Asli o‘zbekistonlik, YTTBning Ozarbayjondagi vakolatxonasining sobiq rahbari, vatanida ko‘plab ijtimoiy loyihalarni amalga oshirgan jamoat arbobi Kamola Maxmudova uzoq davom etgan xastalikdan so‘ng Londonda vafot etdi.

Kamola Maxmudova — “Gazeta.uz"ning “Xorijdagi o‘zbekistonliklar” loyihasi qahramonlaridan biri. Ikki yil avval e’lon qilingan intervyusida u hayoti, bankdagi karerasi, oilasi va ko‘plab xayriya loyihalari, jumladan, Khan Academy ta’lim platformasini o‘zbek tilida ishlab chiqishga ko‘maklashish, saraton kasalligiga chalingan bolalarga yordam berish va Buxoroda ko‘chat ekish ishlari haqida so‘zlab bergan. 2020-yilda Shavkat Mirziyoyev uni “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlagandi.

“Londonda yashab, O‘zbekistonda loyihalarni amalga oshirishimga jismoniy chegaralar to‘sqinlik qilmaydi. Buxoroda daraxt ekish, Nukusda kislorod stansiyalarini qurish, O‘zbekistonning har bir hududida bolalarga matematikani o‘rgatish mumkin. Geografik jihatdan qayerda ekanligingiz muhim emas. Asosiysi, yuragingiz O‘zbekistonda bo‘lsin”, — degandi u intervyuda.

“Bu O‘zbekiston uchun katta yo‘qotish. O‘zining qisqa umrida u hatto London va Ozarbayjonda yashab turib ham vatan uchun juda ko‘p ish qildi”, — deb yozdi intervyu muallifi, hozirda Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi direktori Jahongir Azimov.

Prezidentning sobiq davlat maslahatchisi, tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari va o‘rinbosari, O‘zbekistonning Belgiya, Buyuk Britaniya va boshqa mamlakatlardagi elchisi, professor Alisher Fayzullayev shunday ta’kidladi: “Ishonish qiyin, bu shok, bu butun o‘zbeklar va o‘zbekistonliklar uchun katta yo‘qotish. U o‘zining qisqa umri davomida juda ko‘p yutuqlarga erishdi, O‘zbekiston uchun, o‘zbek madaniyatining Buyuk Britaniya va butun dunyoda keng targ‘ib qilinishi uchun ko‘p ishlar qildi”.

“Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankida katta lavozimlarda ishladi va doim O‘zbekistonga va o‘zbekistonliklarga yordam berdi. Londonda O‘zbekiston madaniyati kunlarini uyushtirgan asosiy shaxlardan biri edi… U juda yorqin, ko‘p qirrali, g‘ayratli, ko‘ngli ochiq va kamtarin shaxs edi. Uzoq masofaga yugurish, yoga va qadimgi Sharq falsafasiga qiziqardi. Unda har doim qiziq g‘oyalar, rejalar va loyihalar ko‘p bo‘lardi. U hayotimda uchratgan eng yorqin shaxslardan biri edi”, — deb yozadi Alisher Fayzullayev.

Kamola Maxmudovaning dafn marosimi 27-sentabr kuni Londonda bo‘lib o‘tadi.

“O‘zbekistonlik” filmining xorijda muvaffaqiyat qozongan o‘zbeklar haqidagi epizodlaridan biri Kamola Maxmudovaga bag‘ishlangan.