2024-yilning birinchi yarmida Navoiy kon-metallurgiya kombinatining sof foydasi 882 million dollarni tashkil etdi. Bu korxonaning auditdan o‘tkazilmagan XSBU hisobotida keltirilgan.

Mazkur ko‘rsatkich 2023-yilning mos davriga (774 mln dollar) nisbatan 14 foizga ko‘pdir.

Daromad 21,3 foizga o‘sdi, ya’ni 2,76 mlrd dollardan 3,35 mlrd dollargacha. Foizlar, soliqlar, amortizatsiya va amortizatsiyadan oldingi daromad (EBITDA) 1,98 mlrd dollarga (+24 foiz) oshdi. Operatsion foydaning o‘sishi 19,7 foizga yetdi — 1,46 mlrd dollardan 1,75 mlrd dollargacha.

Eng yirik davlat korxonasining aktivlari 339 mln dollarga oshib, 8,9 mlrd dollarni (+4 foiz) tashkil etdi. Naqd pul zaxiralari besh baravar ko‘payib, 102 mln dollardan 522 mln dollarga yetdi.

Jami majburiyatlar 4,2 milliard dollarga (+8,9 foiz) yetib, o‘tgan yilning birinchi yarmiga nisbatan 342 mln dollarga oshgan. O‘sish, asosan, savdo va boshqa kreditorlik qarzlari (+262 mln dollar), shuningdek, budjetga to‘lanadigan daromad solig‘i (247 mln dollar) hajmining o‘sishi bilan bog‘liq.

Daromadning o‘sishi tufayli NKMK davlat aksiyadorlariga 158 mln dollar ko‘p — 484 mln dollar (+48,6 foiz) dividend to‘ladi.

2024-yil 30-iyun holatiga ko‘ra, kompaniyaning bank kreditlari SDN sanksiya guruhiga kirmagan Rossiya banklariga tegishli 489 mln dollarni o‘z ichiga oladi.

Spot ma’lumotlariga ko‘ra, oltin qazib olish va sotish hajmi jismonan atigi 7 foizga oshib, 1,51 mln troy unsiyaga (46,6 tonna) yetgan.

Qimmatbaho metalning o‘rtacha sotuv narxi troya unsiyasi uchun 2206 dollarni tashkil etdi yoki o‘tgan yilga nisbatan 14 foizga ko‘p. Umumiy ishlab chiqarish xarajatlari atigi 7 foizga oshib, 907 dollarga yetdi.

Kompaniyaning kapital xarajatlari 12 foizga kamayib, 325 mln dollarni tashkil etdi. Boshqa tomondan, yil boshidan buyon korxona tomonidan to‘langan soliqlar miqdori 716 mdn dollarga (+31 foiz) oshdi. Avvalroq Soliq qo‘mitasi kompaniya O‘zbekistonda soliq to‘lash bo‘yicha an’anaviy birinchi o‘rinni egallagani haqida xabar bergandi — joriy yilning 6 oyida 11,4 trln so‘m.

Yozda S&P agentligi birinchi marta O‘zbekistondagi eng yirik korxona hisoblangan Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga kredit reytingini bergandi. 2023-yilda NKMK dunyodagi to‘rtinchi yirik oltin qazib oluvchi (90,2 tonna) bo‘lgandi, biroq suv bilan bog‘liq, shuningdek, bitta konga qaramlik xavflari mavjud.