Illyustratsiya: Eldos Fozilbekov / “Gazeta.uz”
Changimiz DNKsi
O‘zbekistonda havo ifloslanishining asl sababi nima?
Illyustratsiya: Eldos Fozilbekov / “Gazeta.uz”
Changimiz DNKsi
O‘zbekistonda havo ifloslanishining asl sababi nima?
O‘zbekistonda havo ifloslanishi haqida gap ketsa, ko‘pincha “chang” eslanadi. U haqiqiy muammoni xaspo‘shlashning qulay vositasiga aylangan. Havo ifloslanishida changning roli qanday, 2021-yil noyabrida Toshkent nima uchun changga ko‘mildi va muammoni qanday hal qilish mumkin? “Gazeta.uz” javob izladi.
O‘zbekistonda havo ifloslanishi haqida gap ketsa, ko‘pincha “chang” eslanadi. U haqiqiy muammoni xaspo‘shlashning qulay vositasiga aylangan. Havo ifloslanishida changning roli qanday, 2021-yil noyabrida Toshkent nima uchun changga ko‘mildi va muammoni qanday hal qilish mumkin? “Gazeta.uz” javob izladi.
1927-yil 18-martda “Pravda Vostoka” gazetasida “Toshkent changga qarshi kurashda” (“Ташкент на борьбу с пылью”) sarlavhali maqola e’lon qilingan. Unda muallif “Toshkentning barcha ko‘chalarini qoplagan quyuq chang bulutlaridan” shikoyat qiladi. Maqolada ta’kidlanishicha, bu muammo avval ham bir necha bor ko‘tarilgan.
“Pravda Vostoka” gazetasining 1927-yil 18-martdagi maqolasidan
Foto: Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi
Ko‘plab o‘zbek yozuvchilari ham o‘z asarlarida Toshkentdagi changni tilga oladi. Masalan, Oybek 1917-yil voqealaridan hikoya qiluvchi “Ulug‘ yo‘l” romanida arava g‘ildiraklari ostidan havoga chang ko‘tarilishini tasvirlaydi.

Muammo haqida bugun ham gapirilmoqda. So‘nggi yillarda daraxtlarning kesilishi va qurilishlarning avj olishi tufayli havo sifati ko‘pchilikni tashvishga sola boshladi. 2021-yil kuzida Toshkentda kuzatilgan changli tuman ko‘pchilikning yodidan ko‘tarilmagan. Ayniqsa, 2024-yil qishida poytaxtni bir necha kun changli tuman qoplagach, havo ifloslanishi asosiy mavzuga aylandi.
2021-yil 5-noyabrdagi changli tuman
Foto: Shuhrat Latipov
Biroq, ilmiy ma’lumotlarga murojaat qilinsa, Toshkentda chang bo‘ronlari yuzaga kelish chastotasi ortayotgani yo‘q. Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti (GMITI) olimlarining kuzatuvlariga ko‘ra, poytaxtda chang bo‘ronlarining chastotasi 1981-yildan 2021-yilgacha bo‘lgan davrda ikki barobardan ko‘proq qisqargan.

“Toshkentda 1981−1990-yillarda 53 kun, 1991−2000-yillarda esa 16 kun, 2001−2010-yillarda — 19 kun, 2011−2020-yillarda — 16 kun, 2021-yilda 5 kun chang bo‘ronlari qayd etilgan”, — deyiladi GMITI tomonidan “Gazeta.uz”ga taqdim etilgan maqolada.
1981−2021-yillarda Toshkent shahrida chang bo‘ronlari kuzatilgan umumiy kunlar soni va davomiyligi dinamikasi.
Grafik: Bahriddin Nishonov.
Ushbu xulosani isroillik olimlarning 1930-yildan 2000-yillargacha Markaziy Osiyo hududida sodir bo‘lgan chang bo‘ronlari dinamikasi tahliliga bag‘ishlangan tadqiqotlari qisman tasdiqlaydi. Maqola mualliflari ma’lumotlariga ko‘ra, mintaqada bo‘ronlar chastotasi va davomiyligi bu davrda 30 kundan 20 kungacha qisqargan, vaholanki, XX asrning 30−60 yillarida ularning ortishi kuzatilgan edi.
Isroillik olimlar chang bo‘ronlarining chastotasi ortishini yerdan foydalanishdagi sezilarli o‘zgarishlar bilan izohlaydi. 1950−1960-yillarda Qozog‘istonda qo‘riq yerlarni o‘zlashtirish boshlangan, chorva mollari ko‘paygan va ularni o‘tlatish usullari o‘zgargan. O‘zbekiston va Turkmanistonda sug‘orma dehqonchilik faol joriy etilgan. Natijada tabiiy cho‘l yaylovlarining keng maydonlari paxtazorlarga aylanib, tuproqning shamol eroziyasi kuchaygan. Keyinchalik, 1980-yillardan keyin antropogen faoliyatning susayishi natijasida, cho‘l ekotizimlari tiklana boshlagach, chang bo‘ronlarining chastotasi qisqargan. Shu bilan bir paytda, sobiq Orol dengizi havzasida bo‘ronlar chastotasi oshgan.
O‘zi chang bo‘ronlari mintaqamizga xosmi? Bu changning tarkibida nima bor? Havo sifatining yomonlashuviga sabab nima va buni qanday hal qilish mumkin? Mass-media fondi direktori etib tayinlanguniga qadar “Gazeta.uz” muxbiri sifatida faoliyat yuritgan Jahongir Azimov hamda “Gazeta.uz” saytining inglizcha talqini muharriri Nozima Hojimatova ilmiy tadqiqotlar va gazeta maqolalarini o‘rganib, meteorologlar va botaniklar bilan suhbatlashib, masalaga oydinlik kiritishga harakat qildi.
“Tabiatan moyillik”
O‘zbekistonda atmosfera havosi tarkibidagi chang miqdoriga ta’sir etuvchi iqlimiy va jug‘rofiy bir qator omillar mavjud.

Birinchidan, mamlakat qurg‘oqchil zonada, ya’ni quruq iqlim, yuqori harorat va past namlikka ega cho‘l va yarimcho‘l zonasida joylashgan. Yerga tushadigan havoni ifloslantiruvchilarning barcha zarrachalari osonlik bilan havoga ko‘tariladi, chunki zarrachalarning cho‘kishiga xizmat qilishi mumkin bo‘lgan yetarli namlik mavjud emas.

O‘zbekiston Milliy universiteti Biologiya fakulteti Botanika va o‘simliklar fiziologiyasi kafedrasi o‘qituvchisi Yekaterina Kolchanova-Zeybert “Gazeta.uz” muxbiriga bergan intervyusida Toshkentda optimal namlik darajasi 40−60 foiz bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Biroq, real voqelikda, bu ko‘rsatkich atigi 20 foizni, qurilish maydonlarida esa 18 foizni tashkil etadi, deydi ekspert.

Michigan texnologiya universiteti Geologiya va kon muhandisligi hamda tabiiy fanlar fakulteti tadqiqotchisi Sin Si Markaziy Osiyo hududidagi meteorologik hodisalarni o‘rganmoqda. “Gazeta.uz”ga bergan izohida u qurg‘oqchil iqlimning chang bo‘ronlari bilan bog‘liqligini batafsil tushuntirdi.
  • “Markaziy Osiyo yog‘ingarchilikning qisqarishi (bu suv zaxirasini kamaytiradi) va doimiy isish (bu bug‘lanishga bo‘lgan ehtiyojni oshiradi) tufayli qurg‘oqchilikdan ko‘p aziyat chekadi. Qurg‘oqchilik davrida qishloq xo‘jaligi yaylov yerlari sizot suvlari va o‘simlik qoplamining himoyasini yo‘qotadi, bu esa tuproqning qurishi va yalang‘ochlanishiga va unda ko‘p miqdorda mayda cho‘kindilarning hosil bo‘lishiga olib keladi. Bunday sharoitda Markaziy Osiyoga qutb mintaqalardan kirib kelayotgan sovuq havo massalari uzoq muddatli shiddatli shamollarni keltirib chiqarishi mumkin. Ular mayin, quruq tuproq zarrachalarini havoga ko‘taradi”, — deya tushuntiradi u.
Biroq chang bo‘ronlaridan keyin har doim ham salqin havo kirib kelavermaydi. Aksincha, undan keyin hatto harorat ko‘tarilishi mumkin. Chang bo‘ronining paydo bo‘lishi uchun shamolning yuqori tezligi zarur. Shamol turli haroratdagi havo massalari to‘qnashganda kuchayadi, deya tushuntiradi “Gazeta.uz”ga GMITI laboratoriyasi mudiri Bahriddin Nishonov. Hududdagi havo massasi bilan hududga kirib kelayotgan havo massasi orasidagi harorat farqi qancha yuqori bo‘lsa, shamolning tezligi shuncha yuqori bo‘ladi. Shunday qilib, sovuq yo issiq bo‘lishidan qat’i nazar, shamol yalang‘ochlangan tuproq zarralarini havoga ko‘taradi. Tuproq qanchalik quruq bo‘lsa, shunchalik oson burdalanadi, shamol ham tuproq zarralarini shu qadar oson havoga ko‘taradi. Odatda, tuproq vegetatsiya davrining boshida, shuningdek, hosil yig‘ib olingandan keyin yalang‘ochlanadi.

Buni bir guruh olimlarning qurg‘oqchil muhitlarga bag‘ishlangan ilmiy jurnalda chop etilgan tadqiqoti ham tasdiqlaydi. O‘zbekistonning geografik va iqlim sharoitlarida chang bo‘ronlari yuzaga kelishining uchta sharti mavjud: kuchli shamollar, eroziyaga uchragan yoki ko‘chgan yer yuzasidagi mayda zarralar va beqaror atmosfera sharoitlari.
Havodagi changning yuqori konsentratsiyasi boshqa sabablar bilan ham izohlanadi. O‘zbekiston “changli belbog‘”da joylashgan. Bular dunyoda eng ko‘p chang bo‘ronlaridan aziyat chekadigan hududlardir. U Marokashdan boshlanib, Sahroi Kabir, Yaqin Sharq, Eron va O‘zbekiston orqali o‘tadi.

Qolaversa, O‘zbekiston hududida uchta cho‘l mavjud: Qoraqum, Qizilqum va Orolqum. Isroillik olimlarning tadqiqotlarida aynan Qoraqum cho‘li chang bo‘ronlarining asosiy manbai sifatida qayd etilgan.

Bahriddin Nishonov havoning ifloslanishida Orol dengizining qurishi ham muhim rol o‘ynashini ta’kidladi. Shamol dengiz havzasida shakllangan cho‘l — Orolqum hududidan tuz va changlarni havoga ko‘taradi. Ekspertning so‘zlariga ko‘ra, 2018-yilgi bo‘ron aynan Orolqumda yuzaga kelgan, Qoraqalpog‘iston, Xorazm bo‘ylab o‘tgan va Buxoro viloyatida to‘xtagan.

Orolqumda boshlanuvchi tuz va chang bo‘ronlari 1970-yillardayoq kuzatilgan. Bu haqda Markaziy Osiyo bo‘yicha atrof-muhit tarixchisi Mayya Peterson yozgan edi. Rossiya imperiyasi bosqiniga qadar va sovet davridagi Markaziy Osiyoning suv zaxiralari va ulardan foydalanish haqidagi kitobida u shunday yozadi:
  • “Paxta hosilini himoya qilish uchun ishlatiladigan kimyoviy moddalar Orol mintaqasining barcha ekotizimlarida — havo, suv va tuproqda, shuningdek, mahalliy oziq-ovqat mahsulotlarida aniqlangan. Birinchi marta 1975-yilda sovet kosmonavtlari tomonidan kuzatilgan, ochiq dengiz tubidan ko‘tarilgan zaharli chang bo‘ronlari dengiz qisqarib borishi fonida tez-tez sodir bo‘la boshladi va kuchayib bordi”.
реклама
реклама
2021-yil noyabridagi changli tuman nima uchun yuzaga keldi?
2021-yilning 4−5-noyabr kunlari Toshkentni chang-qum bo‘roni qopladi. Juda issiq kelgan oktabr oyi va noyabrning boshidan so‘ng mintaqaga sovuq havo massalari kirib keldi. 5-noyabrga o‘tar kechasi havo harorati noldan pastga tushdi, sovuq harorat bir necha kun davomida saqlanib qoldi.
2021-yilning juda iliq oktabr oyi
Mintaqaga yangi havo massalari kirib kelmagani sababli, avvalroq Markaziy Osiyoga kirib, chang bo‘roniga sabab bo‘lgan sovuq havo turg‘unlikka uchradi. Havoning turg‘unligi tufayli shaharda shamol esmadi va chang bir necha kun havoda saqlanib qoldi va changli tuman paydo bo‘ldi.
2021-yil 4-noyabrda ob-havoning keskin o‘zgarishi
O‘sha paytda “O‘zgidromet” o‘z xabarida havodagi chang miqdori me’yordagidan besh baravar oshib ketganini ma’lum qilgan edi. Bir necha kundan so‘ng Toshkentning o‘sha vaqtdagi hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev matbuot anjumanida chang Qozog‘istondan kirib kelganini ta’kidladi.
  • “Buni savodsiz odam ham tushunadi. Bu chang Toshkentda boshlanmadi. Uzoqdan uchib kelayotgan yirik qum zarralari [Toshkentga] yetib kelguncha shamolda maydalanib, mayda zarralarga aylangan bo‘lishi ehtimoli bor. Lekin, men ekolog emasman. Menimcha, bu Toshkentda ko‘tarilmadi va Toshkentda boshlanmadi. Chang Qozog‘istondan kirib kelib, Samarqandga, Samarqanddan Gulistonga, Gulistondan Toshkentga, Toshkentdan Namanganga o‘tgan, keyin yana Qozog‘istonga qaytib ketgan…” — degandi poytaxtning sobiq hokimi.
Jahongir Ortiqxo‘jayevning bayonoti jamoatchilik orasida istehzoga sabab bo‘ldi, chunki shahar hokimi ko‘p sonli qurilish maydonlarining tabiiy hodisaga qo‘shgan hissasini tan olmagan edi. Biroq, ilmiy tadqiqotlar natijalari shuni ko‘rsatadiki, 2021-yil noyabr oyidagi bo‘ron haqiqatan ham Qozog‘istondan kirib kelgan. O‘zbekiston hududidagi qishloq xo‘jaligi yerlarining yalang‘ochlangan tuprog‘i va qurilish maydonlarining, shu jumladan, poytaxtdagi qurilish maydonlarining changlari vaziyatni yanada og‘irlashtirgan.
2021-yil 5-noyabr tongida Toshkentda chang bo‘roni oqibatlari
Foto: Yevgeniy Sorochin
Bir guruh olimlar, jumladan, Bahriddin Nishonov tomonidan olib borilgan tadqiqotlardan biri 2023-yilda yirik ilmiy jurnal — Nature jurnalida chop etildi. Mualliflar havo oqimini kompyuterda modellashtirdi, havoni ifloslantiruvchi moddalarning tarqalishini o‘rgandi va natijalarni Toshkentdagi meteorologik stansiyalar ma’lumotlari bilan taqqosladi. Natijalar shuni tasdiqladiki, chang bo‘roni haqiqatan ham Qozog‘istonning janubiy qismida yuzaga kelgan, Toshkent bo‘ylab o‘tgan va Farg‘ona vodiysiga kirib borgan.
  • “Odatda chang bo‘ronlari kuchli shamol paytida yuzaga keladi. Biroq qurg‘oqchilikda chang zarralari shamol tezligi sekundiga 3−5 metr bo‘lganda ham havoga ko‘tarilishi mumkin. 2021-yilda yoz issiq keldi. Kuz ham issiq va quruq bo‘ldi. [Noyabr oyining boshida] sovuq havo oqimi kirib kelib, kuchli shamolga sabab bo‘ldi. Janubiy Qozog‘istonda sug‘orma dehqonchilik bilan shug‘ullanishadi, biroq shimoldagi dalalar sug‘orilmaydi, u yerda lalmi dehqonchilik amaliyoti qo‘llaniladi, bunda sug‘orish uchun yomg‘ir suvidan foydalaniladi (chunki boshqa suv yo‘q — tahr.). Uzoq davom etgan qurg‘oqchilik sug‘orma dehqonchilik dalalarini quritdi, shamol tuproq zarralarini havoga ko‘tarib, changni O‘zbekistonga uchirib keldi. Sovuq havo massasining kirib kelishi changni havoga ko‘tardi”, — deya tadqiqot natijalariga izoh berdi Bahriddin Nishonov “Gazeta.uz” muxbiri bilan suhbatda.
Laboratoriya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, bo‘ron havoning ifloslanishiga tumanchalik salbiy ta’sir ko‘rsatmadi.
Chang bo‘roni changli tumandan nimasi bilan farq qiladi?
Chang bo‘roni — kuchli shamol atmosferaning chegara qatlamiga ko‘p miqdorda chang va qumni olib o‘tishi bo‘lib, buning natijasida ko‘rinish darajasi pasayadi. Changli tuman — bu atmosfera hodisasi bo‘lib, unda havoning quyuqligi oshadi, chunki unda qattiq aerozollar, odatda, chang va qum zarralari ko‘payadi. Changli tuman paytida ko‘rinish darajasi pasayadi, lekin shamolning tezligi chang bo‘roniga qaraganda pastroq bo‘lishi mumkin. Odatda chang tumani chang bo‘ronining darakchisi yoki oqibati hisoblanadi.

Bahriddin Nishonovning ilmiy maqolasidan izoh.
Bahriddin Nishonov, shuningdek, qurilish changining havo ifloslanishiga ta’sirini istisno qilmaydi:

“Buni istisno qilish mumkin emas. Toshkent hududida [ilgari] qancha yashil o‘simliklar bo‘lganiga qarang. Qurilish ishlarining mahalliy chang bo‘ronlari paydo bo‘lishiga ta’sirini ham istisno qilib bo‘lmaydi”.
2021-yilgi chang bo‘ronining Qozog‘istondan kirib kelganini bir guruh amerikalik, yevropalik va qozog‘istonlik olimlar tomonidan o‘tkazilgan boshqa mustaqil tadqiqot ham tasdiqlaydi.

“Tahlillarimiz shuni ko‘rsatadiki, chang bo‘roni ekstremal sovuq havo va unga hamroh bo‘lgan postfrontal shimol shamollarining to‘qnashishi (harakatlantiruvchi kuch) va ko‘p yillik La-Ninya hodisasi (zaruriy shartni harakatlantiruvchi kuch) bilan bog‘liq davomli qurg‘oqchilik (zaruriy shart) tufayli yuzaga kelgan murakkab hodisaning zaruriy sharti bo‘lgan”, — deb yozadi mualliflar.
La-Ninya o‘zi nima va bu hodisaning Markaziy Osiyodagi havo haroratiga qanday aloqasi bor?
“La-Ninya — tabiat hodisasi bo‘lib, unda Tinch okeani tropik zonasining markaziy va sharqiy qismida dengiz sathining harorati pasayishi kuzatiladi, — tushuntiradi maqolaning bosh muallifi Sin Si. — Bu hodisa har uch-besh yilda takrorlanadi, lekin, masalan, 2020−2023-yillardagi kabi, bir necha yil davomida ketma-ket sodir bo‘lishi ham mumkin. La-Ninya El-Nino / Janubiy tebranish (ENJT) siklining „sovuq“ fazasi bo‘lib, „telealoqa“ deb yuritiluvchi jarayon vositasida uzoq hududlarda harorat va yog‘ingarchilikka ta’sir ko‘rsatadi. Meteorologiyada bu atama juda uzoq masofalardagi iqlim anomaliyalari o‘rtasidagi bog‘liqlikni anglatadi. So‘nggi bir necha o‘n yilliklarda ENJT va juda uzoq Markaziy Osiyoda qish mavsumida yog‘ingarchilik miqdori o‘rtasida yaqin bog‘liqlik kuzatilmoqda. Tinch okeanida dengiz haroratining pasayishi suvning bug‘lanishini kamaytirmoqda. Bu esa Markaziy Osiyoda qish mavsumida yog‘ingarchilik miqdori kamayishiga va yoz mavsumida qurg‘oqchilikka olib keladi. Qurg‘oqchilik, ko‘p hollarda, yanada quruqroq, kamroq himoyalangan tuproqlarni shakllantiradi va, o‘z navbatida, xususiy yoki intensiv chang hodisalarini keltirib chiqaradi”.
“Gazeta.uz” muxbiri maqola bosh muallifi Sin Siga murojaat qilib, tadqiqot metodologiyasi va uning natijalari yuzasidan izoh berishni so‘radi.

“2021-yil 4-noyabrdagi chang qoplamasi manbaini kuzatish maqsadida geostatsionar sun’iy yo‘ldoshdan olingan 15 daqiqalik tasvirlardan foydalandik va chang qoplamasi Qozog‘iston janubidagi Aris daryosi quyi oqimida joylashgan qishloq xo‘jaligi yaylov mintaqasidan kelib chiqqanligini aniqladik. Qirg‘oqdagi flyuvial cho‘kindilar (suv yuvib ketganidan keyin tuproqda qolgan suv izi, masalan, qurigan o‘zan — tahr.) ko‘p miqdorda mayda dispers cho‘kindilarni o‘z ichiga oladi. Bu cho‘kindi qurigan va yalang‘ochlanganidan keyin shamol eroziyasiga uchraydi. Avvalgi yillarda bu hudud uzoq davom etgan qurg‘oqchilikni boshdan kechirganini aniqladik. Natijada tuproq agregatlari oson yemiriladi va o‘simliklar bilan kamroq himoyalanadi. Tuproqqa ishlov berish yoki chorva mollarini o‘tlatish kabi mexanik ta’sirlar ham quruq tuproqning maydalanishini kuchaytirishi mumkin. 2021-yil 4-noyabr kuni kuchli ob-havo tizimi Janubiy Qozog‘istonga haddan tashqari sovuq havo va kuchli shamolgi olib kirdi, bu esa qurigan qishloq xo‘jaligi yaylov yerlaridan chang bo‘ronini ko‘tardi”, — deya izoh berdi Sin Si.
2021-yilning 4−5-noyabr kunlari voqealarning borishi quyidagicha bo‘lgan. Chang bo‘roni ko‘tarilishi 4-noyabr kuni soat 8:30 da Janubiy Qozog‘istonning O‘rdabasi tumani qishloq xo‘jaligi yaylovida boshlangan. Uch soatdan so‘ng chang qoplamasi Toshkentga, undan Farg‘ona vodiysiga yetib borgan. AQShning Toshkentdagi elchixonasi hududida o‘rnatilgan havo sensori ma’lumotlariga ko‘ra, PM2,5 yoki changning maksimal konsentratsiyasi 978 mkg/m3 ni tashkil etgan. Ilmiy maqolada qayd etilgan “O‘zgidromet” ko‘rsatkichlari 2000 mkg/m3 dan yuqori, bu ruxsat etilgan darajadan 30 baravar ko‘p, degani.
O‘zbekiston “changli belbog‘” va qurg‘oqchil zonaga kirishini, mamlakat hududidagi cho‘llar maydoni va Orol fojiasini hisobga olib, O‘zbekistonda havoning ifloslanishining asosiy sababi — tabiiy chang, degan xulosaga kelish mumkin. 2024-yil may oyi o‘rtalarida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tabiiy changni poytaxt havosining asosiy ifloslantiruvchisi, deb atagan edi.
“[Jahon banki bilan hamkorlikdagi] loyiha doirasida o‘tkazilgan tadqiqotlar, shuningdek, dastlabki hisobotga ko‘ra, Toshkentda PM2,5-mayda dispers zarralarining hosil bo‘lishiga quyidagi omillar ta’sir ko‘rsatgan: tabiiy chang — 36 foiz, issiqlik ta’minoti — 24 foiz, transport vositalari — 16 foiz, sanoat korxonalari — 13 foiz”, — deyiladi vazirlik izohida.

“Gazeta.uz” muxbiri tadqiqot metodologiyasi bilan tanishish uchun hisobotni taqdim etishni so‘rab, Ekologiya vazirligi matbuot xizmatiga murojaat qildi. Matbuot xizmati u tez orada jamoatchilikka taqdim etishlishini ma’lum qildi.

Shu bilan birga, 2024-yil qishida, atmosfera havosining ifloslanishi yuzasidan jamoatchilik noroziligining eng yuqori nuqtasida, Ekologiya vazirligi muammoni chuqurlashtirayotgan bir qator omillarni sanab o‘tdi. Jumladan:
Moratoriy davrida 49 ming tup daraxtning noqonuniy kesilishi
Bosh rejalarni tasdiqlamagan holda qurilish ishlarining olib borilishi
Transportdan atmosfera havosiga chiqarilayotgan ifloslantiruvchi moddalar hajmining, xususan AI-80 dan foydalanish hisobiga ortishi
Qazilma yoqilg‘i, shu jumladan, ko‘mirdan foydalanish hajmining oshishi
Kuz-qish mavsumida aholini markazlashtirilgan issiqlik bilan ta’minlash uchun mavjud issiqlik markazlari tomonidan mazutdan qo‘shimcha yoqilg‘i sifatida foydalanish
Shamolning yo‘nalishi va tezligi, havo harorati, quyosh radiatsiyasi, atmosfera yog‘inlarining miqdori va davomiyligi, harorat inversiyalari (aralash zarrachalarning vertikal bo‘ylab tarqalishiga to‘sqinlik qiluvchi iliq havo qatlami) va boshqa tabiiy omillar
Ushbu bayonot fuqarolik jamiyati va ommaviy axborot vositalari tomonidan bir necha yillardan beri tilga olinayotgan ekologiya va shaharsozlik muammolari haqiqatda mavjud ekanligini tasdiqladi. To‘g‘ri, Ekologiya vazirligi tomonidan chiqarilgan xulosalar yuzasidan jamoatchilikka ilmiy-isbotlangan asos taqdim etilmadi. Bundan tashqari, vazirlikning may oyida aynan tabiiy chang havoni ifloslantiruvchi asosiy omil ekanligi haqidagi bayonoti yanvar oyidagi da’volarga zid kelishi mumkin.
“Zararli chang”
Ko‘pchilik havo ifloslanishini qurilishning avj olishi bilan bog‘lagani sababli, “Gazeta.uz” muxbiri avvalgi “katta qurilish”da — 1966-yilgi zilziladan keyin Toshkent qurilishida ishtirok etgan familiyasini oshkor etmaslikni so‘ragan Hamidulla aka bilan suhbatlashdi. Maqsad — yangi shahar qurilishi yillarida chang bilan bog‘liq vaziyat qanday bo‘lganini bilish edi.

Hamidulla aka, shuningdek, hodisaning “Gazeta.uz” muxbiri boshqa materiallarni tayyorlash vaqtida suhbatlashgan boshqa guvohlari ham o‘sha vaqtdagi poytaxtni ulkan qurilish maydoni sifatida eslaydi. Hamidulla aka yoshligini eslab, o‘sha vaqtda ish “Mahallada duv-duv gap” filmidagi kabi qaynaganini aytadi.
Toshkentda 1966-yilgi zilzila oqibatlarini bartaraf etish.
Foto: O‘zbekiston kinofotofono hujjatlar milliy arxivi
Ma’lumki, zilzila oqibatida 2 mln kvadrat metr turar joy maydoni vayron bo‘lgan. Qurilish ishlari keyingi uch yil davomida olib borilgan. 1969-yilga kelib Toshkentda 3,2 million kvadrat metr turar joy qurilgan. Age Tashkent ma’lumotlariga ko‘ra, 1966-yilning o‘zida 632 ta ko‘p qavatli uy foydalanishga topshirilgan. Keyingi ikki yilda — taxminan 500 tadan.
Manba: Age Tashkent
Qurilish ishlari ko‘lami juda katta edi. Hamidulla aka Markaziy univermag atrofidagi vayronalarni tozalashda qatnashgan, Chilonzorning qurilishiga guvoh bo‘lgan, chunki o‘zi unga yaqin hududda yashagan.

“1958−1960-yillarda Muqimiy ko‘chasi endigina yotqizila boshlagan edi. Chilonzorning birinchi mavzesi hali yo‘q edi. To‘rt tomon — yalanglik, dalalar. Zilziladan so‘ng Chilonzorda odamlarga yer uchastkalari ajratilgan”, — deb eslaydi u.

Chilonzor dahasi 1966-yildagi zilziladan keyin paydo bo‘lgan. Bu uy-joylar qurilishi uchun birinchi va asosiy maydon edi, chunki qurilishlar uchun buzib tashlanishi kerak bo‘lgan obyektlar soni eng kam bo‘lgan hudud talab qilinardi, deb yozadi bosh arxitektor Aleksandr Yakushev o‘zining “Bizning Toshkent” maqolasida. Material 1966-yilda “Pravda Vostoka” gazetasida chop etilgan.

Chilonzordan tashqari shahar markazida ham qurilish ishlari olib borilgan. Biroq, Hamidulla akaning fikricha, o‘sha yillarning changi boshqacha edi.
  • “Chilonzordagisi foydali chang edi. Nima uchun? Chunki bu tuproq. Uning tarkibida mineral aralashmalar bor, bu esa o‘simliklar uchun o‘g‘it, — deb hisoblaydi u. — Chilonzorda dalalar bor edi, shamol esardi. Hozirgi qurilishlardagi chang — qurilish changi. U zararli, zaharlovchi chang. 1966-yilda ham „Mahallada duv-duv gap“ filmidagi kabi keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilgan, biroq yashil fon zichroq edi. Toshkent aholisi ham hozirgidan ancha kam edi. Keyin, biz hovli, ko‘cha, har bir uyning atrofi uy ichkarisidan ham sarishtaroq bo‘lishiga o‘rgangan edik. „Kiyim-boshingizga qarab kutib olishadi“, deyishadi. Har bir uyning kiyimi — bu uning atrofidagi sarishtalikdir”.
Hamidulla aka hozirgi qurilish “shiddati” va daraxtlarning kesilishi bilan havo sifatining yomonlashuvi o‘rtasida bog‘liqlik ko‘radi. Bog‘-shaharni barpo etgan avlod kishisi bog‘ning sahroga aylanib borayotganiga guvohi bo‘lmoqda.

Biroq, uning “foydali chang” haqidagi so‘zlarida boshqa, chuqurroq fikr yashiringan: nega biz havoning ifloslanishi haqida gapirar ekanmiz, “chang” so‘zini ishlatamiz? Bu changning tarkibida nima bor? 2024-yildagi chang 1966-yildagi changdan nimasi bilan farq qiladi? Havo ifloslanishiga aynan nima sabab bo‘lmoqda?
реклама
реклама
Havo sifatini o‘lchashning turli metodologiyalari
Geografiya lug‘ati havo sifatini havoning bir qator ko‘rsatkichlar bo‘yicha aniqlanadigan odamlar ehtiyojlari va texnologik talablarga muvofiqlik darajasi sifatida ta’riflaydi. Texnik tarjimon ma’lumotnomasiga ko‘ra, havo sifati — bu havoning ifloslanish darajasi; atmosferada bo‘lishi mumkin bo‘lgan antropogen ifloslantiruvchilarning turi va maksimal konsentratsiyasi.

Havo sifati turli ifloslantiruvchilarning ko‘rsatkichlaridan kelib chiqib hisoblanadi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) quyidagi ifloslantiruvchilarni sanab o‘tadi:
  • diametri 10, 2,5 va 1 mikrometrli muallaq PM zarrachalari;
  • azot dioksidi;
  • is gazi;
  • oltingugurt dioksidi;
  • qo‘rg‘oshin;
  • politsiklik aromatik uglevodorodlar;
  • formaldegid;
  • radon;
  • qora uglerod;
  • ultradispers zarralar;
  • mog‘or.
Ushbu ifloslantiruvchi moddalarning ba’zilari, masalan, qora uglerod, mog‘or va qo‘rg‘oshin havoga muallaq zarrachalar shaklida tushadi. Bularga tabiiy va qurilish changlari, tuz kiradi. Muallaq zarralar yoqilg‘i yondirilganda, o‘rmon yong‘inlarida, shuningdek, shinalar asfaltga ishqalanganda yoki metall, yog‘och va boshqa materiallarni arralashda hosil bo‘ladi. PM zarralari odamlarga havoni ifloslantiruvchi boshqa har qanday moddalarga qaraganda ko‘proq salbiy ta’sir ko‘rsatadi, deyiladi JSST ma’lumotnomasida.
Toshkentdagi havo sifati haqida uchta manbadan ma’lumot olish mumkin:
IQAir havo sifatini o‘lchash maishiy datchiklari ko‘rsatkichlari
AQSh elchixonasi hududida o‘rnatilgan havo sifatini o‘lchash uchun avtomatik monitor ma’lumotlari
“O‘zgidromet”ning atmosfera havosi sifati monitoringi avtomatik stansiyalari ma’lumotlari
Har bir manba havoning ifloslanishini o‘z usulida o‘lchaydi — ko‘rsatkichlarlarning turlichaligi va ma’lumotlarning aniqligi to‘g‘risidagi bahs-munozaralar aynan shu bilan izohlanadi.

IQAir maishiy datchiklari — bu uy yoki ofisga o‘rnatish mumkin bo‘lgan nisbatan arzon qurilma. Ishlab chiqaruvchining ma’lum qilishicha, datchiklar havo sifatini shahar miqyosida ko‘rsatadi, biroq aslida ularning amal qilish radiusi juda cheklangan. 2024-yilning qishida “O‘zgidromet” xodimlari maishiy datchiklardagi xatoliklar haqida gapirib bergan edi. Bahriddin Nishonov intervyuda bu ko‘rsatkich 200 foizga yetishi mumkinligini ma’lum qildi. Biroq, ulardan baribir foyda bor, chunki ular shahar bo‘ylab qurilmalar tarmog‘ini yaratadi. 2024-yil qishida “Gazeta.uz” ham o‘z ofisiga ana shunday datchik o‘rnatdi. U bino atrofidagi havo sifati haqidagi ma’lumotlarni ko‘rsatadi.

IQAir datchiklari havo sifatini AQI havo sifati indeksi asosida ko‘rsatadi.

AQI qanday hisoblanadi? Indeks AQSh Atrof-muhitni muhofaza qilish agentligining Havo sifati milliy standartlariga asoslangan. U oltita ifloslantiruvchilarni hisobga oladi: PM2,5, PM10, uglerod monooksidi, oltingugurt va azot dioksidi va yerusti ozoni. AQI 0 dan 500 gacha o‘zgarib turadi. Havoning sifatiga o‘lchash paytida eng yuqori konsentratsiyaga ega bo‘lgan havoni ifloslantiruvchi ko‘rsatkich beriladi. Faqat u yoki bu monitoring stansiyasida mavjud bo‘lgan moddalar o‘lchanadi — ular har doim ham oltita emas. Bu datchikning modeliga bog‘liq.

“AirVisual veb-saytida AQI monitorlari seriyasi PM2,5 o‘lchovlaridan AQI’ning ko‘rsatkichi sifatida foydalanadi, chunki PM2,5 keng tarqalgan va inson salomatligiga ta’sir qiluvchi eng xavfli havo ifloslantiruvchisi hisoblanadi”, — deyiladi datchiklar ishlab chiqaruvchisining saytida.
IQAir veb-saytidan maishiy datchiklarning illyustrativ surati.
AQShning Toshkentdagi elchixonasi hududidagi avtomatik monitor. Sent-Luisdagi Vashington universitetining energetika, atrof-muhit va kimyoviy texnologiyalar bo‘yicha professori Jey Tyorner matbuot brifingida ushbu qurilmaning havo sifatini o‘lchash metodologiyasi haqida ma’lumot bergan edi.

“Monitor havo sifati ma’lumotlarini har soatda ko‘rsatadi. Dastlab 53 daqiqa davomida diametri 2,5 mikron (PM2,5) dan kichik bo‘lgan mayda dispersli muallaq zarrachalar namunalari va boshqa ma’lumotlar yig‘iladi. Keyin monitor ularni 7 daqiqa davomida tahlil qiladi va serverga uzatadi. Ma’lumotlar havo holati haqidagi hukumat veb-sayti — AQSh Atrof-muhitni muhofaza qilish agentligi tomonidan boshqariladigan AirNow saytida e’lon qilinadi”, — deya tushuntirdi professor Tyorner.
AQShning Toshkentdagi elchixonasida atmosfera havosi ifloslanishini kuzatuvchi monitor.
Foto: Jahongir Azimov / “Gazeta.uz”
AQSh elchixonasi hududidagi sensor ham AQSh atrof-muhit agentligi tomonidan ishlab chiqilgan AQI havo sifati indeksiga asoslanadi. AQSh hukumati saytidagi ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkentdagi havo sifati indeksi PM2,5 va ozon ko‘rsatkichlari bo‘yicha hisoblanadi. Masalan, Bokudagi havo sifati faqat PM2,5 ko‘rsatkichlari bo‘yicha aniqlanadi.
Toshkentdagi havo sifati indeksi ko‘rsatkichlari AQSh hukumati saytida.
Bokudagi havo sifati indeksi ko‘rsatkichlari AQSh hukumati saytida.
Ko‘pchilik elchixonadagi monitorni etalon va ishonchliroq deb hisoblaydi. Matbuot brifingida Jey Tyorner qurilmaning butun Toshkent bo‘ylab havo sifatini baholay olishini qayd etgan edi.

Biroq, ko‘plab mutaxassislar birgina qurilmaning o‘zi yetarli emas, deb hisoblaydi. Bu fikr O‘zbekiston Milliy universiteti biolog olimlarining “Toshkent shahridagi bargli va ignabargli daraxt navlarining chang ushlash qobiliyati taqqosi”ga bag‘ishlangan maqolasida bilvosita tasdiqlangan. Biologlar o‘z maqolalarida katalpa, chinor, eldor qarag‘ayi va qizil kedr archasi shox-shabbalarining uch xil atrof-muhit sharoitida: qurilish maydonida, kichik va katta yashil maydonda changni tutib turish qobiliyatini o‘rgangan.
Tadqiqotning asosiy xulosalaridan biri “shaharda havoning changlanishi bir xil emas. Shaharning turli joylarida o‘simliklar ustiga yig‘ilib qolgan changning turli massalari shundan dalolat beradi”, deb yozadi maqola mualliflari.
Maqola mualliflaridan biri Yekaterina Kolchanova-Zeybert “Gazeta.uz” muxbiriga bergan intervyusida daraxtlar changni turlicha tutib turishini tushuntirdi. Bu o‘simlik turiga, chang konsentratsiyasi va yashil o‘simliklarning zichligiga bog‘liq.

“O‘zgidromet”ning avtomatik monitoring stansiyalari. O‘zbekiston bo‘ylab “O‘zgidromet” 64 ta atmosfera havosini kuzatish punkti va 16 ta avtomatik monitoring stansiyasida havoning ifloslanishini monitoring qiladi. Toshkent shahrida 13 ta punkt va 3 ta avtomatik stansiya mavjud.
Havo sifati monitoringi avtomatik stansiyasi.
Foto: “O‘zgidromet”
Agentlik xodimlari o‘zlarining avtomatik stansiyalarini O‘zbekistondagi eng yaxshilari deb ataydi, chunki ular Horiba (Yaponiya, Germaniya) kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan gaz analizatorlari bilan jihozlangan va atmosfera havosining ifloslanish holatini onlayn rejimda ko‘rsatadi. Ushbu stansiyalar bir necha kvadrat kilometr maydonda havoning ifloslanish holatini aks ettirishga imkoniyatiga ega.
Gaz analizatorlari nimani o‘lchaydi?
Monitoring stansiyalarida gaz analizatorlari atmosfera havosidagi asosiy ifloslantiruvchi moddalar: azot oksidi va dioksidi, oltingugurt dioksidi, uglerod oksidi, ammiak, shuningdek, chang (tabiiy bo‘lishi shart emas) bo‘lgan PM10 va PM2,5-mayda dispers zarralarini aniqlaydi. Bundan tashqari, stansiyalar meteorologik parametrlar — havo harorati va namligi, bosimni o‘lchaydi.
Ammo “O‘zgidromet” ko‘rsatkichlariga ko‘pchilik shubha bilan qaraydi. Ishonchga putur yetishida Ekologiya vazirligining havo sifati bo‘yicha milliy standartlarni ishlab chiqish zarurati haqidagi bayonotining ham hissasi bor. Vazirlik bu haqda 2024-yil yanvarida — Toshkent aholisining havo sifatidan noroziligi eng cho‘qqiga chiqqan paytda xabar bergan edi. Jamoatchilik hayron: “Xalqaro standartlar mavjud ekan, PM2,5 bo‘yicha milliy standartlarni ishlab chiqishning nima keragi bor?”.

JSSTning havo sifati bo‘yicha yo‘riqnomasi tamoyillarida tashkilot havo sifatiga qo‘yiladigan talablarning tavsiyaviy xususiyatga ega ekanini tan oladi. JSSTning PM2,5 konsentratsiyasi bo‘yicha talablari tavsiyaviy xususiyatga ega, biroq ularga har doim ham erishib bo‘lmaydi, deyiladi hujjatda.

“Yo‘riqnoma siyosat va aralashuvlar bo‘yicha aniq tavsiyalarni nazarda tutmaydi, chunki ular ko‘p jihatdan muayyan sharoitlarga bog‘liq: bir muhitda samarali bo‘lishi mumkin bo‘lgan narsa boshqa muhitda ishlamasligi mumkin”, — deyiladi JSST hujjatida.
Bahriddin Nishonov PM2,5 bo‘yicha xalqaro standartlar mavjud emasligini ta’kidladi. “Har bir mamlakatning o‘z standarti bor. JSSTning tavsiyasi faqat PM2,5 bo‘yicha”.

Boshqa ifloslantiruvchi moddalar — azot oksidi va dioksidi, oltingugurt dioksidi, uglerod oksidi, ammiak va PM10 bo‘yicha milliy standartlar allaqachon ishlab chiqilgan, deydi Bahriddin Nishonov. PM10 standartlari 2011-yilda tasdiqlangan, biroq PM10ning qabul qilingan maksimal ruxsat etilgan konsentratsiyasi (REK) juda yuqoriligi sababli qayta ko‘rib chiqilishi kerak.
Bundan kelib chiqadiki, milliy standartlar ishlab chiqilishi mantiqan to‘g‘ri. Ular zarurligi haqida Jey Tyorner ham gapirgandi. JSST tavsiyalariga rioya qilish uchun O‘zbekiston mintaqaga xos chang omilini istisno qilishi kerak, deydi olim. Uning fikricha, bunga ilm-fan yordamida erishish mumkin.
  • “O‘zbekiston havo sifatini o‘lchash bo‘yicha o‘z standartlarini ishlab chiqishda milliy xususiyatlardan tashqari mintaqaviy xususiyatlarni ham hisobga olishi kerak. Ifloslanish manbalari Toshkent va Xiva shaharlari uchun juda o‘xshash bo‘lishi mumkin, ayni vaqtda farq ham qilishi mumkin. Buning uchun tadqiqotlar olib borish kerak”, — deydi u.
Milliy standartlarning zarurati, shuningdek, monitoring ma’lumotlarini qayta ishlashdagi yondashuvlarning turlichaligi bilan izohlanadi. O‘zbekistonda atmosfera havosining ifloslanish indeksi yoki IZA, AQShda esa — Havo sifati indeksi (Air Quality Index — AQI) amal qiladi.

IZA qanday hisoblanadi? IZA monitoring stansiyasi o‘rnatilgan hudud uchun eng yuqori konsentratsiyaga ega bo‘lgan beshta ifloslantiruvchi modda bo‘yicha hisoblanadi.

Stansiyalar quyidagi moddalarni aniqlaydi: oltingugurt dioksidi, uglerod oksidi, azot dioksidi, azot oksidi, PM10 va PM2,5 muallaq moddalar, ammiak, ozon, fenol va formaldegid.

Indeks moddalarning xavflilik darajasini hisobga oladi va havoning uzoq vaqt ifloslanish darajasini ko‘rsatadi. Stansiyalar aniqlaydigan barcha moddalar ham indeksda hisobga olinmaydi. IZA ifloslantiruvchi moddani hisobga olishi uchun u bo‘yicha milliy standartlar qabul qilinishi va ularning ruxsat etilgan konsentratsiyalari (REK) belgilanishi kerak. Shu bilan birga, moddalarning sutkalik va bir martalik REKlari farqlanadi.

PM2,5 bo‘yicha milliy standartlar ishlab chiqilmaganligi va REK belgilanmaganligi sababli, monitoring stansiyasi o‘rnatilgan hudud uchun uning konsentratsiyasi eng yuqori bo‘lsa ham, IZA diametri 2,5 mikrometr va undan kichik bo‘lgan chang konsentratsiyasini hisobga olmaydi. Indeks, shuningdek, PM10 qattiq zarrachalarini ham hisobga olmaydi, chunki PM10 uchun 2011-yilda qabul qilingan REK juda yuqori, deydi Bahriddin Nishonov.
реклама
реклама
Ilm-fanga e’tibor qaratishning samarasi — salomatlik
Shunday qilib, O‘zbekistonda murakkab vaziyat yuzaga kelgan. Havo sifatini baholashning uchta usuli mavjud ekaniga qaramay, ularning qay biri aniqroq ekani noma’lum, chunki har biri havo sifatini o‘zicha aniqlaydi. Ekologiya vazirligi havoning ifloslanishiga asosiy sabab tabiiy chang, Sent-Luisdagi Vashington universiteti professori Jey Tyorner antropogen omil deb hisoblaydi, Bahriddin Nishonov esa chuqur tadqiqot o‘tkazish zarur, degan fikrda.

PM2,5ning ruxsat etilgan maksimal konsentratsiyasini aniqlash va PM10 uchun REKni yangilashdan tashqari, bu chang nimalardan tashkil topganligini bilish kerak. Shunga ko‘ra, ifloslanish manbalarini aniqlash va havoning muallaq zarrachalar bilan ifloslanishiga qarshi kurashish siyosatini ishlab chiqish mumkin bo‘ladi.
  • “Konsentratsiya — bu bir kub metrdagi zarrachalar miqdori. Bu vazn. Biroq, bu kub metrdagi moddalarning tarkibini anglatmaydi. O‘zbekistonda bunday ishlar amalga oshirilmaydi”, — deya tushuntiradi GMITI laboratoriyasi rahbari Bahriddin Nishonov.
O‘rganish tizimli bo‘lishi uchun muntazam investitsiyalar va maxsus uskunalar zarur. Chang tarkibini ion xromatografi yoki atom-absorbsion spektrometr kabi qurilmalarda fizik-kimyoviy tahlil orqali aniqlash mumkin, deydi Bahriddin Nishonov.
Mablag‘lar cheklanganligi sababli chang tarkibini to‘laqonli tahlil qila olmadik. Chang tarkibini aniqlash bo‘yicha ba’zi tadqiqotlar bo‘limimiz mutaxassislari tomonidan ilgari boshqa ilmiy loyihalar doirasida olib borilgan”, — deydi ekspert.

Yana bir muammo — me’yoriy-huquqiy asos. Gidrometeorologiya xizmati agentligida chang va havoni ifloslantiruvchi moddalar tarkibini aniqlash vakolati yo‘q.
  • “„O‘zgidromet“ vakolatli davlat organi sifatida aholi yashash punktlarida atmosfera havosi sifati monitoringini olib boradi va tasdiqlangan monitoring dasturlariga muvofiq ishlaydi. Ba’zi atmosfera havosini kuzatish punktlarida havodagi chang miqdori aniqlanadi. Shuningdek, „O‘zgidromet“ meteorologik stansiyalarda chang bo‘ronlarining boshlanishi, tugashi va davomiyligini aniqlaydi. Monitoring dasturiga chang tarkibini aniqlash vazifasi kiritilmagan”, — deya tushuntiradi Bahriddin Nishonov.
Havodagi ifloslantiruvchi moddalar tarkibini aniqlash kabi keng ko‘lamli muammo bu vazifani muayyan bir tashkilotga biriktirishni talab qiladi. “O‘zgidromet” ana shunday vazifani bajarishi mumkin. Chang muammosini o‘rganish loyihaviy emas, balki muntazam bo‘lishi kerak.
реклама
реклама
Chang muammosini qanday hal qilish mumkin?
“Gazeta.uz” muxbiri ushbu material ustida ishlash jarayonida suhbatlashgan olimlar havoning ifloslanishi muammosiga turlicha yechimlar taklif qildi.

Chang bo‘ronlariga kelsak, Sin Si O‘zbekiston bu borada prognoz qilish va xabardorlikni rivojlantirishi kerak, deb hisoblaydi.
  • “Chang bo‘ronlari xavfini kamaytirish uchun tuproq eroziyasi va cho‘llanishga qarshi kurashish lozim. Bunda suv va tuproq resurslarini saqlash dasturi yordam berishi mumkin. Markaziy Osiyoda qurg‘oqchilik va cho‘llanish xavfi ortib borayotgan sharoitda qishloq xo‘jaligini yuritishning yanada barqaror usullarini zudlik bilan joriy etish zarur, deb hisoblayman”, — deya tushuntiradi u.
O‘zbekistondagi Global ekologik jamg‘armaning Kichik grantlar dasturi (GEJ KGD) milliy koordinatori Aleksey Volkov “Gazeta.uz”ga bergan intervyusida fermerlar tomonidan qo‘llanilayotgan an’anaviy qishloq xo‘jaligi qanday qilib chang bo‘ronlariga olib kelishi mumkinligiga batafsil to‘xtalgan edi. Shuningdek, u ushbu muammoga yechim ham taklif qilgan. Bundan tashqari, GEJ KGD O‘zbekistondagi majburlikdan va samarasiz ravishda ko‘mir bilan isitiladigan qishloq maktablari qoldirgan uglerod izini kamaytirish loyihasini taklif qildi — chunki yongan ko‘mir ham muallaq zarrachalarni hosil qiladi.

Poytaxtni ko‘kalamzorlashtirishda Yekaterina Kolchanova-Zebert aralash turdagi ko‘chatlardan foydalanishni tavsiya qiladi.
  • “Masalan, archa va qarag‘ay daraxtining shox-butoqlari poya uzunligi bo‘ylab taqsimlanadi, ularni chang manbasiga yaqinroq yerga, shox-butoqlari yuqoriga intiluvchi katalpa va chinorni esa ularning orqasiga o‘tqazgan ma’qul. Shuni hisobga olgan holda, bir tekis yashil „to‘siq“ yaratish mumkin”, — deb yozgandi u o‘z tadqiqotida.
Havoning ifloslanishiga kelsak, Bahriddin Nishonovning fikricha, muammoni atmosfera havosini monitoring qilish tarmog‘ini kengaytirish, shuningdek, chang bo‘ronlarini prognoz qilish va monitoring qilish tizimini rivojlantirish orqali hal qilish mumkin.
  • “O‘zgidromet”da atmosfera havosining ifloslanishi bo‘yicha 64 ta kuzatuv punkti bor edi. 2020-yilda “Zamin” jamg‘armasi ko‘magida “O‘zgidromet” tarmog‘ini atmosfera havosi sifatini avtomatik monitoring qilish stansiyalari bilan jihozlash boshlandi. 2021-yil aprelida Toshkentda ikkita, 2022−2023-yillarda respublika hududlarida 13 ta va Toshkentda bitta stansiya o‘rnatildi. Poytaxtda yana 7 ta stansiya o‘rnatilishi rejalashtirilgan. Monitoring kuchaytirilganidan keyingina Toshkent va respublikada havo ifloslanishining haqiqiy holati haqida tasavvur hosil qilish mumkin”, — deydi u.
Chang o‘zbekistonliklar DNKsining bir qismiga aylanib ulgurgan. Biz shu chang havo zarralaridan nafas olganimiz yoki shunday changli yerda tug‘ilganimiz uchun emas. Aksincha, o‘nlab yillar davomida o‘zbekistonliklarning turli avlodlari changimiz DNKsiga nazar tashlay olmagani, havomizni aynan nimalar ifloslantirayotganini bilolmagani uchun chang DNKmizning bir qismiga aylangan.
2023-yilda Toshkentda kuzatilgan chang bo‘roni.
Foto: Yevgeniy Sorochin / “Gazeta.uz”
Ilm-fanni rivojlantirmas ekanmiz, “foydali” — tabiiy — chang havoni ifloslantiruvchi asosiy manba bo‘lib qolaveradi, “zararli” — inson faoliyati tufayli yuzaga kelgan — chang esa o‘rganilmaydi. Biroq, dolzarb mavzularga tezkor javob topishga harakat qilsak, ularning hech biriga qarshi kurasha olmaymiz. Oqibatda biz ham havo bilan bog‘liq muammolarining ochiqlanmagan qulfini kelgusi avlodlarga o‘tkazadigan navbatdagi bir avlodga aylanishimiz mumkin.

Matnni Jahongir Azimov va Nozima Hojimatova tayyorladi.


“Gazeta.uz” muallifligidagi grafik materiallar, shuningdek, matnga bo‘lgan huquqlar “Gazeta.uz”ga tegishli. “Gazeta.uz” internet-nashri saytiga joylashtirilgan materiallardan foydalanish shartlari bilan bu yerda tanishish mumkin.


Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting