayrim rahbarlarning o‘zi sifatsiz asarlarni, qobiliyatsiz “sanʼatkorlar”ni tiqishtirgan. Baʼzan hatto «bu — “yuqori”dan, falonchining topshirig‘i», deya aytishgacha borishgan.
«Har xil bahonalarni qilib, meni naqd uch marta asosiy ishim (yaʼni bosh rejissyorlik)dan bo‘shatib yuborishgan. Islom Abdug‘aniyevich eshitib qolib, meni yana qaytarganlar. Endi hamma sohada ham prinsip, odamning o‘z pozitsiyasi bo‘lmasa, ish ketmaydi. Maqsad — dushman orttirish emas, sizga topshirilgan vazifani aʼlo darajada bajarish», — deya yodga oladi rejissyor.
Bayramshunos Usmon Qoraboyevning aytishicha, Mustaqillik bayrami 1992 yildanoq televideniyeda jonli efir orqali ommaga namoyish etib kelinmoqda.
«Shuningdek, bayramning eng muhim va qiziq joylari „Axborot“ dasturida ham berib borilgan. 10 yil davomida har yili Mustaqillik bayrami maxsus film bo‘lib plyonkaga olinardi. Keyinchalik, texnika rivojlanib, sputnik orqali ko‘plab davlatlarga ham jonli efir orqali uzatish yo‘lga qo‘yildi», — dedi u.
«Gazeta.uz» so‘roviga ko‘ra, Madaniyat vazirligi axborot xizmati 31 yil ichida Mustaqillik bayrami qayerda va kimning boshchiligida tashkil etilganini maʼlum qildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting
Materialga izohlar