Foto: Yevgeniy Sorochin
“Loysuvoq Toshkentni tosh shaharga aylantirgan insonlarga bag‘ishlanadi”

Me’mor Valeriy G‘aniyev — “Jasorat” majmuasining qurilishi tarixi haqida

Toshkentda 1976-yilning 20-may kuni “Jasorat” me’moriy-haykaltaroshlik majmuasi ochilgan. U 1966-yil aprelida yuz bergan zilzila markazi o‘rnida qurilgan. “Gazeta.uz” majmua mualliflaridan biri — arxitektor Valeriy G‘aniyev bilan bronza va granitdan kimning jasorati abadiylashtirilgani haqida suhbatlashdi.
Toshkentda 1976-yilning 20-may kuni “Jasorat” me’moriy-haykaltaroshlik majmuasi ochilgan. U 1966-yil aprelida yuz bergan zilzila markazi o‘rnida qurilgan. “Gazeta.uz” majmua mualliflaridan biri — arxitektor Valeriy G‘aniyev bilan bronza va granitdan kimning jasorati abadiylashtirilgani haqida suhbatlashdi.
1966-yilgi zilziladan 10 yil o‘tib, Toshkentda “Jasorat” yodgorligi va Xalqlar do‘stligi muzeyi (hozirgi Olimpiya shon-shuhrati muzeyi) ochilgan. Ular Sharof Rashidov (o‘sha paytdagi Lenin ko‘chasi) va Abdulla Qodiriy ko‘chalari chorrahasida, aynan tabiiy ofat epitsentri joylashgan joyda qad rostlagan edi.

Arxitektor Valeriy G‘aniyevning eslashicha, 1975-yil oktabrida majmua uchun ajratilgan besh gektar maydon qurilish chiqindisiga to‘la biyobon edi. Zilzilagacha bu yerda mashhur Qashqar mahallasi bo‘lgan. 1966-yil 26-aprel kuni erta tongda Toshkentni larzaga keltirgan yerosti silkinishlari bu yerda jamlangan bir qavatli uylarning aksariyat qismini vayron qilgan.

“Zilzilagacha bu joy boshdan-oyoq imoratlardan iborat bo‘lgan: hozir haykal turgan joy ham, muzey joylashgan orol ham. Nimaiki omon qolgan bo‘lsa, hammasi tanklar yordamida „buzilgan“ va portlatilgan”, — deydi Valeriy Akramovich.
Zilzila oqibatlariga bag‘ishlangan yodgorlik majmuasi hodisadan 10 yil o‘tibgina paydo bo‘lganini G‘aniyev oddiygina qilib: “Shu vaqtga kelib uyg‘onishgan-da”, deydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 10 yillik sana O‘zbekiston rahbari Sharof Rashidov uchun ittifoqdosh respublikalar yangi Toshkentni qurib berganliklari evaziga SSSR rahbari Leonid Brejnevga “minnatdorchilik” bildirishi uchun bir bahona bo‘lgan.
“Shu nuqtai nazardan „Jasorat“ haykalini yodgorlik majmuasi deyish noto‘g‘ri. U zilzila, vayronagarchilik va qurbonlarga emas, balki xalqlar do‘stligiga — Toshkentni loysuvoq holida qabul qilib, tosh holida topshirgan insonlarga bag‘ishlangan”, — deya tushuntiradi arxitektor.
“Shu nuqtai nazardan „Jasorat“ haykalini yodgorlik majmuasi deyish noto‘g‘ri. U zilzila, vayronagarchilik va qurbonlarga emas, balki xalqlar do‘stligiga — Toshkentni loysuvoq holida qabul qilib, tosh holida topshirgan insonlarga bag‘ishlangan”, — deya tushuntiradi arxitektor.
Me’moriy-haykaltaroshlik majmuasini bunyod etish bo‘yicha ishchi guruh tarkibida Toshkentning bosh me’mori Sobir Odilov, SSSRdagi eng yirik obidalar muallifi sifatida tanilgan haykaltarosh Dmitriy Ryabichev, shuningdek, 27 yoshli arxitektor Valeriy G‘aniyev bor edi. Ularning bo‘lg‘usi qurilish maydonchasidagi ilk uchrashuvi 1975-yil 24-oktabrda bo‘lgan. Loyihaning topshirilishiga olti oy qolgan — muddat, Valeriy Akramovichning tan olishicha, “aql bovar qilmas” darajada qisqa edi.

“Avvaliga bruschatka yotqizilgan maydonga Jon Kennedi (AQShning 35-prezidenti — tahr.) qabriga o‘xshash bitta qora granit kub o‘rnatmoqchi bo‘lganman. Majmuaning asosiy obyekti tepasiga tabiiy ofat ustidan g‘alaba qozongan baynalmilal do‘stlik ramzi sifatida oltin xalqa o‘rnatilgan Xalqlar do‘stligi muzeyi bo‘lishi kerak edi. Hududning qolgan qismini landshaft parkiga aylantirmoqchi edim”, — deydi Valeriy Akramovich.
Yosh arxitektorga mualliflik nazorati ham ishonib topshirilgan. U har kuni sakkiz soat vaqtini qurilish maydonchasida o‘tkazar, ishlarning borishini kuzatardi. G‘aniyevning eslashicha, majmuani “yo‘q joydan” — loyihasiz, ochiq smeta bilan qurishga to‘g‘ri kelgan. Belgilangan muddatga ulgurish uchun olg‘irlik qilishga to‘g‘ri kelgan.

Xalqlar do‘stligi muzeyining asosi uchun Jizzax muzeyining tayyor loyihasi olingan, aks holda uni loyihalashtirish bir yil vaqt talab qilgan bo‘lardi. Uning muallifi arxitektor Nuzet Zaidov edi.
G‘aniyev loyihaga tegishli o‘zgartirishlar kiritgan. Ular interer va fasadga taalluqli o‘zgarishlar edi — ya’ni, u qoplamasining uchun bir necha o‘n kilo oltin zarur bo‘lgan oltin xalqani qo‘shib qo‘ygan.

Valeriy Akramovichning aytishicha, majmuaning siyosiy ahamiyati shuncha hajmdagi qimmatbaho metallni olish imkonini berardi. Biroq g‘oya amalga oshmay qolgan — yuqori lavozimdagi mutasaddi shaxslar “rahbariyat panjaralar va ko‘k rangni yoqtirishini” muallifga tushuntirgan.

Istak bajo keltirilib, bino fasadida alohida panellar shaklidagi jimjimador panjaralar paydo bo‘lgan. Arxitektor muzeyni qurish topshirilgan quruvchilar — “Visotstroy” ishchilarining so‘zlarini tabassum bilan eslaydi: “Hamma narsani yangi “Volga"lar bilan qoplasak, arzonroq tushgan bo‘lardi”.
“Arxitektura — bu qo‘shiq yoki she’r uchun ilova emas, balki xuddi musiqa singari ifodali san’at turi ekanligini har doim, har bir bo‘g‘inda ta’kidlab turdim. Biroq “muallif-bastakorlar"ning ijodiy va qo‘l haqi borasidagi intilishlari “pesa” davomida o‘sib boraverdi-boraverdi. Ko‘p figurali kompozitsiya, granitdagi gilamlar, bronzadagi tematik rel’eflar bilan o‘ralgan stelalar shunday paydo bo‘ldi”, — deydi Valeriy G‘aniyev.
“Arxitektura — bu qo‘shiq yoki she’r uchun ilova emas, balki xuddi musiqa singari ifodali san’at turi ekanligini har doim, har bir bo‘g‘inda ta’kidlab turdim. Biroq “muallif-bastakorlar"ning ijodiy va qo‘l haqi borasidagi intilishlari “pesa” davomida o‘sib boraverdi-boraverdi. Ko‘p figurali kompozitsiya, granitdagi gilamlar, bronzadagi tematik rel’eflar bilan o‘ralgan stelalar shunday paydo bo‘ldi”, — deydi Valeriy G‘aniyev.
реклама
реклама
Oila tasvirlangan haykal muallifi mashhur haykaltarosh Dmitriy Ryabichev hisoblanadi. G‘aniyevning so‘zlariga ko‘ra, figuralar Moskva va Leningrad (Sankt-Peterburg)da bronzadan quyilgan. Ular Toshkentga qismlarga bo‘linib olib kelingan va o‘sha joyning o‘zida qayta yig‘ilgan.

Mazkur ishi uchun haykaltarosh 37 ming rubl miqdorida qo‘l haqi olgan — bu pulga o‘sha vaqtda beshta “Volga” avtomobilini sotib olish mumkin edi.
“Jasorat” majmuasi to‘laligicha qizil va qora granitdan ishlangan. G‘aniyev bu qaror ramzlar bilan bog‘liq ekanini ta’kidlaydi.

“Majoziy ma’noda „granit“ so‘zi mustahkam, buzilmas narsani anglatadi. „Do‘stlik — granit kabi mustahkam“, degan gap bor, shuning uchun bu yerda bir kvadrat metr ham marmar ishlatilmagan”, — deydi arxitektor ramzlarning mohiyatiga to‘xtalarkan. Rangli granit Ukrainadan olib kelingan — G‘aniyevning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda faqat kulrang granitni topish mumkin edi.

“Bizda „O‘zbekmarmar“ degan tashkilot bor edi, u yerga bordim. Direktorning oldiga kirdim va: „Rejadan tashqari obyekt ustida ishlayapmiz. Bizga granit kerak“, dedim. Uning orqasida esa turli xil [marmar] bo‘laklar terib qo‘yilgan tokcha bor edi. Biri qandaydir chiroyli, qora. Men ko‘rsatkich barmog‘im bilan unga ishora qildim, direktor bosh chayqadi: „To‘g‘ri kelmaydi — [Leninning] maqbarasi shundan qilingan“. Qizil „Yemelyanovskiy“, „Kapustinskiy“ va qora labradoritga buyurtma berdim. Granitning bir qismi o‘sha paytda qurilayotgan metrodan olingan. Shu sababli, metroning birinchi — Chilonzor yo‘lini ishga tushirish bir yilga kechikkan”, — deb eslaydi Valeriy Akramovich.
O‘rtasidan haykal tomonga yoriq tushib, ikkiga bo‘lingan qora labradorit kub — tabiiy ofatni anglatuvchi yagona elementdir. Mohiyatan, bu to‘xtab qolgan soat. Uning millari har doim 5:23 ni — silkinish vaqtini ko‘rsatib turadi.

“Kub bizning buyurtmamiz asosida Ukrainadan keltirilgan. O‘sha paytlarda granit portlatish yo‘li bilan qazib olinardi, shuning uchun kub bo‘ylab kichik tirnalishlar paydo bo‘lgan. Ulardan birini drel yordamida teshdik, ya’ni kubni ikkiga bo‘ldik, so‘ngra chetlariga ishlov berdik”, — deydi Valeriy G‘aniyev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kompozitsiyaning bir qismi hisoblangan qora kubni hamma ham qadrlamagan.

“U o‘rnatilgandan so‘ng, mafkurachilardan biri maydonga kelib, „Biz motam tutayotganimiz yo‘q. Qizil kub qo‘ying“, dedi. Ijrochilar yugurgilab qoldi, Ukrainadan granit kubga buyurtma berishdi, uni olib kelishdi va qora kubning qarshisiga qo‘yishdi. Mendan ikkinchi kub uchun imzo chekishimni so‘rashganida, men bosh tortdim, chunki men unga buyurtma bermaganman va buning uchun pul to‘lamoqchi ham emasdim. U bir muddat turdi, keyin esa olib ketildi. Qayerga olib ketilganini bilmayman”, — deb eslaydi arxitektor.
“Jasorat” me’moriy-haykaltaroshlik majmuasi 1976-yil 20-mayda ochilgan. Shu kuni O‘zbekiston poytaxtida Toshkent xalqaro kinofestivali boshlangan, unda Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi kinoijodkorlari ishtirok etgan. Xorijlik mehmonlar yodgorlik ochilishida ham qatnashgan.

Oradan uch yil o‘tib, 1979-yilda Valeriy G‘aniyev Ittifoq mukofoti sovrindori bo‘ldi va SSSRning eng yosh tan olingan me’moriga aylandi. Shahar aholisi unga xatlar yozib, savdo do‘konlari va attratsionlardan xoli park uchun minnatdorchilik bildirdi.
реклама
реклама
2018-yilda “Jasorat” majmuasi Toshkent shahar hokimligi tomonidan rekonstruksiya qilindi. Valeriy G‘aniyevning aytishicha, o‘shanda unga muallif sifatida maslahat so‘rab murojaat qilishmagan. Ishning ilk kunlaridayoq u o‘z tashabbusi bilan maydonga kelib, quruvchilar bilan suhbatlashgan. Me’morni eng ko‘p 14 ta stelaning orqa tomonida o‘yilgan granit gilamlarning saqlab qolinishi tashvishga solgan. Unga Ryabichevning barel’eflariga tegmaslikka va’da berishgan.
G‘aniyevning tan olishicha, granitdagi gilamlar toshga o‘yilgan shartnomadek qadrli bo‘lib, xalqlar do‘stligi hamon ilgarigidek saqlanib qolganini tasdiqlaydi.

“Stelalarda barcha ittifoq respublikalarining gilamlari, zilziladan keyin Toshkentni tiklashda ishtirok etgan poytaxt shaharlar — Moskva va Leningradning timsollari tasvirlangan. Bezakni qo‘lda o‘yib ishlashgani uchun „qizilishtonlar“ laqabini olgan 10 kishidan iborat moskvalik mutaxassislar jamoasi uning ustida kecha-yu kunduz ishlagan. Hozir bunaqangi mutaxassislar yo‘q”, — deydi Valeriy Akramovich achinib.
Me’mor rekonstruksiya natijasidan qisman mamnun: maydonda yoritgichlar va o‘rindiqlar paydo bo‘ldi — bir paytlar uning jamoasi bu ishga ulgurmagandi. Ammo ta’mirlovchilarning bronza bilan ishlashni bilmasliklari dilni xira qilgan. Yodgorlik va haykaltaroshlikda fon vazifasini o‘taydigan stelalardagi tematik rel’eflar vaqti-vaqti bilan bo‘yab qo‘yiladi va bu orqali ularni rangli bronzaning tabiiy qiyofasidan mahrum qilishadi.

Rekonstruksiyadan keyin tabiiy ofat ramzi bo‘lgan qora kub ham o‘z ma’nosini qisman yo‘qotdi. Undan haykal tomonga yer bo‘ylab yoriq ketgan. Mualliflar nazdida, u poydevorgacha yetib borib, erkak jussasining oyoqlari ostida yo‘nalishini o‘zgartiradi va so‘nadi — qat’iyat va jasorat tabiiy ofatni ortga chekinishga majbur qildi. Hozirda esa poydevorning burchagi havoda muallaq turibdi, burilishni tasvirlaydigan siniq chiziq g‘oyib bo‘lgan.
“Jasorat” yodgorligi, 1976−1986-yillar. Surat muallifi A. Varfolomeyev. Manba: “Pisma o Tashkente”.
G‘aniyev muallif yuklagan ma’noga bunday aralashuvni nisbatan vazminlik bilan qabul qilgan. Uni ko‘proq 1996-yildan buyon O‘zbekiston Olimpiya shon-shuhrati muzeyi sifatida faoliyat yuritib kelayotgan Xalqlar do‘stligi muzeyi taqdiri tashvishga soladi.

“Bu muzeyning asl ko‘rinishida mavjud emasligi — Toshkent uchun katta yo‘qotish. Bizning shahrimiz, butun O‘zbekiston singari, xalqlar do‘stligiga so‘zda emas, amalda o‘rnatilgan yodgorlikdir. Bu fotosuratlar va kinoxronikalarni o‘z ichiga olgan eng birinchi ekspozitsiyada o‘z aksini topgan. Ularda ittifoq respublikalari, jumladan, O‘zbekiston urush yillarida va zilziladan keyin bir-biriga qanday yordam bergani tasvirlangan. Ishonchim komilki, xalqlar do‘stligi hozir ham saqlanib qolgan. Bu, birinchi navbatda, madaniyatlarning kirib kelishida namoyon bo‘ladi. Bu, ayniqsa, bizning hududimizga xos xususiyat. Muzey ana shu an’anani esda saqlashimiz va davom ettirishimiz uchun kerak. Bu bizning taqdirimiz ekanligiga ishonaman”, — deydi arxitektor.

Matnni Viktoriya Abdurahimova tayyorladi.

Suratlar muallifi - Yevgeniy Sorochin.


Matn va barcha grafik materiallarga bo‘lgan huquqlar "Gazeta.uz" nashriga tegishlidir. "Gazeta.uz" internet nashrida e’lon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan bu yerda tanishishingiz mumkin


Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqda boshqalarga aytmoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting