Foto: Yevgeniy Sorochin
Toshkent hayvonot bog‘i — 100 yoshda!
U qanday o‘zgaryapti?
24-oktabr kuni Toshkent hayvonot bog‘i ochilganiga 100 yil to‘ldi. Jonivorlarning yashash sharoitlarini yaxshilash va infratuzilmani yangilash maqsadida u yerda 2020-yildan beri ta’mirlash ishlari olib borilyapti. “Gazeta.uz” bog‘ xodimlari bilan shu vaqtgacha qilingan ishlar va kelgusi rejalar haqida gaplashdi.
24-oktabr kuni Toshkent hayvonot bog‘i ochilganiga 100 yil to‘ldi. Jonivorlarning yashash sharoitlarini yaxshilash va infratuzilmani yangilash maqsadida u yerda 2020-yildan beri ta’mirlash ishlari olib borilyapti. “Gazeta.uz” bog‘ xodimlari bilan shu vaqtgacha qilingan ishlar va kelgusi rejalar haqida gaplashdi.
Toshkent hayvonot bog‘i 1924-yil 24-oktabrda O‘rta Osiyo davlat universitetining zoolog olimlari tashabbusi bilan ochilgan. O‘shanda u Turkiston general-gubernatorining shahar tashqarisidagi sobiq dala-hovlisining 3,5 gektar maydonida tashkil etilgan edi. 1940-yillarning oxiriga kelib, zoopark to‘liq shakllanib ulgurgan, unda 200 ga yaqin jonivorlar bor edi. Sharoitlar kamtarona ekaniga qaramay, xodimlar tutqunlikdagi hayvonlarni parvarish qilish va ko‘paytirish bilan muvaffaqiyatli shug‘ullana olgan. Oradan 70 yil o‘tibgina O‘zbekiston hukumati yangi ham zamonaviy hayvonot bog‘i qurish haqida qaror qabul qiladi.
Toshkentdagi eski hayvonot bog‘ining asosiy darvozasi
Biz bilgan bugungi hayvonot bog‘i 1997-yil 1-sentabrda ish boshlagan. 21,5 gektarda 11 ta namoyish maydonchasi, jonivorlarni ko‘paytirish bo‘yicha pitomnik va kontaktli zoopark bor. Hozirgi kolleksiyada 340 ta turga mansub 8 mingdan ortiq jonivorlar bor. Fauna vakillarining salomatligi va parvarishini ta’minlash uchun bu yerda veterinariya klinikasi, toksikologik va biokimyo laboratoriyalari ishlab turibdi.
Toshkent hayvonot bog‘ining markaziy darvozasi
Xodimlarning qayd etishicha, Toshkent zooparki ko‘plab ko‘rsatkichlar bo‘yicha jonivorlarni saqlash bo‘yicha xalqaro talablarga javob bera oladi. Ammo o‘tgan yillar davomida bog‘dagi obyektlar ta’mirtalab ahvolga kelib qolgan. Zooparkni yangilash, rivojlantirish va xalqaro stantdartlarga moslashtirish maqsadida muassasa 2019-yil dekabrida hukumat qarori bilan Wildlife Care investitsiya kompaniyasiga ishonchli boshqaruvga topshirilgan. 2020-yil yanvaridan Toshkent hayvonot bog‘ining faoliyatida yangi bir davr boshlangan.
реклама
реклама
Jonivorlar ekspozitsiyasi va bog‘ infratuzilmasini baholash maqsadida Germaniyaning Dan Perlman Group kompaniyasidan mutaxassislar jalb etilgan. Ular hozir bog‘ni yangilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihaning asosiga aylangan master-rejani tayyorlagan. Yangilash loyihasidan ko‘zlangan asosiy maqsadlar — jonivorlar turini ko‘paytirish, yangi qafas (voler)lar qurish va mavjudlarini ta’mirlash, jonivorlar reabilitatsiyasi markazini ishga tushirish va zoopark xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha markazini tashkil etish, shuningdek, tashrifchilar uchun zamonaviy texnologiyalarni joriy etish.

“Rekonstruksiya loyihalarini ishlab chiqishda bog‘ xodimlari ham faol qatnashgan. Ular zamonaviy talablarga va har bir turning tabiiy ehtiyojlariga javob beradigan yangi ekspozitsiyalarni qurish va mavjud volerlarni yangilash bo‘yicha o‘z takliflarini berdi. Hozirda rekonstruksiya ishlari zooparkning ilmiy bo‘limi takliflari va xorijiy mutaxassislarning ko‘rsatmalari asosida olib borilmoqda”, — deydi kapital qurilish bo‘limi boshlig‘i Gulnora Sulaymonova.
Toshkent hayvonot bog‘ining yangi darvozasi
Rekonstruksiya jarayonida birinchi bo‘lib flamingolar qafasi yangilandi. Flamingolar birinchi marta zooparkka olib kelingan vaqti ular qushlarning qishki pavilonida saqlanayotgan edi, shu bois ular uchun alohida, keng hamda sayoz suv havzasiga ega yozgi voler qurishga qaror qilindi. Qishki voler ham isitiladigan basseyn va issiq pol bilan jihozlandi. Devorlarga esa qushlarni ko‘pdek qilib ko‘rsatadigan ko‘zgular o‘rnatib chiqildi — shu tariqa flamingolar o‘zini xuddi yovvoyi tabiatdagidek katta to‘da ichida his qiladi.
Shundan so‘ng o‘tgan yili Isroildan olib kelingan gamadril maymunlari uchun mo‘ljallangan voler rekonstruksiya qilindi. Ular uchun yozgi qafas bunyod etildi va u “Maymunlar” bo‘limining qishki inshooti bilan maxsus ko‘prik orqali bog‘landi — bu ko‘prik orqali maymunlar 4,5 metr balandlikda odamlar boshi uzra yurishi mumkin bo‘ldi. Jonivorlarni yaxshiroq tomosha qilish imkoni bo‘lishi, shuningdek, tomoshabinlar xavfsizligini ta’minlash maqsadida qafas devorlari ko‘p qatli mustahkam shishadan o‘rnatildi.

“Jonivorlarning sovuqda, tozalash va ovqatlantirish vaqtida pavilonlar orasidagi ko‘chishini yengillashtirish uchun ko‘prik qurdik. Ko‘prikning eshikchasi (shiber) ochilishi bilan, maymunlar qiziqish bilan bir volerdan boshqasiga qarab harakatlanadi. Yozgi qafasda hozir Sasha laqabli erkak maymun Yuval va Galiya nomli ikki urg‘ochi bilan birga yashayapti, qishki pavilonda yana ikkita urg‘ochi maymun bor. Ularni hozir vaqtincha ajratib qo‘yishgan, ammo har kuni ularga ham ko‘prikka chiqish, turdoshlari bilan ko‘rishish imkoni beriladi”, — deydi Toshkent hayvonot bog‘ining ilmiy xodimi Feruza Mirsolihova.
Eng katta o‘zgarishlar “Tuyoqlilar” bo‘limining jirafa va zebralar yashaydigan qismida yuz berdi. Ikkita voler birlashtirilib, Afrika jonivorlari birga yashaydigan bo‘ldi. Bu hududni kattalashtirish va turlararo muloqotni yuzaga keltirish imkonini berdi. Kelgusida bu yerga Afrika tuyaqushlarini ham ko‘chirish rejalashtirilgan — ular hozir “Qushlar” bo‘limida yashayapti. Yangi qo‘shnilar uchun allaqachon usti yopiq qafaslar qurilgan, jirafalarning qishki voleri esa issiq pol va avtomatik suv berish tizimlari o‘rnatilgani holda kapital ta’mirdan chiqarilgan. Bug‘u va tuyalar yashaydigan hududlarda o‘tloqlar yangilanib, maydonning o‘zi ham kengaytirilgan.

“Jirafalarning endi olib kelgan vaqtimiz ular hali bir yoshga ham to‘lmagandi. Ular sal narsaga cho‘chib ketardi, odamlardan qo‘rqardi. Vaqtincha yog‘och to‘siq ortida yashagan zebralar bilan qo‘shib yuborilgach, jirafalarning moslashuvi ham nisbatan tezlashdi. Hozir bu jonivorlar o‘zini ancha xotirjam va dadil tutadi, buni ularning harakatlaridan ham sezish mumkin. Zebralar bilan qo‘shnichilik nisbatan tabiiy sotsial muhitni hosil qildi, axir tabiatda ham bu turlarning bir to‘da bo‘lib harakatlanishi kuzatiladi”, — deydi Feruza Mirsolihova.
Filning ochiq voleri ham ta’mirlandi. Unda jonivorni saqlash uchun zarur barcha sharoitlar, xususan, suv havzasi va soyabonlar hozirlandi. Putri laqabli urg‘ochi filning voleriga qo‘shni inshoot esa yaqin vaqt ichida Toshkentga olib kelinishi kutilayotgan erkak fil uchun rekonstruksiya qilindi.
“Osiyo va Afrika” nomli yangi ekspozitsiya ikki qavatli tomosha maydonchasiga ega: birinchi qavati mustahkam tripleks shishasidan qurilgan yopiq yo‘lak bo‘lsa, yuqori qavat — ochiq tomosha galereyasi. U Afrika jonivorlari va filning volerlari orasida joylashgan. Ularni aynan tomosha maydonchasi ajratib turadi.
Xuddi shu tamoyil asosida yangi — “Avstraliya” ekspozitsiyasida ham ikki turga mansub jonivorlar birlashtirilgan. Tuyaqushlar uchun mo‘ljallangan eski volerda issiq polli qo‘shimcha qishki inshootlar qurilgan. Endi bu yerda Avstraliya jonzotlari — kulrang kengurular va emu tuyaqushlari birga yashamoqda.
“Tuyoqlilar” bo‘limi ham chetda qolmagan: Kamerun echkilari voleriga yog‘och platformalar, arg‘imchoq va ko‘prikchalar o‘rnatib chiqilgan. Binolarning old tomoni, xizmat xonalari ta’mirlangan. Yoldor qo‘ylar, Kamerun echkilari, lanlar (bug‘u turi), garn antilopalari va boshqa xil tuyoqlilar saqlanadigan qafaslarning panjaralari almashtirildi.
Rekonstruksiya jarayoni tropik jonivorlar uchun maxsus iqlim sharoitlarini yaratish imkonini beruvchi klimatronni ham qamrab oldi. “To‘tiqushlar” va “Maymunlar” bo‘limlarida kosmetik ta’mirlar qilindi. Tozalash qiyin bo‘lgan va ko‘rishni qiyinlashtiruvchi temir panjaralar va oddiy oynalar o‘rniga mustahkam tripleks panellar o‘rnatildi. Bu yangilik jonivorlar tomoshasini yanada yaxshiladi va ekspozitsiyani tozalashni osonlashtirdi. Maymunlarning volerlaridagi dekoratsiyalarning yangilanishi va yorqin ranglarning qo‘shilishi ularning umumiy kayfiyatiga yaxshi ta’sir qildi, chunki maymunlar ranglarin ajrata oladi.

“O‘yinchoqlar hamda dor yo‘li, gamak, arqon narvonlar, osma oxur kabi makonni boyitish vositalari maymunlarga o‘zining tabiiy xulq-atvorini faolroq namoyon qilish imkonini beradi. Sezar laqabli orangutan gamakda yotishni, chambarak o‘ynashni va konuslarni boshiga qalpoq kiyib olishni yaxshi ko‘radi. Gibbonlar avtoshinalardan yasalgan arg‘imchoqlarda mazza qilib uchadi, makaka va martishkalar esa osma oxurlarga osilib olib, undan yegulik olib yeyishga ishqiboz”, — deya tushuntiradi Feruza Mirsolihova.
Yozda bo‘ri va ayiqlarning yozgi volerlari ta’miri bitdi. Yangilangan dizayn yarusli konstruksiyalar va yashil qoplamni ham o‘z ichiga olgan, bu esa jonivorlar harakatlanishi mumkin bo‘lgan maydonni kengaytirgan va ularning jismoniy faolligi uchun imkoniyatlarni ko‘paytirgan. Bo‘rilar uchun, ular yashirinib, dam ololishi uchun, qoya va g‘orlarning imitatsiyasi qilingan. Ayiqlarning volerlarida esa yog‘och xodalar, aylanuvchi stollar va tebranma stullar bilan o‘ynasa bo‘ladigan maydonchalar paydo bo‘lgan. Bularning bari ularning jismoniy faolligi va aqli stimulyatsiyasiga ta’sir qiladi.

“Ayiqlar yarusli yangi konstruksiyalar bo‘ylab yugurishni, uning turli joylaridan yeguliklarni topishni va tashrifchilar ko‘ra oladigan balandlikda osilib, dam olishni juda yaxshi ko‘radi. Raul va Zinka laqabli ayiqlarimiz bu yerda juda ko‘p vaqt o‘tkazadi. Bo‘rilarga ham volerning ikkinchi pog‘onasidagi yashil qoplama juda yoqdi. Hammadan ham Bonya laqabli urg‘ochi bo‘rimiz yaxshi ko‘radi uni”, — deydi Feruza Mirsolihova.

Hozirda yo‘lbars va sherlarning volerlarida ham xuddi shunday dizaynerlari ishlari olib borilmoqda. Bu jonivorlarning volerlariga hozirgacha yog‘och platformalar o‘rnatilib, qum sepib bo‘lingan.
“Rekonstruksiyadan so‘ng, volerlardagi sharoit tabiiysiga yaqinlashdi. Jonivorlar maysa, qum, shag‘al, yog‘och tarashasi kabi tabiiy maydon uzra harakatlanish imkoniga ega, bu ularning salomatligi uchun ham foydali. Ular zavq bilan volerlarning yangi burchaklarini o‘rganadi, o‘yin va dam olish uskunalaridan foydalanadi, o‘t-o‘lan va yumshoq qum ustida dumalab yotadi”, — deydi Feruza Mirsolihova.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yangilangan volerlar makonni boyitishning yangi uslublaridan foydalanish imkonini beradi. Masalan, turli sathlarga o‘yinchoqlar, buyumlar va xo‘raklarni qo‘yib chiqish, shuningdek, ularni yashirib qo‘yib, jonivorlarni o‘zining tabiiy ko‘nikmalarini namoyish etishga majburlash mumkin. Volerlarda zoopark “aholisi” bilan treninglar o‘tkazish mumkin bo‘lgan joylar ham ko‘zda tutilgan, unda, xususan, hayvonlarni veterinariya ko‘rigidan nisbatan oson o‘tkazish mumkin.
Zoopark direktori Azamat Maqsudovning so‘zlariga ko‘ra, faqat infratuzilma emas, balki kolleksiya ham yangilangan. Hayvonot bog‘ida jirafalar, zebralar, Patagoniya maralari, bengal yo‘lbarslari, oq sherlar, panteralar, shuningdek, yo‘lbars pitonning albinosi, shinshillalar va katta kulrang kengurular paydo bo‘ldi.

Endi rahbariyat karkidonlar, mushuksimon lemurlar, kapibaralar, yo‘lbarslar, erkak fil va yapon turnalarini olib kelmoqchi. Ular uchun yangi ekspozitsiyalar tashkil etiladi.

Bog‘ xodimlari ham e’tibordan chetda qolgani yo‘q. “Qo‘lga o‘rgatilgan hayvonlar”, “Yirtqichlar”, “Tuyoqlilar” va “Qushlar” bo‘limlarida xizmat xonalari ta’mirlandi. Deyarli barcha binolarda santexnika, deraza va eshiklar almashtirildi. Oshxona tartibga keltirildi, yangi isitish tizimi o‘rnatildi.
реклама
реклама
Rekonstruksiya tashrifchilar uchun mo‘ljallangan hududlarni ham qamrab oldi. 2022-yil bahorida bog‘ning g‘arbiy qismida nazorat punkti va bepul avtoturargohi bor yangi darvozasi ochildi. Asosiy darvoza hozirda ta’mirlash uchun yopilgan va 2025-yil boshida ochilishi kutilmoqda.

Odamlar zooparkka qulay kelib-ketishi uchun muassasaga kirish joylari panduslar bilan jihozlangan, sanuzellar ta’mirlangan hamda ona va bola xonalari qo‘shilgan. Yo‘lakcha va trotuarlarni yangilash, favvora va mikroklimatlar tashkil etish, skameykalar o‘rnatish ishlari davom etmoqda. Bog‘ hududida yozgi verandasi va 46 o‘rinli zali bor “Bayram” kafesi ham ochilgan.

Adashib qolmaslik uchun butun bog‘ bo‘ylab yo‘lko‘rsatgichlar (navigatsiya) o‘rnatib chiqilgan. Volerlarga esa har bir turning o‘ziga xosliklari haqida ma’lumot beruvchi axborot lavhalari ilingan.
Bolalar o‘yin attraksionlarini jonivorlardan uzoqroqqa — rekreatsion zonaga ko‘chirish va ularning shovqinini imkon qadar kamaytirish rejalashtirilmoqda. Bundan tashqari, bog‘ ichidagi yegulik sotadigan do‘konchalar sonini uch barobar qisqartiriladi. Zoopark hududidagi tirlar esa allaqachon yo‘q qilingan.

“Biz videokuzatuv tizimini yangilab, tashrifchilarning xatti-harakatlarini kuzatib turish va jonivorlarni himoya qilish uchun qo‘shimcha kameralar o‘rnatdik. Ayrim bo‘limlarda volerlar oldida xodimlar navbatchilik ham qilyapti. Ular kelgan mehmonlar jonivorlarni ovqatlantirmasligi yoki ularning qafasiga chiqindi tashlamasligini nazorat qilyapti. Shuningdek, jonivorlar yeb qo‘yishi ehtimoli bilan bog‘liq baxtsiz hodisalarning oldini olish maqsadida polietilen idishda bo‘ladigan har qanday mahsulot savdosini taqiqladik. Ilmiy bo‘limimiz alohida turlarni boqishda foydalanilishi mumkin bo‘lgan mahsulotlar ro‘yxatini tuzdi, ular tegishli qafaslar oldida qog‘oz idishlarda sotiladi”, — deydi Gulnora Sulaymonova.
Kelasi yili maymunlar uchun qishki qishki maymunxonadan kirib-chiqish imkoniga ega bo‘lgan yangi yozgi volerlar qurilishi rejalashtirilgan. Yuqorida ta’kidlanganidek, hozircha gamadril maymunlari uchun shunaqasi qurib bo‘lingan. Xodimlar Sezar laqabli orangutanning yozgi volerini ham yangilamoqchi va uning uchun keng qishki qafas qurmoqchi.

Zooparkdagi o‘zgarishlardan yana biri sifatida “Yirtqichlar” bo‘limida panteralardan iborat yangi ekspozitsiya tashkil etilishini aytish mumkin.

“Suv qushlari” bo‘limidagi turnalar uchun, ular qishni qushxonada o‘tkazishlariga zarurat tug‘ilmasligi uchun, yozgi volerining yonidan qishki inshoot qurilishi ko‘zda tutilgan.
реклама
реклама
Yaqinda kapital ta’mirdan chiqqan “Qo‘lga o‘rgatilgan jonivorlar” bo‘limida og‘maxonlar, quyonlar, dengiz cho‘chqachalari, tipratikanlar, olmaxon va toshbaqalar ochiq havoda sayr qila olishi uchun yozshi volerlar quriladi.

“Terrarium” va “Akvarium” bo‘limlari ham kapital ta’mirga muhtoj bo‘lib turibdi. Umuman, baliqlar bo‘limi bu jarayondagi eng murakkab loyiha, chunki bunda barcha akvariumlar va texnik tizimlarni yangilash zarur. Bunda, shuningdek, suv harorati, filtratsiya va yoritish kabi ekotizimning o‘ziga xosliklarini ham inobatga olishga to‘g‘ri keladi.

“Hayvonot bog‘imiz o‘z “aholisi”ning hayot sifatini yaxshilab, bu muhim ishdagi yutuqlarini jamiyatga ko‘rsatib, rivojlanishda davom etyapti”, — deya ta’kidladi Azamat Maqsudov.
Bog‘dagi barcha qurilish-ta’mirlash ishlarini 2025-yilda yakunlash rejalashtirilgan. Bu ishlarga qaramay, zoopark avvalgidek tartibda ishlashda davom etmoqda. Unga har kuni soat 8:00 dan 20:00 gacha borish mumkin.
Matn muallifi — Farzona Hamidova.
Matn va barcha grafik materiallarga bo‘lgan huquqlar “Gazeta.uz” nashriga tegishli. “Gazeta.uz” internet-nashrida e’lon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan bu yerda tanishishingiz mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting