Har bir millat adabiyotini o‘z ona tilida o‘qish maroqli. Biroq til bilmasang, noiloj o‘sha asar tarjimasini qo‘lga olasan. O‘zbek adabiyoti ham oxirgi 3-4 yil orasi ancha-muncha tarjima asarlar bilan boyidi. Lekin qilinayotgan hamma ish ham negadir o‘zbek tili tabiati, til qoidalariga mos emas. Aksar kitobxon g‘aliz jumla, noto‘g‘ri, Google translate‘ga solingan tarjimalar haqida ijtimoiy tarmoqlarda tez-tez fikr qoldirayotgani masalaga jiddiyroq qarashga ishora qiladi.
Tarjima aslida qanday jarayon? Nega O‘zbekistonda tarjima kitoblar ko‘p chop etilsa-da, ularning ancha-munchasi til tabiatiga yot bo‘lib qolmoqda? Tarjimonlarning moddiy va maʼnaviy qadri qanday? Ularga qanaqa talablar qo‘yilishi kerak? 30-sentabr – Xalqaro tarjimonlar kuni sabab «Gazeta.uz» bir necha tarjimon — Gulnoz Nabiyeva, Rafiq O‘zturk, Orifa G‘ulomova, Gulsanam Roziqova, Nazarbek Nazarov bilan shu mavzuda suhbatlashdi.
— Suhbatni tarjimachilikdagi faoliyatingizdan boshlasak. Bugungacha qanday asarlarni qaysi tillardan o‘girgansiz?
Gulnoz Nabiyeva
Men, asosan, nemis tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilaman. Nemis adiblaridan Rafiq Shomiy, Mattias Navrat, Sasha Stanishich, Shida Bazyar, Jo Lendle hikoyalarini, Ilya Troyanovning «Olamlar sohibi», Jianna Molinarining «Bu yerda hamma narsa bo‘lishi mumkin» romanlarini, Paul Selan, Jan Vagner, Anja Kampmann, Rike Sheffler sheʼrlarini o‘zbek tiliga tarjima qilganman.
Rafiq O‘zturk
Tarjimani, taxminan, 19-20 yoshlarimdan boshlaganman. O‘shanda kichik hajmdagi badiiy asar, sheʼr va hikoyalarni turk, rus yoki inglizchadan o‘zbek tiliga o‘girish istagi paydo bo‘lgandi. Baʼzan ijoddan uzilsam, Nozim Hikmat, Nika Turbina yoki Ernest Xeminguey asarlarini o‘zbekchalashtirib, ichimdagi tashnalikni bosardim. Bir qancha tajribalardan keyin ishonchim mustahkamlangach, tarjima bilan muntazam va jiddiy shug‘ullana boshladim.
Talabalik yillarimgacha sheʼrlar tarjima qilardim. Kattaroq asarlarga qo‘l urishga ehtiyoj sezmasdim yoki sezsam ham jurʼat va g‘ayrat yetishmasdi. Lekin to‘rtinchi kursda Rossiyaning Arxangelsk shahridagi Shimoliy (Arktika) Federal universitetidan haydalib, Toshkentga aviachipta sotib olish va o‘qishdan ketganimni eshitib juda ranjigan onamni tinchlantirish uchun birinchi marta pul evaziga roman tarjima qilmoqchi bo‘ldim. Oldos Hakslining «Ajib yangi dunyo» romani tarjimasi mana shu zarurat hosilasi.
O‘zbekistonga kelgach, buyurtma asosida «SOS! Savol ortidagi savol» kitobini o‘girdim. Ayni kunlarda Chak Palanikning «Jang klubi» romanini boshlab, yaqinda tarjimasini ham nihoyaladim.
Gulsanam Roziqova
Tarjimani turmush o‘rtog‘im (Maqsud Salomov) bilan birga qilamiz. Badiiy tarjimada hozircha faqat 3 ta kitobni ingliz tilidan o‘zbekchaga o‘giribmiz. Ikkitasi nashrdan chiqqan. Birinchisi, «Morrining seshanba darslari». Turizm bo‘yicha o‘qiyotganimda Sloveniyada bo‘sh vaqt topsak, tarjima qilardik. Bir yangi nashriyot chop etishni so‘radi. Qalam haqiga 200 dollar olganmiz. Keyin «Alibaba — Jek Ma bunyod etgan maskan» kitobiga navbat yetdi. Unga qancha olganimiz esimda yo‘q, bir betiga 3 dollardan edi, shekilli. Psixologiya va shaxsiy rivojlanish janrida yozilgan “Self-Esteem” kitobini ham tarjima qilganmiz. U hali chop etilmadi. O‘zimga qiziq bo‘lgan kichik hikoyalarni ham o‘zbekchaga o‘girib turaman, lekin ular biror nashriyotga topshirish uchun emas.
реклама
реклама
Orifa G‘ulomova
2018-yili Asaxiy Books loyihasidan badiiy tarjima bilan shug‘ullanish taklifi tushdi. Sinovdan o‘tib, amerikalik yozuvchi Den Braunning «Raqamli qalʼa» asarini o‘zbekchalashtirdim. Kitob og‘izga tushib, bir kechada tarjimonga aylandim-qoldim. Shundan keyin «Muvaffaqiyatli insonlarning 7 ko‘nikmasi» (Stiven Kovi), Genri Fordning «Mening hayotim» (Karim Bahriyev bilan hamkorlikda), “Ibtido” (Den Braun), «Sharq va G‘arb», «Buxoro — Islom olami madaniyati poytaxti» to‘plamlari tarjimasini yetkazib berdim. So‘nggi badiiy tarjimam Tara Vestoverning “Educated” asari bo‘ldi. Lekin asosiy ishim ko‘payib ketganidan hanuz tahririni tugatolganim yo‘q.
Nazarbek Nazarov
Yaqinda Nassim Talebning «Qora oqqush» nomli asarini ingliz tilidan o‘zbekchaga o‘girdim. Nashrdan endi chiqadi. Shu kungacha asosan fantastika janridagi kichik hikoyalarni o‘girardim. «Qora oqqush» kitobidan o‘zimga ko‘p narsa olganim uchun uni tarjima qilish va boshqalar ham o‘qishini xohlagandim. Kelgusida yana bir nechta ilmiy-ommabop asarlar tarjimasini rejalashtiryapman.
— Kitob tarjimasi asosiy ishingizmi yoki bo‘sh vaqtdagi mashg‘ulot?
Gulnoz Nabiyeva
Yo‘q, asosiy kasbim emas. Menimcha, bu bilan O‘zbekiston sharoitida oila tebratib bo‘lmaydi. Qalam haqi juda kam. Gyote institutining Toshkentdagi filialida madaniy loyihalar bo‘yicha xodimman. Ishdan va oilaviy vazifalarimdan bo‘sh paytim tarjima bilan shug‘ullanaman.
Rafiq O‘zturk
Tarjimonlikka asosiy ishimning ajralmas qismi sifatida qarayman. Aniqrog‘i, ishim — adabiyot, badiiy tarjima uning bir bo‘lagi.
Gulsanam Roziqova
Hozir Markaziy Yevropa universitetida iqtisod bo‘yicha magistraturada o‘qiyman. Ungacha turizm sohasida ishladim, turizm boshqaruvi bo‘yicha Yevropada magistraturani tamomladim. Tarjimani kasb qilmaganimning moliyaviy sabablari bor. Iqtisodchi, axborot tahlilchisi yoki turizm menejeri sifatida tarjimonlikdan ko‘ra bir necha barobar ko‘proq topa olaman. Faqat ijod, jamiyatga foyda keltirish uchun kam pulga tarjima bilan shug‘ullanishni moliyaviy sharoitim ko‘tarmaydi. Biror kun boyib ketsam, butun vaqtimni til va tarjimaga sarflashim mumkin.
Orifa G‘ulomova
Yevropa Ittifoqining Qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash dasturida kommunikatsiya bo‘yicha ekspertman. Faoliyatim asosan media va nashrlar bilan ishlash, dastur va manfaatdor tomonlar o‘rtasida axborot oqimini taʼminlashdan iborat. Shular qatori yuqori doiradagi rasmiy uchrashuvlarda tarjimon sifatida qatnashaman. Vazirliklarga tayyorlanadigan muhim hisobotlarning yozma tarjimasi ham mening zimmamda. Asosiy kasbim tarjimonlik emas, lekin tarjimadan butunlay uzilib ham qolmaganman.
Nazarbek Nazarov
Kitob tarjimasiga olinadigan qalam haqi ro‘zg‘or tebratishga yetmaydi. Menimcha, yurtimizdagi aksar tarjimonning asosiy kasb-hunari boshqa. Kitob tarjimasiga vaqt ko‘p ketadi, ammo oladigan ish haqingiz bunga nomutanosib. Jurnalistik faoliyatimdan bo‘sh fursat topolsam, tarjimaga qo‘l uraman.
— O‘zbekistonda badiiy tarjimonlarga talab qay darajada?
Gulnoz Nabiyeva
Badiiy tarjima murakkab aqliy faoliyat bo‘lib, manba va tillarni, shuningdek, tillarning adabiy va madaniy tizimlarini bilishni talab etadi. Badiiy tarjimaga xos tarjima texnikalari mavjud. Yozish qobiliyatini, ehtimol, o‘rganib bo‘lmas, ammo tarjimonlar uchun maxsus yaratilgan tizimlarni o‘rgansa bo‘ladi. Badiiy tarjimonlar uchun yuqori sifatli kasbiy tayyorgarlik zarurligi, shubhasiz, butun dunyoda zarur va afsuski, hali yetarlicha professionallashtirilmagan. Mashinada bajariladigan tarjimalar hech qachon badiiy tarjima o‘rnini bosa olmaydi. Chunki bu yerda gap faqat so‘zlarni tarjima qilish haqida ketmaydi, balki badiiy asarlarni bir madaniyatdan ikkinchi madaniyatga ko‘chirishga to‘g‘ri keladi. Bu esa tarjimondan intellektual ijodkorlikni talab qiladi, uni hech qanday mashina yoki dasturiy taʼminot uddalay olmaydi.
Global dunyoda badiiy tarjimaning ahamiyati o‘sib bormoqda, deb taxmin qilish mumkin. Bir-biriga begona bo‘lgan madaniyatlar o‘rtasidagi o‘zaro tushunish imkoniyati bugungi kunda faqat badiiy tarjimalar orqali hal qilinishi mumkin. Chunki turli tillarda so‘zlashuvchi xalqlar va madaniyatlar o‘rtasidagi o‘zaro tushunish to‘siqlari va chegaralari tarjima asarlar orqali bosib o‘tiladi. Tarjima bizga boshqa madaniyatlar, ularning tafakkur tarzi va o‘ziga xosligi bilan tanishish imkonini beradi.
Nazarbek Nazarov
Tarjimon izlanishdan to‘xtamasligi kerak. Eng katta talab shu. Ammo bizning sharoitda buning deyarli iloji yo‘q. Chunki ko‘pchilik uchun kitob tarjimasi asosiy ish emas. Oylab ish haqini ololmay yurgan tarjimonlarni, ijodkorlarni bilaman. Faqat bitta yo‘l qoladi: sevimli mashg‘ulot yoki qo‘shimcha daromad sifatida qarash. Lekin biz tarjimaga asosiy ish sifatida qaray olmas ekanmiz, tarjimalardan sifat kutish qiyin.
— Tarjimon sifatida daromadingiz qanday? Bitta kitob uchun qancha haq olasiz? Undan qoniqasizmi?
Gulnoz Nabiyeva
Hali hech qayerda gonoraridan xursand bo‘lgan tarjimonni uchratmaganman. Tarjimon sifatida daromad olishdan qoniqmaganim uchun boshqa ishga kirishga majbur bo‘lganman. Lekin tarjimadan oladigan maʼnaviy qoniqish hissi o‘rnini boshqa hech narsa bosa olmaydi. Mehnatingiz mevasidan minglab insonlar bahramand bo‘lishi naqadar yoqimli!
Rafiq O‘zturk
Tarjimonlikni pul ishlash vositasiga aylantirganimga ko‘p bo‘lmadi. Hali ham muntazam daromad keltiruvchi faoliyatga aylanganicha yo‘q. Shu vaqtgacha kimdan qancha olganim sir bo‘la qolsin. Lekin savolingizga mavhumroq shaklda javob berishga harakat qilaman.
Xullas, shu paytgacha pul ishlash maqsadi bilan kitob, film, hujjatlar va maqolalar tarjima qildim. Kitob va filmlarga berilgan to‘lovlar qoniqtirmadi. Juda kam. Hatto talabalik yillarim devor suvab ham bundan ko‘proq pul ishlardim. Lekin “Daryo” nashridagi publitsistik maqolalar tarjimasi uchun olgan ish haqim yaxshi edi.
Ammo hozir “Akademnashr” uchun tarjima qilayotgan romanimga nashriyot direktori Sanjar Nazar oldindan 500 dollar berdi (shu yerida sirni ozgina ochiqlayman). O‘zbekistonda eng ko‘p to‘laydigan nashriyotdan yaxshiroq haq to‘lashni vaʼda qildi. Holbuki, men “Akademnashr” uchun bu romanni tekinga tarjima qilib berishga ham tayyor edim va buni akaning o‘ziga ham tushuntirib aytdim.
Bundan tashqari, Yoshlar ishlari agentligi ham boshlanish arafasidagi bir loyihasiga yaxshi haq to‘lashni vaʼda qildi. Shundan so‘ng tarjimonlik orqali moddiy ahvolimni yaxshilashga umid paydo bo‘ldi. Lekin bilmadim, buni hali vaqt ko‘rsatadi.
Gulsanam Roziqova
Tarjima asosiy daromad manbaim emas. Ayniqsa, oxirgi bir yilda deyarli tarjima bilan shug‘ullanmadim. Hozir talaba sifatida men uchun o‘qish, dasturlash sohasini egallash muhim. Ikkita kitobni nashriyot buyurtmasiga ko‘ra tarjima qilganmiz va taxminan 500-800 dollar atrofida haq olganmiz. Yana takliflar bo‘lib turadi, lekin ish haqi pastligi sabab vaqt sarflashga arzimaydi deb rad etamiz.
реклама
реклама
Orifa G‘ulomova
Badiiy kitob tarjimasi uchun 1 betga (12 shrift, 1,5 interval) 3 dollardan haq olganman. Bitta kitobdan o‘rtacha 1000 dollar ishlagan edim. Bu ikki yil oldingi narx. Hozir o‘zgargandir. Texnik tarjimalarga oldin 5 dollardan olar edim. Hozir tajribamni hisobga olib, mavzu va matn murakkabligiga qarab 7-10 dollardan so‘rayman. Buyurtma juda ko‘p, lekin baʼzan sarflayotgan quvvatim bilan taqqoslaganda shu pul ham kam ko‘rinadi. Shuning uchun imkon qadar tashqaridan buyurtma olmaslikka harakat qilaman. Chunki vaqtida bajarolmay, uyalib qolgan paytlarim ham bo‘lgan.
Nazarbek Nazarov
Tarjimonlarga to‘lanadigan haq nashriyot va tarjima qilgan kitobingizga qarab o‘zgaradi. Masalan, «Qora oqqush» tarjimasining sahifasi uchun 40 ming so‘mdan gonorar olgandim. Ayrim nashriyotlar gonorar hisoblashning boshqacha amaliyotini qo‘llashadi. Shaxsan menga «1800 ta belgi = 1 ta sahifa» usulida hisoblash qulay. Tarjimon tanishlarim bilan gaplashganda ayrimlari bitta sahifa uchun 5 dollardan, yana boshqalari esa 20 ming so‘mdan olishini aytadi. Sahifasiga 30 ming so‘mdan olsangiz, 200 betlik kitob uchun 6 million so‘m bo‘ladi. Bunga o‘rtacha bir yarim yoki ikki oy vaqt ketadi. Bunday haq bilan kundalik ehtiyojlarni qoplash qiyin.
— Tarjima, tarjimonlik siz uchun nima?
Gulnoz Nabiyeva
Men o‘zga tilda yaxshi bir asarni o‘qiganimda uni boshqalar ham o‘qishini istayman. O‘zbek kitobxonlari ham boshqa mamlakatlarda chiqayotgan adabiy asarlar bilan tanishishlari juda muhim. Tarjima sevimli mashg‘ulot emas, ichki bir zaruratdek. Bunda ishim uchun haq olamanmi, yo‘qmi degan savol turmaydi, meni ko‘proq kitobni kimlar o‘qishi, bu ularning hayotlariga qanday taʼsir ko‘rsatishi qiziqtiradi.
Rafiq O‘zturk
Tarjima — serqirra soha. Lekin mening tasavvurimdagi tarjima bir tildagi asarni boshqa tilga ko‘chirishdir. Shu ishni bajaruvchi kishi esa tarjimon. Faqat bu “ko‘chirish” maktabdagi ko‘chirmakashlik emas – professional faoliyatdir.
Gulsanam Roziqova
Tarjimonlik men uchun ijod, yoqimli mashg‘ulot. Bitta til go‘zalligini boshqa tilda ko‘rsatib bera olish.
Orifa G‘ulomova
Balki ikki yil oldin shu savol berilganida, judayam betakror taʼrif o‘ylab topgan bo‘lardim. Chunki u paytlari badiiy tarjimalar olamida yashardim. Lekin hozir texnik tarjimalar bilan shug‘ullanganimga javobim nisbatan oddiyroq chiqsa kerak. Tarjima — ikki madaniyat o‘rtasidagi ko‘prik, tarjimon — ko‘prikni quruvchi, tarjimonlik esa ko‘prikni qurish jarayoni, faoliyat deb o‘ylayman. Ko‘prik qancha sifatli bo‘lsa, shuncha uzoq vaqtga yaraydi. Lekin sifatli ko‘prikni qurish uchun quruvchini sifatli materiallar bilan taʼminlash kerak.
Nazarbek Nazarov
Kitob tarjima qilish men uchun avvalo sevimli mashg‘ulot, ikkinchidan, qo‘shimcha daromad.
— Kuningizning qancha qismini tarjimaga sarflaysiz?
Gulnoz Nabiyeva
Kun bo‘yi ishlaganim uchun tunni ajrataman. Bir kunda ikki-uch bet matnni tarjima qilishga harakat qilaman.
Rafiq O‘zturk
To‘g‘risi, men pala-partish va dangasa odamman. Aniq tartibga hech qachon amal qilmaganman. Lekin oxirgi vaqtlari o‘zimda shu odatni shakllantirishga harakat qilib, har kuni muntazam vaqt oralig‘ida bo‘lmasa-da, maʼlum tartib bilan ishlashga harakat qila boshladim. Shu odat to‘la shakllanmagunicha tartib haqidagi har qanday gapim soxta biznes treningchilar safsatasiga o‘xshab qolishi tayin.
Gulsanam Roziqova
Ikki yilcha oldin kuniga 5-6 betdan tarjima qilishni kunlik meʼyor qilib olardim va shu olti bet tugamagunicha ishlardim. Lekin bu doim ham osonmas. Baʼzida juda murakkab so‘z o‘yinlari, muqobili yo‘q jumlalar uchraydi. Ularni o‘zbekchada qanday aslidek taʼsirli, maʼnoli qilib ifodalash haqida uzoq bosh qotirish, izlanishga to‘g‘ri keladi. Bir bet uchun 4-5 soat ham ketib qolishi mumkin. Asosan, tunda tarjima bilan shug‘ullanardim.
Orifa G‘ulomova
Badiiy yoki texnik tarjima bo‘lsin, yozma buyurtmalar bilan hamisha kechqurun, asosiy ish vaqtimdan tashqarida shug‘ullanaman. Oldinlari vaqtida ulgurish uchun kechasi 2-3 gacha ishlab o‘tirardim. Tonggi 6 da uyquga ketgan yoki umuman uxlamagan vaqtlarim ham bo‘lgan. Muttasil ishlash sog‘lig‘imga taʼsirini ko‘rsatdi. Shundan keyin rejimga rioya qilishga kirishdim. Hozir kechki 10 dan keyin kompyuterdan uzoqlashaman, shoshilinch buyurtmalarni olmayman.
Nazarbek Nazarov
Tun tarjima bilan shug‘ullanishimga qulayroq. Sahar vaqtlari ham sermahsul ishlayman. Tarjimaga vaqt tanlashda variantlarim ko‘p emas. Shunga doim tunni tanlayman.
— Tarjima jarayoni haqida gapirib bering. Kitobni qanday tanlaysiz? Nimalariga eʼtibor berasiz?
Gulnoz Nabiyeva
Xizmat safarlari, xalqaro tarjimonlar seminarlariga borganimda kitob do‘konlariga kiraman va ko‘zimga issiq ko‘ringan kitoblarni o‘qib ko‘raman, yoqsa, sotib olaman va o‘qib chiqaman. Ko‘p hollarda do‘stlarimning tavsiyasiga qarayman. Keyin nashriyot bilan bog‘lanib, ularga kitob haqida so‘zlab beraman. Maʼqul kelsa, tarjimani boshlayman. O‘zimga yoqmagan asarni hech qachon tarjima qilolmayman. Kechalari uyqudan qolib ishlashim uchun unga mehrim tushishi, bekorga vaqt sarflamayotganimni his qilishim kerak.
Rafiq O‘zturk
Odatda, katta kitoblarni buyurtmachi xohishiga qarab olaman. Lekin bu taklif qilingan har qanday kitobni o‘girib ketaveraman degani emas. Saviyasiga qarayman, albatta. Sheʼrlarni esa kamdan-kam hollarda birov iltimos qilishini hisobga olmasa, o‘zim tanlayman.
Gulsanam Roziqova
Kitobni avval o‘zim o‘qiyman. Keyin kitob yoki matn o‘quvchiga nimadir beroladimi, deb o‘zimdan so‘rayman. Ikkita kitobni nashriyot buyurtmasi bilan qilganmiz, lekin ikkalasi ham kitobxonlar saviyasini oshirishiga ishonchim komil. Biri biznes olami, kompaniyaga asos solish, raqobat haqida, ikkinchisi muammolarga bo‘lgan qarashingizni o‘zgartiradi, ota-ona va farzand o‘rtasidagi munosabatlarning psixologik tomonlarini ko‘rsatib, ularni yaxshilashga doir maslahatlar beradi.
Tarjimaga kirishishdan oldin kitobning murakkabligiga ham eʼtibor beraman. Bilmagan soham bo‘lsa, qo‘l urmayman. Chunki tilni bilish boshqa, muayyan soha terminologiyasini bilish va uni joyida qo‘llash butunlay bo‘lak masala.
Oxirgi 10-20 yillikda tarjima qilinayotgan asarlar bilan avvalgi tarjimalar yoki o‘zbek asarlarini taqqoslasangiz, yangilarida g‘aliz jumlalar juda ko‘p. Ruscha yoki inglizcha gap tuzilishi, so‘zlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri tarjima qilish, o‘zbek tiliga begona so‘z birikmalarini uchratish mumkin. Bundan tashqari, oldingi asarlarda qandaydir badiiy go‘zallik bor, so‘z qo‘llanishi, iboralardan rohatlanasiz. Hozirgi aksar tarjimalarni o‘qib, ko‘zlarimni o‘yib olgim keladi. Asl manbadagi badiiy, kam ishlatiluvchi so‘zni ham o‘zbekchada oddiy, kundalik so‘z bilan tarjima qilib ketaveriladi. Achinarli.
Nazarbek Nazarov
Tarjima uchun ilk kitobni o‘zim tanlaganman. Odatda, nashriyotlar oldin u yoki bu kitobni tarjima qilishni reja qilishadi, mualliflik huquqini sotib olishadi. Bu ham arzon bo‘lmaydi. Keyin shu kitobni tarjima qilish uchun tarjimon qidirishadi. Baʼzan tarjimon biror kitobni o‘girib, nashriyotlarga taklif etadi. Ammo bu biroz “xavfli”. Siz tarjimasini boshlagan asarni qaysidir nashriyot buyurtma asosida boshqa birovga topshirgan bo‘lishi ham mumkin.
Tarjima jarayoni murakkab bo‘ladi. Har bir tilning o‘ziga xos jihatlari, nozikliklari va iboralari bo‘lganidek, siz uni so‘zma-so‘z tarjima qilsangiz, umuman boshqa maʼno kelib chiqishi mumkin. Shuning uchun tarjimon avvalo muallif maqsadini anglashi, jumlalarining mag‘zini chaqishi va keyingina o‘z tiliga o‘girishi lozim.
— Tarjimon qanday bilim, ko‘nikma, qobiliyatlarga ega bo‘lishi kerak?
Gulnoz Nabiyeva
Tarjimon asliyat hamda tarjima tillarini mukammal o‘zlashtirish bilan bir qatorda o‘sha xalq madaniyati, tafakkur tarzi, urf-odatlarini o‘rganishi lozim. Aks-holda tarjima jarayonida xatolarga yo‘l qo‘yadi va tarjima sifati tushib ketadi. O‘z ona tilida ham ko‘p asarlarni o‘qish uning uslubini charxlaydi, til boyligini oshiradi.
Rafiq O‘zturk
Kitob mutolaasidan uzilmaslik shart. Masalan, o‘zbek adabiyoti bilan tanish bo‘lmagan kishi shu millatga mansub bo‘lsa ham, asarni o‘zbek tiliga o‘girolmaydi. O‘girishi mumkin, lekin juda g‘aliz, saviyasiz narsa bo‘lib qoladi.
Gulsanam Roziqova
Ko‘pchilik tilni bilsam bo‘ldi, tarjima qilib tashlayman, deb o‘ylaydi. Bu noto‘g‘ri. Sifatli va to‘g‘ri tarjima qila olish uchun har ikkala tilning nozik qoidalari, so‘zlarning turli maʼnolari, tildagi iboralarni yaxshi bilish, so‘zni his qilish zarur. Buning uchun juda ko‘p kitob o‘qish, til qoidalarini erinmay o‘rganish, uslubiy o‘ziga xosliklarni farqlay bilish kerak. Hali o‘zbekchani tuzuk o‘rganmay, ingliz tilida Intermediate darajasiga chiqar-chiqmay, “tarjima”ga kirishayotganlarni ko‘p ko‘raman. Bundaylarni jamiyat uchun xavfli insonlar deb o‘ylayman, chunki ular o‘girgan bo‘tqani yosh avlod o‘qiydi va o‘sha kitoblar bolalarning o‘zbek tilini anglash, his qilishini shakllantiradi. Yaʼni o‘zbekcha g‘aliz gaplar ularni qayta-qayta uchratgan yoshlarga keyinchalik g‘aliz tuyulmay qoladi. Bunaqada til go‘zalligini yo‘qotib boradi.
Tarjima asosiy kasbim bo‘lganda, tinimsiz har ikkala tilda noyob iboralar, maqollar, gap tuzilishlari, kinoya va hazillar qanday ifodalanishi kabi turli-tuman mavzularni o‘rganardim. Tarjima nazariyasi, tarixi, klassik tarjimonlar asarlarini o‘qigan bo‘lardim. Tillarni qanchalik yaxshi bilsang, ulardagi muqobil iboralar, so‘zlarning nozik maʼnolarini to‘g‘ri yetkazib bera olasan.
Nazarbek Nazarov
Tarjimon deganda ko‘pchilik, u birinchi navbatda chet tilini, aytaylik, rus yoki ingliz tilini bilishi kerak deb o‘ylaydi. Ammo bundan ham muhimi, tarjimon ona tilini mukammal bilishi kerak. Inglizchani inglizdan-da yaxshi bilsangizu, o‘zbek tili jozibasidan bexabar yursangiz, foydasi yo‘q. Kitob tarjima qilinganida o‘sha kitobning asl varianti asos qilib olinishi kerak. Yaʼni asarning tarjima variantini tarjima qilish kerak emas.
Tarjimon, albatta, sabr-toqatga, ijodiy layoqatga ega bo‘lishi kerak. Har bir kitobning o‘z mavzusi, yo‘nalishi, sohasi bo‘lganidek, tarjimon ham o‘sha soha yoki yo‘nalish bo‘yicha hech bo‘lmaganda fundamental bilimlarga ega bo‘lsin.
Gulsanam Roziqova tarjima qilgan kitob.
— Bugun o‘zbek kitob bozori tarjima asarlar bilan boyimoqdayu, negadir tarjimadan ko‘ngil to‘lmaydi. Ayrimlar Google translate`ga solingan-ku, deydi kitobdan ikki jumla o‘qiboq. Bular qanchalik asosli? Agar asosli bo‘lsa, yosh kitobxon yaxshi tarjima asarni qanday tanlasin?
Gulnoz Nabiyeva
Tarjima kitob tanlashda uning qaysi nashriyot tomonidan nashr etilganiga eʼtibor beraman. Mualliflik huquqlarini buzib, shoshqaloqlik bilan arzon sifatda chiqarilgan kitoblarni xarid qilmayman va boshqalarga ham buni maslahat bermayman. Masalan, shu kunga qadar “Akademnashr”dan chiqqan tarjima kitoblari orasida saviyasiz tarjima qilinganlarini uchratmadim. Tarjima tanqidchiligini rivojlantirish lozim.
реклама
реклама
Rafiq O‘zturk
Sariq chaqa bilan roman tarjima qildirmoqchi bo‘lgan odam sariq chaqaga arziydigan natija oladi. Yana bir bor qaytaraman, kitob nashr qilishdan birinchi maqsadi o‘zbek xalqiga maʼrifat ulashish bo‘lgan buyurtmachi gonorarni oshirib, shunga yarasha talabni ham kuchaytirishi kerak. Shunda soxta, g‘o‘r tarjimonlar o‘z-o‘zidan yo‘qoladi va sifat oshadi. Kitob tanlashda ichini ochib, har yeridan o‘qib ko‘raman. Bozorda nimanidir yeb ko‘rib olganingiz kabi, kitobni ham o‘qib ko‘rib olish mumkin-ku!
Gulsanam Roziqova
Har gal yangi nashriyotlar chiqargan tarjimalarni 4-5 bet o‘qigach, kitobni yopaman. Chunki nafaqat gaplar g‘aliz, balki maʼno jihatidan ham xato tarjima qilinganini tez-tez uchratish mumkin. Tarjimon asl manbadagi gapni, so‘z o‘yinini tushunmagani yaqqol bilinib turadi. Tilning go‘zalligi, so‘zlar maʼnosidagi nozik farqlarni his qila olmagan odam tarjimon bo‘lmasligi lozim. Ayniqsa, salohiyat yetmasa badiiy asarlarni tinch qo‘yish kerak. Yaxshi tarjima asarini qanday tanlash haqida bir nima deyish qiyin. Shaxsan o‘zim kitob olishdan avval varaqlab, o‘qib ko‘raman. O‘zbekcha yangramaydigan gaplar, g‘aliz va xato gap tuzilishlarini ko‘rsam, sotib olmayman va kitobning aslini o‘qiyman.
Nazarbek Nazarov
Ayrim nashriyotlar tarjimalarni muharrirga bermasdan ham chiqarib yuborishini eshitgandim. Aslida muharrirning roli tarjimonnikidan kam emas. Qanday qilib kitobni tajribali muharrir qo‘lidan o‘tkazmay nashr qilish mumkin, tushunmayman.
Tarjimonlar orasida «soxta shoh»lar ko‘paymoqda. O‘zini tarjimon sifatida nashriyotga tanitib va ikki haftadan keyin mana deb «Google tarjima»ni uzatadi. Agar nashriyotlar tarjimalarga jiddiy qarasa, soxta tarjimonlarni yollashdan to‘xtasa va eng muhimi, yaxshi muharrir xizmatidan foydalansa, xatolar kamayadi. Ammo bugun ayrim nashriyotlar zahmatdan qochadi. Eng yomoni, ayrim nashriyotlarda kitobdagi xatoning xatoligini tushunmaydiganlar ishlamoqda.
— O‘zbekistonda siz tarjimalarini sevib o‘qiydigan ijodkorlar kimlar?
Gulnoz Nabiyeva
Ibrohim G‘ofurov, Yanglish Egamova, Sharif Ahmedov kabi tarjimonlarning tarjimalarini qayta-qayta o‘qiyman, ularga havas qilaman. Umuman olganda, bizda yaxshigina tarjima maktabi shakllanib ulgurgan. Faqatgina tizimli ravishda ushbu sohaga qobiliyatli yosh tarjimonlarni tortib, ularning malakalarini oshirib borish zarur. Yoshlarni kitob o‘qishga jalb qilish haqida ko‘p gapiriladi, lekin tizimli ravishda ularning yoshiga, zamonaviy didi va dunyoqarashiga mos kitoblar tarjima qilinsa, ularda mutolaa madaniyati o‘sib boradi. Masalan, Germaniyada yoshlarning hammasi ham Gyote, Shiller, Haynening asarlarini o‘qishmaydi, balki zamonaviy asarlarni afzal ko‘rishadi. Kitob do‘konlarida har qanday kitobxon o‘z dunyoqarashi va didiga mos kitob tanlay oladi.
Rafiq O‘zturk
Asil Rashidov, Ibrohim G‘ofurov, Odil Ikrom va boshqalar. Yoshlardan sanasak, Mirzohid Muzaffar, Rahmat Bobojon.
Gulsanam Roziqova
Yangi tarjimonlarni uncha tanimayman. Menga yoshi ulug‘ tarjimonlarimiz ko‘proq yoqadi. Masalan, Ibrohim G‘afurov, Mirzo Kenjabek, Mirzakalon Ismoiliy kabilar. Bo‘sh paytlarimda Chexov hikoyalarining Abdulla Qahhor qilgan tarjimasi va aslini, tarjimaning turli variantlarini solishtirib, so‘z o‘yinlarini yetkazib bera olganidan zavqlanib o‘tiraman.
Nazarbek Nazarov
Karim Bahriyev, Muhiddin Omon, yosh tarjimonlar orasida Mirzohid Muzaffarni sanay olaman.
Materialni Ziyoda Ramazonova tayyorladi.
Matn va barcha grafik materiallarga bo‘lgan huquqlar «Gazeta.uz» nashriga tegishli. «Gazeta.uz» internet-nashrida eʼlon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan quyidagi havolada tanishishingiz mumkin.
Siz biror qiziqarli voqeani bilasiz va uni butun dunyo bilan baham ko‘rmoqchimiz? Unday bo‘lsa, hikoyalaringizni photo@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.
Materialga izohlar