FOTO: NURULLOH SHARIPOV / “GAZETA.UZ”
Tarix, tog‘lar, bog‘lar, dengiz va shifobaxsh suvlar
Nima uchun Gruziyaga sayohat qilish kerak?
O‘zini Sharq va G‘arb o‘rtasidagi ko‘prik sifatida namoyon qiluvchi Gruziya noyob arxitekturasi, milliy taomlari va qiziqarli an’analari bilan ajralib turadi. Iyunda “Gazeta.uz” muxbiri Nurulloh Sharipov Kavkazning ushbu go‘zal mamlakatida bo‘ldi. Sayohat Easybooking kompaniyasi yordamida amalga oshirildi.
O‘zini Sharq va G‘arb o‘rtasidagi ko‘prik sifatida namoyon qiluvchi Gruziya noyob arxitekturasi, milliy taomlari va qiziqarli an’analari bilan ajralib turadi. Iyunda “Gazeta.uz” muxbiri Nurulloh Sharipov Kavkazning ushbu go‘zal mamlakatida bo‘ldi. Sayohat Easybooking kompaniyasi yordamida amalga oshirildi.
Gruziyaga sayohat hayotimning eng esda qolarli sarguzashtlaridan biri bo‘ldi. Dengiz va tog‘lar, ko‘hna obidalar va zamonaviy inshootlar yonma-yon bu mamlakatni o‘zim uchun kashf etish zavqli kechdi. Gruzin mehmondo‘stligi qalbimdan alohida o‘rin egalladi.
TBILISI
Gruziya poytaxti Tbilisiga V asrda asos solingan va, shunday katta tarixga ega har qanday shahar kabi, u ham eski va yangi shaharga bo‘linadi. Ammo uning “yangi” deyilgan, ko‘plab do‘konlar, kafe-restoranlar, teatrlar joylashgan Rustaveli shoh ko‘chasi kabi qismlaridan ham tarixiy osori-atiqalar topiladi.
реклама
реклама
Eski Tbilisida tor ko‘chalari, qadimiy binolari va tarixiy yodgorliklari bilan e’tiborga molik. Tarixiy yodgorliklar orasida Narikala qal’asi va Sulfur hammomlari alohida o‘rin tutadi. Aynan shu manzillarda Tbilisining O‘rta asrlardagi manzaralarini tasavvur qilish mumkin.
Eski shaharning sayyohlarni o‘ziga jalb qiluvchi inshootlaridan biri — bu Tbilisi qo‘g‘irchoq teatrining bir qismi hisoblangan Soat minorasidir. Arxitekturasi noodatiy bo‘lgan bu minora ayvonchasiga har soatda bir qo‘g‘irchoq chiqib, bong uradi.
Tor ko‘chalardagi ikki-uch qavatli uylarning osma ayvonlari — balkonlarini esa Tbilisining tashrif qog‘ozchalarida biri, desa ham bo‘ladi. Eski shahar balkonlarini tomosha qilib charchamaysan kishi. Ularni har birini suratga olib, butun boshli albom tayyorlash mumkin. Masalan, bunday:
Shaharni Kura (gruzinchasiga Mtkvari) daryosi qoq ikkiga bo‘ladi. Aynan shu daryo ustidan Tbilisining zamonaviy ramzlaridan biri — Tinchlik ko‘prigi solingan. Bu ko‘prik orqali Eski shahardan Rike parkiga o‘tish mumkin.

Kura daryosida katerlarda suzishingiz, Rike parkida esa havo shariga chiqib, butun Tbilisini — eskisiyu yangisini qush parvozi balandligidan tomosha qilishingiz mumkin.

Shahar relyefi bir tekis bo‘lmagani bois bir mavze pastda bo‘lsa, boshqasi balandda. Bunday vaziyatda dor yo‘li nafaqat turizm attraksioni, balki qulay transport vositasiga ham aylanadi. Gruziya onasi haykalini tomosha qilishga chiqish uchun dor yo‘lidan foydalangan ma’qul.
Tbilisi bo‘ylab sayr davomida Gruziyaning eng katta pravoslav cherkovlaridan biri hisoblangan va shaharning deyarli barcha qismidan ko‘rinib turadigan Sameba soborini, shuningdek, Ozodlik maydonini borib ko‘rishni ham yoddan chiqarmaslik darkor.
Shahardan 15−20 daqiqalik masofada gruzin xalqining mustaqilligi va milliy g‘ururini madh etuvchi monumental inshoot — “Gruziya tarixi” nomli yodgorlik joylashgan. Bronza ustunlardagi tasvirlar orqali mamlakat tarixida yuz bergan muhim voqealar, uning podshohlari va qahramonlari haqida hikoya qilinadi, shuningdek, diniy sahnalar ham o‘rin olgan.
Gruziya tarixini tomosha qilish (yuqorida nomlari sanalgan boshqa maskanlarda ham bo‘lgani kabi) bepul. Darvoqe, shu yerdan Tbilisi dengizining go‘zal manzarasi ham ochiladi.
TBILISI MILLIY BOTANIKA BOG‘I
1620-yilda podshoh bog‘i sifatida asos solingan hamda shahar markazida joylashgan Tbilisi milliy botanika bog‘i Gruziyaga kelgan har bir sayyoh borishi shart bo‘lgan manzillardan biri.

Mamlakatning eng katta va eng qadimiy botanika bog‘i bo‘lmish ushbu maskan hozirda 128 gektar maydonni egallagan bo‘lib, unda 4,5 mingdan ortiq o‘simlik turlari parvarish qilinmoqda. Bog‘ga kirish narxi — 5 lari (lari — Gruziya pul birligi (1 lari taxminan 4,5−4,6 ming so‘mga to‘g‘ri keladi), ayni damda 1 lari 100 tetraga bo‘linadi).
Bog‘ning diqqatga sazovor joylari
Ko‘prik va sharsharalar

Bog‘da ko‘plab ko‘priklar va kichik sharsharalar mavjud bo‘lib, ular bog‘ning tabiiy go‘zalligini yanada oshiradi. Bog‘ markazida osma ko‘prik ham bor.



Palmazor
Turli xil palma daraxtlari va ekzotik o‘simliklar joylashgan joy. Bu maydon tropik o‘simliklar bilan to‘la. Suratga tushish uchun ajoyib nuqta.
Yapon bog‘i
Yapon an’analari asosida yaratilgan bog‘ bo‘lib, kishini tinchlik va xotirjamlikka chorlaydi.
Rozariya
Bu joyda turli xil rang va turdagi atirgullarni ko‘rish mumkin. Bahor va yozda ayniqsa go‘zal.
Gullagan daraxtlar
Bog‘da bahor va yoz mavsumida gullagan daraxtlar ayniqsa ajoyib ko‘rinish kasb etadi. Bu yerda Instagram uchun go‘zal kontentlar tayyorlash mumkin.
Bambukzor
Parkning bu qismida o‘zingizni Xitoyga tushib qolgandek his qilasiz — Sharqiy Osiyo mamlakatlariga xos peshtoq va ko‘prik, soy va bambuklar sizda shunday hislarni uyg‘otadi.
Tbilisi botanika bog‘i nafaqat mazmunli hordiq chiqarish joyi, balki ilmiy tadqiqotlar markazi hamdir. Bu yerda olimlar ilmiy tadqiqotlar orqali yangi o‘simlik turlarini o‘rganadi. Bog‘da, shuningdek, bolalar va kattalar uchun ta’lim dasturlari ham bor.

BORJOMI

Боржоми сувининг асл манбаи устида қурилган шиша гумбаз.
Borjomi — Gruziyaning markazidagi Samsxe-Javaxeti mintaqasida joylashgan mashhur sayyohlik va dam olish markazi. Bu shahar, birinchi navbatda, o‘zining ma’danli suvlari va tabiiy go‘zalligi bilan tanilgan.

Yam-yashil o‘rmonlar bilan qoplangan tog‘lar qurshovidagi havosi musaffo bu shaharga kelganlar, albatta, uning mineral suvlarini ichishni maqsad qilgan bo‘ladi. O‘zbekiston do‘konlaridan ham topish mumkin bo‘lgan suvning asl manbasi Borjomi markaziy bog‘ida joylashgan. Bog‘ga kirish — 4 lari.

Ta’kidlashlaricha, Borjomi suvi xazm qilish tizimi, buyraklar va bo‘g‘imlar uchun ayniqsa foydali. Ammo, aytishlaricha, bog‘dagi asl buloqdan olingan mineral suvni yelim idish (“baklajka”)da saqlab bo‘lmaydi, chunki bunday idishda suv o‘z xususiyatlarini yo‘qotadi, tusi ham o‘zgaradi.
Bog‘ga birinchi borganimda yo‘lboshlovchimiz ham shuni aytgandi, lekin bunga o‘zim ishonch hosil qilmoqchi bo‘lib, yarim litrlik “baklajka”ni suvga to‘ldirdim. Yarim soatdan keyin ichib ko‘rsam, suvning ta’mi keskin o‘zgargan. Eng yaxshisi, buloqning o‘zidan to‘yib-to‘yib ichib olish ekan.
BAKURIANI
Borjomi yaqinida Gruziyaning mashhur tog‘-chang‘i kurortlaridan biri — Bakuriani joylashgan. Bu yerda bir nechta — endi chang‘i uchishni boshlaganlardan tortib to professionallarga mo‘ljallangan chang‘i trassalari bor. Ammo bu yerga yozda ham kelsa bo‘ladi.

Birinchidan, shahar tog‘lar bilan o‘ralgan, havosi ajoyib, ikkinchidan, bu yerda ham Borjomidagi kabi mineral suvlar bor (umuman olganda, Borjomi suvlarining boshi ham asli Bakurianida), uchinchidan, sayyohlar uchun qishin-yozin barcha xizmat va qulayliklar muhayyo, to‘rtinchidan, yozda bu yerda mazza qilib ekoturizm va xayking (piyoda sayr) bilan shug‘ullanish mumkin, chunki shahar atrofida bir necha milliy park va qo‘riqxonalar bor.
Bir so‘z bilan aytganda, bunday so‘lim tog‘larda chindan ham mazza. Lekin dengizi yo‘q O‘zbekistondan kelgan biz kabi mehmonlar uchun aynan dengiz qiziqroq.
BATUMI
Adjariya poytaxti, Gruziyaning asosiy dengiz darvozasi hisoblangan Batumi, ta’bir joiz bo‘lsa, mamlakatning eng mashhur kurorti ham hisoblanadi. Bu yerda yoqimli plyajlarda dam olish, tarix va zamonaviylik qorishib ketgan arxitektura hamda ajoyib tabiat manzaralaridan bahra olish mumkin.
Batumining yangi sohilbo‘yi bulvari (xiyobon-ko‘chasi)da piyoda sayr davomida shaharning ko‘zga ko‘ringan joylari bilan qisqa muddatda tanishib chiqish mumkin. Bulvarda Ali va Nino haykallari va Alifbo minorasi alohida e’tiborga molik.
Shaharning asosiy plyaji toza va yaxshi tashkil etilgan bo‘lib, quyoshli kunlarda turistlar bilan gavjum. Darvoqe, sohil toshloq — cho‘milish uchun plyajga otlanganingizda shuni ham hisobga oling (ma’lumot uchun: Batumidan tashqarida qumli plyajlar ham bor).

Plyajdan chiqib, Batumining eski, so‘lim bulvari bo‘ylab sayr qilish tavsiya etiladi. Yevropa maydoniga ham borish kerak, albatta. Bu yerda turli konsert va tomoshalar uyushtiriladi. Maydon atrofida esa kafe va restoranlar, shuningdek, jahonga mashhur fast-fud tarmoqlarining tamaddixonalari bor.

BATUMI BOTANIKA BOG‘I
Shahardan taxminan 8−9 kilometr masofada esa dengiz bo‘yida 110 gektardan ortiq maydonni egallagan Batumi botanika bog‘i joylashgan va u borish shart bo‘lgan manzillardan biridir. Bog‘ga kirish narxi 20 lari; bu yerda sayyohlar uchun yetarlicha shart-sharoit va qulayliklar yaratilgan, alohida madaniy va ko‘ngilochar tadbirlar ham o‘tkazib turiladi.

Dastlab subtropik o‘simliklarni mintaqa iqlimiga moslashtirish maqsadida tashkil etilgan ilmiy tashkilot bo‘lgan bu joy hozirda mustaqil muassasa hisoblanadi va bu yerda Yevropa, Osiyo, Amerika, Avstraliya kabi qit’alarda o‘sadigan 5 mingdan ortiq turga mansub o‘simliklarni topish mumkin.
Bog‘da sayyohlar uchun qulayliklar ham ko‘zda tutilgan. Yozuvlar, yo‘l belgilar va ko‘rsatmalar turli tillarda mavjud. Bog‘da dam olish joylari, suv ichish joylari va kichik do‘konlar mavjud. Shuningdek, bu yerda turli tadbirlar va ko‘rgazmalar ham o‘tkaziladi.
Batumi botanika bog‘i tabiiy go‘zalliklarni, ilmiy bilimlarni va dam olishni bir joyda jamlagan noyob joydir. Sayohatchilar uchun bu bog‘ Gruziyaning boy va xilma-xil o‘simlik dunyosini o‘rganish uchun ajoyib imkoniyat hisoblanadi. Bu yerda o‘tkazgan vaqtingiz sizga unutilmas taassurotlar qoldiradi. Qisqacha aytganda, ko‘zni quvnatadigan yashillik maskani.

Foydali maslahatlar

  • 1
    Valyuta
    Gruziyaga borishingiz bilan valyutani ayirboshlab oling. Aeroport va shahardagi ayirboshlash shoxobchalarida valyuta kurslari katta farqi qilmaydi.
  • 2
    Jamoat transporti va taksi
    Tbilisi va Batumi kabi katta shaharlarda jamoat transportidan foydalanish uchun maxsus transport kartasini sotib olish maqsadga muvofiq. Tbilisida metro va avtobusda yo‘l haqi 1 lari, Batumida esa 30 tetra. Shuningdek, ushbu kartalardan dor yo‘li va funiklyorda ham foydalansa bo‘ladi. Mamlakatda Yandex Go va Bolt taksi xizmatlari bor.
  • 3
    Ovqatlanish
    Gruziyada ovqatlanish bir kishiga o‘rtacha 20−30 lariga tushadi. Joyiga, taom turi va miqdoriga qarab xarajat bundan kamroq ham, ko‘proq ham bo‘lishi mumkin.
  • 4
    Kiyim
    Tbilisi va Bakuriani kabi relyefi baland-past shaharlarda qulay poyabzal kiyish kerak. Havoda namlik darajasi O‘zbekistondagidan ko‘ra yuqoriroq ekanini hisobga olib kiyinish maqsadga muvofiq. Diniy muassasalarga kirmoqchi bo‘lsangiz, yopiqroq kiyinganingiz ma’qul.
  • 5
    Sovg‘alar
    Tbilisi va Batumida esdalikka suvenir va sovg‘alar deyarli har qadamda topiladi. Sayyohlar kamroq bo‘ladigan joylarda arzon-garov olish ham mumkin. Savdolashsa ham bo‘ladi.

So‘nggi so‘z o‘rnida

Gruziya o‘zining boy madaniyati, go‘zalliklari va mehmondo‘stligi bilan hayratga soldi. Eski Tbilisi ko‘chalari, Batumidagi zamonaviy arxitektura va Qora dengiz manzaralari, Borjomi tabiati va suvlari hamda Bakurianining tog‘lari xotiramda o‘chmas iz bo‘lib qoldi.
реклама
реклама
O‘zbekistonga ilk bor kelgan sayyohga avvalo Samarqand, Buxoro va Xiva kabi turistik shaharlarimizni ko‘rgani kabi, men ham Gruziyaga ilk safarimda asosiy sayyohlik yo‘nalishini bosib o‘tdim. Kelgusi safarimda Gruziyani yanada yaxshiroq va yaqinroq bilishni maqsad qildim — Kutaisi yaqinidagi Prometey g‘ori va Satapliya qo‘riqxonasi bilan tanishish, Stepansminda (Kazbegi) va Svaneti tog‘lari hamda u yerdagi betakror qishloqlarni ko‘rish niyatidaman. Ular Gruziyaning yanada ko‘proq madaniy, tarixiy va tabiat go‘zalliklarini kashf etish imkonini berishiga shubham yo‘q.
Taassurotlarim Gruziyaga sayohat qilishni rejalashtirayotganlarga foydali bo‘ladi, degan umiddaman. Gruziya har bir sayyoh uchun o‘ziga xos va esda qolarli tajriba taqdim etadi.
Matn va suratlar muallifi: Nurulloh Sharipov / “Gazeta.uz”.

"Gazeta.uz" muallifligidagi grafik materiallar, shuningdek, matnga bo‘lgan huquqlar “Gazeta.uz”ga tegishli. “Gazeta.uz” internet-nashri saytiga joylashtirilgan materiallardan foydalanish shartlari bilan bu yerda tanishish mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting