Foto: Yuriy Artikov / “Gazeta.uz”

Archa ustidagi mo‘jiza

Paxta, qovoq va shishadan qoyilmaqom archa bezaklarini yasayotgan toshkentlik va samarqandlik hunarmandlarning hikoyalari
Yangi yil bayrami ramzlari orasida archa o‘yinchoqlari alohida o‘rin tutadi. Ular bayram kayfiyati va avlodlar o‘rtasidagi o‘zaro aloqani ta’minlaydi, yaqinlar va bolalikning yorqin xotiralarini o‘zida saqlaydi. “Gazeta.uz” muxbiri archa bezaklari yasaydigan o‘zbekistonlik hunarmandlar bilan ilhom, ijod va orzular haqida suhbatlashdi.
Yangi yil bayrami ramzlari orasida archa o‘yinchoqlari alohida o‘rin tutadi. Ular bayram kayfiyati va avlodlar o‘rtasidagi o‘zaro aloqani ta’minlaydi, yaqinlar va bolalikning yorqin xotiralarini o‘zida saqlaydi. “Gazeta.uz” muxbiri archa bezaklari yasaydigan o‘zbekistonlik hunarmandlar bilan ilhom, ijod va orzular haqida suhbatlashdi.
Archa bezatish — Yangi yil bayramining eng yoqimli an’analaridan biri. Ko‘plab oilalar archa o‘yinchoqlarini oilaviy yodgorlik sifatida saqlab, avloddan avlodga qoldirib keladi. Javonlardan girlyandalar, munchoqlar, rang-barang shar va nafis haykalchalar solingan qutilar olinganda, ushbu bayramni bu qadar sevishimizga sabab bo‘lgan mo‘jizani oldindan sezish hissi har qachongidan kuchliroq bo‘ladi. Go‘yo ularda Yangi yilning butun sehri mujassamdek.

Hozir bozorlarda archa o‘yinchoqlarining tanlovi keng, shuningdek, ularni tayyorlashda ishlatilgan materiallar — shakllar va narxlariga ko‘ra — xilma-xil. Rossiya, Xitoy va Turkiyadan keltirilgan plastik archa bezaklarining ulushi sezilarli katta. Biroq ommaviy ishlab chiqarish davrida ham qo‘lda ishlangan buyumlarga talab ilgarigidek yuqori. Ustalar shisha, sopol, yog‘och, paxta, qovoq va boshqa materiallardan yangi yil o‘yinchoqlarini qo‘lda yasashda davom etyapti.

“Gazeta.uz” 2025-yil kirib kelishi arafasida ustalar — Irina Pshenova, Mansur Nurillayev va Zamira Ashurova bilan bayram o‘yinchoqlari qanday yasalishi va ular nima sababdan bu ishga qiziqib qolgani haqida suhbatlashgan edi. Shu suhbatning o‘zbek tilidagi tarjimasi e’tiboringizga havola etiladi.
Irina Pshenova
Qo‘g‘irchoqni “jonlantirishim”dan oldin u mening tasavvurimda “tug‘ilishi” kerak
Men o‘zimni ijodkorlikning har xil ko‘rinishlari: rasm chizish, kulolchilik, dekorativ pannolar va idish-tovoqlar yaratishda sinab ko‘rganman. O‘sha vaqtlarda qo‘g‘irchoqlar yasash orzuligicha qolgan edi — ularning haykallarini tayyorlash juda murakkab tuyular va men o‘zim ham qanday qo‘g‘irchoqlar yasashni xohlayotganim borasida uzoq vaqt bir to‘xtamga kela olmaganman. Bir kuni tasodifan internetda paxtadan yasalgan o‘yinchoqlar haqida video ko‘rib qoldim. Bolalarning yoqimli va ifodali qiyofalari meni shu qadar o‘ziga rom qildiki, ularni o‘z qo‘llarim bilan yasash istagi bilan yona boshladim. Paxta bilan ishlash men sevgan haykaltaroshlikni eslatdi va aynan men izlayotgan mashg‘ulot bo‘lib chiqdi. Mana, yetti yildirki, “paxta qo‘g‘irchoqlar” yasash bilan shug‘ullanaman.
Paxta o‘yinchoqlarni yasash — juda murakkab va ko‘p mehnat talab qiladigan jarayon. Qo‘g‘irchoqni bir kunda yasab bo‘lmaydi — har biriga kamida ikki kun vaqt sarflanadi, ko‘p sonli detallar bilan boyitilgan murakkab ishlar esa ikki haftagacha vaqt olishi mumkin.

Hammasi bo‘lajak shakl uchun asos vazifasini o‘tovchi simli karkasdan boshlanadi. Unga paxtani qavatma-qavat o‘rab, shakl beraman hamda ip va yelim yordamida mahkamlayman. Birin-ketin oyoqchalar, qo‘lchalar, liboslar paydo bo‘ladi. Gips yoki loydan ishlangan, bor-yo‘g‘i 2,5 sm keladigan yuzchalarni lupa ostida chizib chiqaman. Barcha qismlar birlashtirilgandan keyin shakl quritiladi.

Akril bo‘yoqlar bilan bo‘yashga kirishishdan oldin uni ko‘zdan kechiraman, qo‘limda aylantirib ko‘raman, tashqi ko‘rinishi va xarakterini o‘ylab ko‘raman. O‘yinchoqni yaltirab turishi va mustahkam chiqishiga xizmat qiladigan lakni surtib chiqish — qo‘g‘irchoq yasash jarayonining yakuniy bosqichi hisoblanadi.
Qo‘g‘irchoqni “jonlantirishim”dan oldin u mening tasavvurimda “tug‘ilishi” kerak. Shu sababli ba’zi ishlanmalar tasavvurimda aniq qahramon shakllangunga qadar uzoq vaqt qutida saqlanishi mumkin. Ish jarayonida ko‘pincha yangi detallar qo‘shiladi, xususiyatlar o‘zgaradi va ba’zan butunlay yangi qahramon paydo bo‘ladi.

Paxta bilan ishlashni sinab ko‘rgan ko‘pchilik ustalar mening o‘yinchoqlarimga nazar tashlar ekan, “Qanday sabring chidaydi? Axir bu juda ko‘p qunt va sabr-toqat talab qiladi-ku. Paxta cho‘zilib, hammayoqqa yopishib ketadi!”, deb hayron qoladi. Men uchun esa, paxta — ideal material. O‘zining cho‘ziluvchanligi va yumshoqligi tufayli u turli xil uslublarda, o‘ziga xos xarakterli qo‘g‘irchoqlar yasash imkonini beradi. Paxtadan yasalgan o‘yinchoqlar yengil, ushlab ko‘rish yoqimli va shu bilan birga mustahkam, chidamli. Ularni tayyorlash jarayoni haqiqatan ham sehrli: shaklsiz materialdan hayot “tug‘iladi”.
Men asosan bolalar obrazlarini yarataman, chunki ular oqko‘ngil, beg‘ubor va sodda bo‘ladi. Bolalarning his-tuyg‘ularini, u xoh baxt, hayrat yoki o‘ychanlik bo‘lsin, mitti yuzlarda ifodalash — juda qiziqarli mashg‘ulot. Masalan, mening sevimli qo‘g‘irchoqlarimdan biri — stulda sovg‘asini bag‘riga bosib o‘tirgan quyoncha kostyumidagi bolakay. U shu qadar samimiy va ta’sirli chiqdiki, uni sotishga ko‘zim qiymadi va ustaxonamda qoldirdim.

Yangi o‘yinchoqlar uchun g‘oyalarni hamma joydan olaman. Ko‘pincha hayotdagi yoki suratlardagi bolalar qo‘g‘irchoqlarimning prototipiga aylanadi. Masalan, hovlida o‘ynayotgan bolalar yoki Mavlud (Rojdestvo) va Pasxa bayrami otkritkalaridagi bolakaylar. Bolaligimda buvimning 1930−1940-yillarda bobom Germaniyadan olib kelgan eski otkritkalaridagi rasmlarni zavq bilan tomosha qilardim va chizardim. Ularda tasvirlangan qish manzaralari, eskicha (vintaj) liboslar va bayramona muhit ko‘pincha kompozitsiyalarimda ham o‘z aksini topadi.

Ishlarimdagi eng muhim jihat — bu hikoya. Men har bir o‘yinchoqni biror harakat ustida: konkida uchayotgan, qor dumaloqlayotgan, archa olib kelayotgan yoki mandarin va konfetlar solingan paketni ushlagan holda tasvirlashga urinaman. Toki kishi qo‘g‘irchoqqa qarab, uning hikoyasining davomini tasavvur qila olsin. Shuning uchun men boshning qayoqqa burilganligi, nigohning qay tomonga qaratilganligi, qo‘l va oyoqchalarning qanday joylashganligi kabi holat va mimikalarga jiddiy e’tibor qarataman.
реклама
реклама
Odatda bir yilda 200 dan ortiq o‘yinchoq yasayman, har safar yangilarini o‘ylab topishga intilaman. Shunga qaramay, “bo‘zchi belbog‘ga yolchimas”: uyimizdagi archada birorta ham men yasagan o‘yinchoq yo‘q. Har yili hech bo‘lmasa bittasini o‘zimga qoldirishni va’da bersam-da, barchasi yo shaxsiy kolleksiyalarga ketadi, yo yaqinlarimga sovg‘a qilinadi. Yaqinda bir onaxon nabiralarining suratiga asoslangan, hayvonlar kostyumida ishlangan uchta qo‘g‘irchoq buyurtma qildi. Maqsadi — nabiralari har yili archa bezatayotganda uni esga olishsin. Yozda amerikalik buyurtmachilar uchun yahudiy zargarlar oilasini yasadim. Bunda tashqi ko‘rinishning o‘ziga xos xususiyatlarini ifodalash va asboblarni batafsil ishlash muhim edi. Mening o‘yinchoqlarim dunyoning turli burchaklariga yetib boradi, ularni Isroil, Rossiya, AQSh, Germaniya, Angliya va boshqa mamlakatlarda ham uchratish mumkin.
Archa o‘yinchoqlarining narxi 300 ming so‘mdan boshlanadi. Bu shaklning hajmi va murakkabligiga, detallar soniga, ish uchun sarflangan vaqtga bog‘liq. Eng qimmat o‘yinchoq 100 dollarga sotilgan. Bu do‘kon vitrinasiga qarab turgan bolalarning ko‘p figurali kompozitsiyasi edi. Uni yaratishga deyarli yarim oy vaqt sarflagandim, chunki bolalarning kiyimlari, vitrina elementlari, mayda aksessuarlarni puxta ishlash talab etilardi.

Yangi yilda yangi narsalarni sinab ko‘rmoqchiman — qo‘l-oyoqlari harakatlanadigan interaktiv o‘yinchoqlar yaratmoqchiman. Masalan, lampadan uchib chiqadigan Xottabich, qo‘lida suzib yurgan havo sharini ushlab turgan “Alisa mo‘jizalar mamlakatida” ertagidagi Quyon yoki tebranuvchi mayatnikli devor soati. Bunday ish ko‘proq vaqt va mahorat talab qiladi, lekin u orqali o‘saman.
Mualliflik o‘yinchoqlari har doim xaridorgir bo‘lib qolishiga ishonchim komil. Ular jonli, har biri yurakdan ishlangan. Bu shunchaki bezak emas, balki uzoq yillar davomida saqlanadigan tarixning bir bo‘lagi. Odamlar mening ishlarimni o‘zlari va yaqinlariga quvonch ulashish, uylarini bezash uchun xarid qiladi. Esimda, bir xaridor mening ishimni — bayroqchalar bilan yangi yil gulchambarini ushlab turgan aka-singilni ko‘rib, yig‘lab yuborgan edi. “Xotiralar uchun rahmat, — degan edi u qo‘g‘irchoqlarga tikilib. — Bolaligimga, Yangi yilni ota-onam bilan kutib olgan vaqtlarimga qaytgandek bo‘ldim”. Shunday paytlarda qo‘g‘irchoqlarim alohida qimmatga ega ekanligini his qilaman.
Mansur Nurillayev
Har bir o‘yinchoqning o‘ziga xosligi shundaki, unda qalbimning bir parchasi yashaydi
Men Samarqandda teri, qog‘oz va yog‘och buyumlarni badiiy bo‘yash bilan shug‘ullanayotganimga 30 yildan oshdi, lekin hozir asosiy faoliyatim dekorativ qovoqlarni bo‘yash bo‘lib turibdi. Menga bu hunarni o‘z vaqtida tog‘am, rassom Ahmad Umarov o‘rgatgan edi.
Qovoqdan yangi yil o‘yinchoqlari yasashni 2016-yili boshlaganman. Bu tasodifan yuz bergandi. Do‘stim, hunarmand Habib Turdiyev yupqa sopoldan archa o‘yinchoqlari yasaydi. Unga savdoda yordamlashib, ishlarini yarmarkalarga olib borganimda, 30 ta o‘yinchoqdan 3−4 tasi doim sinib qolardi. Har biriga qancha kuch va vaqt sarflanganini o‘ylasang, juda achinib ketasan. Shunda xayolimga bir fikr kelib qoldi: qovoqdan o‘yinchoqlar yasab ko‘rsak-chi? Bu nafaqat mustahkam material, balki chidamli ham — bunday o‘yinchoq 50 yildan ortiq xizmat qilishi mumkin.
Archa o‘yinchoqlarini yasash uchun “nosqovoq” deb ataladigan maxsus dekorativ qovoq navidan foydalanaman. Qadimda bunday qovoqlardan idish yoki suv idishi sifatida foydalanishgan. Buvim ularni sovutkich sifatida ishlatib, ichida go‘sht va sut mahsulotlarini saqlardi.

Dastlab turli o‘lcham va shakldagi qovoqlarni o‘zim o‘z tomorqamda yetishtirdim. Ishlar yurishib ketgach, tomorqamdagi hosil kamlik qilganida menga kerakli navni yetkazib berish bo‘yicha dehqonlar bilan kelishdim. Urug‘larni har yili mart oyi oxiri yoki aprel oyi boshida ekaman. Yong‘oqdek keladigan mittigina qovoqlar sentabr oxirida, kattaroqlari oktabr o‘rtalari yoki oxirlarida pishib yetiladi.

Qovoqlar yig‘ib olingach, quritilishi kerak. Kichkinalariga quyoshli kunlarda bir hafta yetarli bo‘lsa, kattalari uchun bir oyga yaqin vaqt talab qilinadi. Hatto qishda ham yo‘lagimda bir nechta qovoq “pishib yetilyapti” — bir-ikkitasi hali yashil, qolganlari sarg‘ayib ulgurdi.
O‘yinchoqlarni Go‘ri Amir yonidagi ustaxonamda tayyorlayman. Bitta o‘yinchoqni yasashga ketadigan vaqt dizayn va texnikaning murakkabligiga bog‘liq. Naqshni o‘yib ishlasam yoki miniatyura chizsam, bir kunda bir-ikkita o‘yinchoq yasay olaman. Oddiy bezak yoki rasm solsam, kuniga 10 tagacha qovoq-o‘yinchoq tayyorlashim mumkin. Bo‘yash jarayoni yakunlangach, o‘yinchoqlarni lak bilan qoplab, osish uchun ilgak yopishtirish kerak. Umuman, bitta o‘yinchoqni tayyor holga keltirish jarayoni taxminan ikki kuncha vaqt oladi.
Men uchun bu ish — hordiq chiqarish demak. Rasm chizayotganimda, jarayonga shu qadar sho‘ng‘ib ketamanki, u meni tinchlantiradi. Ba’zida o‘yinchoq yasash bilan ovora bo‘lib, vaqt o‘tganini sezmay ham qolaman va kun bo‘yi ustaxonada qolib ketaman.

Tayyor o‘yinchoqlarimni Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Rossiyadagi ko‘rgazmalarda ko‘rsataman. Toshkentda esa men tayyorlagan mahsulotlarni ko‘rgazmalar, yarmarkalar, Human House galereyasi va aeroportdan topish mumkin. Narxlari 30 ming so‘mdan 150 ming so‘mgacha.
реклама
реклама
Sakkiz yillik faoliyatim davomida ko‘plab esda qolarli buyurtmalar bo‘lgan. 2019-yili Yaponiyaning Toyota kompaniyasining rasmiy distribyutori xodimlar uchun yangi yil sovg‘asi sifatida firma logotipi tushirilgan 50 ta qovoq o‘yinchoq buyurtma bergan edi. 2024-yili esa fransiyalik tadbirkorlar Parijdagi do‘konlari uchun katta miqdorda qovoq o‘yinchoqlar sotib oldi.

Mahsulotlarim orasida menga eng yoqadiganlari — 2024-yili ilk bor yasay boshlaganim, ichida qo‘ng‘iroqchasi bor o‘yma qovoq hamda qo‘lda bezatilgan yong‘oqdan tayyorlangan kalitband (brelok). 2025-yilga mo‘ljallangan rejalarim — qovoqdan matryoshkaga o‘xshash narsa yasash: ular besh yoki yetti donali to‘plam sifatida bir-biriga “kiydiriladi”.
Bilasizmi, nima uchun, ommaviy ishlab chiqarishga qaramay, mualliflik o‘yinchoqlari mashhurligicha qolmoqda? Ularning har birida usta qalbining bir parchasi yashaydi. Ana shu iliqlik odamlarni o‘ziga tortadi. Ba’zan shunday o‘yinchoq yasaysanki, unga butun borlig‘ingni baxshida etasan, lekin u ikki-uch yil davomida sotilmay turishi mumkin. Keyin kimdir paydo bo‘ladi va bu o‘yinchoq shu paytgacha aynan uni kutib yotganiga amin bo‘lasan.
Zamira Ashurova
Archa o‘yinchoqlari — bu barcha kattalar uchun bolalikdagi eng sevimli bayram hissiyotlari va xotiralaridir
Qo‘lda yasalgan shishaning go‘zalligi meni hamisha o‘ziga rom qilib kelgan. Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy san’at va dizayn instituti talabasi bo‘lgan paytimda vitrajlardagi nur va ranglar jilvasiga soatlab mahliyo bo‘lardim. 2005-yili o‘qishni tamomlagach, kichik shisha buyumlar yasay boshladim. Mana shu iziqishim ortidan rassom Tatyana Zyavrina bilan tanishdim va 2016-yilda biz La Vitrage studiyasiga asos soldik. Birgalikda xonadonlar va jamoat joylari uchun ham nafis zargarlik buyumlari, ham monumental vitraj kompozitsiyalarini yaratamiz. Har birimizning o‘n yillik individual tajribamiz O‘zbekistonda vitraj san’atini rivojlantirish va ommalashtirishdek umumiy maqsadga birlashdi.
Rangli shishadan bezaklar yaratish bilan 2006-yildan shug‘ullana boshladik. Dastlab archa o‘yinchoqlari va bayram dasturxonini bezash uchun shamdonlar tayyorladik. Bu buyumlarda biz mo‘jizaning asl mohiyatini — har qanday makonni o‘zgartira oladigan rangli shishadagi nurlar jilvasini ifodalashga intildik. Mahsulotlarimiz xaridorlarga shu qadar manzur bo‘ldiki, o‘shandan beri har yili oktabr oyidan boshlab archa bezaklari yasaymiz. Odatda, Yangi yilga 200 ta o‘yinchoqdan iborat to‘plam tayyorlaymiz, yil davomida esa o‘rtacha 20 ta buyum yasaymiz — mahsulotlar soni buyurtmalarga bog‘liq.
Archa o‘yinchoqlari ustida ishlash bo‘lg‘usi buyumning eskizini qog‘ozda tabiiy o‘lchamda chizish, barcha detallarni tasvirlab olishdan boshlanadi. Odatda, ertak va multfilm qahramonlari, atrofimizdagi turli naqsh va siluetlar ilhom manbai bo‘lib xizmat qiladi. 2015-yil arafasida qizim chizgan qora mushuk rasmini shishada gavdalantirgandim. Hozir bu o‘yinchoq o‘z archamizda va mening qalbimda faxrli o‘rin egallagan.

Eskiz tayyor bo‘lgach, ishlash uchun shisha va texnikani tanlaymiz. Bu klassik Tiffani texnikasi yoki zamonaviy fyuzing (eritish) usuli bo‘lishi mumkin. G‘oyadan tayyor o‘yinchoqqacha bo‘lgan eng qisqa muddat — ikki kun.

Tiffani texnikasi mis folga yordamida vitrajlar yaratishga asoslanadi: shisha bo‘laklari kesiladi, mukammal ulanishi uchun silliqlanadi, folga bilan o‘raladi, kavsharlanadi va sayqallanadi. Bu usul kontrast effektlar yoki nozik o‘tishlar hosil qilib, turli sifat, tuzilish va shaffoflikdagi shishalarni o‘zaro uyg‘unlashtirish imkonini beradi. Bu ko‘plab mayda detallarga ega bo‘lgan katta hajmli buyumlar uchun, ayniqsa, juda mos. Oddiy shakldagi va kam sonli elementlarga ega o‘yinchoqni yaratish uchun 3−4 soat ketsa, katta hajmli va murakkab ishlar bir necha kun vaqt olishi mumkin.

Fyuzing yoki shishani eritish texnikasi — ancha zamonaviy usul. Ustalar tegishli elementlarni qirqib, kerakli shaklga kelgunicha silliqlaydi. Keyin kompozitsiyani yig‘ib, uni maxsus pechga joylashtiradi. Shisha 850 daraja haroratda eriydi, shundan so‘ng buyum asta-sekin xona haroratigacha sovitiladi. Butun jarayon 18 dan 24 soatgacha davom etadi, murakkab ko‘p qavatli buyumlar uchun esa ko‘proq vaqt talab qilinishi mumkin.
Shishadan archa o‘yinchoqlarini yaratish jarayoni biz uchun yangilik bo‘lmasa-da, yillar o‘tib ham buyumning pechdan chiqib, yig‘ish paytida yakuniy shaklga kirishini sabrsizlik bilan kutamiz. Shisha bilan ishlash o‘zgacha halovat bag‘ishlaydi, o‘ziga xos meditatsiyaga aylanadi: qo‘llar kesish va silliqlash bilan band ekan, ong tinchlanadi va aynan shunday paytlarda kutilmagan g‘oyalar tug‘iladi. Jarayon yanada yoqimli bo‘lishi uchun ko‘pincha fonda film, musiqa yoki audiokitob yangrab turadi — bularning bari yasalayotgan o‘yinchoqning kayfiyati va xususiyatiga bog‘liq.

Shisha bilan ishlashning yana bir o‘ziga xosligi shundaki, materialning har bir varag‘i o‘z rangi va naqshiga ko‘ra betakror. Aynan shu sababli ikkita bir xil o‘yinchoqni yasash deyarli imkonsiz — ularning har biri nimasi bilandir ajralib turadi. Shuning uchun biz korporativ buyurtmalarni qabul qilmaymiz, chunki bizning mahsulotlarimiz ommaviy ishlab chiqarish emas, balki har biri o‘ziga xos xususiyat va individuallikka ega bo‘lgan san’at asari.
реклама
реклама
Har yili shaffof, rangsiz shishadan yangi bayram to‘plamlarini yasashga intilamiz. Bu yil uycha, archa, qor parchasi va yulduzcha shakllarini tayyorladik. Farishta shakllari kolleksiyalarimizda doim bo‘ladi, lekin har safar yangi detallar qo‘shib, yangicha shakllarni sinab ko‘ramiz. O‘yinchoqlarimiz Toshkentdagi shahar yarmarkalari va festivallarda yoki ustaxonamizda sotiladi. Mahsulotlarning narxi o‘lchami va dizaynining murakkabligiga qarab 150 mingdan 800 ming so‘mgacha.

2014-yildan Xitoy taqvimiga ko‘ra yil ramzi shaklida archa o‘yinchoqlari yasash an’anasini boshladik. Har bir kolleksiyadan bir nechta buyumni o‘zimizga qoldirib, ulardan o‘z uyimizdagi archalarni bezatishda foydalanamiz, shuningdek, do‘st va yaqinlarimizga sovg‘a qilamiz. Bu biz uchun Yangi yil bayramining ajralmas qismiga aylangan.
Kelajakda O‘zbekistonning haqiqiy tashrif qog‘ozi bo‘ladigan va an’analarimizni zamonaviylik bilan uyg‘unlashtiradigan Yangi yil o‘yinchog‘ini yasashni orzu qilaman. Umid qilamanki, bir kun kelib bizning ishlarimizni Nyu-Yorkdagi FAO Schwartz o‘yinchoqlar do‘koni vitrinalarida, Parijdagi Lafayette galereyasida va dunyoning boshqa poytaxtlaridagi yirik savdo markazlaridan topish mumkin bo‘ladi.

Matnni Farzona Hamidova tayyorladi.

Suratlar muallifi: Yuriy Artikov, Farzona Hamidova va Viktoriya Abdurahimova.


Matn va barcha grafik materiallarga boʻlgan huquqlar “Gazeta.uz” nashriga tegishli. “Gazeta.uz” internet-nashrida eʼlon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan bu yerda tanishish mumkin.


Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? Oʻz hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting