Foto: Dilruh Isomiddinova / “Gazeta.uz”
Chinni paxtaning vatani
Paxtagulli idishlar qayerda va qanday tayyorlanadi?
“Paxtagul” — o‘zbek idishlarining eng taniqli brendi bo‘lib, asli Toshkentda paydo bo‘lgan. Chinni servizlarda ochilgan paxta chanoqlari, 70 yilki, dasturxonlarni bezaydi. Paxta naqshi “tug‘ilishi”, ommalashuvi va qanday tayyorlanishi tarixi — “Gazeta.uz” materialida.
“Paxtagul” — o‘zbek idishlarining eng taniqli brendi bo‘lib, asli Toshkentda paydo bo‘lgan. Chinni servizlarda ochilgan paxta chanoqlari, 70 yilki, dasturxonlarni bezaydi. Paxta naqshi “tug‘ilishi”, ommalashuvi va qanday tayyorlanishi tarixi — “Gazeta.uz” materialida.
Yengil ishlov berilgan, to‘q ko‘k rang sirtiga barq urib ochilgan paxta naqshlari tushirilgan chinni. Eng mashhur naqsh turi tushirilgan bu xil milliy idishlar har bir o‘zbek xonadonida topiladi, desak mubolag‘a bo‘lmas. Yarim asrdan ko‘proq vaqt davomida u servantlardan kamtarona boqib, sharqona an’analarni o‘zida saqlab keladi va har qanday dasturxonning bezagi hisoblanadi. Restoranlarda to‘y oshi paxtagulli laganlarda tortiladi, oshxonalarda ko‘k-oq rangli kosalarda mastava suziladi, choyxonada paxta chanoqlari tushirilgan piyola butun o‘tirish davomida davra aylanadi. O‘zbek dasturxoni portretini xalqning sevimli ramzi — paxtagulsiz tasavvur qilish imkonsiz.
Barcha fotosuratlarning ustiga bosib, tavsif bilan tanishish mumkin.
Barcha fotosuratlarning ustiga bosib, tavsif bilan tanishish mumkin.
Ko‘k-oq naqshli an’anaviy o‘zbek idishlari — bu nafaqat uy-ro‘zg‘or buyumi, balki o‘z tarixiga ega bo‘lgan san’at hamdir. Choynak, piyola, likopcha, kosa, lagan va salat idishlariga hamroh bo‘lgan qiyofa 70 yildan ko‘proq vaqt avval Toshkent chinni zavodining ochilishi bilan paydo bo‘lgan. “Paxtagul” nafaqat toshkentliklarni maftun etdi, balki sobiq Ittifoq respublikalari aholisining idish javonlaridan ham joy egalladi.

“Gazeta.uz” muxbirlari san’atshunos Akbar Hakimov va rassom Tursunali Qo‘ziyevlar bilan paxta naqshining kelib chiqishi, ishlab chiqarilishi va ommalashuvining sabablari haqida suhbatlashdi, shuningdek, poytaxtdagi Fayans va sopolchilik hunarmandlari markazida ushbu chinnilar qanday tayyorlanishi bilan tanishdi.
Paxtagulli naqshlar qanday paydo bo‘lgan?
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, akademik Tursunali Qo‘ziyevning ta’kidlashicha, o‘zbek xalq amaliy san’ati syujetlarida paxta elementlari azaldan mavjud. Biroq arxeologik qazishmalar paytida topilgan predmetlarda ko‘zga tanish paxta chanoqlari o‘rniga bu o‘simlikning gullari va barglari chizilgan.

“Mukammal shakldagi yetilgan paxta chanog‘i Sovet Ittifoqidan oldingi davr tasvirlarida deyarli uchramaydi. Qadimgi va o‘rta asrlarga oid devoriy suratlar, mayolika, plitkalar, mozaikalarda gullar va limon yoki pushti rangli gullarning barglari tasvirlari mavjud edi. Hatto Movarounnahr hunarmandlari tomonidan yaratilgan „islimiy“ bezaklar ham paxtaning gulli naqshlari bilan boyitilgan”, — deydi u.
реклама
реклама
“Oq oltin” tushunchasi va uning me’morchilik, adabiyot va san’atning boshqa turlarida ommaviy tasvirlash sovet davriga kelibgina paydo bo‘lgan. Fan va badiiy akademiyalar akademigi Akbar Hakimovning so‘zlariga ko‘ra, sovet san’atidagi naqsh 1930−1940-yillarda ijtimoiy-siyosiy mavzudagi bezakka ega targ‘ibotga mo‘ljallangan chinni — agitfarforning ko‘rinishlaridan biri sifatida paydo bo‘lgan.

“O‘sha yillarda amaliy san’at obyektlariga (chinni buyumlar ishlab chiqarish, yog‘och o‘ymakorligi, gilam to‘qish) o‘roq va bolg‘a, traktor, besh qirrali yulduz, SSSR yetakchilarining portretlari ko‘rinishidagi sotsialistik ramzlar [tasvirlarni tushirish] faol ravishda tatbiq qilina boshlangan. Sotsialistik O‘zbekistonning ana shunday brend bezaklaridan biri paxta chanoqlari edi”, — deydi san’atshunos.
Ushbu naqshning keng tarqalishi 1953-yilda Toshkentda qurilgan O‘rta Osiyodagi ilk chinni zavodibilan bog‘liq. Zavod Eski shaharda, qadimiy va shaharning o‘sha vaqtdagi eng uzun Sag‘bon ko‘chasida joylashgan edi. Ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun korxonaga eng mashhur chinni zavodlari — LFZ (hozirgi Imperator FZ), Dulevo, Korosten, Pervomayskiydan SSSRning eng yaxshi hunarmand ustalari yuborilgan. Yangi zavod Markaziy Osiyoning beshta respublikasini idish-tovoq bilan ta’minlashi kerak edi.
Dastavval, Toshkent chinni zavodi o‘zidan katta o‘rtoqlari — tajribali zavodlar tomonidan ishlab chiqarilgan mashhur shakllar va modellarni takrorlagan. Professional rassomlar va naqqoshlar (gulli naqshlar bo‘yicha ixtisoslashgan rassomlar) ustoz-shogird an’anasiga amal qilib, mahalliy hunarmandlarga o‘z mahoratlarini o‘rgatgan. Ular oz fursatda chetdan kirib kelgan texnologiyalarni mahalliy rang-baranglik bilan to‘ldira olgan iqtidorli kadrlarni topishga muvaffaq bo‘lgan. Vaqt o‘tishi bilan Toshkent chinni zavodi Yoqub Qoraboyev va Xoliq Haydarov kabi hunarmandlarni o‘zida jamlagan o‘zbek ustalaridan iborat o‘z jamoasini shakllantirgan. Shu tariqa, ishlab chiqarishga mutlaqo yangi dizaynlar kirib kela boshlagan.

“Toshkent chinni zavodida standart piyolalar, kosalar, laganlar, dumaloq choynaklar ishlab chiqarilgan. Lekin idishlardagi suratlar o‘ziga xos tarzda shakllantirilgan, — deydi Tursunali Qo‘ziyev. — Butun o‘zbek xalqiga tanish, qadrdon, dunyoga mashhur „Paxtagul“ brendi zavodning butun faoliyati davomida qanchadan-qancha improvizatsiya, stilizatsiya va modernizatsiya jarayonlaridan o‘tgan. Bir qo‘shnimning servizida shu dizayndagi piyolalarning o‘n bir xil namunasini sanaganman! Bir qarashdan idishlar bir xildek, lekin hammasida paxta har xil”.

Toshkent chinni zavodining asosiy savdo belgilari

“Chinni Zavod” savdo belgisi, 1959−1963 yy.
“MMTP O‘zSSR” savdo belgisi, 1964−1966 yy.
“Paxta chanog‘i” savdo belgisi, 1967−1973 yy.
“Anqo” (go‘zallik va parvoz ramzi bo‘lgan afsonaviy qush) savdo belgisi, 1973−1991 yy.
Tursunali Karimjonovichning so‘zlariga ko‘ra, ko‘zimiz o‘rgangan ko‘k-oq paxtaguli paydo bo‘lishidan avval, 1950-yillarda Toshkent chinnisi zumrad (yashil) rangida ishlab chiqarilgan. Tasvir, xuddi rassom paxtaning qanday o‘sayotganini kuzatib, ko‘rganlarini piyola yoki choynak devorlariga muhrlagandek, biz bilgandan ko‘ra haqiqatga yaqinroq edi. Idishlar g‘o‘za shoxlari, poyalari, barglari, ochilmagan chanoqlar va paxta gullari bilan bezatilgan.

1960-yillarning o‘rtalarida yashil rang o‘rnini moviy egallaydi. Idishlar nafaqat rangi, balki barglari bilan ochilib turgan paxta chanog‘ining rang-barang naqshlari bilan ham ajralib turardi. Sovet san’at maktablari va oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilari Toshkent chinni zavodiga kelib qo‘shilishi bilan professional hunarmandlar jamoasi paxta chanog‘i naqshini hozirgi uslubgacha takomillashtiradi.

Tursunali Qo‘ziyevning taxminlariga ko‘ra, klassik “Paxtagul” bezagining muallifi o‘zbek chinni rassomi va ustazoda naqqosh Rauf Oripjonovdir. U 1961-yilda so‘nggi 60 yil davomida butun chinni dunyosi chizib kelayotgan ko‘k-oq naqshning oxirgi stilizatsiyasini amalga oshirgan.
“Paxtagul”dan tashqari ipak mato naqshi tushirilgan qizil rangdagi “Atlas” hamda chinor barglari va mevalari tasvirlangan yashil rangdagi “Chinor” to‘plamlari ham tayyorlangan. Biroq “Chinor” to‘plami takomillashtirilmay, ko‘p o‘tmay do‘kon peshtaxtalaridan olingan. Uning ishlab chiqarilishi yashil fon sabab to‘xtatilgan — o‘sha vaqtdagi partiya rahbariyati yashil rangni Islom diniga ishora deb topadi va bu rangni iste’moldan chiqarish uchun har tomonlama harakat qiladi.

“Idoralardagi partiya nomenklaturasida yashil rangli hech qanday predmet uchramasdi. Stolga to‘shalgan eski (sovetdan oldingi) baxmalni qanday sidirib tashlashganini haligacha eslayman. U bu rangda din bilan bog‘liq nimadir ko‘rgan partiyaning mafkuraviy kotibida “allergiya”ni keltirib chiqardi. Uni Leninobodda ishlab chiqarilgan ko‘k baxmalga almashtirdilar. Idishlar bilan ham xuddi shunday bo‘ldi”, — deb eslaydi Tursunali Qo‘ziyev.
реклама
реклама
Keyinchalik “Paxtagul” servizlarining paxta naqshlari va “Atlas” yangi — “Saroy” servizining zarhal bezakli gulli kompozitsiyalari uchun fon vazifasini o‘tadi. Bunday idishlarni ishlab chiqarish uchun yuqori sifatli tuproq Rossiya va Ukrainadan olib kelingan, bo‘yoqlarni esa Dulevo zavodi yetkazib bergan. Biroq bu serviz juda qimmat edi. Shuning uchun, oddiyroq idishlar uchun tuproqni mamlakatning o‘zida qazib olingan. 1980-yillarda Toshkent chinni zavodining kimyogarlari yog‘ochlashgan g‘o‘zapoya qo‘shib, yangi tarkib tayyorlaydi. Shu bahona idishlar porlaydigan va oq rangi bilan ajralib turadigan bo‘ldi.
“Saroy” servizi. Chapda — Toshkent chinni zavodida ishlab chiqarilgan asl nusxa, o‘ngda — Yangiobod zavodidan qo‘lbola nusxasi.

O‘zbek chinni buyumlari ommalashishi ortidan 1966-yilda Samarqandda yana bir zavod quriladi. Ishlab chiqarish esa yetti yil o‘tibgina boshlandi. Odatdagi ko‘k-oq rang o‘rniga dizaynerlar chinnini qizil-oq rangga bo‘yashga qaror qiladi. O‘zbekistonning boshqa boyliklari: uzum shingillari va qalampir tasviri o‘ziga xos motiv bo‘ldi. Biroq haqiqatda eng ko‘p sotilgan va ommaboplikda ikkinchi o‘rinni olgan naqsh — “Oltin kiyik” dizayni bo‘ldi. Bunda ochilgan paxta chanoqlari orasida ertaklardagi sehrli jonzotni eslatuvchi tillarang kiyik nafis sakrayotgani tasvirlangan edi.
Chapdan o‘ngga: “Uzum shingillari”, “Atlas” va “Oltin kiyik”. Samarqand chinni zavodining savdo belgisi (birinchi piyola) Go‘ri amir maqbarasi gumbazini esga soladi.
O‘zbek chinnisining eng gullab-yashnagan davridagi uchinchi tayanchi Quvasoy chinni zavodi edi. Zavod 1968-yilda Farg‘ona viloyatining Quvasoy shahrida ishga tushirilgan. Mahsulotlar yanada boyroq ranglar uyg‘unligi — ko‘k-qizil-yashil-sariq bo‘yoqlarga asoslangan edi. Tasvirlarning motivlari asosan gulli bo‘lib, ular orasida endi paxta chanoqlari uchramasdi.

“Bu san’atda sotsialistik realizm tamoyillari zaiflashganidan, san’atda milliy va ijtimoiy o‘zlikni ifodalash uchun boshqa mavzu va motivlarni izlashdan dalolat berardi”, — deb tushuntiradi Akbar Hakimov.
Paxtagulli idishlar Yangi yil bayrami, Leninning yubileyi, Olimpiya o‘yinlari va boshqa muhim tarixiy sanalarga bag‘ishlanib ham chiqarilardi.
SSSR parchalangach, Toshkent chinni zavodi uchun og‘ir davr boshlandi. Ishlab chiqarish hajmi pasayib ketdi, ishlab chiqarish majmuasi esa qisqardi. Eski ishlanmalardan foydalanishda davom etildi. “Paxtagul” O‘zbekistondan tashqaridagi ko‘plab chinni zavodlarida ham ishlab chiqarila boshlagani sabab uning avvalgi shuhratiga putur yetdi. 1993-yilda zavod xususiylashtirildi, ishlab chiqarish esa to‘xtadi. Uning ortidan Samarqand va Quvasoy zavodlari ham bankrot bo‘ldi. Zavod muzeyidagi boy chinni kolleksiyasi davlat tasarrufiga o‘tkazildi.

Oradan 26 yil o‘tib, Toshkent chinni zavodi qayta tiklandi. Korxonaning ishga tushirilishi uchun Xitoydan investitsiyalar ham jalb qilindi. Korxona yana “Paxtagul” mahsulotlarini nafaqat mahalliy bozor uchun, balki Rossiya, Ukraina, Gruziya, Ozarbayjon va boshqa mamlakatlarga eksport qilish uchun ham ishlab chiqara boshladi.
“Bugungi kunda O‘zbekistonda juda ko‘p chinni ishlab chiqarilmoqda. Yangi zavod qurilib, o‘tgan asrning chinni ustalari faqat orzu qilishi mumkin bo‘lgan eng zamonaviy uskunalar bilan jihozlandi. Biroq, afsuski, sifat nuqtai nazaridan eski TCHZning, hech bo‘lmaganda, 3-navli mahsulotiga tenglasha oladigan biror mahsulot yo‘q. Bir qarashda, rassomlar „a lya paxta“ uslubida o‘xshash nimadir chizishga harakat qilayotgandek. Lekin bular boshqa-boshqa narsalar! Toshkent chinnisining avvalgi shon-shuhratini tiklash uchun, avvalo, yurtni, uning madaniyati va bezaklarini sevadigan muxlislar kerak”, — deya xulosa qiladi Tursunali Qo‘ziyev.
“Paxtagul”ni kim va qayerda ishlab chiqaradi?
Toshkent chinni zavodi yopilgach, “Paxtagul” uzoq vaqt xususiy kichik korxonalarda ishlab chiqarildi. Sag‘bon ko‘chasida 2000-yilda ish boshlagan Fayans va sopolchilik hunarmandlari markazi shulardan biri. Markaz uning hozirgi direktori Doniyor Muhammadjonovga otasidan meros qolgan.

“Dastavval biz rangli billur ishlab chiqarishga ixtisoslashgan edik. O‘sha vaqtda u juda mashhur edi. Biroq vaqt o‘tishi bilan billur urfdan chiqdi va 2005-yilda otam an’anaviy paxtagulli idishlariga qaytishga qaror qildi, chunki u kundalik hayotimizning ajralmas qismi”, — deydi u.

Doniyor Muhammadjonov birinchi marta 10 yoshida chinni zavodida bo‘lgan. Ta’til vaqtlari otasining oldiga borib, chinni tayyorlash jarayonlarini kuzatgan. Maktabni tamomlagach, ishning barcha bosqichlarini o‘zlashtirish maqsadida zavodga ishga joylashadi. Bilim va tajriba yetishmagani bois kompaniya mahsulotlarni to‘g‘ri ishlab chiqarish texnikasini tajriba va xatolar qilish yo‘li bilan egallagan. Bu vaqt ichida, tabiiyki, katta miqdordagi chinni chiqitga chiqarilgan.

“Mamlakatimizda, taassufki, chinnichilik hunari o‘rgatilmaydi. Toshkentdagi zavod yopilgach, o‘zbek chinnisi o‘sishdan to‘xtadi. Ko‘pchilik idishlarni tayyorlashga uchun zarur loyni olish uchun nimani va qanday aralashtirish kerakligini ham bilmasdi. Tarkibni takomillashtira oladigan yoki yangi mahsulotlar uchun formulalar yaratadigan kimyogar va texnologlar yo‘q edi. Bizdagi zavodlarda hali ham qo‘l mehnatidan foydalaniladi, vaholanki, xorijda hamma narsa allaqachon avtomatlashtirilgan”, — deydi u.
реклама
реклама
Doniyor Muhammadjonov birinchi marta 10 yoshida chinni zavodida bo‘lgan. Ta’til vaqtlari otasining oldiga borib, chinni tayyorlash jarayonlarini kuzatgan. Maktabni tamomlagach, ishning barcha bosqichlarini o‘zlashtirish maqsadida zavodga ishga joylashadi. Bilim va tajriba yetishmagani bois kompaniya mahsulotlarni to‘g‘ri ishlab chiqarish texnikasini tajriba va xatolar qilish yo‘li bilan egallagan. Bu vaqt ichida, tabiiyki, katta miqdordagi chinni chiqitga chiqarilgan.

“Mamlakatimizda, taassufki, chinnichilik hunari o‘rgatilmaydi. Toshkentdagi zavod yopilgach, o‘zbek chinnisi o‘sishdan to‘xtadi. Ko‘pchilik idishlarni tayyorlashga uchun zarur loyni olish uchun nimani va qanday aralashtirish kerakligini ham bilmasdi. Tarkibni takomillashtira oladigan yoki yangi mahsulotlar uchun formulalar yaratadigan kimyogar va texnologlar yo‘q edi. Bizdagi zavodlarda hali ham qo‘l mehnatidan foydalaniladi, vaholanki, xorijda hamma narsa allaqachon avtomatlashtirilgan”, — deydi u.
Chinni idishlar qanday tayyorlanadi
Dasturxonga yetib borguncha paxtagulli idishlar uzoq yo‘l bosib o‘tadi. Hammasi bo‘lg‘usi mahsulotlar uchun aralashma tayyorlashdan boshlanadi. Chinni uchun tayyorlanadigan aralashma tarkibiga oq tuproq — kaolin, qora tuproq, kvars, pegmatit va dala shpati kiradi. Tuproq Angrenda qazib olinadi, kvars Tojikistondan olib kelinadi.

Ingrediyentlar tegishli nisbatda aralashtiriladi, suv bilan suyultiriladi va uch tonna hajmli metall barabanlarga yuklanadi. Kaolinni qattiq toshdan suyuq xamirga aylantirish uchun unga silindrsimon toshchalar — hamma narsani bir hil massaga aylangunicha maydalab beradigan chinni buyumlar qoldiqlari qo‘shiladi. Barabanlar 12−14 soat davomida aylanadi. Yakunda shliker yoki suyuq chinni aralashmasi hosil bo‘ladi.
Chinni uning sifatiga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan temir zarrachalaridan xoli bo‘lishi uchun shliker magnitlangan filtrdan o‘tkaziladi. Olingan aralashma quvurlar orqali nozik oqimdagi voronka ichiga quyiladi. Shundan keyin u maxsus qurilma — tosh va qum bo‘laklarini ajratib beruvchi tebranma elakdan o‘tkaziladi. So‘ngra aralashma nasosda siqiladi, buning natijasida ortiqcha suv chiqib ketadi va qattiq massa hosil bo‘ladi. Keyin uni maydalagichga ortiladi, u barcha havoni siqib chiqaradi va loyni kerakli “kolbasa” shaklida kesadi. Ushbu bosqichlardan o‘tmagan loy idish tayyorlash uchun yaroqsiz hisoblanadi.

“Aralashmani to‘g‘ri tayyorlash — eng murakkab va muhim bosqichlardan biri. Tayyorlash paytida favqulodda nimadir noto‘g‘ri ketsa, idishlar nuqson bilan chiqadi. Shu sababli, xom ashyoning har bir yangi partiyasi sinovdan o‘tkaziladi, texnik jarayon esa aynan nima kelganiga qarab biroz o‘zgaradi. Hatto bir xil qum yoki tuproq ham partiyadan partiyaga o‘zgarib turadi, ombordagi namlik va tashish paytidagi haroratning har xilligi esa aralashmaning sifatiga ta’sir qiladi”, — deydi ishlab chiqarish bo‘limi boshlig‘i Ravshan Samandarov.
Agar yangi partiya sinovdan muvaffaqiyatli o‘tsa, loydan tayyorlangan “kolbasalar” qoliplashga yuboriladi. Loyning tegishli parchasi gips qolipga joylashtiriladi, so‘ngra maxsus uskuna massani devorlar bo‘ylab nozik bir qatlam holatida taqsimlaydi. Ushbu ketma-ketlikda piyolalar, kosalar, likopchalar va laganlar tayyorlanadi. Bir nechta elementlarga ega bo‘lgan murakkab shakldagi idishlarni tayyorlash uchun loy suyuq holatda qoliplarga quyiladi, keyin esa bir-biriga bog‘lanadi. Masalan, choynak uchta elementdan iborat: asos, tutqich va qopqoq. Yarim tayyor mahsulotlar qoliplarda taxminan ikki soat davomida quritiladi va bir kechaga pechga yuboriladi.
Qotirilgan mahsulotlar sirlovchilarning qo‘liga tushadi. Dastavval, idishlar yuzasi tekislash maqsadida ishlov beriladi va silliqlanadi. Keyin tashqi va ichki tomonlari suv hamda kaolin, kvars va dala shpatidan olingan kukun aralashmasi yordamida sirlanadi. Sirlashdan oldin, sirning loyga haddan tashqari singib ketishining oldini olish maqsadida, usta namlangan shimgich yordamida mahsulotni namlaydi. Qizdirilgan vaqtda mahsulot yuzasiga surilgan aralashma nozik, porloq, mustahkam shishasimon qoplamaga aylanadi. Idishlar mustahkam va namlikka chidamli bo‘ladi.

Ikkinchi martasida idishlar yuqoriroq haroratda qizdiriladi. Shu bilan birga, ular pechga qiziq shaklda — qizdirish payti qiyshaymasligi uchun chekkasini chekkasiga bog‘lagan holda qo‘yiladi. 12 soatlik issiqlik bilan ishlov berishdan so‘ng butun partiya saralanadi va bir-biridan ajratiladi. Bunda hunarmandlar mahsulotni sindirib qo‘ymaslik maqsadida pastki qismiga pichoq bilan uradi.
Nihoyat, chinni idishlar paxta naqshini “o‘zida sinab ko‘rishga” tayyor. Mahsulotga metall qolip kiydiriladi va trafaret (sirtga naqsh tushirish uchun maxsus andaza) yordamida bo‘yoq purkaladi. Buning natijasida sirtda oq-qora naqsh hosil bo‘ladi. Klassik “Paxtagul” maxsus qoliplarni talab qilmaydi, biroq yangi dizaynlar uchun ular qo‘lda tayyorlanadi. Zavodda “Paxtagul”ning jami beshdan ortiq namunasi ishlab chiqariladi. Bo‘yoq hidi juda o‘tkir, shuning uchun xonaga ventilyatorlar o‘rnatiladi, ishchilarga esa kuniga ikki marta kefir tarqatiladi.
Idishlar yana bir marta sirlanadi va bo‘yoq singishi uchun pechga yuboriladi. Tayyor mahsulotlar tozalanadi, quritiladi va to yarqiragunicha qo‘ldan qo‘lga olib turiladi. Qora ko‘k rangga yuviladi va sirt chiroyli porlaydi.

“Agar piyolaning ichki qismiga diqqat bilan qarasangiz, kichik nuqtachalar, ortiqcha zarralar va pufakchalarni ko‘rishingiz mumkin — bu chang zarralari tushishining oqibati. Bunda yo ishchi payqamagan yoki tashish paytida biror narsa yuzaga yopishgan. Ba’zan loy sifatsiz bo‘ladi. Shu bois barcha mahsulotlar ko‘rikdan o‘tkazilib, nuqsonlardan xoli bo‘lguncha ishlov beriladi”, — deya tushuntiradi Ravshan Samandarov.
Yakuniy bosqich — zarhallash. Tilla qoplama maxsus uskuna yordamida suriladi. U bo‘yoqni butun yuzaga purkaydi. Mahsulot to‘liq bo‘yalib qolishining oldini olish uchun u birinchi navbatda loy bilan qoplanadi va chetlari qo‘lda kesib chiqiladi. Zarhal berilganidan so‘ng idishlar pishiriladi. Yakunda ularni oqar suv ostida yuviladi va quritiladi.

“Tayyor idishlarni tashqi ko‘rinishi va mustahkamligiga qarab to‘rt navga ajratamiz. Narx ham shunga qarab shakllanadi, masalan, to‘rtinchi navli piyola 3500 so‘m, birinchi navlisi esa 5000 so‘m turadi. Barcha mahsulotlarni faqat buyurtma asosida ishlab chiqaramiz, bunda buyurtmaning minimal miqdori 500−1000 dona mahsulotdan iborat bo‘lishi kerak”, — deydi Doniyor Muhammedjonov.
Bitta tayyor mahsulotni ishlab chiqarish bir hafta vaqt oladi. Bir sutkada ishlab chiqarilgan idishlar hajmi 15−20 ming, oyiga 300 ming. Eng ko‘p idish kuzda — to‘y mavsumida tayyorlanadi va sotiladi. Chiqarilgan mahsulot sotib tugatilmasa, omborda saqlanadi va o‘z vaqt-soatini kutadi. Tayyor idishlar qutilarga qadoqlanadi va mijozga jo‘natiladi. Zavodning chinni buyumlarini idish-tovoq do‘konlari va Chinni bozordan topish mumkin.
“Paxtagul” yana qancha yashaydi?
Doniyor Muhammadjonovning tan olishicha, ishlab chiqarish hajmining kattaligiga qaramay, “chinni” paxtaga talab sezilarli darajada kamaygan. Bu, birinchi navbatda, bozordagi keng assortiment bilan bog‘liq. Mahalliy chinni idishlar ishlab chiqaruvchilari orasida uzoq tarixga ega bo‘lgan ko‘plab korxonalar ham, ommaviy mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yangi korxonalar ham bor. Yana bir muhim sabab — an’anaviy o‘zbek idishlari urfdan chiqmoqda.

“Odamlar endi dasturxonga „Paxtagul“ qo‘yishni xohlamayapti. Hozirgi kunda mehmonlarni turk va xitoy servizlari bilan kutib olish urfga kirgan. Negadir ko‘pchilik xorijdan kelgan idishlar mahalliy idishlardan yaxshiroq, degan fikrda. Aslida o‘zimizning va xorijiy mahsulotni ko‘rsatsangiz, ko‘pchilik ajrata olmaydi. Biroq gap faqat sifatda emas, balki obro‘-e’tiborda ham — odamlarni boshqalarnikiga o‘xshamagan narsalar ko‘proq o‘ziga jalb qiladi”, — deydi u.
реклама
реклама
Ishlab chiqaruvchilar zamon bilan hamnafas bo‘lishga harakat qilyapti. Masalan, Muhammadjonovlar oilasining chinni zavodi 2023-yilda rangli idishlar ishlab chiqara boshladi. Ishchilarning e’tirof etishicha, bu O‘zbekiston uchun yangi tajriba, chunki ilgari bunday rang-barang servizlar asosan Rossiya, Turkiya va Xitoydan olib kelinardi. Birinchi partiya har doim korxona xodimlariga, shu jumladan, direktorga nasib qiladi. Uni boshqalarga sotishdan avval o‘zlari sinab ko‘rishadi.
“Bizning maqsadimiz — idishlarni hamyonbop qilish. Biz, daromadidan qat’i nazar, har bir oilada chiroyli serviz bo‘lishini xohlaymiz. Masalan, choy servizimiz 350 ming so‘m, uning xorijdan keltirilgan muqobili esa 700 ming so‘mdan sotilmoqda. Ehtimol, aynan oddiy odamlar bizning idishlarimizda yeb-ichayotgani, mamnuniyat bilan foydalanayotgani, uni ishlab chiqarganlar haqiga duo qilayotgani uchun zavodimiz 20 yildan ortiq vaqtdan beri “Paxtagul”ni ishlab chiqarishda davom etib kelayotgandir”, — deydi Doniyor Muhammedjonov.

U kelgusida farzandlariga ham bu sohada sifatli ta’lim berish, ishlab chiqarishni kengaytirish, chinni paxtaning shon-shuhratini qaytarish niyatida.
“„Paxtagul“ yashashda va xalqimizga, madaniyatimizga, tariximizga xizmat qilishda davom etadi. Paxta va paxtachilik mavzusi san’atdan asta-sekin yo‘qolib bormoqda. Bugun na rasm, na haykal va na mozaikada paxta terimchisi tasvirlanganini uchratasiz. Biroq zarhal bilan qoplangan „Paxtagul“ naqshi aks ettirilgan yarqiroq chinni O‘zbekiston tarixidan abadiy joy olib ulgurgan — bu bezak nomoddiy madaniy merosimizning ajralmas qismiga aylangan”, — deydi Tursunali Qo‘ziyev.

Materialni Farzona Xamidova tayyorladi.

Fotosuratlar muallifi Dilruh Isomiddinova.


Matn va barcha grafik materiallarga boʻlgan huquqlar “Gazeta.uz” nashriga tegishli. “Gazeta.uz” internet-nashrida eʼlon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan quyidagi havolada tanishishingiz mumkin


Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? Oʻz hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting