Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasi (COP 29)da ishtirok etib, nutq so‘zladi.
Nutq avvalida prezident Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevni bugungi konferensiyani Boku shahrida yuksak darajada tashkil etgani bilan samimiy tabrikladi.
“Biz Ozarbayjonning zamonaviy iqlim tahdidlariga qarshi kurashish yo‘lida xalqaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha faol sa’y-harakatlarini to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz”, — dedi prezident.
“Iqlim o‘zgarishlari bugungi kunda asosiy global tahdidga aylanib bormoqda, geosiyosiy ziddiyatlar kuchayishiga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, kambag‘allikka qarshi kurash, oziq-ovqat va energetika xavfsizligi, suv va resurslardan foydalanish muammolarini kuchaytirmoqda”, — deya qayd etdi Shavkat Mirziyoyev.
“Bularning asoratlarini Markaziy Osiyoda o‘tkir his qilmoqdamiz. Iqlim muammolari aholimizning turmush sifatini oshirish va milliy taraqqiyot strategiyalarini ro‘yobga chiqarishda yangi to‘siqqa aylanmoqda”, — dedi davlat rahbari.
Prezident Parij bitimi doirasidagi bosh maqsad — mintaqada havo haroratining jadal o‘sishiga yo‘l qo‘ymaslik va joriy yuz yillikda 1,5−2 gradus atrofida saqlab qolish ekanini eslatib o‘tdi.
Mirziyoyev ta’kidlashicha, O‘zbekiston 2030-yilgacha havoga isciqxona gazlari chiqarilishini 35 foizga kamaytirishni reja qilgan. “Bu majburiyatni 2050-yilga qadar yanada kengaytirishga tayyormiz”, — deya qo‘shimcha qildi prezident.
“„Yashil“ energetika ulushini 40 foizgacha oshiramiz. Elektromobil va „yashil“ vodorod klasterlari, quyosh va shamol generatsiya xablarini yaratayapmiz. „Yashil makon“ dasturimiz doirasida ko‘kalamzor hududlarni keskin ko‘paytiryapmiz. Qo‘shni mamlakatlar bilan Mintaqaviy iqlim strategiyasini hayotga tatbiq qilmoqdamiz. Shu kunlari Yevropaga „yashil“ energiya yetkazish bo‘yicha ko‘p tomonlama bitimni imzolaymiz”, — deya qayd etdi.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston global iqlim o‘zgarishlari oqibatlarini birgalikda bartaraf etishda quyidagi takliflarni ilgari surishini aytdi:
- Iqlim xatarlarini aniqlash uchun yetakchi davlatlar va xalqaro institutlarning texnik ko‘magini kengaytirish. Prezident bu borada Iqlim tufayli yo‘qotish va zararlarni baholash bo‘yicha xalqaro markaz ta’sis etishni taklif qildi.
- Transchegaraviy suv resurslari ifloslanishining oldini olish. “Mintaqamiz misolida aytib o‘tmoqchimanki, bir avlod ko‘z o‘ngida Orol dengizining butunlay yo‘qolishi sayyoramiz miqyosidagi fojiaga aylandi. Shu o‘rinda biz Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida Daryo ekotizimlarining butunligi va ekologik xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha majburiyatlar to‘g‘risidagi deklaratsiyani ishlab chiqish tarafdorimiz”, — deya qayd etdi davlat rahbari.
- Genetik resurslarning mintaqaviy bankini ishga tushirish. “Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan davlatlar uchun yurtimizda Birlashgan Millatlar Tashkilotining innovatsion agrosanoat xabini yaratish tashabbusini ilgari suramiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
- Jahon iqlim poytaxtlari alyansini tashkil etish. Bu iqlim o‘zgarishlaridan zarar ko‘rayotgan megapolis va shaharlarning barqaror rivojlanishi bo‘yicha ilg‘or bilim va amaliyotlar transferiga xizmat qiladi. Shavkat Mirziyoyev uning birinchi forumini Toshkentda o‘tkazishni taklif qildi.
Shavkat Mirziyoyev ishtirokchilarni kelgusi yili 15-may — Xalqaro iqlim kunida Orolbo‘yi mintaqasida o‘tkaziladigan Raqamli “yashil” tashabbuslar global yoshlar festivaliga taklif qildi.
“O‘zbekiston umumiy farovonlik va „yashil“ taraqqiyot yo‘lida ochiq muloqot va sheriklikka doim tayyor ekanini yana bir bor ta’kidlayman”, — deya nutqini tugatdi Shavkat Mirziyoyev.